Rossiya Trampning Grenlandiyani egallash da’volariga javob berdi

Surat manbasi, EPA-EFE/REX/Shutterstock
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani Daniyadan tortib olish uchun harbiy harakatlarni ham soqit qilmasligini aytganidan so‘ng Rossiya vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bildirdi.
Peskov Arktika Rossiyaning "milliy va strategik manfaatlari doirasida ekanligini va u yerda tinchlik va barqarorlikdan manfaatdorligini" aytdi.
Trampning Daniya avtonom hududi bo‘lmish Grenlandiya haqida aytganlari Yevropa yetakchilarining ogohlantirishiga sabab bo‘ldi.
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar rahbari Kaya Kallas "Biz Grenlandiyaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilishimiz kerak", deb ta’kidladi va Germaniya kantsleri Olaf Sholts "chegaralar kuch bilan o‘zgartirilmasligi kerak"ligini qat’iy aytdi.
Tramp shu hafta boshida AQShga Grenlandiya ham, Panama kanali ham "iqtisodiy xavfsizlik uchun" kerakligini aytdi va ularni egallashda iqtisodiy yoki harbiy kuch ishlatishni soqit qilmadi.
U, shuningdek, Kanada bilan chegarani "sun’iy chizilgan chiziq" deb atagan. Daniya va Kanada AQShning NATO bo‘yicha yaqin ittifoqchilaridir.
Dmitriy Peskovning aytishicha, Trampning da’volari AQSh, Daniya va boshqa davlatlarning ishi, biroq Rossiya uning so‘zlari atrofidagi "dramatik" vaziyatni kuzatmoqda. "Biz Arktika hududida joylashganmiz va shu yerda qolishda davom etamiz", - dedi u.
Lavozimidan ketayotgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Parijga tashrifi chog‘ida saylangan prezident so‘zlaridan so‘ng paydo bo‘lgan xavotirlarni aritishga harakat qildi: "Bu g‘oya... shubhasiz, yaxshi emas, lekin eng muhimi, u amalga oshmasligi aniq. "
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi ham Tramp gaplarini jiddiy olmadi. Biroq u "uning ritorikasi shiddatliligi va ba’zan aytganlarini oldindan bashorat qilib bo‘lmaslik, beqarorlik keltirib chiqarishi mumkinligini" tan oldi.
Grenlandiyada 56 000 ga yaqin aholi istiqomat qiladi va bu yerda AQSh va Daniya harbiy bazalari joylashgan. Shuningdek, hali foydalanilmagan mineral va neft boyliklari ham bor.
9 yanvar: Tramp Kanada, Panama va Grenlandiyaga tahdid qilmoqda – uni jiddiy qabul qilish kerakmi?

Surat manbasi, Getty Images
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Panama kanali va Daniyaning avtonomiyasi Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun harbiy harakatlarni ham soqit qilmayman, deyishi ko‘pchilikni xavotirga soldi.
Tramp ikkalasini ham Amerikaning iqtisodiy xavfsizligi uchun strategik jihatdan muhim deb ta’rifladi.
Bu gaplar Trampning AQSh armiyasidan shu tarzda foydalanishni ilk marta ochiqchasiga aytishi edi. U, shuningdek, Kanadani AQSh tarkibiga kiritish uchun iqtisodiy bosimdan foydalanishini aytdi.
Panama, Grenlandiya, Daniya va Kanada bu so‘zlarni g‘azab bilan qarshi oldi.
Panama kanali

20 asr boshlarida kanal qurilishi mas’uliyatini o‘z zimmasiga olib, o‘n yillik muzokaralardan so‘ng AQSh 1999 yilda kanal ustidan to‘liq nazoratni Panamaga topshirgandi.
Endi Tramp milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kanalni qaytarib olishni istamoqda.
"Panama kanali mamlakatimiz uchun hayotiy ahamiyatga ega. U Xitoy tomonidan boshqariladi va biz Panama kanalini Panamaga topshirib qo‘ydik; biz uni Xitoyga bermagandik va ular buni suiiste’mol qilishdi. Ular bu sovg‘ani suiiste’mol qilishdi", - dedi Tramp.
Rasmiy statistika bu fikrni rad etadi. AQSh yuklari umumiy kanal transportining asosiy qismi - 72 foizni tashkil etadi. Panama kanali ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy yuklari 22 foizga yaqin va ikkinchi o‘rinda turadi. Xitoy Panamada ham yirik iqtisodiy sarmoyalarga ega.
Tahlilchilarning aytishicha, Panama kanali nafaqat AQShning Tinch okeanidagi savdosi uchun, balki kelajakda Xitoy bilan har qanday harbiy mojaro yuzaga kelgan taqdirda ham muhim ahamiyatga ega.

Surat manbasi, Getty Images
Tramp avvalroq Panamani AQSh yuk kemalaridan kanaldan foydalanganliklari uchun ortiqcha haq so‘rashda ayblagan edi.
Truth ijtimoiy tarmog‘idagi Trampning akkauntida Panama kanali o‘rtasida AQSh bayrog‘i o‘rnatilgani tasviri paydo bo‘ldi.
Panama shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘zlagan Panama tashqi ishlar vaziri Xaver Martinez-Acha bunga javoban Panama kanalining suvereniteti borasida muzokaralar olib borilmasligini aytdi:
"Kanalni boshqaradigan yagona qo‘llar panamaliklardir va bu shunday bo‘lib qoladi", dedi Martinez-Acha.
Grenlandiya

