O‘zbekiston prezidentining ikki tanqidchisi ushlandi

Surat manbasi, podronbo.uz
O‘zbekistondagi podrobno.uz veb-nashri xabar qilishicha, O‘zbekistondagi sud ijtimoiy tarmoqlarda "Sherxon" taxallusi bilan tanilgan Amon Yusupovga to‘rt yillik qamoq jazosini tayinlash hukmini chiqargan.
U O‘zbekiston prezidentini haqorat qilishda aybdor deb topilgan.
podrobno.uzning sud materiallariga tayanib xabar qilishicha, Amon Yusupov 2023 yil fevralida TikTok ijtimoiy tarmog‘ida jonli efirga chiqqan, davlat rahbari va respublika rahbariyati sha’niga haqoratli gaplarni aytgan.
Ushbu video ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqalib ketdi va ijtimoiy tarmoqlarda keng aks-sado berdi, deb yozadi "Podrobno.uz".
O‘sha voqeadan keyin Amon Yusupov uzoq vaqt mobaynida O‘zbekistondan tashqarida yurgan.
Dastavval Turkiyada, so‘ng Ozarbayjon hududida.
podrobno.uz yozishicha, Amon Yusupov shu yil aprelida Ozarbayjon hududida qo‘lga olingan.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari Amon Yusupov ustidan sud qaerda bo‘lib o‘tganini ma’lum qilmadilar.
Sud Amon Yusupov harakatlarini O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 158-bandi 3-qismiga mos jinoiy harakatlar deb baholagan.
Bu modda "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish" deb nomlanadi va davlat rahbariga nisbatan jinoiy tajovuzning turli shakllarini (hujum, jinoiy buyruq berish, qotillikka suiqasd) kabilarni nazarda tutadi.
Sudda Amon Yusupov aybiga iqror bo‘lgan, omma oldida kechirim so‘ragan, bundan keyin bunday harakatlar takrorlanmasligiga va’da bergan.
Shu yil oktyabr oyida Toshkent viloyati mahkamasi Ohangaronda 18 yoshli yigitni ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilgani xabar qilingan.
U Instagramda Prezident Shavkat Mirziyoyev foto surati ostiga haqoratli so‘zlar yozib qoldirgan.
Uni ham sud O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish" bandida aybdor deb topgan.
Turkiya Prezident Mirziyoyev tanqidchisi bo‘lgan imomni yana hibs etdi

Surat manbasi, YouTube/Karimberdi To'ramurod
O‘zbekistonni tark etgan imom Fazliddin Parpievning Feysbukdagi sahifasida xabar qilinishicha, u Turkiya xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olingan.
"Bugun soat tungi 2:30 da Fazliddin Parpiev o‘zi istiqomat qilib kelayotgan Istanbuldagi uyidan, Turkiya Milliy Istixbarot tashkiloti tomonidan "Şafak operasyonu" bilan bosib, olib ketildi.
Demak nima ekan, jim yursa ham o‘z holiga qo‘yilmas ekan.
Demak nima ekan, mo‘minga bu dunyoda omonlik yo‘q ekan.
Parpiev oylar davomida O‘zbekistondan kelgan elchilar tomonidan, O‘zbekistonga qaytmasa uning uchun yomon bo‘lishi haqidagi gaplar bilan shantaj qilingan.
Uni olib ketish uchun O‘zbekiston mahsus hodimlar yuborgan.
O‘zbekiston hukumati tarafidan yuborilgan hodimlar, Parpievga
"Agar afv so‘rasangiz yengillik bo‘ladi, tergovga uydan qatnaysiz" degan aldovlar bilan ko‘p bora murojaat qilgan.
Parpievning ota-onasi qarib qolganligi, agar O‘zbekistonga qaytmasa ularga va oilasiga zug‘um qilinishi har safar kinoya ila eslatilgan.
Ammo barcha takliflar javobsiz qolgan.
Bir hafta avval ham O‘zbekiston vakilidan chaqiruv va tahdid qo‘ng‘irog‘i kelgan edi.
Ammo urinishlari samara bermagan edi", deb yozilgan Fazliddin Parpievning Feysbukdagi sahifasida 25 dekabrda qoldirilgan postda.
Fazliddin Parpiev shu yil aprelida ham hibsga olingan, bir necha kunlik savol-javobdan keyin qo‘yib yuborilgan edi.
Fazliddin Parpievning hibsga olinishi Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatiga nisbatan tanqidiy video e’lon qilganidan keyin kuzatilayapti.
O‘shanda sobiq imom "Xitoyga sotilgan O‘zbekiston" sarlavhasi bilan video e’lon qilgan edi.
26 dekabrda Feysbuk sahifasida "Fazliddin Parpiev deportatsiya markaziga o‘tgazildi. Eslatib o‘tamiz may oyida domlaning turk vatandoshligi bekor qilingan edi", deya xabar berildi..
Shu yil may oyida o‘zbekistonlik taniqli ulamo Mubashshir Ahmad Turkiyadan O‘zbekistonga yashirincha ekstraditsiya qilingan, Toshkentdagi mahkama oktyabr oyida uni etnik va diniy adovat qo‘zg‘ash, diniy materiallarni noqonuniy ishlab chiqarish va tarqatish kabi bandlarda aybdor deb topib ikki yil olti oylik qamoq jazosiga hukm qilgan edi.
26 dekabr. Mirziyoyev prezidentligining to‘qqiz yiliga sarhisob berdi

