O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va Rossiya: "Yashab bo‘lmay qoldi". Mehnat muhojirlari Rossiyadan qayerga ketayaptilar?

Kollaj: chapda — harbiy formadagi ikki OMON xodimi mahbusni olib ketayapti, yana ikki OMONchi orqasini o‘girib turishipti. bronejiletlarida “OMON” yozuvi. Rossiyaning oq va kulrang xaritasi. O‘ng tomonda sharqiy osiyolik yosh erkak yuzi
    • Author, Yangiliklar bo‘limi
    • Role, Bi-bi-si
  • O'qilish vaqti: 10 daq

Rossiyada migrantlar ustidan nazorat tobora qattiqlashtirib borilayapti. Bir yil ichida hukumat "noqonuniy" muhojirlar reestrini joriy etdi, bolalarni maktablarga qabul qilishni qiyinlashtirdi, politsiyaga mamlakatdan sudsiz chiqarib yuborish huquqini berdi va Moskva hamda viloyatida muhojirlarning harakatlanishini kuzatuvchi ilovani ishga tushirdi. Ukrainadagi urush va rubl qiymati pasayishi tufayli Rossiyada ishlash shundoq ham jozibadorligini yo‘qotgan edi, yangi cheklovlar sababli markaziy osiyolik yoshlar tobora ko‘proq boshqa mamlakatlarga, jumladan, Yevropaga e’tibor qaratayaptilar.

Moskvada "noilojlikdan" qolish

Qirg‘izistonlik yoshlarning 89 foizi singari 25 yoshli Bilol* ham doim xorijda ishlashni orzu qilgan.

Qirg‘izistondagi yoshlar mehnat migratsiyasi ommaviy, iqtisodiy jihatdan zarur va ijtimoiy jihatdan ma’qullanadigan sharoitda o‘sib ulg‘aymoqdalar.

Aloqador mavzular

Bugun Qirg‘izistonda o‘rtacha maosh — 42000 som (480 dollarov) bo‘lsa, Rossiyada, masalan, ishlab chiqarishda oylik maosh 150 ming rublga (deyarli 2 ming dollar) etadi. Ko‘pchilik vatandoshlaridan farqli o‘laroq, Bilol u yerda ishlashni hech rejalashtirmagan. "Chunki ko‘plab yurtdoshlarimiz Rossiyada irqchilikka duch keladi," deb tushuntiradi u.

Uning orzusi Yevropa edi, biroq tanish-bilishlari va aloqalari bo‘lmagan holda Yevropa Ittifoqiga ishga taklif olish imkonsizdek edi. Shunda Bilol Yevropa kompaniyalari bilan aloqalari bo‘lgan "vositachi" vatandoshlariga murojaat qildi. Vositachilar unga Sankt-Peterburgga borishni maslahat berishdi, ularning aytishicha, u yerda hujjatlarni rasmiylashtirish va viza olish osonroq ekan.

Bu koronavirus pandemiyasi avj olgan paytga to‘g‘ri keldi, Shengen kelishuviga a’zo ko‘plab davlatlar viza berishni to‘xtatib, konsulliklarini vaqtincha yopgan edi. Bilol uyga quruq qo‘l bilan qaytishni istamadi, shuning uchun Rossiyada qolishga majbur bo‘ldi – o‘zi aytganidek, "noilojlikdan".

"Avvaliga chang‘i kurortida noqonuniy ishladim. Asosan o‘tin tayyorlab, kottejlar atrofidagi qorlarni tozalardik. Haq naqd pulda berilar edi," deb eslaydi u.

Texnika ko‘chani qordan tozalayapti

Surat manbasi, Valentin Yegorshin/TASS

Ikki oydan so‘ng Bilol Moskvaga ko‘chib o‘tdi va vizasiz rejim bo‘lgan mamlakatlardan kelgan chet elliklarga Rossiyada qonuniy ishlash imkonini beruvchi hujjat – patent oldi. U "Yandeks"ga kurer bo‘lib ishga joylashdi.

