O‘zbekistonlik migrantlar: kecha, bugun va kelajakda - Video

Gulrayhon Muxanbetova

Surat manbasi, ВВС

Surat tagso‘zi, O‘zbekistonlik talaba Gulrayhon Muxanbetova Bolgariyadagi mehmonxonalardan birida ishlab kelmoqda.
O'qilish vaqti: 7 daq

Sobiq Ittifoq davlatlari orasida O‘zbekiston ko‘p yillardan beri xorijda ishlayotgan migrantlar soni jihatidan yetakchi davlat bo‘lib kelgan.

Mutaxassislar mamlakat uchun mehnat migratsiyasi hanuz o‘ta muhim ijtimoiy masala va iqtisodning salmoqli tarkibiy qismi bo‘lib qolayotganini urg‘ulashadi.

Mustaqillikka erishilganidan so‘ng O‘zbekistondan migrantlarning asosiy oqimi Rossiya va Qozog‘iston kabi "yaqin xorij" davlatlari tomon yo‘nalgan bo‘lsa, hozirga kelib o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ter to‘kib ishlayotgan davlatlar soni anchayin kengaygan.

O‘zbekistonliklar ishlash uchun hozirda qaysi davlatlarni tanlashmoqda?

Yaqinda AQShning yirik shahri sanalmish Nyu-Yorkning yangi saylangan hokimi Zohran Mamdaniyning o‘zbek hamshiralarini o‘z nutqida tilga olgani o‘zbekistonlik migrantlar siyosiy sahnada ham e’tiborga tushayotganlari belgisidir.

Lekin o‘zga yurtga ko‘chib o‘tib ishlash, hayotni deyarli qaytadan boshlash, ro‘zg‘ordan orttirib vatanda qolgan oila, bola-chaqaga pul yuborish oson emas.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Asli Samarqandlik 30 yoshli Marhabo bir necha yildan beri Turkiyaning Istanbul shahrida oyoq kiyim korxonasida ishlaydi.

Uning aytishicha, o‘g‘li onasi bilan O‘zbekistonda qolishgan. Bir yilda bir marotaba kelib, Marhaboni ko‘rib ketishadi.

Marhabo oyoq kiyim korxonasida

Surat manbasi, ВВС

Surat tagso‘zi, Istanbuldagi oyoq kiyim korxonasida ishlovchi Marhaboning o‘g‘li vatanda onasi bilan qolgan.

"Rizqimiz qaerda bo‘lsa o‘sha yerdamiz. Nasib qilsa, O‘zbekistonga qaytish niyatim bor", deydi Marhabo.

O‘zbekistonliklar ishlash va o‘qish uchun tanlayotgan mamlakatlar qatoriga yil sayin tobora ko‘proq davlatlar qo‘shilmoqda. Bir necha yil avval Yevropaga borish imkonlari juda cheklangan edi. Hozirda ularni jahonning juda ko‘plab burchaklarida ko‘rishimiz mumkin.

Britaniyaga mavsumiy ishchi bo‘lib kelgan o‘zbekistonliklar o‘z Instagram sahifalarida avvallari aksar o‘zbekistonliklar ishlash uchun yo‘l olgan Rossiyadan u yerdagi shart-sharoitlar farq qilishini aytishadi.

Британиядаги ўзбекистонлик мавсумий ишчилар
Instagram
Россияга қараганда Британияда ишлаш шароитлари ва маоши яхшироқ. Милициядан қўрқув йўқ.
Британиядаги ўзбекистонлик мавсумий ишчи

"Rossiyadan ko‘ra bu yerda ishlash yaxshiroq, to‘laydigan puli ham ko‘proq. Odamlarning munosabati ham Rossiyadagidan ming marotaba yaxshi. Militsiyadan qo‘rqish yo‘q. Militsiyani turtib ketsang ham "sorri" deydi. Rossiyada "hujjating qani, u yerga bor, bu yerga bor" deyish ko‘p. Bu yerda qonun doirasida yashasang, hech kim hech narsa demaydi", deya o‘z taassurotlarini o‘rtoqlashadilar.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

O‘zbekistonlik migrantlar geografiyasi kengaymoqda

O‘zbekiston hukumati mamlakat iqtisodi jadal sur’atlar bilan o‘sayotgani, har yili ko‘plab ish joylari yaratilayotganini aytib keladi.

