Metan quyish shoxobchalari ishlashiga kim mas’ul - Energetika vazirligimi yo hokimlar?

Surat manbasi, president.uz
- Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 1 daq
Energetika vazirligi chiqargan bayonotga ko‘ra, dushanba, ya’ni 22 dekabrda barcha metan quyish shoxobchalari 10:00 dan 16:00 gacha odatdagi rejimda faoliyat yuritadi.
Vazirlik dushanbadan keyin shoxobchalar qanday ishlashi bo‘yicha ma’lumot bermadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa respublikaning turli hududlarida metan gazi quyish shoxobchalari yopiqligicha qolayotganidan noroziliklar yangramoqda.
Toshkent shahri va qator boshqa viloyatlardagi gaz quyish shoxobchalarida 12 dekabrda kuniga kamida 12 soat cheklov e’lon qilingandi.
Undan bir kun avval Energetika vazirligi Turkmanistonning gaz uzatish tizimidagi texnik nosozlik tufayli import qilinuvchi gaz hajmi kamayganini aytib chiqqandi.
Vazirlik o‘shanda gazni cheklash vaqtinchalik chora ekanini aytgan.
«Metan zapravkalarda gaz o‘chib qolsa, ko‘chma zapravkalar orqali gaz yetkazib beriladi», – degandi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Oliy Majlisdagi chiqishida Farg‘onadagi holat haqida gapira turib.
Vaziyatni muntazam yoritib borayotgan iqtisodchi bloger Otabek Bakirovga ko‘ra,
Toshkent shahri va Toshkent viloyati (Ohangaron, Angrengacha) metan zapravkalari ochilgan.
«Vodiyda hali jimjitlik, zapravkalar yopiq», - deydi u o‘z Telegram kanalida.
Energetika vazirligi dushanba kuni ertalab chiqargan bayonotiga qo‘shimcha qilib, "Farg‘ona vodiysida "metan zapravka"larning ish vaqti hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib" amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Gaz murvati ochilsa, qarsaklar Energetika vazirligiga, gaz bo‘lmasa — savollar hokimliklarga. Ajoyib metodichka.
Ammo, Bakirovga ko‘ra, vodiydagi shoxobchalar «ruxsat yo‘q»ligini aytishgan. Bu ruxsat Energetika vazirligidanmi, yoki mahalliy hokimliklardanligi noma’lum.
"Vodiyda o‘zi 5 kundan beri metan zapravkalarda gaz yo‘q, Andijondayam, Farg‘onadayam, Namangandayam insofli gaz zapravkalar "bugun ochilmaymiz, ruxsat yo‘q" deb ochiq aytishayapti", - deb yozadi Bakirov.
"Lekin holatni mard bo‘lib tan olib, real vaziyatni aytish o‘rniga, Energetika vazirligi endi hokimliklarga strelkani burib yubormoqda. Ajoyib yondashuv. Gaz murvati ochilsa, qarsaqlar Energetika vazirligiga, gaz bo‘lmasa — savollar hokimliklarga. Ajoyib metodichka", - deydi bloger.
O‘zbekistonda yillarki qish sovuq kelishi bilan energetikada uzilishlar, xususan gaz va elektr ta’minotida cheklovlar kuzatiladi.
Lavozimda uch yildan beri xizmat qilayotgan Energetika vaziri Mirzamahmudov 28 oktyabrda Milliy matbuot markazidagi chiqishida kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilganini aytgandi.