Bilol rus tilini juda yaxshi biladi – shu sababli u do‘stlaridan farqli o‘laroq, ksenofobiya ko‘rinishlariga kamroq duch keldim, deydi. Biroq baribir kelishmovchiliklar bo‘lib turardi. "Ba’zan "Mana, migrantlar yana keldi" degan gaplarni eshitardim. Ayniqsa, mijozning o‘zi manzilni noto‘g‘ri ko‘rsatgani tufayli yetkazib berishda muammo yuzaga kelganda, albatta, bunda migrantlar aybdor bo‘lib chiqardi".

Bilol Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanishidan ikki oy oldin Rossiyani tark etdi. "O‘shanda hozirgidek emas edi, – deb eslaydi u. – Ha, ko‘chada to‘xtatishardi, lekin pul olib, qo‘yib yuborishardi. Hozir do‘stlarim "Amina"(Rossiyaning migrantlarni ro‘yxatga olish maqsadidagi mobil ilovasi — Bi-bi-si) haqida ham, politsiyachilar ko‘chada qanday ushlashayotgani haqida ham, urushga jo‘natish haqida ham gapirishyapti."

Uning orzusi Yevropada ishlash bo‘lib qolaverdi.

Quvg‘indan kuzatuvgacha

Rossiyada mehnat muhojirlari uchun qonuniy ishga yo‘l «Saxarovo» deb nomlangan markaz orqali o‘tadi – u Moskvadan 60 kilometr olisda joylashgan bo‘lib, kelganlar ko‘pincha soatlab navbatda turadi. Hudud perimetri qurollangan xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘riqlanadi, ichkarida esa "ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarni" aniqlash uchun qon va siydik topshirish kabi tekshiruvlar o‘tkaziladi. Birinchi urinishda hujjat olishga muvaffaq bo‘lganlar qonuniy ravishda ishlashlari mumkin, ammo ular baribir keyingi muammolardan xoli emas.

Rossiyaliklar ko‘pincha ularga uy ijaraga berishni istamaydi. Migrantlarning farzandlari "joy yetishmasligi sababli" maktab va bog‘chalarga qabul qilinmaydi, ularning o‘zlari esa ish joylarida "reyd"larga yoki ko‘cha va jamoat transportida doimiy "hujjat tekshiruvi"ga duch keladi. Hatto Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urush ham ularga bosim o‘tkazish vositasiga aylandi: ko‘pchilikni "imtiyozlar" – masalan, fuqarolikni tezroq olish evaziga urushda qatnashishga majbur qilishmoqda.

To‘rt nafar Tojikiston fuqarosi tomonidan amalga oshirilgan deb taxmin qilinayotgan "Krokus Siti Xoll"ga uyushtirilgan hujumdan so‘ng xavfsizlik kuchlari keng ko‘lamli reydlar o‘tkazdi – Tojikiston hukumati ksenofobiyadan xavotirlangani bois hatto o‘z fuqarolariga uydan chiqmaslikni tavsiya qildi.

24 noyabr 2011 yili tasvirga olingan foto Sankt-Peterburgdagi do‘kon yaqinida markaziy osiyolik migrant bo‘sh aravalarni itarib ketayapti

Surat manbasi, OLGA MALTSEVA/AFP via Getty Images

Keyin qonun chiqaruvchilar ham ishga kirishdi. So‘nggi bir yil ichida ular nikoh asosida yashash uchun ruxsatnoma olishni chekladi, Ichki ishlar vazirligiga muhojirlarni sudsiz chiqarib yuborish huquqini berdi, migrant bolalarni maktabga kirish uchun rus tilidan imtihon topshirishga majbur qildi va Nazorat ostidagi shaxslar reestri – Rossiyada noqonuniy bo‘lgan chet elliklar ma’lumotlar bazasini yaratdi. Keyin bu reestrga adashib qo‘shib qo‘yish holatlari haqida xabarlar chiqdi, buning natijasida odamlar mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish huquqidan mahrum bo‘lishdi, ularning bank hisoblari bloklandi, hatto mashina haydash imkoniyati ham yo‘qqa chiqdi.

