Turkiya harbiy bazalaridan Eronga hujum qilinganmi?

Surat manbasi, Reuters
- Author, Ibrat Safo
- Role, BBC News Uzbek muxbiri, London
- O'qilish vaqti: 3 daq
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Eronning Turkiya havo hududlariga hamlalarini «oqlab bo‘lmaydi» dedi va mintaqadagi davlatlarga hujumlaridan hech kim manfaat ko‘rmasligini aytti.
Prezident Masud Pezeshkian bilan telefon suhbatida u urushni tugatish uchun Turkiya diplomatiya eshiklarini ochishga urinayotganini bildirdi.
Dushanba kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan vazirlar mahkamasi majlisida Erdo‘g‘an shunday dedi: «Samimiy ogohlantirishlarimizga qaramay, Turkiyaning do‘stligiga putur yetkazadigan o‘ta noto‘g‘ri va gijgijlovchi qadamlar olinishda davom etmoqda».
Turkiya liderining bu chiqishidan biroz avval NATO havo mudofaasi tizimlari dushanba kuni Turkiya havo hududiga kirgan ikkinchi raketani urib tushirgan.
Telefon suhbatida Erdo‘g‘on Erondagi maktab hujumida halok bo‘lgan bolalar doxil barcha qurbonlar uchun chuqur qayg‘u izhor qilgan, hamda Mujtabo Xomanaiy yangi rahbar etib saylanishi mintaqada tinchlikka sabab bo‘lishiga umid bildirgan.
Inqilobiy gvardiyaga yaqin bo‘lgan Fars axborot agentligiga ko‘ra, Pezeshkian qo‘shnilar bilan keskinlikni kamaytirishga tayyor ekanini aytgan, biroq bu bir shartga bog‘liqligini qo‘shimcha qilgan:
"Qo‘shnilarimizning havo hududi, dengiz hududi va quruqligi Eron xalqiga qarshi hujum uchun ishlatilmasligi kerak."

Surat manbasi, Reuters
Turkiya – NATO a’zosi, va NATOdagi ikkinchi eng yirik armiyaga ega.
U, shuningdek, Eron bilan 560 kilometrlik chegaraga ega. Bu chegara 500 yildirki barqaror bo‘lib kelgan.
NATO a’zolarining birontasi Turkiyachalik Eron ichidagi rejim bilan chuqur munosabatlarga ega emas.
Erdo‘g‘an esa, Ukraina, G‘azo va qator boshqa ziddiyatlardagi kabi, o‘zini vositachi sifatida taqdim etishga urinmoqda.
Turkiyadagi AQSh bazalari Eronga qarshi qo‘llanganmi?
AQSh Turkiyada mutlaq mustaqil tarzda o‘z harbiy bazalariga ega emas, lekin asosan ikkita Turkiya bazasidan foydalandi. Ular – Adana yaqinidagi Injirlik havo bazasi va NATO inshootlari joylashgan Izmir havo bazasi.
Turkiya va AQSh havo kuchlari birgalikda foydalanadigan Injirlik bazasida 1500 amerikalik askarlar joylashgan.
Hozirda Eronga qarshi amalga oshirilgan hujumlarda Turkiyadagi bazalardan foydalanilgani bo‘yicha tasdiqlangan dalil-isbot yo‘q.
Turkiya o‘z hududidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan hujumlarni cheklash yo ularga rozilik bermaslik huquqiga ega.
Qo'shnilarimizning havo hududi, dengiz hududi va quruqligi Eron xalqiga hujum uchun qo'llanmasligi kerak.
O‘tmishda Turkiya o‘z hududidagi bazalar Eronga qarshi hujumlar uchun qo‘llanilmasligini aytgandi.
Xususan, 2018 yilda Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirimdan AQSh Eronga hujum uchun Injirlik bazasidan foydalanishni so‘rashi mumkinligi so‘ralganda, u Turkiya bunga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan.
O‘tgan yil iyunida esa rasmiy Anqara Eronning yadroviy inshootlariga AQSh yoki Isroil bergan havo zarbalarda Turkiya havo hududidan foydalanilganini rad qilgan.
Ammo, Turkiyadagi bazalar AQShning Eronga hujumida bevosita qo‘llanilmayotgan bo‘lsa-da, ular NATO va AQSh uchun muhim strategik markaz bo‘lib qolmoqda.
Eron ham bu bazalarni dushman istehkomi deb biladi.
Turkiya va Eron munosabatlari qanday?
Ikki davlatning aloqalari "hamkor raqiblik" deya ta’riflanadi.
Ular barqaror bo‘lib kelgan, ammo yaqin ittifoqchilar emas. Shunga qaramay, o‘zaro yuqori darajali tashriflar amalga oshirilib turadi.

Surat manbasi, Reuters
Urush boshlanishidan bir oy avval Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi Istanbulga safar qilib, Prezident Erdo‘g‘an bilan uchrashgan.
O‘tgan yil noyabrida esa Turkiya Tashqi ishlar vaziri Haqan Fidan Tehronga borib Prezident Pezeshkian bilan ko‘rishgandi.
Ikki davlatning o‘zaro mushtarak strategik maqsadlari ham bor – ikkovi ham o‘z chegaralarida kurd aholini ilhomlantiradigan mustaqil kurd davlati barpo etilishini istashmaydi.
Turkiyada 12-20 million atrofida, Eronda esa taxminan 7-12 million kurdlar yashashi aytiladi.
O‘tmishdan Anqara va Tehron kurd jangari guruhlarga qarshi harbiy amaliyotlarini muvofiqlashtirganlar.
Turkiya va Eron o‘rtasidagi chegara Usmonli va fors imperiyalari o‘rtasidagi janglarga borib taqaladi.
Yaqin Sharqdagi ko‘pgina qo‘shnilariga solishtirganda, Turkiya va Eron zamonaviy tarixda deyarli urushmaganlar.
Ikki davlat ham o‘z manfaatlaridan kelib chiqib o‘zaro savdo qiladi va ushbu savdo ko‘lamini milliardlab dollarga chiqarishga bel bog‘lashgan.
Turkiya Erondan Tabriz-Anqara gaz quvuri orqali gaz sotib oladi.
Bu yo‘l bilan Turkiyaga keladigan Eron gazi ko‘lami oxirgi yillarda oshib bormoqda. Masalan, 2024 yilda u avvalgi yilga qaraganda 30 foizga oshgandi.
Turkiya ayni quvur orqali 2025 yildan boshlab Turkmaniston gazini ham import qila boshlagan.





























