Yumshoq kuch? Cho‘lpon she’rini o‘qigan Erdo‘g‘an Turkiy davlatlar bo‘yicha qarashlarini e’lon qildi

Surat manbasi, Akparti
- Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 2 daq
Turkiya hukumatidagi "Adolat va taraqqiyot" partiyasi tashkil qilgan "Turk dunyosi istiqboli" nomli hujjat taqdimotida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an turkiy davlatlar bilan birlashish zarurati haqida gapirdi.
U o‘z nutqida Cho‘lponning "Go‘zal Turkiston" she’ridan iqtibos keltirdi.
"1930-yillarda, istilo va zulm chidab bo‘lmas darajaga yetganida, O‘zbekistonning jasur o‘g‘li Sulaymon Cho‘lpon keyinchalik otib o‘ldirilishidan oldin yozilgan she’rida shunday deb hayqirgan edi:
Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?
Sahar vaqtida gullaring so‘ldi.
Chamanlar barbod, qushlar ham faryod,
Hammasi mahzun. Bo‘lmasmi dil shod?
Ha, bizning so‘nggi ikki asrimiz nafaqat millatimiz, balki butun turkiy dunyo uchun qiyinchiliklar, mashaqqatlar, azob-uqubatlar va ishg‘ollarga to‘la bo‘ldi. Madaniy jo‘g‘rofiyamizning ko‘plab mintaqalarida o‘sha yerlarning qadimgi o‘ziga xosliklari, tillari va diniy qadriyatlari taqiqlangan, xalqlar parchalanib ketgan edi. Biz tom ma’noda parchalanish davrini boshdan kechirdik", - dedi Turkiya prezidenti.
Prezident Erdo‘g‘an o‘tmishda ham o‘z nutqlarida Cho‘lponning she’rlariga yuzlangan. 2018 yil O‘zbekiston Oliy Majlisida qilgan nutqini u Cho‘lponning «To‘fon» she’ri bilan yakunlagandi.
Bu qanday hujjat?
15 dekabrda taqdim etilgan "Turk dunyosi istiqboli hujjati" ("AK Parti Türk Dünyası Vizyon Belgesi") bosh partiyaning turkiy davlatlar bo‘yicha strategiyasini chizadi.
Unda turkiy dunyo bo‘yicha qarashlar, maqsadlar va ustuvor masalalar belgilangan.
Hujjat qonuniy kuchga ega emas. Unda turkiy millatlar orasidagi siyosiy va diplomatik hamkorliklar, iqtisodiy birlashuv va savdo, energiya va transport dahlizlari, madaniy va ta’lim sohasidagi hamkorlik, mudofaa va mintaqaviy xavfsizlik kabi jihatlar bo‘yicha Turkiyaning qarashlari o‘rin olgan.
Biz bu hujjatimizni umumiy alifbo bilan oltita lahjada tayyorladik. Bu hujjatimiz partiyamizning turkiy dunyodagi birlik va uyushqoqlikni mustahkamlash yo‘lidagi irodasi isboti.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, hujjat Turkiyaning kengroq tashqi siyosati va yumshoq qudrat strategiyasiga mos.
Ammo, unda Turkiya siyosiy lider sifatida namoyon qilinmagan, aksincha, "öncü ülke" (etakchi davlat), "kolaylaştırıcı" (muvofiqlashtiruvchi), "eşit ortaklık" (teng hamkorlik) va "çok taraflı iş birliği" (ko‘p-tomonlama hamkorlik) kabi iboralar qo‘llanilgani aytiladi.
Erdo‘g‘an raislik qiluvchi "Adolat va taraqqiyot" partiyasi hujjatning to‘liq versiyasini o‘z saytida chop qilmagan.
Oltmish bitta punktdan tashkil topgan "Turk dunyosi istiqboli hujjati" haqida gapirar ekan, Erdo‘g‘an u iqtisodiy hamkorlikdan tortib yoshlar siyosatigacha bo‘lgan sohalarni qamrab olishini bildirdi.
"Biz bu hujjatimizni umumiy alifbo bilan oltita lahjada tayyorladik. Bu hujjatimiz partiyamizning turkiy dunyodagi birlik va uyushqoqlikni mustahkamlash yo‘lidagi irodasiga aniq isbot", - dedi u.
Iqtisod
Prezident Erdo‘g‘anning aytishicha, iqtisodiy dahlizlar, logistika yo‘nalishlari va raqamli infratuzilmani rivojlantirish turk dunyosini dunyodagi ilg‘or iqtisodiy kuchlardan biriga aylantiradi.
Unga ko‘ra, Anqara turkiy davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasini o‘rta muddatli kelajakda 60 milliard dollarga, o‘zoq muddatda esa 100 milliard dollarga yetkazishni rejalamoqda.
Oxirgi besh yil ichida, xususan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 15,8 milliard dollarga yetgan.

Surat manbasi, Reuters
Prezident Boqudan Naxichevangacha bo‘lgan "o‘rta dahliz", hamda Kaspiy dengizi uzra o‘tuvchi marshrutlarni yagona tizimga birlashtirish turkiy davlatlar o‘rtasidagi savdoni tezlashtirishini aytdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, oxirgi yillarda turkiy davlatlar o‘rtasida oshgan o‘zaro ishonch oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishish osonlashganini anglatadi.
"Turkiy dunyoning kelajagiga bog‘liq rejalar endi abstrakt takliflar doirasidan chiqib, konkret rejalarga aylanyapti", - dedi Turkiya rahbari.
Uning aytishicha, turkiy xalqlarning birlashishiga va «yagona yurak» bo‘lib urishiga ikki asrki to‘siqlar qo‘yib kelingan, hamda o‘zligi va qadriyatlarini himoya qilgan ziyolilar "turonizm"da ayblangan, turmaga tashlangan yo surgun qilingan.












