Men 40 ta urush haqida reportaj tayyorlaganman, ammo 2025 yil kabi yilni ko‘rganim yo‘q

- Author, Jon Simpson
- Role, Bi-bi-sining jahon ishlari bo‘yicha muharriri
- O'qilish vaqti: 8 daq
Matnda ayrim o‘quvchilar dilini xira qiladigan o‘lim tafsilotlari bor.
1960-yillardan boshlangan kasbiy faoliyatim davomida men butun dunyodagi 40 dan ortiq urush haqida reportajlar tayyorlaganman. Sovuq Urushning avjiga chiqishini ham, so‘nishini ham kuzatdim. Ammo 2025 yilchalik xavotirli yilni hech ko‘rmadim – bu nafaqat bir nechta yirik mojarolar avj olgani sababli, balki ulardan birining katta geosiyosiy oqibatlari aniq bo‘lib borayotgani sababli hamdir.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z mamlakatidagi hozirgi mojaro jahon urushiga aylanib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi. Deyarli 60 yil davomida mojarolarni kuzatdim, u haq bo‘lsa-chi degan noxush his o‘tmoqda menda.
NATO davlatlari Rossiya G‘arb jamiyati uchun muhim bo‘lgan elektron aloqalarni ta’minlaydigan suv osti kabellarini kesishi mumkinligidan xavotirda. Rossiya dronlari NATO mamlakatlari mudofaasini sinab ko‘rayotgani aytilayapti. Rossiya xakerlari vazirliklar, favqulodda xizmatlar va yirik korporatsiyalar faoliyatini izdan chiqarish usullarini ishlab chiqmoqda.
G‘arbdagi hokimiyat vakillari Rossiya maxfiy xizmatlari G‘arbda boshpana topgan muxolifatchilarni o‘ldirgani va o‘ldirishga uringaniga ishonchi komil. 2018 yili Britaniya Solsberisida rossiyalik sobiq razvedkachi Sergey Skripalning o‘ldirilishiga urinish (shuningdek, mahalliy ayol Don Sterjessning o‘limga olib kelgan zaharlanishi) bo‘yicha o‘tkazilgan tergov xulosasiga ko‘ra, suiqasdga Rossiyada eng yuqori darajada topshiriq berilgan.
Bu prezident Putinning o‘zi degani.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
2025 yil bir-biridan keskin farq qiladigan uchta urush bilan tarixda qoldi. Albatta, ular orasida Ukraina bor, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda 14 ming tinch aholi halok bo‘lgan. 2023 yil 7 oktyabrda Hamasning Isroilga hujumi oqibatida 1200 ga yaqin odam halok bo‘lgani va 251 kishi garovga olingani ortidan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu "qudratli qasos" olishga va’da bergan G‘azodagi urush.
O‘shandan beri 70 mingdan ortiq falastinlik Isroil harbiy harakatlari oqibatida halok bo‘ldi. G‘azoning Hamas boshqaradigan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning orasida 30 mingdan ortiq bolalar va ayollar bor. Bu raqamlarni BMT ishonchli deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, Sudanda ikki harbiy guruh o‘rtasida shafqatsiz fuqarolar urushi davom etayapti. So‘nggi bir-ikki yil ichida u yerda 150 mingdan ortiq odam o‘ldi, 12 millionga yaqin odam uylarini tark etishga majbur bo‘ldi.
Ehtimol, agar bu 2025 yildagi yagona urush bo‘lganida, xalqaro hamjamiyat uni to‘xtatish uchun ko‘proq sa’y-harakat qilgan bo‘lardi, ammo unday bo‘lmadi.
"Men urushlarni to‘xtatishga ustaman", dedi AQSh Prezidenti Donald Tramp G‘azodagi janglarni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borganidan so‘ng Isroilga parvoz qilayotgan samolyotida. Hozir G‘azoda kamroq odam halok bo‘layotgani bor gap. Biroq, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, bu urush tugagan ko‘rinmayapti.