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati
Har yili qish mavsumida o‘zbekistonliklar tabiiy gaz va elektr quvvati muammolariga duch keladilar, ushbu vaziyat Prezident Mirziyoyev islohotlarini baholaydigan "barometr"ga aylanib ulgurganini ham oddiy odamlar va ham respublika rahbariyati yaxshi anglaydilar.
Ana shu manzarada hozircha bu muammolarni nega uzil-kesil hal qilishning uddasidan chiqilmagani sabablari Prezident Mirziyoyevning yillik murojaatida tilga olindi.
26 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston parlamenti va xalqiga murojaatini e’lon qildi.
Prezident Mirziyoyev 2025 yil murakkab kelganini aytdi.
Shunga qaramasdan, O‘zbekiston Yalpi Ichki mahsulotini 145 milliarddan oshirishga erishgan.
"E’tibor bering, bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra bo‘lib ko‘rinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bunday yuksak natijalar xalqimizning, barchamizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanimizni yaqqol namoyon etmoqda", dedi Prezident Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti ikki yil oldin "O‘zbekiston-2030" strategiyasini qabul qilayotganda YaIMni 160 milliardga yetkazish mo‘ljallangani, ammo bu marraga 2026 yilning o‘zida erishilganini aytdi.
Shundan kelib chiqib "O‘zbekiston-2030" strategiyasiga o‘zgartirish kiritiladi, 2026 yilgi YaIM hajmini 167 milliard dollarga yetkazish ko‘zlanmoqda.
O‘zbekiston rahbari mamlakat aholisi 38 million kishidan oshganiga bir necha marta to‘xtaldi.
"Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yo‘l, suv, elektr va transport ta’minoti, bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi", dedi Prezident Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan Prezident Mirziyoyev 2026 yilni "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili" deb e’lon qildi.
"Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish", dedi O‘zbekiston rahbari.

Prezident Mirziyoyev O‘zbekistonda qashshoqlikni tugatishning o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb biladi, bu yo‘lda harakatlar boshlangan.
2025 yiil sarhisobiga bag‘ishlangan prezident murojaatida aytilishicha, 2025 yili 5 million o‘zbekistonlik daromadli bo‘lgan, O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizgacha tushgan.
Qariyb 1,5 mln ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqqan, ilk bor 1435 ta mahalla kambag‘allikdan xoli hududga aylangan.
Kambag‘al oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilingan.
Prezident Mirzyoev aytishicha, kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmat orqali ijtimoiy himoya yangi tizimining yo‘lga qo‘yilgani va bu tizim "mahalladagi yettilik"ning o‘ziga berilgani natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqqan, ishsizlik ikki karra qisqargan.
"Natijada uch yil oldin kambag‘allikni 2026 yil yakuniga qadar ikki karra qisqartirish bo‘yicha olgan marramizga shu yilning o‘zida erishdik", dedi Prezident Mirziyoyev.
"Bu yil 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib bordi, yana 2 million 300 mingga yaqin aholining suv ta’minoti yaxshilandi", dedi Prezident Mirziyoyev.
25 dekabr. O‘zbekiston dayjest: Ikkinchi AES, 40 ming dollarlik ish o‘rni va shifokorlar tanqisligi

