Telegram'ga ko‘chgan urush yo Rossiya Ukrainaga qarshi yangicha urush usuliga o‘tdimi?

O‘g‘il o‘spirin furgonga bomba o‘rnatib kelayotgan videosidan olingan foto. Bola yuzi shuvalgan.

Surat manbasi, SBU

Surat tagso‘zi, 'Vlad' furgonga bomba o‘rnatgan vaqt kuzatuv ostida edi
    • Author, BBC Trending
    • Author, BBC News Ukrainian
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Joriy yil iyulida 17 yoshli yigit Ukraina sharqidagi uyidan 800 km uzoqqa, g‘arbiy shahar bo‘lmish Rivnedagi bog‘da yashirilgan bomba va telefonni olish uchun yo‘lga chiqdi.

Uning aytishicha, Ukraina harbiy chaqiruv xizmati foydalanadigan furgonga bomba joylashtirishi uchun unga 2 ming dollar va’da qilingan.

"Simlarni ulayotganimda, hozir portlab ketishi mumkin, deb o‘yladim. O‘lib ketaman, deb qo‘rqdim," deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda.

Aloqador mavzular

Ukraina hukumati ta’kidlashicha, Vlad Rossiya tomonidan internet orqali yollangan va o‘z vataniga qarshi qo‘poruvchilik va boshqa hujumlar qilish uchun pul taklif qilingan yuzlab o‘smirlardan biri. Uning anonimligini saqlash uchun ismi o‘zgartirildi.

Uning aytishicha, unga mashinadagi qurilmani masofadan turib portlatishlari uchun telefon kamerasini yoqib, jonli efirga ulab qo‘yishni topshirgan. Shunda kimdir mashinaga kirganda uni o‘z vaqtida portlatishlari mumkin bo‘ladi.

Biroq, Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) bu ishni kuzatib turgan va uni bartaraf etgan. Hozir 18 yoshda bo‘lgan Vlad terrorizmda ayblanib, 12 yilgacha qamoq jazosiga tortilishi mumkin.

Rivnening qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonasida advokati bilan o‘tirgan Vlad, kimningdir o‘limiga sabab bo‘lishi mumkinligini tan oladi.

"Men bu haqda o‘yladim. Lekin harbiy chaqiruv xizmatchilarini hech kim yoqtirmaydi-ku, – deydi u. – Xo‘sh, men ham hamma qatori bo‘laman, deb o‘yladim."

SBUning ta’kidlashicha, so‘nggi ikki yil ichida 800 dan ortiq ukrainalik Rossiyaga yollangani aniqlangan – ulardan 240 nafari voyaga yetmagan, ba’zilari 11 yoshda.

Biroq, Ukrainada internet xavfsizligi bo‘yicha kurslar o‘tayotgan kiberxavfsizlik mutaxassisi Anastasiya Apetik bundan ham yoshroqlar borligini aytadi. "Ular to‘qqiz yoki 10 yoshli bolalarni yollashga ham urindi," deydi u.

Uniformadagi SBU zobitlari Kiev shahridagi maktablardan birining xonasida. Aksari o‘smir bo‘lgan partalarda o‘tirgan o‘quvchilarni ogohlantirayaptlar.

Surat manbasi, SBU

Surat tagso‘zi, SBU zobitlari Kiev maktablariga borib o‘quvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etayapti, o‘smirlarni o‘z mamlakatiga qarshi qo‘poruvchiga aylanish xavfidan ogohlantirayaptilar

Ukraina Milliy politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Andrey Nebitovning aytishicha, manipulyatsiya qilish oson bo‘lgan zaif shaxslarni izlash uchun maxsus strategiya mavjud.

"Bolalar har doim ham o‘z harakatlari oqibatlarini to‘liq anglab yetmaydi," deydi u.

"Dushman voyaga yetmaganlardan maishiy kimyoviy moddalardan portlovchi qurilmalar tayyorlash uchun foydalanishdan uyalmaydi, ularni armiyaga chaqiruv bo‘limlari yoki politsiya bo‘limlari kabi turli joylarga joylashtirishadi."

SBUning ta’kidlashicha, yollash asosan Telegram ilovasida, shuningdek, TikTok va hatto video o‘yin platformalarida amalga oshiriladi. Rasmiylar aytishicha, yollanganlar deyarli har doim Rossiyaga xayrixohlikdan emas, pulga qiziqqanidan shunday qiladi.