Yaqin Sharqdagi dahshatli azob-uqubatlarni hisobga olib, Ukrainadagi urush butunlay boshqa darajada deyish g‘alati tuyulishi mumkin. Lekin aslida shunday.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Sovuq urushni hisobga olmaganda, men yillar davomida guvoh bo‘lgan mojarolarning aksariyati kichik miqyosda edi: jirkanch va xavfli, albatta, ammo butun dunyo tinchligiga tahdid soladigan darajada jiddiy emasdi. Vetnam, birinchi Fors ko‘rfazi urushi va Kosovodagi urush kabi ba’zi mojarolar vaqti-vaqti bilan yanada yomonroqqa aylanib ketishi mumkindek tuyulgan, ammo bunday bo‘lmagan.
Katta davlatlar mahalliy, an’anaviy urush yadroviy urushga aylanib ketishi mumkinligidan juda xavotirda edi.
"Men siz uchun Uchinchi jahon urushini boshlamoqchimasman", deb baqirgan edi britaniyalik general ser Mayk Jekson 1999 yilda Kosovoda radioaloqa orqali. O‘shanda uning NATOdagi rahbari Britaniya va Frantsiya kuchlariga rus qo‘shinlari birinchi bo‘lib yetib kelgan Prishtina shahridagi aerodromni egallashni buyurgan edi.
Biroq Prezident Trampning Yevropaga qiziqishi yo‘qligini sezgan Rossiya kelgusi 2026 yilda yanada ko‘proq hukmronlikka intilishga tayyor ko‘rinmoqda.
Shu oy boshida Putin Rossiya Yevropa bilan urush qilishni rejalashtirmayotganini, ammo yevropaliklar xohlasa, "hoziroq" tayyorligini aytdi.
Keyinchalik televideniedagi chiqishida u shunday dedi: "Agar sizning manfaatlaringizni hurmat qilishga harakat qilganimizdek, siz ham bizga hurmat bilan qarasangiz, manfaatlarimizni hurmat qilsangiz, hech qanday harbiy amaliyot bo‘lmaydi."

Surat manbasi, Getty Images
Ammo dunyodagi yirik davlat bo‘lgan Rossiya allaqachon mustaqil Yevropa davlatiga bostirib kirdi, natijada ko‘plab tinch aholi va harbiylar halok bo‘ldi. U Ukrainadan kamida 20 ming bolani o‘g‘irlashda ayblanmoqda. Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni bunga aloqadorligi uchun qamoqqa olish haqida order bergan. Rossiya esa buni rad etib kelmoqda.
Rossiya NATO tajovuzidan himoyalanish uchun bostirib kirganini aytmoqda, ammo Prezident Putin boshqa sababni ham ko‘rsatdi: Rossiyaning mintaqaviy ta’sir doirasini tiklash istagi.
Juda ham o‘zgarayotgan Amerika
2025 yilda aksar G‘arb davlatlari aqlga sig‘maydigan deb hisoblagan hodisa yuz berdi: Amerika prezidenti Ikkinchi Jahon urushidan beri amalda bo‘lgan strategik tizimdan yuz o‘girishi mumkin.
Vashington Yevropani himoya qilishni istaydimi-yo‘qmi, aniq emas, boshqa tomondan Yevropa ketayotgan yo‘nalishni ham ma’qullamayapti. Tramp ma’muriyatining yangi milliy xavfsizlik strategiyasi hisobotida Yevropa "sivilizatsiya yo‘q bo‘lib ketishi xavfi"ga duch kelayotgani ta’kidlangan.
Kreml bu hisobotni mamnuniyat bilan kutib oldi va u Rossiya qarashlariga mos kelishini aytdi.
BMTning Rossiyadagi inson huquqlari ahvoli bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi aytishicha, Rossiya ichida Putin o‘ziga va Ukraina urushiga qarshi ichki muxolifat ovozini deyarli butunlay o‘chirgan. Ammo uning o‘z muammolari ham bor: yaqinda pasaygan inflyatsiyaning yana ko‘tarilish ehtimoli, neft daromadlarining kamayishi va hukumatning urushni moliyalashtirish uchun QQSni oshirishga majbur bo‘lgani.

