O‘zbekistonda advokatlar: qonunlar kuchlimi, amaliyotmi? (Video)

Yashnobodda kaltaklangan advokat Nazirjon Abduhafizov shifoxonada

Surat manbasi, Facebook sahifasidan

Surat tagso‘zi, Yashnobodda kaltaklangan advokat Nazirjon Abduhafizov shifoxonada
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Yashnobodda kaltaklangan advokat, Qashqadaryoda yarim soat binodan chiqarilmagan himoyachi, tergov materiallariga cheklangan kirish va davlat hisobidan ishlaydigan advokatlarning past haq to‘lovi. O‘zbekistonda advokatura tizimi so‘nggi yillarda sezilarli islohotlarni boshdan kechirayotgan bo‘lsa-da, advokatlar faoliyatida jiddiy muammolar saqlanib qolayotganini mutaxassislarning o‘zi ham tan oladi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ikki voqea advokatlar faoliyati va ularning himoyasi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.

Ulardan birida Toshkentning Yashnobod tumanida advokat Nazirjon Abduhafizov ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklanganini aytdi. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, u jabrlanuvchining manfaatlarini himoya qilish uchun borgan paytda xizmat guvohnomasini ko‘rsatganiga qaramay, jismoniy kuch ishlatilgan.

Bundan ikki kun avval esa Qashqadaryoda tarqalgan videoda advokat ichki ishlar boshqarmasi binosidan chiqib ketishga uringanida post xodimlari tomonidan to‘xtatilgani aks etgan edi.

Bu voqealar bir savolni yana o‘rtaga tashladi: O‘zbekistonda advokatlar fuqarolarni himoya qilyaptimi yoki ba’zan o‘zlari ham himoyaga muhtojmi?

"Hech kimning advokatga qo‘l ko‘tarishga haqqi yo‘q"

Toshkent shahar Ayol advokatlar alyansi rahbari Gulmira Bobojonova Yashnoboddagi voqeani keskin qoralaydi.

Uning aytishicha, holat yuzasidan Advokatlar palatasi va prokuratura organlari tomonidan o‘rganish ishlari boshlangan.

"Kim bo‘lgan taqdirda ham, hech kimning advokatga qo‘l ko‘tarishga haqqi yo‘q", deydi Bobojonova.

Shu bilan birga, u har qanday voqeaga yakuniy baho berishdan oldin barcha tomonlarning pozitsiyasini o‘rganish zarurligini ta’kidlaydi.

Advokat Diyora Rafieva ham faoliyati davomida bosim va cheklovlarga duch kelganini aytadi.

Uning hikoya qilishicha, bir tintuv jarayonida xizmat guvohnomasini ko‘rsatganiga qaramay, ichki ishlar xodimlari uni majburan xizmat mashinasiga o‘tqazib, bo‘limga olib ketgan hamda bir necha soat ushlab turgan.

"Telefonim va kompyuterimni tekshirmoqchi bo‘lishdi. Men advokatlik daxlsizligini eslatdim", deydi u.

BBC
Kim bo‘lgan taqdirda ham, hech kimning advokatga qo‘l ko‘tarishga haqqi yo‘q!
Gulmira Bobojonova
Аёл адвокатлар алянси раҳбари Гулмира Бобожонова

Qonunda bor, amaliyotda yo‘qmi?

Suhbat davomida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri tergov materiallariga kirish masalasi bo‘ldi.

Advokat Bobur Muqaddamovning fikricha, himoya tarafi ko‘pincha tergov qanday dalillarga asoslanayotganini bilmasdan ishlashga majbur bo‘ladi.

"Biz ko‘p hollarda jangga ko‘zi bog‘langan jangchidek kiramiz", deydi u.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, advokat jinoyat ishi materiallari bilan to‘liq tarzda tergov tugaganidan keyingina tanishishi mumkin.

Biroq advokatlar ko‘plab protsessual hujjatlarni tergov bosqichidayoq olish imkoniyati amalda cheklanayotganini aytadi.

Diyora Rafievaning fikricha, hujjatlarsiz samarali himoya tashkil qilish qiyin.

"Ba’zan ekspertiza tayinlash haqidagi qarorning nusxasini olishning o‘zi uchun bir necha bor murojaat qilishga to‘g‘ri keladi", deydi u.

U AQSh va Buyuk Britaniyadagi tajribalarni misol qilib, himoyachining ma’lumotlarga kengroq kirishi sud adolatining muhim sharti ekanini ta’kidlaydi.

Bobur Muqaddamov
Surat tagso‘zi, "Biz ko‘p hollarda jangga ko‘zi bog‘langan jangchidek kiramiz", deydi Bobur Muqaddamov.

