O‘zbekiston: Nega taniqli faol Tashanov yana sudga tortilmoqda?

Oxirgi yillarda Tashanovga qarshi bosimlar kuchaygan

Surat manbasi, gazeta.uz

Surat tagso‘zi, Oxirgi yillarda Tashanovga qarshi bosimlar kuchaygan
O'qilish vaqti: 2 daq

O‘zbekistonlik taniqli inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha, u sudga tortilmoqda. VVS bog‘langanida, u sud chorshanba kuni Toshkent shahar Mirobod tumani sudida bo‘lib o‘tishini bildirdi.

"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati raisining o‘z Feysbuk sahifasida yozishicha, unga qarshi Respublika harbiy prokurori Otabek Xolboevning 28 fevral kungi qarori bilan, unga nisbatan "yolg‘on xabar tarqatish" aybi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

"Dastlabki surishtiruv jarayoni O‘zbekiston Recpublikasi Harbiy prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tergovchisi, podpolkovnik Timur Muhitdinov tomonidan olib borildi", - deydi Tashanov.

VVS mustaqil ravishda ish materiallari bilan tanishmagan. Tashanovning aytishicha, ma’muriy ishga Feysbukdagi sahifasida "Ikki mulozim davlatga xoinlikda ayblangan", "Vahshiyona qiynoq, zo‘raki iqrorliklar. Mahkum ahvoli og‘irligini iddao qilmoqda" hamda"Vahshiyona qiynoq, xalqaro tashkilot bayonoti va prokurorning jur’ati" nomli postlari, hamda Ozodlik radiosiga "Ofis qurboni: Allamjonovga qarshi ko‘rsatma uchun qiynashdi" nomli ko‘rsatuv doirasida bergan intervyusi sabab bo‘lgan.

Tergov materiallarida, Tashanovga ko‘ra, bu bilan u O‘zbekiston Respublikasining qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan hokimiyati va organ vakillarining qadr-qimmati kamsitilishi va obro‘sizlanishiga olib keladigan axborotlarni tarqatgani aytilgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Holbuki, O‘zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyatiga murojaat qilgan fuqaro Bahodir Abdullaev o‘g‘li Nozim Abdullaevning O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasida mamlakatning yuqori lavozimli shaxslariga nisbatan ko‘rsatma berishga majburlangani, qiynoqlarga solingani haqidagi materiallarni taqdim qilgan. Mening postlarim doim murojaat va hujjatlarga asoslanadi, bu murojaatlar muallif tomonidan Prezidentdan tortib, Ombudsmangacha 10 dan ortiq idoralarga bir yil davomida yo‘llangan", - deydi inson huquqlari faoli.

Demokratik va qonun ustuvor bo‘lgan davlatlarda prezident va ombudsmanga yo‘llangan murojaatlar samarasiz qolgach, ularni jamoatchilikka ochiq taqdim qilish legitim aktivizm hisoblanadi. Bu kabi murojaatlar jamoatchilik manfaatida bo‘lsa, murojaatchi ahloqan to‘g‘ri mavqedan kelib chiqib amal qilsa va dalil-isbotlarga ega bo‘lsa, u sudga tortilmaydi.

Tashanov
Kun.uz
OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarim yuzasidan tegishli ekspertiza markazlarida o‘rganishlar olib borilayotganiga oid ma'lumotlar mavjud. Ehtiyotingizni qiling, deyishdi.
Abdurahmon Tashanov
"Ezgulik" jamiyati raisi (bbc.com/uzbek)

"Shuningdek, mening OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarim yuzasidan tegishli ekspertiza markazlarida o‘rganishlar olib borilayotganiga oid ma’lumotlar mavjud. Menga bu haqda aytishdi, ehtiyotingizni qiling, deyishdi. Qonundan panoh so‘rash, o‘zimni mahkamada himoya qilishdan o‘zga ehtiyotim yo‘q. Va, albatta, duolaringizdan, qo‘llovingizdan umidvorman", - deya postni yakunlaydi Tashanov.

Abdurahmon Tashanov ko‘p yillardan beri O‘zbekistonda inson huquqlari buzilishi hollarini yoritib keladi. U muntazam ravishda nohaq qamalgani iddao qilingan fuqarolar ishlari, hibs vaqtidagi qiynoqlar va o‘limlar, hamda tutqunlikdagi sharoitlarni omma e’tiboriga olib chiqadi.

O‘z faoliyati davomida u bir necha bor sudga tortilgan, ammo aftidan oxirgi yillarda bu hollar tezlashgan.

O‘tgan yil mayida Tashanov "Sizga achinaman, janoblar!" sarlavhali posti uchun Toshkent yuridik universitetining ikki o‘qituvchiga 50 million so‘m ma’naviy zararni to‘lashi buyurilgan sud qarori qabul qilindi. Postida Tashanov, xususan, quyidagilarni yozgandi: "Eshitishimcha, Toshkent Davlat yuridik universitetining bir qator domlalariga mening sud-huquq tizimida uchrayotgan muammolar xususidagi chiqishlarimga raddiyalar bildirish bo‘yicha topshiriq bo‘libdi. Dotsent-u professorlarning aytishicha, men ommada sud-huquq tizimiga ishonchsizlik uyg‘otayotgan emishman. Go‘yo, xalqimizda bu axlat tizimga (prezident Mirziyoyev ta’biri) ishonch yuqoridek. Holingiz xarob, domlalar, uyaling! Ramazon oyida sizlarni duo qilamiz, sog‘ayib keting".