"Qanday yuzlari chidaydi, axir?" – Toshkentdagi nogiron bolalar jamiyati endi ko‘chada qoladimi? - Video

Toshkentdagi "APLA" tashkiloti ichida

Surat manbasi, BBC.com/uzbek

    • Author, Firdavs Zavqiev
    • Role, Bi-bi-si, O‘zbekiston
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Toshkent. Qishning qorli kunlarida Siyrat ko‘chasi bo‘ylab yurar ekansiz, mahalla ichida ko‘rimsiz bir binoga ko‘zingiz tushadi. Kirish eshigiga esa katta harflar bilan "Bino sotiladi" deb yozilgan. Garchi bino tashqaridan oddiy va eski ko‘rinsa-da, uning ichida asl hayot qaynaydi. Bunda Toshkent bo‘ylab nogiron bolalarni himoya qiladigan "APLA" xayriya tashkiloti joylashgan.

"APLA" – nogiron bolalarni qo‘llab-quvvatlovchi nodavlat xayriya tashkiloti. Tashkilot butun Toshkent bo‘ylab ko‘plab nogiron bolalarni xayriya asosida nazorat qiladi. Ularga dori-darmon, oziq-ovqat va sovg‘alar tarqatadi. Qaramog‘ida ro‘yxatdan o‘tgan 400 ga yaqin nogiron bolalar uchun tadbirlar va to‘garaklar tashkil qiladi.

Biroq, endi vaziyat o‘zgarmoqda. Tashkilotning ertangi taqdiri esa noma’lum.

Ushbu xayriya jamiyati 22 yildan buyon Sergelidagi eski kazarma binosida faoliyat ko‘rsatib kelardi. Endi yer kimoshdi savdosiga qo‘yilib, sotilgan. Yangi ega esa 20 dekabrga qadar bino bo‘shatilishi kerakligini talab qilmoqda. Hatto 1 yanvargacha qolib, bolalar uchun yangi yilni nishonlashga ruxsat berilmagan.

Hokimiyatdan esa tayinli javob yo‘q. Vaholanki, 3 dekabrь, Butunjahon nogironlar kunida tashkillashtirilgan tadbirda bir necha mansabdorlar qatnashdilar, bolalar bilan rasmlarga tushishdi. "Ular har yili kelib, nogiron bolalarga mana shunday g‘amxo‘rlik qilamiz, deb maqtanishadi," deydi ota-onalardan biri.

"Hozir esa bino olib qo‘yilayotganda, shunchaki sukut saqlashmoqda".

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Nodavlat xayriya tashkilotlariga ehtiyoj bormi?

Bolasi nogiron Nazira Ergasheva

Surat manbasi, BBC.com/uzbek

Surat tagso‘zi, Qanday qilib nogiron bolalarni ko‘chaga haydash mumkin?, deydi Nazira Ergasheva.

Nogironligi bor bo‘lgan odamlar o‘zbek jamiyatida odatda qat’iy to‘siqlar bilan ajratib qo‘yiladi. Ularning ijtimoiy hayotda faollashuvi anchayin mushkul kechadi. Ko‘pchilik holatlarda esa nogironlar kamsitishlar va ma’naviy tazyiqlar qurboniga aylanadi.

Bunga bir tomondan nogironlarning ijtimoiy hayotda faol qamrab olinmaganligi sabab bo‘lsa, boshqa tomondan ko‘pchilik o‘zbek oilalari uchun bu haqida oshkora gapirish tabu mavzu hisoblanadi.

YuNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 18 yoshdan kichik nogiron bolalar soni 100 mingdan ortiq. Ularning 75 foizi davlat qaramog‘iga olingan, xolos. Vaholanki, davlat qaramog‘iga olinganlik ko‘p hollarda faqatgina hukumat tomonidan beriladigan yordam pullari va dori-darmon bilan cheklanadi. Nogironlarning hammasi ham doimiy mashg‘ulotlar, to‘garaklar yoki ko‘ngilochar tadbirlarda qatnasha olmaydi.

Ularning ijtimoiylashuvi uchun yetarli harakatlar mavud emas. Buni amalga oshirish uchun mamlakatda yetarli infratuzilma shakllanib ulgurmagan. Shuningdek, mavjud korruptsiya muammosi amaldagi hukumat loyihalarining ham samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘p holatlarda davlat yordami muhtoj qatlamlarga yetib bormaydi.

Modomiki, ko‘ngilli tashkilotlar bu borada faollashib, hukumat loyihalarini dastaklamas ekan, nogironlar bilan bog‘liq vaziyat og‘irligicha qoladi. Ular jamoatchilikdan ayri bir guruh o‘laroq qabul qilinishda davom etishi mumkin. Sababi, nogironlarni odamlar bilan muloqotga jalb etish va ruhiy qo‘llab-quvvatlash siyosiy emas, aksincha, ijtimoiy faollikni talab qiluvchi jarayondir.

"APLA" nodavlat xayriya tashkiloti ayni ushbu maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan. Jamiyat 22 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib keladi. Hozirda tashkilot ro‘yxatida butun shahar bo‘ylab 373 nafar nogiron bolalar bor.