O‘zbekiston Migratsiya Agentligiga ko‘ra, hozirda jahon bo‘ylab turli mamlakatlarda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni 1 million 300 ming atrofida. Bu raqam ne qadar ishonchli ekanligini tekshirish imkonsiz, ammo ko‘plab taxminlarga ko‘ra, ularning soni anchayin ko‘proq.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ko‘payib borayotgan mamlakatlardan biri Janubiy Koreya.

U yerda ishlayotgan Bekzod Yorqin o‘g‘lining aytishicha, oxirgi yillarda o‘zbekistonliklar uchun u yerda ishlash va yashash sharoitlari osonlashtirilgan. Shuning uchun ularning soni o‘sib bormoqda.

Bekzod Yorqin o‘g‘li

Surat manbasi, ВВС

Surat tagso‘zi, Bekzod Yorqin o‘g‘lining aytishicha, oxirgi yillarda o‘zbekistonliklar uchun Janubiy Koreyada ishlash va yashash sharoitlari osonlashtirilgan.

"7 yildan beri Janubiy Koreyadaman. So‘nggi 2 yilda ishchi vizasidan ko‘ra, talabalik vizasi bilan O‘zbekistondan kelayotganlar soni anchayin oshgan. Bunga sabab Janubiy Koreya tomonidan o‘zbekistonliklarga talabalik vizasi soddalashtirilgan tartibda berila boshlaganidir. Bundan tashqari Janubiy Koreya Universitetlarida kontrakt to‘lovlari miqdori O‘zbekistondagi universitetlardan deyarli farq qilmaydi", deya tushuntirdi Bekzod.

Shohrux Jumanazarov ham o‘qish va mehnat muhojirligini Janubiy Koreyada boshlagan.

Hozirda u Portugaliyada o‘qib, ishlayapti. Uning aytishicha, u Portugaliyada o‘zini qulayroq his qiladi.

Shohrux Jumanazarov

Surat manbasi, ВВС

Surat tagso‘zi, Shohrux Jumanazarov Portugaliyada tarjimonlik bilan shug‘ullanadi.

"Portugaliyada tarjimonlik bilan shug‘ullanaman. Meni bu yerda xush qabul qilishdi. Menga nisbatan munosabat yaxshi. Do‘stlar orttirdim, birga vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘ramiz", deya aytadi u.

Lekin shu bilan birga Shohrux Portugaliyada maoshlar pastroq ekanligi va keyinchalik musulmon davlatiga ko‘chib o‘tish istagi borligi va oxir oqibat balki O‘zbekistonga qaytish niyati borligini ham aytadi.

Turkiyadagi o‘zbekistonliklar

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlar soni nisbatan ko‘p bo‘lgan davlatlardan biri Turkiya. Hozirda u yerda 57 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ishlaydi.

Bi-bi-si O‘zbek bilan suhbatda Istanbuldan jurnalist Sohiba Hayotning aytishicha, norasmiy ravishda Turkiyada qolayotgan o‘zbekistonliklar nazarga olinsa, ularning soni bundan 2-3 barobarga ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Uning shuningdek, bizga aytishicha, yaqin -yaqingacha Turkiyada O‘zbekistondan ayol mehnat muhojirlari soni ko‘proq bo‘lib kelgan.

"Turkiya hamisha ayollar migratsiyasi uchun maqbul mamlakatlardan biri bo‘lib kelgan. Keyingi vaqtlarda Turkiya hukumati noqonuniy muhojirlarga qarshi choralarni kuchaytirgani sababli migrantlardan ba’zilari ortga qaytishga majbur bo‘lishgandi. Ammo oxirgi yillarda ularning soni yana oshmoqda. Bu yerda ishlaydigan o‘zbekistonlik ayollarning ko‘pi yolg‘iz ayollar bo‘lib, ular mamlakatga qaytishning boshqa yo‘llarini topishgan. Masalan, Turkiya vatandoshi bilan nikoh qurish orqali. Bundan tashqari Rossiyadagi mehnat muhojirlariga nisbatan siyosat tufayli u yerdan qaytishga majbur bo‘lgan erkaklarning bir qismi ham Turkiyaga ish izlab kelishmoqda. Ana shu sabablar tufayli o‘zbekistonlik migrantlarning soni yana ko‘paygan", dedi Sohiba Hayot.

