O‘zbekiston: Mubashshir Ahmad salomatligi, mix yutgan samarqandlik va vodiyda yana yopilgan metan shoxobchalari

Surat manbasi, FACEBOOK/MUBASHISHIR AHMAD
- Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 3 daq
Navoiy viloyatidagi turmada jazosini o‘tayotgan diniy ulamo Mubashshir Ahmadning sog‘lig‘i yomonlashgan va unga tibbiy yordam ko‘rsatilmayapti. Bu haqida uning advokati Abdulloh Sodiq O‘zbekistondagi nashrlarga gapirgan.
Asl ismi Alisher Tursunov bo‘lgan diniy olim o‘tgan yil oktyabrida Jinoyat kodeksining uchta moddasi - milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, hamda diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish ayblarida aybdor topilib 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Uning himoyachisi ma’lum qilishicha, Tursunovga «Qandli diabet II tip, insulinga muhtoj turi» va «Chap oyoq artrozi» tashxislari qo‘yilgan.
Unga ko‘ra, diniy olimning oyoqlari shishib ketib, tanasida har-xil yaralar paydo bo‘layotganiga qaramay davolanishiga ruxsat berilmayapti.
Advokatning aniqlik kiritishicha, Tursunov ko‘p yillardan beri qandli diabet kasalligi bilan og‘rib keladi.
«Qolaversa, jazoni o‘tash davomida Alisher Tursunov Qiziltepa tumanida joylashgan g‘isht zavodlarining birida majburiy tarzda ishlashga chiqarilmoqda. Alisher Tursunov sog‘ligining shunday bir yomon holatida 16 soatlab tik oyoqda ishlashga va yurishga majburlanmoqda. Alisher Tursunovning sog‘ligi yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligi qiynayotganligi, oyoqlari shishib ketib, buyragi yaxshi holatda emasligi, tanasida har-xil yaralar paydo bo‘layotganligini ko‘ra-bila turib, uni og‘ir va sovuq ob-havoda mehnat qilishga jalb etishdan maqsad nima?», deydi advokat Abdulloh Sodiq Kun.uz bilan suhbatida.
Advokatning qo‘shimcha qilishicha, mijozining buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tegishli idoralar: IIV, Bosh prokuratura va boshqa tashkilotlarga ariza kiritilgan.
O‘zbekiston jazo o‘tish muassasalari Ichki ishlar vazirligi nazorati ostida. BBC Tursunov sog‘ligi yomonlashgani va unga tibbiy muolaja ko‘rsatilmayotgani haqidagi da’volarga munosabat so‘rab IIV matbuot kotibi Shuhrat G‘iyosovga Telegramdan murojaat qildi.
Mix yutgan samarqandlik

Surat manbasi, Республика шошилинч тиббий ёрдам илмий марказининг Самарқанд филиали
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filiali ma’lum qilishicha, filialda 29 yoshli fuqaroning qorin bo‘shlig‘idan yot jismlar olib tashlandi.
Markaz Telegram kanalida fuqaroning ismi A.Ye deb ko‘rsatildi.
Ma’lumotga ko‘ra, fuqaro shoshilinch qabul bo‘limiga qornidagi kuchli og‘riqdan arz qilib kelgan. Unda tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilganida, me’da ichak tizimida «katta miqdorda yot jismlar (mix va samorez) borligi aniqlangan».
Shoshilinch ravishda o‘tkazilgan jarrohli amaliyotida bemorning qorin bo‘shlig‘idan metal jismlar olib tashlangan va hozirda uning ahvoli qoniqarli.
Tibbiy markaz ma’lumotida bemorning nega metal jismlarni yutishi sabablari ko‘rsatilmagan, ammo O‘zbekistondagi ba’zi nashrlarga ko‘ra, erkak qattiq stress ostida o‘z harakatlarini nazorat qila olmay, mix va samorezlarni yutgan.
Tibbiyotda metal (mix, tanga, sim), tuproq, muz, qog‘oz, sovun, bo‘r kabi oziq-ovqat bo‘lmagan jihozlarni yeyish kasalligi «pika» deb nomlanadi. Bu kasallikka odatda organizmda temir va rux moddalarining yetishmasligi, hamda qattiq stress yoki autizm kabi ruhiy sharoitlar hamrohlik qiladi.
Vodiyda yana metan tanqisligi

Surat manbasi, KUN.UZ
Iqtisodchi bloger Otabek Bakirovning yozishicha, seshanba kuni Farg‘ona vodiysida metan zapravkalar yana kech bo‘lmay yopildi.
«Bugun tushdan keyin vodiy tumanlari bo‘ylab metan zapravkalari yopila boshlagan bo‘lsa, kech 18:00ga borib, faoliyat ko‘rsatayotgan metan zapravkalar (davlat organlari va ijtimoiy sohaga xizmat ko‘rsatuvchilardan bo‘lak) qolgani yo‘q.
Energetika vazirligi holat bo‘yicha biron bir izoh bergani yo‘q, deydi bloger o‘zining Telegramdagi sahifasida.
«Sutkalik harorat nolga yaqinlashganda metan zapravkalar faoliyati cheklanishi qoidasi yana bir bor ishladi. Shu bilan vodiyliklar yana bobo quyosh o‘rtacha haroratni 5-10 darajaga ko‘tarishini kutishlariga to‘g‘ri keladi», - deb yozadi u.
O‘zgidromet bashoratlariga ko‘ra, bu haftaning qolgan qismida respublika bo‘ylab harorat ko‘tarilishi kutilmoqda.
Bakirov, shuningdek, metan quyish shoxobchalariga gaz yetkazib berishi kutilgan konteynerlar yo‘qligiga e’tiborni qaratdi.
Noyabrь oyida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Vodiy viloyatlaridagi metan zapravkalarga ko‘chma konteynerlar orqali tabiiy gaz yetkazib berish tizimi ishga tushirilishini ma’lum qilgandi. Vazirlik xabarida jami 150 dona ko‘chma konteynerlar olib kelinishi, noyabrga kelib ularning 92 tasi O‘zbekistonga import qilingani aytilgandi.
Ammo, blogerning yozishicha, «Bir necha o‘n million dollar sovurilgan piar konteynerlardan mana ikkinchi oydirki, qish yarmiga keldiki, darak yo‘q.»