Surat manbasi, Getty Images
Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti Rossiyadan 10 baravar katta, Buyuk Britaniyani qo‘shsak, undan ham ko‘proq. Yevropaning 450 millionlik aholisi Rossiyaning 145 millionlik aholisidan uch barobar ko‘p.
Shunga qaramay, G‘arbiy Yevropa o‘z qulay hayotini yo‘qotishdan xavotirdadek ko‘rinmoqda, yaqin-yaqingacha Amerika himoyasiga ishonib, o‘z mudofaasiga mablag‘ sarflashni istamadi.
Amerika ham avvalgidek emas: kamroq ta’sirli, ko‘proq ichkariga qaragan – men butun faoliyatim davomida yoritgan Amerikadan tobora farq qiladi. Hozir u xuddi 1920-30 yillardagidek o‘z milliy manfaatlariga e’tibor qaratmoqchi.
Hatto Prezident Tramp kelgusi yilgi oraliq saylovlarda o‘z siyosiy kuchini yo‘qotsa ham, u izolyatsionizm tomon shunchalik siljigan bo‘lishi mumkinki, 2028 yilda NATO tarafdori bo‘lgan Amerika prezidenti kelsa ham, Yevropaga yordam berishga qiynalib qolishi mumkin.
Vladimir Putin buni sezmagan, deb o‘ylamang.

Keskinlashuv xavfi
2026 yil ham muhim yil bo‘lishi kutilmoqda. Zelenskiy Ukraina hududining katta qismini yo‘qotib, tinchlik kelishuviga majburlanishi mumkin.
Prezident Putin bir necha yildan keyin yana hujum qilmasligi uchun ishonchli kafolatlar bo‘ladimi?
Rossiya bilan urushayotganini his qilayotgan Ukraina va uning yevropalik tarafdorlari uchun bu muhim savol. Yevropa Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni asosan o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘ladi, ammo agar Qo‘shma Shtatlar ba’zida tahdid qilganidek, Ukrainadan yuz o‘girsa, bu Yevropa uchun juda og‘ir yuk.

Surat manbasi, Global Images Ukraine via Getty Images
Ammo urush yadroviy to‘qnashuvga aylanib ketishi mumkinmi?
Prezident Putin tavakkalchi ekanini bilamiz; ehtiyotkorroq rahbar 2022 yil fevralida Ukrainaga bostirib kirishdan o‘zini tiygan bo‘lardi. Uning yaqinlari Buyuk Britaniya va boshqa Yevropa mamlakatlarini Rossiyaning yangi qurollari bilan yer yuzidan supurib tashlash haqida dahshatli tahdidlar qilishadi, lekin uning o‘zi odatda ancha bosiq gapiradi.
AQSh hali ham NATOning faol a’zosi, u halokatli yadro hujumi bilan javob qaytarish xavfi hali juda yuqori. Hozircha shunday.
Xitoyning global roli
Xitoyga kelsak, prezident Si Szinpin so‘nggi paytlarda Tayvan oroliga deyarli tahdid qilmadi. Ammo ikki yil oldin o‘sha paytdagi Markaziy Razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns Si Szinpin Xalq ozodlik armiyasiga 2027 yilgacha Tayvanga bostirib kirishga tayyor bo‘lishni buyurganini aytgan edi. Agar Xitoy Tayvanga da’vo qilish uchun qandaydir qat’iy choralar ko‘rmasa, Si Szinpin buni juda zaif ko‘rinish deb hisoblashi mumkin. U bunday ko‘rinishni istamaydi.
Hozir Xitoy juda kuchli va boy, ichki jamoatchilik fikri haqida qayg‘urib o‘tirmaydi, deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo unday emas.
1989 yilda Den Syaopinga qarshi ko‘tarilgan va Tyananmen qirg‘ini bilan yakunlangan qo‘zg‘olondan beri Xitoy rahbarlari mamlakat aholisi kayfiyatini sinchkovlik bilan kuzatib kelmoqda.
Men o‘zim Tyananmenda bo‘layotgan voqealarni kuzatdim, xabar berdim va hatto ba’zida maydonda yashadim.

