€100 mingdan €40 millionga: Abduqodir Husanovning "Man Siti"ga transferi haqida nimalar ma’lum?

Surat manbasi, Getty Images
Shu kunlarda Abduqodir Husanovning "Lans"dan "Manchester Siti"ga o‘tayotgani haqida xabar ko‘plab o‘zbekistonliklar e’tiborida turibdi. Angliyaning eng boy klublaridan biriga bu shov-shuvli transferning ba’zi jihatlari BBC'ga ma’lum bo‘ldi.
"Manchester Siti" markaziy himoyachi Abduqodir Husanov borasida "Lans" bilan €40 million evaziga kelishuvga erishgan.
Shartnomadan xabardor manbalarning ma’lum qilishicha, kelishuvga qo‘shimcha bonus to‘lovlari ham kiritilgan.
Transfer rasman tasdiqlanishidan oldin futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak.
"Man Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola o‘z jamoasini kuchaytirishga qat’iy bel bog‘lagan.
So‘nggi oylarda qiyinchiliklarga duch kelgan klub APL jadvalida oltinchi o‘ringa tushib ketgan edi va jadval yetakchisi "Liverpul"dan 12 ochko ortda qolmoqda.
O‘z transferi yakunlangach, Husanov Premьer Ligaga qo‘shilgan birinchi o‘zbekistonlik futbolchi bo‘ladi.
Shuningdek, u 2018 yilda Emerik Laportning kelganidan beri "Man Siti"ning ilk muhim transferiga aylanadi.
Bu Gvardiolaning "Man Siti"ni qiyin ahvoldan olib chiqish va jamoani tark etgan asosiy himoyachilar o‘rnini qoplashdagi qat’iyatini ko‘rsatadi.
Ruben Dias 15 dekabrь kuni "Manchester Yunayted"ga qarshi mag‘lubiyatdan so‘ng maydonga tushmagan va yakshanba kuni "Salford Siti"ga qarshi uchrashuvda ham qatnasha olmaydi.
Angliya himoyachisi Jon Stouns ham o‘yinda qatnasha olmaydi, shu bilan birga, Natan Ake ham joriy mavsumda ikki bor uzoq muddatli jarohat sababli o‘yindan chiqib ketgan.
"Lans" Husanovni 18 oy oldin Belarusьning "Energetik-BGU" klubidan atigi €100 ming evaziga sotib olgan edi.
Biroq u tez rivojlanib, joriy mavsumda Liga 1 – Futbol bo‘yicha Frantsiya chempionati doirasida 13 ta o‘yinda qatnashgan va O‘zbekiston terma jamoasi uchun 18 ta o‘yinda maydonga tushgan.
Husanov 22 dekabrь kuni Frantsiya Kubogi doirasida "PSJ"ga qarshi o‘yinda klubdagi ilk golini kiritgan.
Shuningdek, "Man Siti" Braziliyaning "Palmeiras" jamoasi bilan 18 yoshli himoyachi Vitor Reis borasida muzokaralar olib bormoqda. Biroq klub prezidenti bu futbolchini sotish haqidagi mish-mishlarni "haqiqatga mos emas" deb atagan.
Bundan tashqari, "Man Siti" joriy mavsumda "Ayntraxt" safida ajoyib o‘yinlar ko‘rsatgan misrlik hujumchisi Umar Marmushni sotib olishga ham qiziqish bildirmoqda.