Vladning aytishicha, u Rossiyani qo‘llab-quvvatlamaydi va ilgari hech qanday jinoyat qilmagan.

U ikkita Telegram kanalga a’zo bo‘lib, masofaviy ish qidirayotgani haqida yozgan. Yarim soat ichida, o‘zini Roman deb tanishtirgan kishi javob bergan. Keyinchalik ular telefonda gaplashganida, Vlad Roman rus tilida ko‘cha lahjasida gapirganini aytadi.

Yaxshi yoritilmagan yo‘lakda turgan Vlad. Uning sochi olingan. Qorong‘i ekanidan uning yuzi ko‘rinmaydi.

Surat manbasi, SBU

Surat tagso‘zi, Vladga va’da qilingan pulning ma’lum bir qismini kripto valyutada to‘lashgan

Vladning aytishicha, u avvaliga buni xohlamagan, ammo tobora xavfli bo‘lib borayotgan vazifalarni bajarishga ko‘ndirilgan. Avval unga granata olib kelishni aytishgan, lekin belgilangan joyga yetib borganida u yerda granata yo‘q edi. Unga baribir 30 dollar to‘lashgan.

Bir necha kundan so‘ng yana bir ish kelgan – chaqiruv punktiga tegishli furgonni yoqib yuborish, uni suratga olish va qochish.

O‘sha hujum uchun Vlad 100 dollarga yaqin kriptovalyuta olganini aytadi – bu unga va’da qilingan 1500 dollardan ancha kam. Roman unga agar bombani Rivnega qo‘ysa, qolganini olishini aytgan.

Iqtibos

Xaos uchun naqd pul

Bi-bi-si ko‘rgan o‘smirlar yollanadigan Telegram kanallar ochiq rossiyaparast emas, ammo ular ba’zi ukrainaliklarning shafqatsizlik va korruptsiyada ayblanayotgan chaqiruv xizmatiga nisbatan g‘azabini kuchaytiradi.

Vaqtinchalik telefon va taxallus yordamida biz bir necha kanalga a’zo bo‘ldik.

Kanallarda ularning topshirig‘i bilan sodir etilgan yong‘in va portlashlar tasvirlangan lavhalar bor edi. Ammo Bi-bi-si o‘sha videolar bilan bog‘liq vaziyatni tasdiqlay olmadi.

Bugungi kunga kelib o‘chirib tashlangan Telegram kanalidagii rasm va e’lonlar.

Surat manbasi, Telegram

Surat tagso‘zi, Ayrim Telegram kanallari turli nishonlarga hujumlar uchun har xil to‘lovlar taklif etadi

Biz bog‘langan akkauntlardan biri o‘t qo‘yish topshirig‘ini bajarsak, kriptovalyuta yoki bank o‘tkazmasi orqali to‘lov taklif qildi. Bizga batafsil ma’lumot olish uchun ikkinchi akkauntga murojaat qilishimizni aytishdi. So‘ng turli nishonlar uchun to‘lanadigan narxlar ro‘yxatini yuborishdi.

To‘lovlar pochta bo‘limiga o‘t qo‘yishga 1500 dollardan bankka o‘t qo‘yishga 3000 dollargacha edi. Ularning tushuntirishicha, banklar qimmatroq edi, chunki xavfsizlik oynasi ularga hujum qilishni qiyinlashtirardi.

"Yo ichkariga benzin quyishingiz yoki bir nechta Molotov kokteyli tashlashingiz kerak," deyiladi xabarda.

Ammo hatto ish qidirayotgan oddiy ukrainaliklar ham qo‘poruvchilik uchun pul taklif qilishlari mumkin.

Biz Ukrainaning bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan turli Telegram guruhlarida, jumladan, qochqinlarga va hatto go‘zallik bo‘yicha maslahatlar beradigan guruhlardagi reklamalarda noma’lum vaqtincha ish uchun yuqori maosh taklif qilgan e’lonlarni topdik. Ulardan birini kuzatganimizda, yollovchi yana o‘t qo‘yish hujumlari uchun minglab dollar taklif qildi va qilingan ish tasdig‘i sifatida video yuborishimizni so‘radi.

"Menga iloji boricha ko‘proq o‘t qo‘yish kerak," deb yozib yuborishdi. "Ishonchli odam topish puldan ajralishdan ko‘ra ancha og‘ir. Shuning uchun men va’da qilgan pulni to‘layman, juda tez, odatda videoni olganimdan so‘ng bir-ikki soat ichida."