Butun Toshkentdan to‘planuvchi bolalar uchun tashkilot turli xil mashg‘ulotlar va to‘garaklar tashkillashtirib keladi. Homiylar ko‘magida muhtoj oilalarda oziq-ovqat va dori-darmon tarqatadi. Vaqti-vaqti bilan tashkilot binosida ijtimoiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Nazira Ergashevadan iqtibos

Surat manbasi, .

Umidlar qayta uyg‘ongan maskan

Yangi yil bezaklari

Surat manbasi, BBC.com/uzbek

Surat tagso‘zi, Bolalarga yangi yilni o‘tkazib olishlari uchun ham ruxsat berilmadi

Yuzlab oilalar uchun ushbu bino allaqachon qadrli xotiralar maskaniga aylanib ulgurgan. Ularning farzandlari shu maskanda do‘stlar orttirgan. Jamiyatning ajralmas bir qismi ekanliklarini ushbu harakatga qo‘shilishgach his qilishgan.

Nazira Ergasheva ham 14 yildirki ushbu jamiyat a’zosi. Yillar oldin hatto erkin harakat qilishga qiynalgan o‘g‘li hozirda sekin-astalik bilan raqsga tushib, she’r aytmoqda.

Nazira Ergasheva o‘g‘lining muvaffaqiyatidan xursandligi haqida gapirar ekan, bu yo‘lda ayni ushbu xayriya tashkilotining o‘rni beqiyosligini bot-bot urg‘ulaydi. Hozirgi muammoli vaziyat esa uni kundan-kunga tashvishga solmoqda.

"O‘g‘lim shu bolalar davrasida o‘z do‘stlarini topdi. Har bir konkurs va bayramda o‘z jamoasi bilan vaqt o‘tkazadi. Faol qatnashadi. Yangi yil tadbiriga esa quyosh haqida she’r yodlagan edi. Biz tadbirimizni nishonlashimiz kerak. Agar binoni tortib olishsa, u o‘z she’rini qaerda aytadi?" deya qayg‘uradi u.

Apla tashkiloti faoliyati haqidagi fotolar

Surat manbasi, BBC.com/uzbek

Feruza Tursunxonova ham 9 yildirki o‘g‘li Muhammadaziz bilan "APLA" to‘garaklariga qatnaydi. U o‘g‘li 3 yoshga to‘lganda bu jamiyat haqida xabar topgan. Biroq, ushbu 3 yil u uchun og‘ir kechganligini aytadi u.

"Shu jamiyatga kelib, o‘zim uchun fikrdoshlar topdim. Mening o‘g‘lim jamiyatning keraksiz bo‘lagi emasligini angladim," deydi Feruza nogiron bolalar ham hayotda ko‘p narsaga qodir ekanligi haqida gapira turib. "Bino olib qo‘yilsa, bizning borarga joyimiz yo‘q. Endi jamiyat tarqalib ketadimi degan xavotirim bor. Bu men uchun, farzandim uchun ham og‘ir. Endi unda do‘stlari bilan uchrashishga imkon bo‘lmaydi."

Bino egaligi bilan bog‘liq muammolar boshlangach, boshqa ota-onalar kabi Feruza ham mavjud barcha choralarni ko‘rishga intilganini aytadi. Ammo urinishlarning bari samarasiz ketgan.

"Iyun oyida hokimimiz kelgandi va bino endi o‘zimizda qolishini aytgan edi. Biz barchamiz xursand edik. Biroq, bino sotilibdi. Bu xabarni hokimlikka yetkazishsa, hokim hech narsa qilolmasligini aytibdi," deydi u. Faollar hokimiyat binosiga bir necha bora tashrif qilishgan. Xatlar jo‘natishgan. Bularning hech biriga qaramay, hokimiyat hali ham jim.

Yo‘llangan murojaatlarga esa hokimlik "yangi joy topsangiz, bizga xabar qiling: narxini arzonroq gaplashib beramiz" deya javob bergan. Yerning yangi egasi esa hech bir iltimoslarga rozi bo‘lmagan.

"Qanday yuzlari chidaydi, axir? Qanday qilib shu nogiron bolalarni ko‘chaga haydashlari mumkin?" deya yozg‘iradi Nazira Ergasheva.

Vaziyatga aniqlik kiritish uchun biz shahar hokimligi bilan bog‘lanishga urindik. Biroq, qilingan qo‘ng‘iroqlarning barchasi javobsiz qoldi.

Yangi yilga sanoqli kunlar qolar ekan, qo‘lbola yasalga archa bezaklari Sergelidagi eski kazarma binosiga o‘ziga xos ko‘rk qo‘shishni boshlagan. 12 yoshli Muhammadaziz esa do‘stlari bilan yana bir bayramni nishonlashni intizorlik bilan kutmoqda. Nazira Ergasheva esa o‘g‘li bayram uchun yodlagan quyosh haqidagi she’rni yana bir bor eshitish uchun uyiga shoshadi.