Tuksiz kalamushlar uzoq yashash sirini ochib berishdimi?

Tuksiz kalamush

Surat manbasi, Washington Post via Getty Images

Surat tagso‘zi, Tuksiz kalamushlar o‘rtacha 40 yil umr ko‘rishadi. Oddiy kemiruvchilar esa 3 yil.
    • Author, Viktoriya Gill
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 2 daq

Tashqi ko‘rinishi g‘alati, tuki yo‘q, yer ostida yashovchi va tishi bor kolbasaga o‘xshovchi kemiruvchilar uzoq yashashning irsiy sirini ochib berishdi.

Tuksiz kalamush deya nom olgan kemiruvchilar turini tekshirish natijasida shu narsa ayon bo‘ldiki, bu jonzotlar DNK hujayrasini ta’mirlash mexanizmini o‘zlarida ishlab chiqishgan va bu ularning boshqa kalamushlarga nisbatan uzoq umr ko‘rishlariga sababdir.

Tuksiz kalamushlar deyarli 40 yil umr ko‘rishadi. Kalamushlar turlari orasida ular eng uzoq yashovchilardir.

"Science" ilm-fan jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalarida aytilishicha, ularning hayotini o‘rganish, shuningdek, keksalikda uchraydigan kasalliklarga nima uchun chidamli ekanliklarining sirini ochishi ham mumkin.

Aloqador mavzular:

Bu kalamushlar saraton, miya faoliyati susayishi va artritga chalinishmaydi. Shuning uchun ko‘plab olimlar ularning tanasi qanday ishlashini bilishni istashadi.

Xitoyning Shanxay shahridagi Toni Universitetida o‘tkazilgan bu galgi tadqiqot tuksiz kalamushlarning DNK hujayralarini ta’mirlash mexanizmini o‘rganishga qaratildi.

Bizning irsiy tizimimizning asosi bo‘lgan DNK lar zararlangan vaqtda bu mexanizm ishga tushib, zarar yetmagan DNK yordamida tizimdagi uzilishni ta’mirlashga turtki beradi.

Tadqiqotda asosiy e’tibor DNK tizimidagi zararni payqab, ta’mirlashda rol o‘ynovchi oqsil turiga qaratildi.

Washington Post via Getty Images
Tuksiz kalamush biologiyasini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqib, tobora keksayib borayotgan aholi uchun o‘ta zarur bo‘lgan muolajalarni ixtiro qilarmiz
Professor Gabriyel Balmus
Kembrij Universiteti (Batafsil: BBC.COM/Uzbek)

Hujayra zarar yetganligini payqashi bilan c-GAS deya ataluvchi oqsilni ishlab chiqara boshlaydi.

Bu oqsil qator vazifalarni bajaradi. Ammo olimlarni qiziqtirgan narsa shu ediki, insonlarda bu oqsil DNK tizimining tiklanish jarayoniga aralashib, xalaqit beradi.

Olimlarning ishonishlaricha, ana shu aralashuv saraton kelib chiqishiga sabab bo‘lib, inson hayotini qisqartirishi mumkin.

Tuksiz kalamushlarda esa xuddi shu oqsil mutlaqo teskarisini qilar ekan. Bu oqsil turi zararlangan DNKni ta’mirlab, har bir hujayradagi irsiy kodning saqlanib qolishiga yordam berar ekan.

Yer ostidagi tuksiz kalamush

Surat manbasi, Chicago Tribune via Getty Images

Surat tagso‘zi, Tuksiz kalamushlar yer ostidagi inlarda yashashadi

Kembrij Universitetidan professor Gabriel Balmus DNK ta’mirlanishi va qarish jarayonlarini o‘rganadi. U xitoylik olimlar kashfiyotini ilhomlantiruvchi, deya ta’riflab, bu ushbu hayvonlarining uzoq umr ko‘rishlari sirini o‘rganish bu jarayon boshlanishi ekanligini aytadi.

"Tasavvur qiling cGAS bu biologik Lego ning bir parchasi. Insonlarda ham, tuksiz kalamushlarda ham u bir shaklda bo‘ladi. Ammo kal kalamushlarda bu Lego parchalarini bir-biriga bog‘lab turgan tizimda qator o‘zgachalik bor. Va bu o‘z o‘rnida o‘zgacha tizim va faoliyatga sabab bo‘ladi."

Professor Balmusning aytishicha, millionlab yillar mobaynidagi rivojlanish jarayonida, ko‘rinishicha, tuksiz kalamushlar bu tizimni qayta qurib chiqib, "o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatish"ga muvaffaq bo‘lishgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

"Bu kashfiyot bir muhim savolni o‘rtaga tashlaydi: nima uchun evolyutsiya jarayonida oqsilning bir turi o‘zgacha yo‘nalishda faoliyat qilmoqda? Nima o‘zgardi? Bu alohida holatmi yoki kengroq evolyutsion manzaraning bir qismimi?"

Va hammadan muhimi, olimlar inson salomatligi va keksalikda hayotlarini yaxshilash uchun bu kemiruvchilardan nimani o‘rganishlari mumkinligini bilishmoqchi.

"O‘ylaymanki, biz tuksiz kalamush biologiyasini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqib, tobora keksayib borayotgan aholi uchun o‘ta zarur bo‘lgan muolajalarni ixtiro qilarmiz", deydi professor Balmus.