Rossiya hukumati bu choralarning barchasini noqonuniy muhojirlar bilan kurashish va jinoyatlar oldini olish zarurati bilan izohladi. Joriy yil iyulida Ichki ishlar vazirligi muhojirlar sodir etgan jinoyatlar soni ortganini ma’lum qildi, biroq umumiy jinoyatchilik statistikasida chet elliklar ulushi pastligicha qolmoqda. "Yesli bыtь tochnыm" loyihasi tadqiqoti ko‘rsatishicha, voyaga yetgan rossiyalik erkaklar muhojirlarga qaraganda ko‘proq jinoyat sodir etadi.

1 sentyabrdan boshlab sinov tariqasida yangi loyiha ishga tushdi: Moskva yoki Moskva viloyatida bo‘lgan O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova va Ukrainadan kelgan muhojirlar telefonlariga "Amina" ilovasini o‘rnatishlari shart. Hukumat vakillari ilovaning asosiy maqsadi foydalanuvchilarning qaerda yurganini doimiy kuzatib borish ekanini ochiq tan olmoqda.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Nosoz ilova

Agar telefon uch ish kunidan ortiq vaqt davomida "Amina"ga joylashuv ma’lumotlarini yubormasa, tajriba ishtirokchisi avtomatik ravishda ro‘yxatdan chiqariladi. Agar muhojir vaziyatni tezda o‘nglamasa, u "nazorat ostidagi shaxslar" ro‘yxatiga tushib qolishi mumkin, bu esa bank hisoblarini bloklash, ishdan ayrilish yoki universitetdan chetlashtirilishga sabab bo‘lishi mumkin.

27 yoshli Tojikiston fuqarosi Imron xavotirda: "Telefonda joylashuvni aniqlash xizmati yoqilgan va "Amina"ga hamma ma’lumot uzatiladi, lekin menga kuniga bir necha marta joylashuv ma’lumotlari uzatilmayotgani haqida xabar keladi. Ilova juda yomon ishlayapti. Bunday holat menga qanday xavf tug‘dirishini tasavvur ham qilolmayman."

Foydalanuvchilar doim "Amina" ishidagi muammolar haqida xabar bermoqda. Ba’zilar birinchi oynadan nariga o‘ta olmaydi, boshqalarning ilovasi rasmni qabul qilmaydi, uchinchilari esa ma’lumotlari tekshiruvdan o‘tmagani haqida xabar oladi, ammo eng ko‘p uchraydigan muammolar aynan joylashuv bilan bog‘liq.

RuStore'dagi ilova izohlarida ishlab chiqaruvchilar "mutaxassislar ilovaning barqarorligi ustida doimiy ishlamoqda" deb javob beradi va texnik yordamga murojaat qilishni maslahat berishadi. Ammo foydalanuvchilar soatlab aloqa liniyasida kutib qolishdan shikoyat qilmoqda.

"Saxarovo" bosh direktori Anton Ignatovning ta’kidlashicha, dastur yordamida xavfsizlikni oshirish va "insofsiz fuqarolar tomonidan qonunbuzarliklar oldini olish" mumkin bo‘ladi. Misol tariqasida u muhojirlar ishlash uchun ruxsatnomani qisqa muddatga sotib olib, keyin "soyaga", "Moskva va viloyatning qaysidir sanoat hududlariga singib ketadigan" holatlarni keltirdi.

2021 yil may oyida olingan foto Moskva viloyatidagi Yagona Migratsiya markazida mehnat patentini olish uchun navbatda turgan mehnat muhojirlari

Surat manbasi, Mikhail Tereshchenko/TASS

Bunday holatlar haqiqatan ham uchrab turadi va buning eng asosiy sababi – pul. Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab Moskva va viloyatida patent uchun oylik to‘lov 8900 rubl (115 dollar) ni tashkil etadi. Kam haq to‘lanadigan ishlarda – masalan, qurilish yoki omborlarda ishlaydigan ko‘plab muhojirlar uchun bu ish haqining katta qismidir. Bu esa ba’zilarni norasmiy sektorda ishlashga undaydi.

Yana bir omil – Osiyo mamlakatlaridan kelgan muhojirlar eng ko‘p ishlayotgan sohalarda ish haqi kechikishi. Moskva viloyatidagi qurilishda ishlaydigan o‘zbekistonlik Muhammadjon so‘nggi ikki yarim oy davomida maosh olmagan. Bir oy oldin u patent uchun to‘lovni to‘xtatdi – chunki to‘lashga puli yo‘q edi. U o‘zini himoya qilish uchun hech qanday imkoniyat ko‘rmayapti.

