'Amerikaning niyati Eronni yutib yuborish'mi – Eron Oliy ruhoniy rahbari Tramp va AQShga qarshi jiddiy ayblovlar bilan chiqdi, so‘nggi namoyishlarda minglab odam o‘ldirilganini ilk bor e’tirof etdi. Video

Surat manbasi, Iranian leader press office via Getty Images
Xuddi shu kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Eronni Tramp bilan "o‘ynashmaslik" haqida ogohlantirdi. So‘nggi tafsilotlar.
Oyatulloh Ali Homanaiy so‘nggi namoyishlarda minglab odam o‘ldirilganini ilk bor oshkora e’tirof etdi.
Eron Oliy ruhoniy rahbari kecha, shanba kuni chiqish qildi, nutq so‘zladi.
U bu odamlardan ayrimlarining "g‘ayriinsoniy va vahshiyona tarzda" o‘ldirilganini aytdi va o‘limlarda Amerika Qo‘shma Shtatlarini aybladi.
Eron Oliy ruhoniy rahbarining ayni mazmundagi ayblov va da’volariga Tramp va rasmiy Vashingtonning munosabati hozircha imkonsiz.
AQShda joylashgan Eron Inson huquqlari faollari axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarni kuch bilan bostirish urinishlari Eronda 3 mingdan ziyod insonning umriga zomin bo‘lgan.
Boshqa shunga o‘xshash guruhlar esa, qurbonlar soni bundan-da ko‘p ekani iddaosi bilan chiqishgan.
Eronning o‘zidan bu xususda aniq va ishonchli ma’lumotlarni olish juda qiyin, chunki mamlakatda internet o‘chirib qo‘yilgan.
AQSh Prezidenti Donald Tramp yaqinda eronliklarni o‘z "namoyishlarini davom ettirish"ga chaqirgan va agar xavfsizlik kuchlari ularni o‘ldirsa, harbiy aralashuv bilan tahdid qilgandi.
Agar, Eron davlat ommaviy axborot vositalari keltirayotgan iqtiboslarga tayanilsa, Oyatulloh Ali Homanaiy, "Isroil va AQShga aloqasi bo‘lganlar katta zarar yetkazishgani hamda minglab odamni o‘ldirishgan"ini aytgan.
O‘zlarining "Eron xalqiga yetkazilgan ziyon, qurbon va tuhmatlar uchun AQSh prezidentini jinoyatchi", deb bilishlarini bayon qilgan.
AQSh: Tramp to‘xtamaydimi - qo‘rquv va xavotirlar kuchaydi, videoni ko‘rish uchun ilova qilingan linkni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Namoyishmi yoki "isyon"?
Eron xalqiga yetkazilgan ziyon, qurbon va tuhmatlar uchun AQSH prezidentini jinoyatchi, deb bilamiz...
So‘nggi namoyishlar 29 dekabr kuni poytaxt Tehrondan boshlangan, bunga iqtisodiy omillar - Eron milliy pul birligining AQSh dollariga nisbatan keskin qadrsizlanib ketgani sabab bo‘lgan.
Keyin namoyishlar Eronning o‘nlab shahar va tumanlariga yoyilgan, hukumatga qarshi tus olgan, Eron Oliy ruhoniy rahbarining boshqaruviga chek qo‘yishga oid da’vatlar yangragan va xavfsizlik kuchlari ularni zo‘r bilan bostirishga o‘tishgan.
Butun mamlakat bo‘ylab qo‘lga olishlar boshlanib ketgan.
Xavfsizlik kuchlari va Inqilob Gvardiyachilarining josuslik bo‘linmasi faollar, yuristlar va oddiy odamlarni ushlab ketganlar.
Eron hukumati namoyishlarni o‘zlarining dushmanlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan "isyon", deb atagan.
Namoyishchilarga qarshi kuch qo‘llangan, BBC Fors xizmati va BBC Verify Eron xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata o‘ch ochgani videolarining rost ekanini tasdiqlashgan.
Shuningdek, Eronda internet va aloqa xizmatlari ham deyarli to‘lig‘icha uzib qo‘yilgan.
Kiberxavfsizlik monitoringi bilan shug‘ullanuvchi NetBlocks ma’lumotlariga ko‘ra, hatto kecha, shanba kuni ham internetga imkoniyat odatdagi darajadan 2 foizcha atrofida saqlanib qolgan.
Eron, o‘n kundirki, mamlakat tarixidagi eng kuchli internet cheklovi ichida.
92 million odam barcha internet xizmatlaridan mosuvoligicha qolayotir.
Hatto telefon xizmati ham odatdagidek ishlamayapti.
So‘nggi vaziyat

Surat manbasi, NurPhoto via Getty Images
So‘nggi kunlarda Erondan tartibsizliklarga oid xabarlarning soni kamaygan.
Lekin internetga kirish hanuz deyarli imkonsizligicha qolayotgani bois, u yerda hozir nimalar bo‘layotganini bilish imkonsiz.
Eronning janubiy-g‘arbiy Sheroz shahrilik bir ayolning BBC Fors xizmatiga aytishicha, "vaziyatni o‘z nazoratlari ostida ushlab turish uchun xavfsizlik kuchlari haliyam mototsikllarda qo‘riqchilik qilib turishibdi".
Ammo, unga ko‘ra, "umuman olganda, hamma narsa o‘zining odatiy izmiga qaytgan".
Shanba kungi nutqida Homanaiy, shuningdek, Eron AQSh Prezidenti Donald Trampni "jinoyatchi", deb bilishini aytarkan, Amerika o‘z mamlakatlaridagi so‘nggi tartibsizliklar uchun "javob berishi" kerakligini ta’kidlagan.
Eron Oliy ruhoniy rahbari keyin yana ijtimoiy tarmoqlarda "Amerikaning maqsadi Eronni yutib yuborish" ekanini ham iddao qilgan.
Tramp halicha Oyatulloh Ali Homanaiyga javob qaytarmagan, BBC bu xususda Oq uydan izoh olish harakatida.
AQSh Davlat departamenti shanba kuni, "Islomiy Respublika Amerika bazalariga zarba berish variantlarini ishlab chiqayotgani haqida xabarlar olgani"ni aytgan.
Departament Eron agar shunday hujum uyushtirsa, "juda, juda qattiq zarba"ga yuz tutishini bildirgan, Tehronni "Prezident Tramp bilan o‘ynashmaslik" haqida ogohlantirgan.
AQSh prezidenti chorshanba kuni unga "Eronda ortiq odamlar o‘ldirilmayotgani" xabar berilganini ma’lum qildi, ammo Tramp Eronga qarshi harbiy harakatlarni istisno qilmasligini qo‘shimcha qildi.
Trampning izohlari ham AQSh va ham Buyuk Britaniya Qatardagi Al-Udeyd havo bazasidagi harbiylari sonini qisqartirishidan qisqa vaqt o‘tmay yangradi.
Rasmiylar BBCning AQShdagi hamkori CBSga buning "ehtiyot chorasi" sifatida qilingan ish ekanini aytishdi.












