Eronga parvozlar bekor qilindi, Internet uzildi, Oyatulloh "Eron chekinmaydi" dedi - Video

Erondagi norozilik namoyishlari

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 6 daq

Eronda noroziliklar boshlanganidan keyin mamlakat xalqiga ilk televizion murojaat bilan chiqqan oliy ruhoniy rahbar Oyatulloh Ali Xomenei 9 yanvar kuni, "terrorchilik amallari qarshisida birlashish"ga chaqirdi.

O‘z murojaatida Oyatulloh protestlardan ogohlantirdi, Eron rasmiylari "xorijiy dushmanlar, xususan, Qo‘shma Shtatlarning fitnasi" deb atayotgan isyonlar qattiq bostiriladi, dedi.

Oyatulloh Xomenei namoyishchilarni AQSh Prezidenti Donald Tramp nomidan ish ko‘rayotganlikda aybladi, ular davlat mol-mulkiga hujum qilayaptilar, dedi.

Tehron "xorijiylarning yollanma askarlari"dek ish ko‘rayotgan odamlarga toqat qilmaydi, dedi oliy ruhoniy rahbar.

Aloqador mavzular

Oyatullloh, "Trampning qo‘li minglab eronliklarning qoniga botgan", dedi. Bunda u, hoynahoy, 2025 yil iyunida Isroilning Eron Islomiy respublikasiga hujumlari va Isroilni dastaklagan AQSh Eron yadroviy inshootlariga qilgan zarbalarini nazarda tutdi.

"O‘tgan kecha Tehronda bir guruh bezorilar kelib AQSh prezidentini xursand qilish uchun binoni vayron etdilar", dedi o‘z murojaatida Oyatulloh.

Eron televideniesi namoyish etgan tasvirlarda Oyatulloh Xomenei qarshisida to‘plangan erkak va ayollar "Amerikaga o‘lim" deb qichqirganlari ko‘rinadi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

"Hamma biladiki, yuz minglab shahidlarning qoni evaziga qudratga kelgan islomiy respublika qo‘poruvchilar oldida chekinmaydi", dedi Eron oliy ruhoniy rahbari.

28 dekabrda boshlangan, o‘nlab namoyishchilar va kamida to‘rt xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan norozilik namoyshlari vaziyatini o‘z nazoratiga olishda Tehron mushkulliklarga duch kelayapti.

Eron Prezidenti tiyilishga va davlat xalqni tinglashiga chaqirayotgan bir vaqtda kuzatuvchilar, rasmiylar sabr-bardoshliligini namoyish etayotgani yo‘q, namoyshchilarni "xorijiy dushmanlardan qo‘llab-quvvatlov olayotganlikda ayblayapti, deydilar.

Iqtibos

8 yanvarda Eronda Internet uzilgani kuzatildi, bu rasmiylarning noroziliklarni bostirish yo‘lidagi harakatlari deb ko‘rilayapti.

Internet monitoring bilan shug‘ullanadigan Netblocks tashkilotiga ko‘ra, payshanba tunida butun mamlakat bo‘ylab Internet uzilishi kuzatilgan, juma kunigacha jami 18 soat mobaynida onlayn aloqa tiklanmagan.

Dubay aeroportlari veb-saytiga ko‘ra, Dubay bilan Eronning Tehron, Sheroz va Mashhad shaharlariga 9 yanvar kuni rejalangan 17 parvoz bekor qilingan.

Bu parvozlar nega bekor qilingani sababi flydubai avia shirkati izohlaganicha yo‘q.

Turkiya matbuoti xabar qilishicha, Turkish Airlines 17 parvozini, Ajet avia shirkati olti parvozini, Pegasus Airlines ham juma kuniga mo‘ljallangan parvozlarini bekor qilgan.

Qatar poytaxti Doha va Tehron o‘rtasidagi kamida ikki reys ortga surilganini xabar qildi Hamad Xalqaro aeroporti veb-cayti.

Juma namozidan keyin Zohidon shahrida norozilik namoyishi bo‘lgani xabarlari tarqaldi.

Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz va rezina o‘q qo‘llagan.

Britaniya Eron rasmiylarini bosiqlikka chaqirib bayonot tarqatdi.