Bunday odamlarni ishlatish sug‘urta badallarini to‘lashdan bosh tortadigan, naqd pulda haq to‘laydigan, xodimlar ish vaqtidan tashqari ishlashga va past maoshga rozi ekanliklarini tushunadigan ish beruvchilar uchun foydali.

Ishlash juda qiyin bo‘lib qoldi

Qirg‘izistonlik 32 yoshli Kudaybergen "oilasini boqish uchun" Moskva chekkasidagi omborda ishlagan. Ish beruvchi ombor ishlarida band bo‘lgan muhojirlar uchun yotoqxona bergan ekan.

"OMON keldi. Bizga xuddi xavfli terrorchini qo‘lga olayotgandek munosabatda bo‘lishdi. OMON tayoq va elektroshokerlar bilan kelardi. Hammamizni tashqariga haydashdi. Qo‘llarimizni orqamizga qilib, ikki soatcha eshik oldida turib qoldik. Shu vaqt davomida bizning hujjatlarimizni tekshirishdi, – deb eslaydi u. – Rus tilini yaxshi tushunmaydiganlar ham bor edi, ularga juda qiyin bo‘ldi. Agar ular biror narsani tushunmasa, kaltaklanardi. [...] Xudoga shukr, hujjatlarimiz joyida edi."

Rossiya rasmiylari, odatda, tekshiruvlar qonunga qat’iy rioya qilingan holda o‘tkazilishini va muhojirlarga nisbatan hech qanday noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilmasligini ta’kidlaydi. Ichki ishlar vazirligi bunday tekshiruvlardan so‘ng muhojirlar politsiyaga shikoyat qilmasligini dalil sifatida keltirmoqda.

Yangi 2025 yilga yaqin tekshiruvlar kuchaytirildi, deydi Kudaybergen. Barcha yangiliklar va muhojirlarga bo‘lgan munosabat tufayli u Rossiyada ishlash juda qiyinlashib ketganini anglab vataniga qaytdi.

"Ammo endi oilamni boqishim kerak, – deydi u. – Men Yevropa haqida o‘ylayapman, do‘stlarim va tanishlarimdan qanday ketish mumkinligini so‘rayapman. Lekin imkoni bo‘ladimi yo‘qmi, bilmayman. Aytishlaricha, viza olish juda qiyin emish."

Novosibirsk viloyati Rosgvardiya boshqarmasi xodimi «Vostok» savdo markazida odamlarning hujjatini tekshirayapti

Surat manbasi, Kirill Kukhmar/TASS

Uch farzandning onasi bo‘lgan 35 yoshli Gulnura turmush o‘rtog‘i bilan o‘n yildan ortiq Rossiyada yashagan. 2025 yil bahorida u bolalari bilan ona yurti Qirg‘izistonga dam olish uchun uchib ketdi. O‘sha yerda u maktabga kirish uchun rus tilidan imtihon topshirishda muhojirlarning bolalariga qo‘yiladigan yangi talablar haqida bilib oldi. Gulnuraning bolalari rus tilini juda yaxshi bilishadi, lekin shunday bo‘lsa ham ularni "joy yo‘q edi" degan bahona bilan maktabga olishmadi.

"Dastlab Moskvaga qaytishni rejalagan edik. Ammo hozir u yerdagi do‘stlarim bolalarini maktabga bera olmayotganlaridan shikoyat qilmoqda, – deydi Gulnura. – Bir dugonam aprel oyidan beri hujjat yig‘adi, lekin qabul qilishmayapti. Boshqasi esa testga kirishga muvaffaq bo‘ldi, ammo topshirganidan so‘ng rad javobini oldi: «Farzandingiz rus tilini yetarli darajada bilmaydi». Vaholanki, uning qizi Moskvada tug‘ilib o‘sgan, rus tilida erkin gapiradi, bog‘chaga va tayyorlov kurslariga borgan, yozish va o‘qishni biladi".