Istanbul shahri

Surat manbasi, ВВС

Surat tagso‘zi, Turkiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida ayollar aksariyatni tashkil qilishadi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Turkiyada ayollar asosan uy xizmatkori, keksalarga qarash va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlashadi va bu kabi ish topish imkonlari boshqa turdagi ishlarga nisbatan ko‘proqdir. Shuningdek, shaxsiy uylarda ishlash uchun yollanganlar turar-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlanganlari uchun bu kabi xarajatlardan holilar va ishlab topgan pullarini tejash imkoniga egalar. Bundan tashqari Rossiyadagi kabi ishlash uchun patent to‘lovlari ham mavjud emas. Faqatgina yilda bir bor ishchi vizasini yangilab, to‘lov qilinsa kifoya.

Sohiba Hayotning ilova qilishicha, o‘zbekistonliklar uchun Turkiyada ishlash va yashash sharoitlari Rossiya bilan taqqoslaganda keskin farq qilmasa ham, jamiyatdagi munosabat, shuningdek, iqlim sharoitlarida farq albatta ko‘zga tashlanadi.

Bolgariyada ham o‘zbeklar

O‘zbekistonlik sobiqda hisobchi Nilufar Nazarova bir necha yildan beri Bolgariyaning Qora dengiz sohilidagi Albena oromgohidagi mehmonxonalardan birida ishlab kelayotganlardan biri.

Uning aytishicha, bu yerga kelgan ilk yillarida o‘zbeklar soni juda kam bo‘lgan.

"Hozirga kelib bu yerdagi vatandoshlarimiz soni yuzlab. Bizning bu yerda olgan suratlarimizni ko‘rib, hikoyalarimizni eshitib juda ko‘plar bu yerga kela boshlashdi", deydi Nilufar.

Albenadagi oromgohlardan birining boshqaruvchisi Krasimira Stoyanovanining aytishicha, xorijdan kelgan ishchilar turar joy, oziq-ovqat va O‘zbekistonga nisbatan ko‘proq maosh bilan ta’minlanadilar.

"O‘zbekistonliklarni bu yerga yetaklab kelayotgan sabablar ochiq oydin. Eng asosiysi ular O‘zbekistonda juda kam maosh olishadi. Oyiga 100-150 dollar. Bu yerda esa maoshlar 600 yevrodan boshlanadi. Lekin hech nimaga xarajat qilishmaydi», deydi Krasimira Stoyanova.

Гулрайҳон Муханбетова
ВВС
Болгарияда иш кўп, лекин муносабат яхши
Гулрайҳон Муханбетова
Ўзбекистонлик талаба

Sobiqda Bolgariya hukumati rasmiysi hozirda xorijdan ishchilarni yollash agentligi rahbari Filip Gounevga ko‘ra, Bolgariyada mavsumiy ishchilar doxil yigirma mingga yaqin o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda.

"Bu sur’atlarda kelgusi 5-6 yil ichida o‘zbekistonliklar salmoqli ozchilik guruhiga aylanishlari mumkin», deydi u.

Bolgariyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar orasida avval o‘z vatanida sayyohlarga yo‘lboshchilik qilgan Ravshan Rasulov, talaba Gulrayhon Muxanbetovalar ham bor.

Mehmonxonalardan birida ofitsiant bo‘lib ishlovchi Gulrayhonning aytishicha, ish ko‘p ammo odamlarning munosabati juda yaxshi.

"Dastlab Albenaga kelganimda bu yerda hamma narsa go‘zal bir tushdek edi. Tushimmi, o‘ngimmi, deb savolga berardim», deydi Gulrayhon.