Surat manbasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
O‘zbekistonda ikkinchi atom stantsiyasi qurilishi muhokama qilinmoqda.
Forish tumanida o‘tgan jamoatchilik eshituvida «O‘zatom» agentligi rahbari Azim Axmedxadjaev mamlakatda ikkinchi yirik atom elektr stantsiyasi barpo etilishi mumkinligini bildirgan. Uning aytishicha, hozircha rasmiy qaror qabul qilinmagan, ammo o‘rganilgan hudud va elektr energiyasiga talabning ortishi kelgusida loyihani kengaytirishga asos bo‘lishi mumkin.
Axmedxadjaev ta’kidlashicha, agar davlat rahbariyati taqdim etilgan tahliliy ma’lumotlar asosida qaror chiqarsa, agentlik bu yo‘nalishda qo‘shimcha ishlarga kirishadi. "Bugungi kunda o‘rganilgan maydon bunday imkoniyatni ko‘rsatmoqda" - dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kichik AES uchun kotlovan qazish boshlangani va qurilish bosqichiga o‘tilgani haqida xabar berilgan edi. Loyihaga ko‘ra, energiya bloklari 2029–2035 yillarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Mutasaddilarning fikricha, kichik va yirik stantsiyalarni birga joylashtirish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishda eng samarali variantga erishish mumkin.
Ko‘mir ta’minotda pora olgan mansabdorlar hibsga olindi
Namangan viloyatidagi "Ko‘mir ta’minot" korxonasi filial rahbarining ilgari sudlangan o‘rinbosari va uning sherigi pora olishda gumonlanib qo‘lga olindi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ular fuqaro tuman ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlanishi hamda omborga keladigan ko‘mir vagonlari sonini oshirish evaziga 40 ming dollar talab qilgan.
6 dekabrь kuni ular so‘ralgan puldan 25 ming dollarni vositachi orqali olgan, shundan so‘ng fuqaro ombor boshlig‘i etib tayinlangan. Keyinchalik qolgan 15 ming dollar hamda qo‘shimcha 30 ta vagon yuborish uchun 7 500 dollar "ulush" so‘ralgan. Jami 22 500 dollarni olayotganda DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.
Mazkur shaxslarga nisbatan JKning 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. DXX ta’kidlashicha, ko‘rilgan choralar natijasida aholiga ko‘mirni o‘z vaqtida va imtiyozli narxlarda yetkazib berish ta’minlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil noyabrda "Ko‘mir ta’minot"ning Toshkent viloyati filial rahbari ishga joylashishda yordam evaziga 50 ming dollar olayotganda ushlangan edi. Shuningdek, Samarkanddagi ombor mudirlari 2 ming tonnadan ortiq ko‘mirni talon-toroj qilgani aniqlangan.
Poliklinika va shifoxonalarda 12,6 ming shifokor yetishmayapti.
"Poliklinika va shifoxonalarda 12,6 ming shifokor yetishmayapti"
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 23 dekabr kungi majlisida sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov deputatlarga tizimdagi muammolar haqida ma’lumot berdi. Vazirning aytishicha, profilaktik ko‘riklar soni oshgani va tez tibbiy yordam xizmati modernizatsiya qilingani natijasida statsionarlarga tushayotgan yuklama kamaygan.
"Biroq asosiy muammo - kadrlar ta’minoti. Hozirda poliklinika va shifoxonalarda 112 ming shtatdan 12,6 ming shifokorlik o‘rni bo‘sh. Birlamchi bo‘g‘inda 3000 ta oilaviy shifokor yetishmaydi. Hududlarda tor soha mutaxassislari - pediatr, ginekolog, revmatolog va rentgenologlar ham kam", - degan vazir o‘z hisobotida.
Shifokorlarni chekka hududlarga jalb qilish uchun majburiy choralar emas, balki moddiy rag‘batlantirish mexanizmlari kuchaytiriladi deya ta’kidlagan vazir. KPI tizimi joriy etilishi bilan oilaviy shifokorlarning oyligi 11 milliondan 21 million so‘mgacha, hamshiralarniki esa 10 -12 million so‘mgacha oshishi mumkin.