"Til bilish talabi butun Rossiya bo‘ylab maktablarda muhojir bolalarni qabul qilishni o‘zboshimchalik bilan rad etish uchun bahona bo‘lmoqda, – deb hisoblaydi Human Rights Watch huquqni himoya qilish tashkiloti xodimi Siynat Sultonalieva. – Rossiya hukumati muhojir bolalarni maktabga kirishdan mahrum qilib, amalda ularni ta’lim beradigan hayotiy imkoniyatlardan mahrum qilmoqda. Maktabga borishni taqiqlash uzoq muddatli ijtimoiy integratsiyaga to‘sqinlik qiladi, bolalarni xavfli mehnatga jalb qilish xavfini oshiradi va erta nikohlarni ko‘paytiradi."

Gulnura bolalari bilan Rossiyaga qaytmaslikka qaror qildi: "Erim hozircha Moskvada. Bu yerdagi ishlar tayyor bo‘lgach, u keladi. Ammo biz – men va bolalar – allaqachon butunlay qaytib keldik, chunki u yerda yashab bo‘lmay qoldi."

Yevropaga darcha

Rossiyada muhojirlarning hafsalasi pir bo‘lganiga ko‘plab misollar bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda mehnat migratsiyasi kamayib borayotganini aniq aytish qiyin: mavjud statistika bir-biriga bog‘liq emas, turli idoralar ma’lumotlari bir-biridan farqlanadi.

Vaziyatni murakkablashtiruvchi omil shundaki, IIV asosiy ma’lumotlarni e’lon qilishni to‘xtatdi, migratsiya hisobi metodlari bir necha bor o‘zgardi, bu esa turli yillardagi holatlarni ishonchli taqqoslash imkonini yo‘qqa chiqardi.

2024 yilda Oliy iqtisodiyot maktabi tadqiqotchilari Rossiyada mehnat migratsiyasi so‘nggi o‘n yil ichida eng past darajaga tushgani haqida xulosaga kelishdi.

O‘shandan beri kiruvchilar soni o‘sa boshladi, ammo mamlakatdagi qonuniy mehnat muhojirlarining o‘rtacha yillik soni barqaror – 3-3,5 million atrofida saqlanib qolmoqda, bu o‘tgan yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha past.

"Rossiyskaya gazeta" nashri yozishicha, chet elliklar ikki sababga ko‘ra – migratsiya siyosatining qat’iylashtirilishi va daromadlarning pasayishi tufayli Rossiyaga ishlash uchun borishni xohlamayaptilar: rubl kursining tushishini hisobga olsak, dollar ekvivalentidagi daromadlar taxminan uchdan birga kamaygan.

Biroq Rossiya Markaziy Osiyoning deyarli barcha mamlakatlaridan kelgan mehnat muhojirlari uchun eng mashhur yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan muhojirlar uchun ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston turadi, u yerda ko‘pchilik qurilish, ulgurji va chakana savdo, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlaydi.

Uchinchi o‘rinda – Turkiya, bu yerda Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar ishlab chiqarishda, ayniqsa, to‘qimachilik va kiyim-kechak, qurilish, mehmonxona-restoran sohasida, shuningdek, mavsumiy qishloq xo‘jaligida band.

Janubiy Koreya zavodlarida, qishloq xo‘jaligida, qurilishda, baliq ovi va qayta ishlashda muhojirlarga ehtiyoj bor.

Ammo ko‘pchilik uchun, masalan, Rossiyadan ketgan Bilol uchun Yevropaga ishga taklif olish orzuligicha qolmoqda. Oxir-oqibat, u buni ikki ming dollar to‘lab, vositachilar orqali amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Ular yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyaga taklifnoma rasmiylashtirishga yordam berishdi.

Yevropadagi furalar. Furalardan biri kabinasida o‘tirgan haydovchi telefoniga qarayapti.

Surat manbasi, JUSTIN TALLIS/AFP via Getty Images

"Agar Yevropada ish tajribang bo‘lmasa, boshida tuzukroq shirkatga haydovchi bo‘lib ishga kirish qiyin. Kelganlarning o‘z huquqlarini bilmasligidan foydalanadigan noinsof ish beruvchilar bor. Ular ish haqini to‘liq bermasligi, ish vaqtidan tashqari ishlashga majburlashi mumkin. Shu bilan birga, politsiya, masalan, mehnat va dam olish tartibiga juda diqqat bilan qaraydi va jarima solishi mumkin, shuning uchun hech kim qoidalarni buzishni xohlamaydi. Qonunga ko‘ra, agar mashina haydash vaqti tugagan bo‘lsa, to‘xtab dam olish kerak," deydi Bilol Slovakiyadagi kompaniyalardan biridagi birinchi ish joyi haqida.