Payshanba tunidagi noroziliklar

Norozilik namoyishlari kuzatilgan Eron shaharlari
Surat tagso‘zi, Norozilik namoyishlari kuzatilgan Eron shaharlari

Payshanba tunida Tehrondagi Oyatulloh Qashaniy xiyobonida ko‘p sondagi olomon to‘plangani, olomonni dastaklayotgan haydovchilar signallarini chalayotganlari videolari tarqaldi.

Olomonning "diktatorga o‘lim" deb baqirayotganlari eshitiladi, ular diktator deb Eronning 1989 yildan buyon oliy ruhoniy rahbari 86 yoshli Oyatulloh Ali Xomeneini nazarda tutishayapti.

Eron shimolidagi Tabriz shahrida ham, sharqdagi Shia musulmonlari uchun muqaddas Mashhadda ham, Eronning Kurd aholisi ko‘p istiqomat qiladigan g‘arbiy hududlari, xususan, Kirmonshohda ham yirik namoyishlar kuzatildi.

Namoyishchilar Eron bayrog‘ini tushirib yirtganlari, general Sulaymoniy haykalini yiqitganlari videolari ham tarqaldi.

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari rasmiylarni o‘nlab namoyishchilarni otib o‘ldirishda ayblaydilar, biroq so‘nggi videolarda xavfsizlik kuchlari aralashganlari ko‘rinmaydi.

1979 yilgi islomiy inqilobda taxtdan ag‘darilgan Eron shohining hozir AQShda yashaydigan o‘g‘li Rizo Pahlaviy yanada katta protestlarga chaqirdi.

9 yanvar kuni e’lon qilgan videosida Rizo Pahlaviy aytishicha, payshanba kungi yurishlar "ulkan olomon kuchi repressiv kuchlarni qanday chekintirishi"ni namoyish etdi.

U juma kuni yanada kattaroq norozilik namoyishlarigaa chaqirdi.

8 yanvar. Eronda namoyishlar ko‘lami kengaymoqda

Video tagso‘zi, Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda namoyishchilar shiorlari va otishmalar sadosini eshitish mumkin.

Eronda 11 kundan beri davom etayotgan noroziliklar mobaynida aksil- hukumat namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y bergan.

Eronning yarim rasmiy Fars news xabar agentligiga ko‘ra, mamlakat janubi-sharqidagi Lordegon shahrida qurollangan shaxslar 2 politsiya xodimini otib o‘ldirishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda otishmalar sadosini eshitish mumkin.

Shuningdek, boshqa yerlardan olingan videolarda xavfsizlik kuchlari o‘q ochayotganlari va namoyishchilarga qarata ko‘z yosh sizdiruvchi gaz qo‘llayotganlarini ko‘rish mumkin. Namoyishchilar bunga javoban tosh otayotganlari ham aks etgan.

Erondagi namoyishchilar.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Noroziliklar 28 dekabr kuni Tehronda do‘kondorlar Eron valyutasi qiymatining keskin tushib ketganidan norozi bo‘lib, ko‘chlarga chiqqanlarida boshlangandi.

AQShda joylashgan Inson Haqlari faollari yangilik agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda namoyishlar hozirga qadar mamlakat bo‘ylab 31 viloyatdagi 111 ta shahar va shaharcha bo‘ylab ro‘y bermoqda.

Agentlik shu vaqtga qadar 34 nafar namoyishchi va 4 nafar xavfsizlik kuchlari xodimi o‘ldirilganligini ham xabar bermoqda. 2200 namoyishchi hibsga olingan.

Noroziliklar 28 dekabr kuni Tehronda do‘kondorlar Eron valyutasi qiymatining keskin tushib ketganidan norozi bo‘lib, ko‘chlarga chiqqanlarida boshlangandi.

Eron pul birligi - riyol o‘tgan yil rekord darajada qiymatini yo‘qotdi va inflyatsiya 40 foizga chiqib ketgan. Bu holat Eron yadro dasturi tufayli kiritilgan xalqaro jazo choralari oqibatida iqtisodning tanazzulga uchrashi va hukumatning korruptsiyani jilovlay olmayotgani manzarasida kuzatilmoqda.