Bi-bi-si Telegram'ga bir qator kanallar, akkauntlar, chatlar va botlar haqida xabar berdi. Telegram ularning ba’zilarini o‘chirdi, ammo ko‘pchiligi hamon ishlaydi. Hali ham faol bo‘lgan kanallardan biri biz kuzatishni boshlaganimizdan beri 750 dan ortiq obunachiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, o‘t qo‘yish hujumi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lov taklif qilgan akkaunt hamon ishlab turibdi.

Telegram o‘z bayonotida shunday dedi: " Telegram'da zo‘ravonlik yoki mulkni yo‘q qilishga chaqiriqlar qat’iy taqiqlangan va ular aniqlangan zahoti darhol olib tashlanadi."

Ukraina SBUsi tarqatgan videodan kadr. Yonayotgan avtomobil yonidan kelayotgan o‘smir qiz va uning telefonidagi yozuv kollaji.

Surat manbasi, SBU

Surat tagso‘zi, SBU videosi o‘spirinlarni Rossiya foydasiga qo‘poruvchilik qilsa, qamalishi mumkinligidan ogohlantiradi

Ukraina rasmiy idoralari Rossiya maxfiy xizmati a’zolari nomlarini oshkor qildi. Ular qo‘poruvchilarga yordam berishda gumonlanmoqda.

Bi-bi-si Rossiya davlatining o‘zi bu ishga bevosita aloqador ekanligini mustaqil tasdiqlay olmadi.

Shu bilan birga, Yevropadagi bir qator hukumatlar rus agentlari o‘z mamlakatlarida vandalizm, o‘t qo‘yish yoki hatto josuslik uchun yosh yigitlarni yollaganini tasdiqlovchi dalillar borligini ta’kidlamoqda.

Buyuk Britaniyada Rossiya buyurtmasi bilan Londondagi Ukrainaga yordam ko‘rsatayotgan omborga o‘t qo‘yishda ishtirok etgan olti kishi qamaldi.

Ukrainada yuzlab ehtimoliy qo‘poruvchilar sud jarayonini kutmoqda, ammo ba’zilari uchun oqibatlar halokatli bo‘lishi mumkin. Bir necha gumonlanuvchi o‘zlari bilan olib yurgan portlovchi moddalar tufayli halok bo‘lgan.

Kuzatuv kamerasidan olingan surat. Unda shahar ko‘chasida borayotgan, yuzlari shuvalgan ikki o‘spirin bola.

Surat manbasi, SBU

Surat tagso‘zi, Ivano-Frankivsk shahrida ro‘y bergan portlashda bir o‘smir halok bo‘ldi, ikkinchis jarohatlandi.

SBUning ta’kidlashicha, rossiyalik nazoratchilar o‘z agentlari o‘ldirilishini bila turib, qurilmalarni masofadan turib atay portlatgan.

Mart oyida Ivano-Frankivskdagi temir yo‘l stantsiyasiga olib ketilayotgani taxmin qilingan bomba portlashi oqibatida 17 yoshli o‘smir halok bo‘ldi, 15 yoshli bola esa og‘ir yaralandi.

Bi-bi-si SBUning bu da’volarini Rossiyaning Londondagi elchixonasiga yubordi. Elchixona o‘z bayonotida Ukrainani Rossiya fuqarolaridan foydalanib, xuddi shunday qo‘poruvchilik kampaniyasini olib borayotganlikda aybladi.

"Siz tilga olgan amaliyotlar Ukraina maxsus xizmatlarining odatiy usullariga aylangan. Xususan: tinch aholini, shu jumladan, bolalarni odamlarga, binolarga yoki transport vositalariga o‘t qo‘yish, qo‘poruvchilik yoki portlatish uchun yollash."

Telegram'da Rossiya hududidagi qo‘poruvchilik harakatlari uchun ukrainaliklar odam yollayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Biroq bu hujumlar ortida aynan kim turganini aniqlash juda mushkul.

Shu bilan birga, Vladning yollovchilar vasvasasiga uchayotgan boshqalarga aytadigan gapi bor.

"Bunga arzimaydi. Yo ular seni aldashadi va sen ham men kabi qamoqqa tushasan yoki qo‘lingdagi bomba bilan seni portlatib yuboradi."