Tajriba orttirgandan so‘ng, u boshqa kompaniyaga o‘tdi, u yerda oyiga taxminan ikki yarim ming yevro maosh olmoqda.

Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (IRU) ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa kompaniyalarining yarmidan ko‘pi malakali haydovchilar yetishmasligi sababli biznesini kengaytira olmayapti.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Norvegiya va Buyuk Britaniyada hozirda 233 mingdan ortiq yuk mashinasi haydovchisi yetishmaydi. Inqiroz kasbning tez qarishi va yaxshi maoshga qaramay, yoshlarni bunday kasb o‘ziga jalb qilmasligi bilan yanada kuchaymoqda.

Ilgari Yevropa Ittifoqida yuk mashinalari haydovchilarining sezilarli qismini Ukraina fuqarolari tashkil etardi, ammo urush tufayli ko‘pchilik uyga qaytib, harbiy xizmatga borishga majbur bo‘ldi. Bundan tashqari, ba’zi yevropalik ish beruvchilar Rossiya va Belarus fuqarolari bilan mehnat shartnomalarini bekor qilgan yoki ularning vizalari uzaytirilmagan, shu sababli ular ham vataniga qaytgan.

Bilol rasman ishlayotgan Slovakiyada o‘tgan yili 12 ming haydovchi yetishmagan. Shuning uchun mamlakat ba’zi davlatlar, jumladan, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Ukraina fuqarolari uchun yuk tashishda ishlashga tayyor bo‘lganlar uchun viza olish jarayonini soddalashtirdi.

Polsha O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolariga ish ruxsatnomalarini faol bermoqda, Chexiya O‘zbekiston va Qirg‘izistondan mehnat muhojirlarini tezlashtirilgan ishchi vizalari orqali jalb qilmoqda, Litva ham haydovchi bo‘lib ishlashni istaganlar uchun viza bermoqda.

Masalan, 2023 yilda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari uchun Yevropa Ittifoqida ishga joylashish uchun dastlabki ruxsatnomalar soni o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 30%, 39%, 50% va 63% ga oshgan.

Yevropadagi tog‘ yo‘lidagi tunnelga qarab borayotgan avtomobillar oqimi

Ammo Bilolning fikricha, shunga qaramay, O‘rta Osiyo mamlakatlaridan Yevropaga kirish hali ham oson emas: "Agar odamning bu yerda uni kompaniyalarga tavsiya qiladigan tanishlari bo‘lmasa, bu oddiy ishchilar uchun murakkab jarayon bo‘lib qolmoqda."

Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yevropaning o‘zida migratsiyaga nisbatan jamoatchilik noroziligi kuchayib bormoqda. Bu esa ayrim hukumatlarni uchinchi davlatlar fuqarolari uchun – hatto ishchi kuchi yetishmaydigan sohalarda ham – qoidalarni qattiqlashtirishga undamoqda.

Bilolga Yevropa yoqadi. U yaxshi maoshdan, yevropaliklarning, ayniqsa, italiyaliklar va frantsuzlarning munosabatidan mamnun.

Ishimiz oson emas, deydi u. "Biz uydan ko‘ra ko‘proq tashqarida bo‘lamiz. Yillar o‘tib bormoqda, odamlar oilasi bilan ko‘risholmayapti.".

Bilolning hozircha xotini va farzandlari yo‘q. Bir necha yildan so‘ng u Slovakiyada doimiy yashash uchun ruxsatnomaga da’vo qilishi mumkin, ammo u Yevropa yo‘llarida umr bo‘yi yuk mashinalari haydashga tayyormi yoki yo‘q, hali bilmaydi.

*Iltimosiga ko‘ra qahramonning ismi o‘zgartirilgan.

Maqolani tayyorlashda Almira Abidinova va Aysimbat Tokoeva ko‘mak berganlar.