Non: "dunyodagi eng yaxshi non" qanday qilib Islom olami saroylaridan G‘arb dasturxoniga yetib keldi?

Surat manbasi, bbc.co.uk/uzbek
- Author, Cherilan Mollan
- O'qilish vaqti: 4 daq
Tekis yumshoq non ya’ni Janubiy Osiyoda mashhur bo‘lgan xamirturushli yassi shakldagi non Hindiston taomi bo‘lgan qaymoqli, sari yog‘li tovuq bilan birga bu mintaqadagi eng sevimli tasalli taomlardan biri hisoblanib, chet elda ham eng mashhur taomlaridan biriga aylangan.
Nordon, xushbo‘y tovuq taomi ko‘pincha asosiy diqqatni tortsa-da, u bilan tortilgan nonsiz bu taom o‘ziga hos jozibasini yo‘qotardi.
Non chaynalgandagi mazasi har bir luqmaga yanada ko‘p maza qo‘shadi, uning nozik ta’mi esa taomdagi ziravorlar bilan uyg‘unlashadi. Aslida, non o‘zi bilan tanovul qilingan har qanday taomga mohirona "maza beradi", va asosiy taomni katta ishtaha bilan yeyilishiga imkon beradi.
Ehtimol, aynan shu sababli tandirda yopilgan non dunyodagi eng mashhur nonlardan biriga aylangan. Yaqinda, sariyog‘ va sarimsoq qo‘shilgan non an’anaviy nonning lazzatga boy talqini bo‘lgan Taste Atlas nashriyotining eng yaxshi nonlari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.
U issiq non ustiga sariyog‘ surtib, mayda to‘g‘ralgan sarimsoq sepish uslubida tayyorlanadi. Ro‘yxatga yana kartoshkali non ham kiritilgan bo‘lib, uning tarkibida kartoshka, ziravorlar va kashnich bo‘ladi.
Bugun non va uning turlari hind yoki Yaqin Sharq oshxonasi restoranlarida keng tarqalgan bo‘lsa-da, bir vaqtlar u faqat Islom dunyosidagi podshohlar saroylarida tortilgan. Shunday ekan, non qanday qilib qirollik oshxonalaridan bizning dasturxonimizga yetib keldi?
Nonning kelib chiqishi

Surat manbasi, The Met
Nonning kelib chiqishi aniq bo‘lmasa-da ko‘plab oziq-ovqat tarixchilari yassi shakldagi non qadimgi Eronda paydo bo‘lgan deb hisoblaydi, chunki uning nomi forscha "naan" so‘zidan kelib chiqqan. Forslar nonni suv va un aralashtirib tayyorlagan va ehtimol, uni qizigan toshlarda pishirgan.
Non Hind yarimoroliga XIII–XVI asrlarda hududning katta qismini boshqargan sultonlar bilan birga kirib kelgan. Musulmon hukmdorlari G‘arbiy va Markaziy Osiyoga mansub oshxona an’analarini, jumladan taom pishirish uchun tandirdan foydalanish usulini ham olib kelgan.
Non Hind yarim oroliga XIII–XVI asrlarda hududning katta qismini boshqargan musulmon hukmdorlari bilan birga kirib kelgan.
Hind-fors shoiri Amir Xusrav o‘z asarlarida nonning ikki turini eslatadi: non-e-tanuk va non-i-tanuri.
Birinchisi nozik va yupqa bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi tandirda pishiriladigan qalin, yumshoq va yassi shakldagi non edi. Dehli sultonligi davrida non ko‘pincha kabob va qiymali taomlar bilan iste’mol qilingan.

Surat manbasi, bbc.co.uk/uzbek
Qirollik oshxonalaridan xalq taomigacha
Saroy oshpazlari xamir qorishning maxsus usullarini joriy qilib, o‘sha paytda o‘ta noyob mahsulot bo‘lgan xamirturush qo‘shish orqali nonni yanada yumshoq va tansiq qilishni o‘rganishgan. Murakkab va qimmatbaholigi sababli non asosan boylar taomi bo‘lib qolgan.
Mo‘g‘il podshohlari davrida ham bu an’ana davom etgan.
Tarixchi Neha Vermani shunday deydi: "Maxsus oshpazlar non tayyorlash bilan tajriba o‘tkazib, o‘z yangiliklarini ifodalash uchun unga ta’riflar qo‘shgan. Masalan, naan-e-varqi yupqa, qatlama non bo‘lgan, non-e-tangi esa kichik bo‘lib, sousni yaxshi shimib olgan".
Ba’zi nonlar hatto qaysi oshxonada pishirilganiga qarab nomlangan.
"Baqir Xani nonining nomlanishi Jahongir va Shoh Jahon saroyidagi yuqori martabali amaldor Baqir Najm Sayniy oshxonasidan kelib chiqqan", deydi Vermani.

Surat manbasi, bbc.co.uk/uzbek
Zamonaviy davr
Britaniya mustamlakachiligi davrida non elita taomi bo‘lib qolgan, ammo ingliz sayohatchilari orqali G‘arbga ham yetib borgan. Keyinchalik u oddiy xalq uchun ham qulay bo‘lib, bugungi kundagi ko‘plab restoranlarda uchraydigan sodda shakliga ega bo‘lgan.
Bugun non un, sut va xamirturush aralashtirib, yumshoq xamir qorilib tayyorlanadi. Xamirga dam beriladi, zug‘olalarga bo‘linadi, qo‘lda yoyiladi va qizigan tandirda pishiriladi. So‘ng ustiga sariyog‘ surilishi yoki suv sepilishi mumkin.
1990-2000 yillarda esa non bilan bog‘liq yangiliklar sodir bo‘ldi. Nyu-Yorkdagi oshpaz Suvir Saran o‘zi ishlaydigan restoranda non ichiga ismaloq, gouda pishlog‘i va qo‘ziqorin qo‘shib tayyorlaganini eslaydi.

Surat manbasi, The Cleveland Museum of Art, Andrew R. and Martha Holden Jennings Fund 1971
Bugun dunyo bo‘ylab restoranlarda go‘sht, sariyog‘li tovuq, tryufel pishlog‘i solingan nonlar ham tayyorlanmoqda.
"Non bu Hindistonning jahon oshxonasiga bergan buyuk tuhfasi", deydi Saran.
Oziq-ovqat tarixchilari bu masalada to‘liq bir fikrga kelmagan bo‘lishi mumkin. Non boshqa Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq oshxonalariga ham mansub, biroq uning Hindiston bilan bog‘liqligi chuqur va uzoq tarixga ega.
Saran aytishicha, non Hindiston millatiga mansublik va milliy o‘zlikni ifodalaydi.
"Non turli madaniyatlar bir-birini boyitib shakllanishi mumkinligini ko‘rsatadi", deya qo‘shimcha qiladi u.
----------------------------------------------------------------------------------------------------
bbc.com/uzbek tahririyatidan: Non Markaziy Osiyo hududi, ayniqsa O‘zbekiston va Tojikistonda asrlarki dasturxondagi eng aziz ne’mat bo‘lib kelgan. Mintaqada nonning o‘nlab turlari mavjud. Aftidan, nonning "vatani" biror bir mamlakat bo‘lishi haqiqatdan yiroq. O‘zbekistonda taniqli oshpaz Bahriddin Chustiy "Non" nomli kitob ham nashr etgan.