Do‘kondorlar namoyishlariga ko‘p o‘tmay Oliy O‘quv yurtlari talablari ham qo‘shilishdi. Shu tariqa noroziliklar boshqa shaharlarga ham tarqala boshladi. Namoyishchilar Oliy diniy rahbar Oyatulloh Xomaneiga qarshi va marhum podshoh Rizo Pahlaviy o‘g‘lini qo‘llab shiorlar aytishmoqda.

Eron pul birligi - riyol.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Eron pul birligi - riyol o‘tgan yil rekord darajada qiymatini yo‘qotdi va inflyatsiya 40 foizga chiqib ketgan.

VVS Fors xizmati haqiqiyligini aniqlagan va chorshanba kuni olingan videoda Qazvinda namoyishchilar "Diktatorga o‘lim!," va "Yashasin shoh!," deya shior aytayotganlarini ko‘rish mumkin.

Bandar Abbos portidan olingan videoda politsiya ro‘parasida turgan namoyishchilar "Politsiya, bizni qo‘llang!," deya xitob qilayotganlari aks etgan.

Mashhadda olingan videoda namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashganlari va ortga chekinishga majbur bo‘lganlari ko‘rinadi.

Fars news ning xabar berishicha, Lordegon shahrida otib o‘ldirilgan ikki politsiyachi "namoyishchilar orasida bo‘lgan qurolli shaxslar" tomonidan otib o‘ldirilgan.

VVS va boshqa xalqaro mustaqil xabar agentliklariga Eron ichkarisidan xabar berish taqiqlangani yoki ruxsat berilgan taqdirda ham ular erkin harakat qila olmasliklari sababli bu xabarlarni tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Joriy namoyishlar markazlaridan biri bo‘lib kelgan Lordegonda o‘tgan payshanba kuni ikki nafar namoyishchi ham otib o‘ldirilgandi.

Erondagi namoyishlar ko‘lamini aks ettiruvchi xarita.
Surat tagso‘zi, Eronda namoyishlar hozirga qadar mamlakat bo‘ylab 31 viloyatdagi 111 ta shahar va shaharcha bo‘ylab ro‘y bermoqda.

Chorshanba kuni Eron vazirlar mahkamasining yig‘ilishidan so‘ng vitse- prezident Muhammad Jafar Qayumpanoh prezident Ma’sud Pezeshkiyon xavfsizlik kuchlariga tinch namoyishchilarga qarshi "hech qanday xavfsizlik choralarini qo‘llamaslik" haqida farmon berganini ma’lum qildi.

"Qurollangan, qo‘lida pichog‘i bor, politsiya va harbiy qarorgohlarga hujum qilayotganlar bilan namoyishchilarni farqlay olishimiz kerak," deya ilova qildi u.

Eron rasmiy matbuoti shuningdek, yashash xarajatlarida yordam berish uchun 71 million fuqaroga oyiga qo‘shimcha 7 dollardan haq to‘lana boshlanganini xabar bergan.

Shu bilan birga Eron Adliya vaziri politsiya qo‘mondonlariga boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun "talonchilar zudlik bilan" javobgarlikka tortilishlarini aytgan.

Mamlakat Oliy diniy rahbari Oyatulloh Xomanei o‘tgan shanba kuni rasmiylar "namoyishchilar bilan muloqotda bo‘lishlari kerakligi" ammo "zo‘ravonliklarga qo‘l urganlar jazolanishlari lozim"ligini aytgandi.

Oyatulloh Xomanei bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Eron xavfsizlik kuchlari tinch namoyishchilarni o‘ldirsa, AQSh bunga javoban amal qilishi haqida ogohlantirganidan so‘ng gapirgandi.

GETTY
Namoyishchilar bilan muloqotda bo‘lish kerak. Ammo zo‘ravonliklarga qo‘l urganlar jazolanishi lozim"
Oyatulloh Ali Xomanei
Eron Oliy diniy rahbari BBC.COM/UZBEK

Eronda noroziliklar 2022 yili yosh kurd ayoli Mahso Aminiy hijobini to‘g‘ri o‘ramagani sababi bilan axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olinib, vafot etganidan so‘ng tez-tez kuzatilmoqda.

Inson haqlari guruhlari ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shandan beri bo‘lib o‘tgan noroziliklarda qatnashgan 550 kishi o‘ldirilgan va yana 20 ming inson hibsga olingan.