Suv tanqisligi O‘zbekiston gidroenergetikasini izdan chiqardi, YaIM 160 mlrd dollarga yetadimi? Nazarboev nega faollashib qoldi?

Surat manbasi, Ўзбекгидроэнерго АЖ
O‘zbekistonda suv tanqisligi tufayli gidroenergetika ishlab chiqarishi keskin qisqardi. O‘zbekiston 2026 yilda YaIMni 160 mlrd dollarga chiqarmoqchi. Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboev Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali suhbatlashdi. Nazarboev nega faollashib qoldi?
35% kamaygan suv oqimi O‘zbekiston gidroenergetikasini izdan chiqardi
o‘tgan yilga nisbatan
35% kamaydi. Yangi qurilgan kichik GESlar ham vaziyatni sezilarli yaxshilamadi.
O‘zbekistonda suv tanqisligi tufayli gidroenergetika ishlab chiqarishi keskin qisqardi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 29 dekabr kuni parlament quyi palatasida ma’lum qildi, deb yozadi Podrobno.uz.
Vazirning aytishicha, gidroelektrostantsiyalarda elektr ishlab chiqarish o‘tgan yilga nisbatan 35% kamaygan.
Yangi qurilgan kichik GESlar ham vaziyatni sezilarli yaxshilamagan — ularning umumiy hajmi 140 mln kVt/soatni tashkil etgan.
Mirzamahmudovga ko‘ra, bu sharoitda mamlakat quyosh va shamol energiyasiga o‘tishni, energiya saqlash tizimlarini joriy etishni eng tezkor va samarali yo‘l sifatida ko‘rmoqda.
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroev esa oldinroq mamlakatdagi suv zaxiralari bir yil ichida 6,5 mlrd kub metrga kamayganini ma’lum qilgandi.
Mutaxassislarga ko‘ra, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi Sirdaryo havzasida suv-energiya almashinuvi bo‘yicha muzokaralar hozircha samara bermayapti.
Suv muammosini bartaraf qilish uchun Qirg‘izistonga qishda elektr yetkazib berish evaziga yozda O‘zbekistonga suv chiqarish bo‘yicha yangi kelishuvlar haqida xabar qilingandi.
Shunday sharoitda Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanali Amudaryoning 15%gacha suvini tortib olishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ham yangramoqda.
Energetika vaziriga suvga bog‘liqlik tufayli O‘zbekiston muqobil manbalarga ustuvorlik berishini aytgan.
O‘zbekistonda YaIM 160 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda

Surat manbasi, president.uz
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Gazeta.uz 29 dekabr kuni xabar berdi.
Hujjat avvalroq Qonunchilik palatasi (5 dekabr) va Senat (19 dekabr) tomonidan ma’qullangan. Byudjet loyihasi "jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik, logistika zanjirlaridagi uzilishlar va global nizolar xavflarini hisobga olgan holda" tayyorlangani aytilmoqda.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra:
- iqtisodiy o‘sish 6,6% miqdorida bo‘lishi,
- byudjet defitsiti YaIMning 3%idan oshmasligi,
- inflyatsiya 7% atrofida bo‘lishi rejalashtirilgan.
2026 yilda mamlakat YaIMi 160 mlrd dollar, aholi jon boshiga YaIM esa 4 ming dollarga yetishi kutilmoqda.
Konsolidlangan byudjet daromadlari 515,8 trln so‘m, xarajatlar esa 567,7 trln so‘m etib belgilangan. Defitsit 60,1 trln so‘mni tashkil etadi.
Xarajatlarning 54,7%i ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi. Jumladan:
- maktabgacha va maktab ta’limi dasturlariga — 9,4 trln so‘m,
- sog‘liqni saqlashga — 4,8 trln so‘m ajratiladi.
2026 yildan boshlab qator soliq tushumlari, jumladan QQSning 5%i Toshkentga, 20%i viloyatlarga qoldiriladi. Shuningdek, oliygohlar qoshidagi maxsus maktablar, kollej va texnikumlar mahalliy byudjetdan moliyalashtiriladi.
Hukumat kelasi yil uchun davlat kafolati ostidagi tashqi qarzlar limitini 5 mlrd dollar etib belgiladi.
Nazarboev Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qildi; Kremlga so‘nggi tashrif muhokamalarga sabab bo‘lmoqda

Surat manbasi, president.uz
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda president.uz xabar berdi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi "do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikning yuqori darajasi"dan mamnunlik bildirgani aytildi.
Prezidentlar bir-birini Yangi yil bilan tabriklab, xalqlarga tinchlik va farovonlik tiladi.
Biroq Nazarboevning dekabr oyida Moskvaga qilgan so‘nggi tashrifi Qozog‘iston ichida tortishuvlarga sabab bo‘ldi.
Uning Vladimir Putin bilan uchrashuvi ortidan Majdis deputati Yermurat Bapi sobiq yuqori lavozimdagi shaxslarning xorijga chiqishini cheklash taklifini ilgari surdi. Unga ko‘ra, davlat siriga ega sobiq rahbarlarning xorijga chiqishi cheklanishi lozim.
Kremlparast Telegram kanallar bu uchrashuv Ostonadagi elita ichidagi ziddiyatni kuchaytirishi mumkinligini yozdi.
Nazarboev 2019 yilda prezidentlikdan ketganidan beri Putin bilan bir necha bor uchrashgan. Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart To‘qaev esa 2025 yil boshida uni "siyosiy noziklikni yo‘qotganlikda" tanqid qilgan edi.












