Venesueladan keyin Trampning "nishoni"ga tushish ehtimoli bo‘lgan davlatlar

Tramp

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 5 daq

AQSh Prezidenti Donald Trampning ikkinchi prezidentlik davri uning tashqi siyosatdagi strategik maqsadlari asosida shakllanmoqda.

U Venesuelaga qarshi tahdidlarini amalga oshirdi - Karakasdagi qattiq qo‘riqlangan qarorgohga tungi reyd uyushtirib, prezident va uning rafiqasini qo‘lga oldi.

Mazkur operatsiya haqida to‘xtalar ekan, Tramp 1823 yilgi "Monro doktrinasi" ni yodga oldi va AQShning G‘arbiy yarim shardagi hukmronligini tiklashga va’da berdi. Hatto ushbu siyosatni o‘z ismiga moslab "Donro doktrinasi" deb qayta nomladi.

Quyida Vashingtonning o‘z ta’sir doirasidagi boshqa davlatlarga nisbatan so‘nggi kunlarda bergan ayrim ogohlantirishlari keltirilgan.

Eron

Eron Hormuz xaritasi

Surat manbasi, Reuters

Eronda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Tramp bu voqealarga tezkorlik bilan fikr bildirib, agar namoyishchilar orasida qurbonlar soni ortishda davom etsa, Eron hukumatini "juda qattiq zarba" kutishini aytib, ogohlantirdi.

"Biz vaziyatni yaqindan kuzatyapmiz. Agar ular o‘tmishdagi kabi odamlarni o‘ldirishni boshlasalar, menimcha, Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan juda qattiq zarbaga uchraydi", dedi Tramp Air Force One bortida jurnalistlarga bergan intervyusida.

Nazariy jihatdan Eron "Donro doktrinasi" doirasiga kirmasa-da, o‘tgan yili Eronning yadroviy inshootlariga berilgan zarbadan so‘ng, Tramp mamlakat rejimiga nisbatan yangi choralar ko‘rish bilan tahdid qilib kelmoqda.

Bu zarbalar Isroil Eronning yadroviy qurol ishlab chiqish imkoniyatini yo‘q qilishga qaratilgan yirik operatsiya boshlaganidan keyin amalga oshirilgan. Mazkur operatsiya 12 kunlik Isroil-Eron mojarosiga sabab bo‘lgan edi.

O‘tgan hafta Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasida Mar-a-Lagoda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda asosiy mavzulardan biri Eron bo‘lgani aytildi.

AQSh OAV ning xabar berishicha, Netanyaxu 2026 yilda Eronga yangi zarbalar berish masalasini ko‘targan.

EPA
Eron "Donro doktrinasi" ga kirmasa-da, Eronning yadroviy inshootlariga berilgan zarbadan so‘ng, Tramp mamlakat rejimiga nisbatan yangi choralar ko‘rish bilan tahdid qilib kelmoqda.
BBC.COM/UZBEK
Batafsil o'qing

Grenlandiya

Grenlandiya xaritasi

AQShning allaqachon Grenlandiyada - «Pituffik» koinot bazasi mavjud, biroq Tramp butun orolni qo‘lga kiritmoqchi.

"Milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan bizga Grenlandiya kerak", - dedi u jurnalistlarga va mintaqa "har tomondan Rossiya hamda Xitoy kemalari bilan o‘rab olinganini" qo‘shimcha qildi.

Daniya Qirolligi tarkibiga kiruvchi Arktikadagi ushbu ulkan orol AQShdan taxminan 3200 km shimoli-sharqda joylashgan. Orol kamyob qazilma boyliklarga ega bo‘lib, ular smartfonlar, elektromobillar va harbiy texnika ishlab chiqarish uchun o‘ta muhimdir. Hozirgi vaqtda Xitoyning bu sanoatdagi ishlab chiqarish hajmi AQShnikidan ancha yuqori.

Shuningdek, Grenlandiya Shimoliy Atlantikada muhim strategik nuqtani egallagan bo‘lib, tobora ahamiyati oshib borayotgan Arktika kengliklariga yo‘l ochadi. Kelgusi yillarda qutb muzliklari erishi natijasida bu yerda yangi dengiz yo‘llari ochilishi kutilmoqda.

Grenlandiya Bosh vaziri Yens Frederik Nilsen Trampning rejalariga javoban, orol ustidan AQSh nazoratini o‘rnatish g‘oyasini "xomxayol" deb atadi.

"Boshqa bosimlarga, shamalarga va anneksiya qilish haqidagi xomxayollarga o‘rin yo‘q. Biz muloqot va muhokamalar uchun ochiqmiz. Ammo bu tegishli kanallar orqali va xalqaro huquq normalariga hurmat saqlagan holda amalga oshirilishi kerak", - dedi u.

AQShning Grenlandiyani egallashga bo‘lgan har qanday urinishi NATOning boshqa bir a’zosi bilan ziddiyatga olib keladi va katta ehtimol bilan butun alyansni xavf ostida qoldiradi.

Kolumbiya

Venesueladagi operatsiyadan bir necha soat o‘tib, Tramp Kolumbiya prezidenti Gustavo Petroni "orqa-oldinga qarab yurish" ni ta’kidladi.