Surat manbasi, AFP via Getty Images, Sputnik, Pool
1989 yil 4 iyunь voqeasi o‘sha paytda biz o‘ylaganchalik oddiy emas edi: qurollangan askarlar qurolsiz talabalarni otdi. Shunday bo‘ldi, lekin Pekinda va Xitoyning boshqa ko‘plab shaharlarida yana bir to‘qnashuv ham bo‘lgan. Minglab oddiy ishchilar ko‘chalarga chiqib, talabalarga qarshi hujumdan Xitoy Kommunistik partiyasi hukmronligini butunlay ag‘darish uchun foydalanishga qaror qilishgandi.
Ikki kundan keyin ko‘chalardan o‘tayotganimda kamida beshta politsiya bo‘limi va uchta mahalliy xavfsizlik politsiyasi shtabi yonib ketganini ko‘rdim. Shahar chetidagi bir joyda g‘azablangan olomon bir politsiyachini yoqib yuborib, uning kuygan jasadini devorga suyab qo‘ygan edi.
Boshiga furajkasi kiydirilib, qorayib ketgan lablari orasiga sigaret qistirib qo‘yilgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, armiya nafaqat talabalarning uzoq davom etgan namoyishini bostirgan, balki oddiy xitoyliklarning xalq qo‘zg‘olonini ham bostirib tashlagan ekan.
Xitoyning siyosiy rahbariyati 36 yil avval sodir bo‘lgan o‘sha voqealarni unuta olmay, har tomondan muxolifat alomatlarini izlaydi – xoh u Falungun singari uyushgan guruhlar bo‘lsin, xoh mustaqil nasroniy cherkovi yoki Honkongdagi demokratiya harakati bo‘lsin yoki shunchaki mahalliy korruptsiyaga qarshi namoyish qilayotgan odamlar bo‘lsin. Barchasi katta kuch bilan bostirilmoqda.
1989 yildan beri Xitoyning iqtisodiy va siyosiy yuksalishini kuzatib, u haqda ko‘p xabarlar tayyorladim. Hatto Si Szinpinning raqibi bo‘lgan yuqori martabali siyosatchini ham tanirdim. Uning ismi Bo Silay edi, u inglizparast bo‘lib, Xitoy siyosati haqida hayratlanarli darajada ochiq gapirardi.
U bir safar menga shunday degan edi: "O‘zining saylangan emasligini bilgan hukumat o‘zini qanchalar zaif his qilishini tushuna olmaysiz."
Bo Silayga 2013 yilda poraxo‘rlik, o‘zlashtirish va hokimiyatni suiiste’mol qilishda aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Umuman olganda, 2026 yil muhim yil bo‘lishi kutilmoqda. Xitoyning kuchi oshadi va uning Tayvanni ishg‘ol etish strategiyasi – Si Szinpinning buyuk maqsadi – yanada oydinlashadi. Ehtimol, Ukrainadagi urush Prezident Putin uchun qulay shartlar asosida hal etilar.
U yana tayyorlanib, Ukraina hududining yanada ko‘proq qismini egallash uchun qaytishi ham mumkin. Prezident Tramp esa noyabr oyidagi oraliq saylovlarda siyosiy mavqei pasayishi mumkin bo‘lsa-da, AQShni Yevropadan yanada uzoqlashtiradi.
Yevropa uchun kelajak bundan-da qorong‘iroq bo‘lishi mumkin emas edi.
Agar siz Uchinchi jahon urushi yadro qurollari bilan bo‘ladi deb o‘ylagan bo‘lsangiz, yana bir o‘ylab ko‘ring. Bu diplomatik va harbiy hiyla-nayranglar to‘plami bo‘lishi ehtimoli ko‘proq va unda avtoritar tuzumlar gullab-yashnaydi. U hatto G‘arb ittifoqini parchalab yuborishi xavfi bor.
Bu jarayon allaqachon boshlangan.
Maqola boshidagi surat mualliflik huquqi AFP / Getty Images ga tegishli