Ravshan va Gulrayhon kabi o‘zbekistonlik yoshlar hozircha orzu-umidlarini xorijda amalga oshirishga majbur bo‘lishmoqda. Vatanda farovon umrguzaronlik qilish umidi esa hanuz qo‘l yetmas bo‘lib qolmoqda.

Aloqador mavzular:

Nima uchun o‘zbekistonliklar hanuz xorijga intilishmoqda?

Oxirgi yillarda kuzatilayotgan trend – O‘zbekistonliklarning Rossiyadan tashqari boshqa davlatlarda ish topish imkonlarini izlayotganlari.

Shu manzarada O‘zbekiston hukumati, jumladan Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Migratsiya agentligi tomonidan bu imkoniyatlarni kengaytirish qadamlari ham ko‘zga tashlanadi.

Bi-bi-si bilan suhbatlashgan oddiy odamlarning aksari xorijga ish izlab ketishlariga asosan iqtisodiy sabablar turtki berganini aytishdi.

Lekin buning yana boshqa sabablari ham bormi?

Migratsiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik huquqshunos Botir Shermuhammadning aytishicha, albatta mehnat migratsiyasining asosiy sababi iqtisodiy muammolar. Lekin shu bilan birga mamlakatda ta’lim tizmi yaxshi qo‘yilmaganligi ham asosiy omillardan biridir.

Rossiyadagi migrantlar.

Surat manbasi, ВВС

Surat tagso‘zi, O‘zbekistonda mehnat migratsiyasining asosiy sababi iqtisodiy muammolar.

"O‘zbekistonda ish o‘rinlari yetishmasligi muammosi bor. Lekin boshqa tomondan sifatli mutaxassislarni yetishtirib berish tizimi risoladagidek bo‘lmagani tufayli o‘zlariga malikali ishchilarni topa olmayotgan ish beruvchilar ham mavjud. Rivojlangan mamlakatda bizning O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatga qaraganda ko‘proq daromad olish omili ham bor. Yomon iqtisodiy ahvolga tushib qolgan yoki qarzga botgan inson albatta xorijga borib, bu vaziyatdan tezroq chiqish yo‘llarini ko‘proq izlaydi. Boshqa tomondan bu tendentsiyalarga ergashib borayotganlar ham bor", dedi Botir Shermuhammad.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar soni qamayotgani sabablariga to‘xtalar ekan, Botir Shermuhammad Ukrainadagi urush sabalardan biri bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi. Ammo bu asosiy omil emasligini urg‘uladi.

"Albatta urush faktori muhojirlarga aloqador. Ammo bu birlamchi emas. Oxirgi o‘n yillarda kuzatganimiz shuki, bu kabi favqulodda vaziyatlar muhojirlarimizning ortga qaytish qaroriga jiddiy ta’sir qilmaydi. Ular uchun asosiy narsa daromadning miqdori. Ularning qaroriga ta’sir qilayotgan asosiy narsa Rossiya rublining dollarga nisbatan qiymatining tushishi, ya’ni daromadlarining kamayishi. Bundan keyin Rossiya jamiyatida va rasmiy doiralarda ham urush boshlanganidan so‘ng migrantlarga nisbatan yov qarashning kuchayishi omili ham bor albatta".

Botir Shermuhammadning aytishicha, Rossiyadagi qator terrorchi hujumlardan so‘ng muhojirlarga nisbatan cheklovlar yanada kuchaytirilgan. Ularni deportatsiya qilish, hech qanday sabablarsiz mamlakatga kiritmaslik hollari ham ko‘paygan.

"Ammo Rossiya iqtisodi uchun mehnat muhojirlari hanuz muhim", deya ta’kidlaydi u.

Ботир Шермуҳаммад
ВВС
Ўзбекистонликларнинг хорижда иш топиш имконларининг кенгайиши аввало уларнинг иш ва тил ўрганиш кўникмаларига боғлиқ.
Ботир Шермуҳаммад
ҳуқуқшунос

Uzoq xorij davlatlariga migratsiya o‘sadimi?

Huquqshunos Botir Shermuhammadning aytishicha, Janubiy Koreya doxil uzoq xorij davlatlarida ish topish imkonlarini kengaytirish ko‘pda vatandoshlarning o‘zlariga bog‘liq.