Venesuelaning g‘arbiy qo‘shnisi bo‘lgan Kolumbiya ulkan neft zaxiralariga ega. Shuningdek, u oltin, kumush, zumrad, platina va ko‘mir ishlab chiqaruvchi yirik davlatlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, ushbu mamlakat mintaqadagi giyohvand moddalar, ayniqsa, kokain savdosining asosiy markazidir.

Sentyabr oyidan beri AQSh Karib dengizi va Tinch okeanining sharqiy qismida giyohvand moddalar olib ketilayotganini hech qanday dalillarsiz da’vo qilib, kemalarga zarba berishni boshlaganidan beri, Tramp va Kolumbiyaning so‘l qanot prezidenti o‘rtasidagi ziddiyat tobora kuchayib bormoqda.

Oktyabr oyida AQSh Petroni kartellarning "gullab-yashnashiga" yo‘l qo‘yib berganlikda ayblab, unga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.

Yakshanba kuni prezident samolyoti bortida so‘zlagan Tramp, Kolumbiyani "kokain ishlab chiqarishni va uni AQShga sotishni yaxshi ko‘radigan xasta odam boshqarmoqda", deb aytdi.

"U bu ishni uzoq vaqt davom ettira olmaydi", - dedi Tramp. AQSh Kolumbiyani nishonga olgan operatsiya o‘tkazadimi, degan savolga esa u: "Bu menga ma’qul ko‘rinyapti", deb javob berdi.

Tarixan Kolumbiya Vashingtonning giyohvandlikka qarshi kurashdagi yaqin ittifoqchisi bo‘lib kelgan va kartellarga qarshi turish uchun har yili yuzlab million dollar miqdorida harbiy yordam olgan.

Meksika

Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum o‘z mamlakati hududida AQShning har qanday harbiy harakatlariga qat’iyan qarshi ekanligini ochiqchasiga bildirdi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum o‘z mamlakati hududida AQShning har qanday harbiy harakatlariga qat’iyan qarshi ekanligini ochiqchasiga bildirdi

Trampning 2016 yilda hokimiyat tepasiga kelishi Meksika bilan janubiy chegara bo‘ylab «Devor qurish» chaqiriqlari bilan belgilangan edi.

2025 yilda prezidentlik vazifasiga qaytgan ilk kunidayoq u Meksika qo‘ltig‘i nomini "Amerika qo‘ltig‘i" deb o‘zgartirish haqidagi farmonni imzoladi.

U Meksika hukumatini AQShga giyohvand moddalar oqimi va noqonuniy migrantlar kirib kelishini to‘xtatish uchun yetarlicha harakat qilmayotganlikda tez-tez ayblab keladi.

Yakshanba kuni qilgan chiqishida u giyohvand moddalar Meksika orqali "daryo bo‘lib oqayotganini" va "bu borada biror chora ko‘rishga majburligini" ta’kidladi. Shuningdek, u yerdagi kartellar "juda kuchayib ketganini" qo‘shimcha qildi.

Tramp kartellarga qarshi kurashish uchun Meksikaga AQSh qo‘shinlarini yuborishni taklif qilganini aytdi, biroq Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum o‘z mamlakati hududida AQShning har qanday harbiy harakatlariga qat’iyan qarshi ekanligini ochiqchasiga bildirdi.

Kuba

Kelib chiqishi kubalik muhojirlarning farzandi AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, anchadan beri Kubada rejimni o‘zgartirishga chaqirib keladi.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Kelib chiqishi kubalik muhojirlarning farzandi AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, anchadan beri Kubada rejimni o‘zgartirishga chaqirib keladi

Floridadan atigi 145 km janubda joylashgan ushbu orol-davlat 1960-yillarning boshidan beri AQSh sanksiyalari ostida yashab kelmoqda.

Kuba Nikolas Maduro boshqaruvidagi Venesuela bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Venesuela Kubaning neftga bo‘lgan ehtiyojining taxminan 30 foizini ta’minlab kelgan, buning evaziga Kuba u yerga shifokorlar va tibbiyot xodimlarini yuborgan.

Endi Maduro hokimiyatdan ketgach, neft yetkazib berish to‘xtasa, Gavana juda zaif ahvolda qolishi mumkin.

Tramp yakshanba kuni Kubaga harbiy aralashuvning hojati yo‘qligiga shama qildi, chunki uning fikricha, Kuba "qulash arafasida".

"Menimcha, hech qanday harakatga kerak emas. U shundoq ham qulayotganga o‘xshaydi", - dedi u. "Ular yana qancha chidab berishadi, bilmayman, lekin hozir Kubaning daromadi qolmadi. Ular bor daromadini Venesueladan, Venesuela neftidan olishardi", deya qo‘shimcha qildi prezident.

Kelib chiqishi kubalik muhojirlarning farzandi AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, anchadan beri Kubada rejimni o‘zgartirishga chaqirib keladi.

U shanba kuni jurnalistlarga shunday dedi: "Agar men Gavanada yashaganimda va hukumat tarkibida bo‘lganimda, har holda hozir biroz xavotirga tushgan bo‘lardim".

"Prezident gapirganda, uni jiddiy qabul qilish kerak", - deb ta’kidladi Rubio.