Grenlandiya Daniyaga qarashli avtonom hudud bo‘lib, dunyodagi aholi eng kam yashaydigan joylardan biri.
Tramp Grenlandiyani sotib olish g‘oyasini 2019-yilda, prezidentlik faoliyatining birinchi davridayoq ilgari surgan edi.
Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Tramp ma’muriyati bilan ishlashga tayyorligini bildirdi, biroq Grenlandiya o‘z xalqiga tegishli ekanligini ta’kidladi.
"Grenlandiya bu Grenlandiya xalqi uchun. Bu o‘ziga xos til va madaniyatga ega g‘ururli xalq. Avval aytganimizdek, Grenlandiya sotilmaydi", - dedi Frederiksen.
Trampning qiziqishi ajablanarli bo‘lmasligi mumkin. Hudud tabiiy resurslarga boy. Daniya geologik xizmati va Grenlandiya veb-saytida sayyoradagi eng katta orol taklif etayotgan qimmatbaho minerallar va energiya resurslarining uzun ro‘yxati mavjud. Ular orasida oltin va platina kabi qimmatbaho metallar, sakkizta noyob metallar, jumladan litiy, titan va nodir yer elementlari, ko‘mir va uran kabi energiya tovarlari, olmos va yoqut kabi qimmatbaho toshlar mavjud.

Surat manbasi, Getty Images
Katta neft va gaz zaxiralari borligi ham taxmin qilinadi, ular hali o‘rganilmagan va qazib olinmaydi. Ammo iqlim o‘zgarishi tufayli muzliklarning erishi ularni yuzaga chiqarishi mumkin.
Ammo u yerda asosan akkumulyator ishlab chiqarishda ishlatiladigan nodir metallarning mavjudligi Grenlandiyani yanada qiymatli qiladi. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga kelib global talabni qondirish uchun ushbu foydali qazilmalarni qazib olish 5 baravar ko‘payishi kerak. Unga talab nafaqat AQSh, balki Xitoy tomonidan ham katta bo‘ladi.
Rossiya ham o‘zi va AQSh o‘rtasida joylashganligi sababli mintaqani strategik ahamiyatli deb biladi. Vashingtonning orolda allaqachon ballistik raketalardan ogohlantiruvchi tizimga ega harbiy bazasi bor.
Grenlandiyani ayni damda mustaqil bo‘lishga moyil bosh vazir Mute Bourup Egede boshqaradi. U orol sotilmasligini ta’kidladi va mustaqillik referendumi aprel oyida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga to‘g‘ri kelishi mumkinligini aytdi.
Kanada

Surat manbasi, Getty Images
Tramp so‘nggi haftalarda Amerikaning eng katta qo‘shnisi Kanada AQShning 51-shtatiga aylangani haqida qayta-qayta hazil qildi. Ularning chegarasini "sun’iy" dedi.
AQShning saylangan prezidenti Kanadani himoya qilish uchun milliardlab dollar sarflanganini tanqid qildi va Kanada avtomobillari, yog‘och va sut mahsulotlari importi borasida norozilik bildirdi. Tramp davrida Kanada ham Meksika singari AQShga import qilinadigan tovarlariga 25% lik tarif tahdidiga duch kelmoqda.
Mar-a-Lagodagi uzoq davom etgan matbuot anjumanida Tramp, shuningdek, Meksika va Kanada chegaralaridan AQShga o‘tayotgan "narkotik"lar haqidagi xavotirlarini yana takrorladi.
Biroq, AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh-Kanada chegarasida qo‘lga olingan fentanil (og‘riqni qoldirishda ishlatiluvchi opium aralashgan dori) miqdori janubiy chegaradagiga qaraganda ancha past.
Kanada chegara bo‘ylab keng qamrovli yangi xavfsizlik choralari jumladan, kuzatuvni kuchaytirish va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi qo‘shma kuchlar tuzishga va’da berdi.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo Trampning Kanadani AQShga qo‘shish uchun "iqtisodiy kuch" ishlatish haqidagi so‘nggi tahdidiga javob qaytardi va ikki mamlakatning qo‘shilishi uchun zig‘irchayam imkoniyat yo‘qligini ta’kidladi.
Ritorikami yoki haqiqat?
Bu o‘ziga xos imperialistik Tramp. U tom ma’noda Amerikaning dunyoda ta’sirini orttirmoqchi. Bular jiddiy tahdidlar.
AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchining sobiq o‘rinbosari Jeyms Jeffrining BBCga aytishicha, Tramp xalqaro ittifoqchilar hamda ichki tarafdorlariga signal yubormoqda. Uning aytishicha, AQShda Yevropadagi boy ittifoqchilar xalqaro xavfsizlikni himoya qilish uchun yetarlicha harakat qilmayotganidan norozilik bor.
Jeffri harbiy aralashuvlar ehtimoli kamligini aytadi.
"Biz Grenlandiyaga, Kanadaga yurish qilmoqchi emasmiz. Panama kanalini egallab olmoqchi emasmiz. Ammo bu qanchalik shov-shuv keltirib chiqaradi, bu boshqa savol", - deya qo‘shimcha qildi u.
"Xalqaro tartib uchun tahdid Donald Tramp emas, xalqaro tartib uchun tahdid Rossiya va Xitoyda", - deydi Jeffri.
Londondagi Independent gazetasining siyosiy muharriri Devid Meddoks Trampni jiddiy qabul qilish kerak, deb hisoblaydi.
"Bu o‘ziga xos imperialistik Tramp. U tom ma’noda Amerikaning dunyoda ta’sirini orttirmoqchi. Bular jiddiy tahdidlar", - deydi Meddoks BBCga.
"Dunyoning qolgan qismi uchun o‘ta beqarorlashtiruvchi bo‘ladigan Trampning birinchi ma’muriyatidan butkul boshqacha yondashuvni ko‘ramiz", dedi Maddoks.