"Bizda hukumatdan, migratsiya agentligidan bu kabi davlatlarda ish topish imkonlarini kengaytirish talab qilinadi. Lekin shuni nazarda tutish kerakki, bular Rossiya kabi vizasiz borish mumkin bo‘lgan davlatlar emas. Birinchi navbatda ishchi vizasini olish kerak. Buning uchun esa qator talablarga javob berish kerak. Ham ish beruvchi tomonidan qo‘yiladigan, tilni bilish, kasbiy malaka bo‘yicha talablarga, shuningdek, qabul qilayotgan davlatning ma’lum talablariga javob bera olish kerak. Bu oson emas. Shuning uchun uzoq xorijga o‘zbekistonliklarning borishlari bu davlatlarning ularni qabul qilish imkonlariga emas, biznikilar bu talablarga ne qadar javob bera olishlariga bog‘liq", deya ta’kidlaydi Botir Shermuhammad.

O‘zbekistonlik migrantlar qabul qiluvchi davlat talablariga javob bera olmaydilarmi?

"Ta’lim bilan bog‘liq muammolar bor. O‘zbekistonliklarda bilim va ta’lim olish ko‘nikmalari yetishmasligi uzoq xorij davlatlarida ish topishlari imkonlarining keskin kengaymayotgani sabalaridandir. Ular o‘rganishni istashmayapti. Bir necha oy sarflab til o‘rganish, kasb o‘rganishga hamma ham tayyor emas. Hatto bu jarayonlar bepul bo‘lsa ham tayyor emaslar. Juda kam sonli vatandoshlarimiz til va malaka imtihonlaridan o‘tishga tayyorlar. Shuning uchun chetga chiqib ishlash eng avvalo vatandoshlarimizning o‘zlariga bog‘liq", deb aytdi Bi-bi-si bilan suhbatda o‘zbekistonlik huquqshunos Botir Shermuhammad.

"Bizning vatandoshlarmiz bunga tayyor emas ekanlar uzoq xorij davlatlariga migratsiya keskin ko‘paymaydi", deya urg‘uladi u.

Rossiyadagi mehnat muhojiri

Surat manbasi, ВВС

Surat tagso‘zi, Huquqshunoslarga ko‘ra, xorijga ishlash uchun yo‘l olayotganlar huquqiy savodxonligini oshirish, mehnat shartnomasini sinchkovlik bilan o‘rganish va ishga yollanish jarayonida firibgar agentliklardan ogoh bo‘lish ham muhimdir.

O‘zbekistonliklar xorijda shartnoma qoidalarini buzishmoqda

Botir Shermuhammadning aytishicha, shartnoma asosida chet elga ishga borgan o‘zbekistonliklarning qoidalarga zid ravishda ishni tashlab ketishlari, boshqa ishlarga o‘tib ketishlari, jinoyatchilikka aralashishlari holatlari ham uchramoqda. Va bu holat ish beruvchilarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

"Bularning hammasi O‘zbekistonga ishchi kvotalarining kamaytirilishiga olib kelmoqda. Masalan, Turkiyada o‘zbekistonliklarga nisbatan hujjatlarni rasmiylashtirish qat’iylashtirilgan. Birlashgan Arab Amirliklarida o‘zbekistonliklar ishtirokida yuz bergan jinoiy harakatlar ishchilargina emas, hatto sayohatga borgan vatandoshlarimizning cheklovlarga yuz tutishlariga olib keldi. Germaniyada esa ish beruvchilarning o‘zbekistonlik ishchilardan noroziligi tufayli yaqin yillarda O‘zbekistondan umuman ishchi olmaslik haqida ham so‘zlar yangramoqda", deya tilga oldi o‘zbekistonlik huquqshunos.

Botir Shermuhammadning aytishicha, xorijga ishlash uchun yo‘l olayotganlar huquqiy savodxonligini oshirish, mehnat shartnomasini sinchkovlik bilan o‘rganish va ishga yollanish jarayonida firibgar agentliklardan ogoh bo‘lish ham muhimdir.