Salomatlik: Shovqin sog‘lig‘imizga qanchalik zarar beradi?

jeyms
Surat tagso‘zi, Jeyms Gallaher Barselonada shovqin darajasini o‘lchamoqda.
    • Author, Jeyms Gallaher
    • Role, BBC World Service
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Biz ko‘zga ko‘rinmas qotil qurshovida yashaymiz. U shunchalik keng tarqalganki, hayotimizni qisqartirayotganini deyarli sezmaymiz.

Bu qotil yurak xurujlari, 2-tur qandli diabetga sabab bo‘lmoqda, tadqiqotlar uni hatto dementsiya bilan ham bog‘liqligini ko‘rsatmoqda.

Sizningcha, bu nima bo‘lishi mumkin?

Javob – shovqin. Uning inson tanasiga ta’siri eshitish qobiliyatiga zarari bilan cheklanmaydi.

"Bu odamlar salomatligiga xavf soluvchi inqiroz. Kundalik hayotda juda ko‘pchilik unga duchor bo‘lmoqda," deydi London universiteti professori Sharlotta Klark.

Bu biz gapirmaydigan inqirozdir.

Aloqador mavzular:

Shu bois shovqin qachon xavfli bo‘lishini o‘rgandim, sog‘lig‘i yomonlashayotgan odamlar bilan suhbatlashdim va shovqinni yengish imkoniyatini qidirdim.

Ishni professor Klark bilan sukunat ovoz laboratoriyasida uchrashishdan boshladim. Bu yerda tanam shovqinga qanday reaktsiya qilishini tekshirdik, menga katta aqlli soatga o‘xshash qurilma berishdi.

U yurak urishim tezligini va qanchalik terlashimni o‘lchaydi.

surat

Menga eng yoqmagani dunyodagi eng shovqinli shahar nomini olgan Bangladeshning Dakka shahridagi transport shovqini – o‘zimni ulkan, asabiylashtiradigan tirbandlikda turgandek his qilaman.

Sensorlar esa hayajonimni qayd etmoqda – yurak urishim tezlashib, terim ko‘proq terlayapti.

"Transport shovqini yurak salomatligiga ta’sir qilishi haqida juda ishonchli dalillar bor," deydi professor Klark keyingi tovush tayyorlanayotganda.

Faqat bolalar maydonidagi quvnoq tovushlargina tinchlantiradi. Erta tongdagi itlarning vovullashi va qo‘shnining bazmi esa salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Lekin nima uchun tovush jismimga bunday ta’sir qilyapti?

"Tovushga hissiy javob qaytarasiz," deydi professor Klark.

Tovush quloq orqali qabul qilinib, miyaga uzatiladi va miyaning bir qismi – bodomsimon tana uni hissiy baholaydi.

Bu tananing "kurash yoki qoch" reaktsiyasining bir qismi bo‘lib, bu reaktsiya bizga butalar orasidan kelayotgan yirtqich tovushidan tezda hushyor tortishga yordam beradi.

"Shunda yurak urishingiz tezlashadi, asab tizimingiz faollashadi va stress gormonlari ajrala boshlaydi," deydi menga professor Klark.

Bularning barchasi favqulodda vaziyatda foydali, ammo vaqt o‘tishi bilan zarar yetkaza boshlaydi.

BBC
Bu yer juda shovqin... bu 24 soatlik shovqin. Uyim ishdagi stressdan orom maskani boʻlishi kerak edi, lekin shovqin asabiylashtiradi, yigʻlagim keladi.
Koko
Barselona yashovchisi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Agar bir necha yil davomida shunday yashasangiz, yurak xuruji, yuqori qon bosimi, insult va 2-tur qandli diabet kabi kasalliklar rivojlanish xavfini oshiradi," deydi professor Klark.

Qizig‘i shundaki, bu hatto chuqur uyquda bo‘lganimizda ham davom etadi. Siz shovqinga moslashdim deb o‘ylashingiz mumkin. Aeroport yaqinidagi ijarada yashaganimda shunday deb o‘ylagandim. Ammo biologiya boshqacha ko‘rsatmoqda.

"Siz hech qachon quloqlaringizni o‘chirolmaysiz; uxlayotganingizda ham atrofni tinglab yotasiz. Demak, yurak urishingiz tezlashishi kabi reaktsiyalar uyquda ham sodir bo‘ladi," deya qo‘shimcha qiladi professor Klark.

Shovqin – bu keraksiz tovush. Transport – avtomobillar, poezdlar va samolyotlar asosiy manbadir, lekin biz vaqtni chog‘ o‘tkazayotganimizda chiqadigan tovushlar ham shunday. Birovning zo‘r bazmi boshqa birovga chidab bo‘lmas shovqin bo‘lishi mumkin.

Men Koko bilan Ispaniyaning Barselona shahridagi tarixiy Vila de Gratsia hududidagi to‘rtinchi qavatdagi kvartirasida uchrashdim.

Uning eshigiga qo‘shnisi sovg‘a qilgan yangi uzilgan limonlar xaltasi ilib qo‘yilgan, muzlatkichida boshqa qo‘shnisi pishirgan tortilya bor va u menga qandolatchilikni o‘rganayotgan uchinchi qo‘shnisi tayyorlagan shirin kulchalarni taklif qiladi.

Balkondan shaharning mashhur ibodatxonasi Sagrada Familiya ko‘rinib turibdi. Kokoga bu yerda yashash yoqishini tushunish oson, ammo bu juda qimmatga tushadi, shuning uchun ketishga majbur bo‘lyapti.