Sudda tenglik bormi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha yil avval advokatlarning nufuzini oshirish va ularni protsessual jihatdan kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan edi.

Bobur Muqaddamovga ko‘ra, sud jarayonining o‘zida advokat va prokuror huquqlari ko‘p jihatdan tenglashtirilgan.

Advokatlar savollarga e’tiroz bildirish, dalillarni bahslashish va sud munozaralarida faol qatnashish imkoniyatiga ega.

Gulmira Bobojonovaning aytishicha, avvalgi yillardan farqli ravishda hozir ayblov xulosalarini prokurorlarning o‘zi o‘qib eshittiradi va protsesslarda faolroq ishtirok etadi.

Ammo advokatlar nazarida tenglikning asosiy muammosi sud zalidan oldinroq, ya’ni tergov bosqichida boshlanadi.

Aynan shu sababli ular tergov materiallariga kengroq kirish imkoniyatini eng muhim islohotlardan biri deb hisoblaydi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Ayol advokatlar qanday qiyinchiliklarga duch kelmoqda?

Advokat Diyora Rafieva
Surat tagso‘zi, "Ba’zan meni erkak bo‘lganimda boshqacha qabul qilisharmidi degan o‘y keladi"

Advokat Diyora Rafieva ayol bo‘lgani uchun ayrim hollarda qo‘shimcha bosimlarga duch kelishini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi mansabdorlar bilan ishlashda kasbiy argumentlardan ko‘ra gender stereotiplari ko‘proq namoyon bo‘ladi.

"Ba’zan meni erkak bo‘lganimda boshqacha qabul qilisharmidi degan o‘y keladi", deydi u.

Gulmira Bobojonovaning fikricha, ayol advokatlar oldidagi asosiy chaqiriqlardan biri kasb va oilaviy mas’uliyatlarni bir vaqtning o‘zida olib borishdir.

2023 yilda Advokatlar palatasi qoshida tashkil etilgan Ayol advokatlar alyansi ham aynan shu maqsadda tuzilgan.

Davlat hisobidan ishlaydigan advokatlar muammosi

Advokatlar yana bir muhim masalani ko‘tardi: davlat tomonidan to‘lanadigan himoya xizmatlari uchun haq miqdori.

O‘zbekistonda "davlat advokati" degan alohida institut yo‘q. Bir advokat ham shartnoma asosida, ham davlat hisobidan himoya xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin.

Ammo Bobur Muqaddamovning aytishicha, amaldagi to‘lovlar ko‘plab advokatlarni bunday ishlarni olishdan qaytarmoqda.

"To‘lovlari juda ham kam", deydi u.

Uning fikricha, bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat tomonidan to‘lanadigan haq ham xizmatning real qiymatiga yaqinlashtirilishi kerak.

Ye-advokat: muvaffaqiyatli islohotlardan biri

Suhbat ishtirokchilari ham tan olgan ijobiy o‘zgarishlardan biri elektron tizimlarning joriy etilishi bo‘ldi.

Bugungi kunda orderlar, ruxsatnomalar va davlat hisobidan advokat tayinlash jarayonlari "Ye-advokat" platformasi orqali amalga oshirilmoqda.

Bu tizim avvallari mavjud bo‘lgan "tanish advokat" chaqirish amaliyotini deyarli yo‘qqa chiqargan.

Advokatlar elektron ruxsatnomalar tufayli tergov hibsxonalaridagi uchrashuvlarni ham oldindan rejalashtirish mumkin bo‘layotganini aytadi.

Samarqandlik advokat Diyora Rafievaning fikricha, texnologik islohotlar ish jarayonini sezilarli darajada yengillashtirgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Muammo qonundimi yoki uning ijrosidami?

Suhbat yakunida advokatlar bir masalada deyarli yakdil bo‘ldi.

Ularning fikricha, O‘zbekistonda advokatura faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikning katta qismi zamonaviy talablar darajasida shakllangan.

Asosiy savol esa boshqa yerda: bu normalar amalda qay darajada ishlayapti?

Yashnobod va Qashqadaryodagi voqealar, tergov materiallariga kirish bilan bog‘liq bahslar, sud jarayonlari va ayol advokatlarning tajribalari bir narsani ko‘rsatmoqda.

So‘nggi yillarda advokatura oldinga qadam tashladi. Elektron tizimlar joriy qilindi, advokatlarning huquqlari kengaytirildi, protsessdagi mavqei mustahkamlandi.

Ammo advokatlarning o‘zi aytganidek, haqiqiy tenglik faqat qonunlarda yozilishi bilan emas, u amalda ishlaganda namoyon bo‘ladi. Shundagina advokat fuqaroni himoya qiladigan shaxs sifatida emas, qonun ustuvorligining teng huquqli ishtirokchisi sifatida maydonga chiqadi.