"Bu yer juda shovqin... bu 24 soatlik shovqin," deydi u menga. Egalari "kechasi soat 2, 3, 4, 5 da vovullaydigan" itlarini sayr qildirishi uchun itlar bog‘i bor. Hovli esa bolalarning tug‘ilgan kunlaridan tortib, mushakbozlik bilan tugaydigan kontsertlargacha o‘tadigan jamoat maydoniga aylangan.

U telefonini olib, deraza oynalari titratadigan darajada baland yangrayotgan musiqa yozuvlarini eshittiradi.

Uning uyi ishdagi stressdan orom maskani bo‘lishi kerak edi, lekin shovqin "asabiylashtiradi, yig‘lagim keladi" deydi u.

U "ko‘krak qafasidagi og‘riq tufayli ikki marta kasalxonaga yotqizilgan". Shovqin uning sog‘lig‘iga zarar yetkazadigan stressga sabab bo‘layotganiga "mutlaqo" ishonadi. "Jismoniy o‘zgarishni his qilyapman, bu tanangizga albatta ta’sir qiladi," deydi u.

doktor
Surat tagso‘zi, Doktor Foraster avtomobil yo‘lidagi shovqin inson salomatligiga eng katta zarar yetkazishini aytadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti buyurtmasi bilan shovqin bo‘yicha tadqiqotlar qilgan doktor Mariya Forasterning ma’lumotiga ko‘ra, Barselonada faqat transport shovqini tufayli yiliga taxminan 300 ta yurak xuruji va 30 ta o‘lim kuzatiladi.

Yevropa bo‘ylab shovqin yiliga 12 000 erta o‘lim, millionlab jiddiy uyqu buzilishi, shuningdek, ruhiy salomatlikka ta’sir qiluvchi bezovtalikni oshiradi.

Men doktor Foraster bilan Barselonaning eng gavjum ko‘chalaridan biridan kichik bog‘ bilan ajratilgan qahvaxonada uchrashdim. Tovush o‘lchagichim bu yerda olisdagi transport shovqini 60 detsibeldan sal oshganini ko‘rsatdi.

Bu daraja shovqinda ovozimizni ko‘tarmay bemalol gaplasha olamiz, lekin bu baribir sog‘liq uchun zararli darajadir.

Doktor Forasterning aytishicha, yurak salomatligi uchun me’yoriy ko‘rsatkich 53 detsibel bo‘lib, bu ko‘rsatkich oshgan sari sog‘liq uchun xavf ham ortib boradi.

surat

"Bu 53 detsibel shuni anglatadiki, biz ancha tinch muhitda bo‘lishimiz kerak," deydi doktor Foraster.

Bu faqat kunduzgi vaqt uchun, uyqu paytida esa yanada pastroq darajalar talab etiladi. "Tunda bizga mutlaq sukunat kerak," deydi u.

Gap faqat tovush balandligida ham emas. Tovushning qanchalik bezovta qilishi va uni qanchalik boshqara olishimiz shovqinga bo‘lgan hissiy munosabatimizga ta’sir qiladi.

Doktor Foraster ta’kidlashicha, shovqinning sog‘liqqa ta’siri "ifloslangan havo ta’siriga teng", ammo uni tushunish ancha mushkul.

"Biz kimyoviy moddalarning sog‘liqqa ta’sir qilishi va zaharli bo‘lishi mumkinligini bilamiz, ammo shovqin kabi jismoniy omil ta’sirini tushunish unchalik oson emas," deydi u.

Shovqinli ziyofat kimdir uchun zavq, boshqalar uchun esa chidab bo‘lmas azob bo‘lishi mumkin.

Transport shovqini salomatlikka eng katta ta’sir ko‘rsatadi, chunki juda ko‘p odamlar unga duch keladi. Ammo transport shovqini – ishga borish, xarid qilish va bolalarni maktabga olib borish ovozi hamdir. Shovqinga qarshi kurashish odamlardan hayot tarzlarini o‘zgartirishni talab qiladi – bu esa o‘z navbatida yangi muammolarni keltirib chiqaradi.

Barselona global sog‘liqni saqlash institutidan doktor Natali Myuller meni shahar markazida sayr qildirdi. Biz gavjum ko‘chadan boshladik – tovush o‘lchagichim 80 detsibeldan yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi – so‘ngra shovqin darajasi 50 detsibellarga tushgan, daraxtlar bilan qoplangan sokin xiyobonga bordik.

Ammo bu ko‘chaning o‘ziga xos jihati bor – u ilgari gavjum yo‘l edi, hozir esa piyodalar, kafelar va bog‘lar bor. Gulzorlar shaklidan eski chorrahaning izlarini ko‘rish mumkin. Bu yerga transport vositalari kiradi, faqat sekin harakatlanishlari shart.

Aytgancha, laboratoriyada ba’zi tovushlar tanani tinchlantirishi mumkinligini aniqlaganmiz.

"Bu yer mutlaq jimjit emas, balki tovush va shovqinni boshqacha idrok etish imkonini beradi," deydi doktor Myuller.

barselona

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Odamlar Barselonadagi mavzening piyodalar uchun ajratilgan qismida sayr qilmoqda.

Dastlab 500 dan ortiq shunday hududlarni yaratish rejalashtirilgan edi. Ular shaharning bir nechta kvartallarini birlashtirish orqali yaratilgan piyodalar uchun qulay "superbloklar"dir.

Doktor Myuller o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, shaharda shovqinni 5-10 foizga kamaytirish har yili faqat shovqin tufayli yuz beradigan "150 ga yaqin bevaqt o‘lim" oldini olishi mumkin edi. Bu esa sog‘liqni saqlash bo‘yicha erishiladigan natijalarning "aytsberg uchi" bo‘lardi.

Ammo amalda atigi oltita superblok qurildi. Shahar kengashi bu haqda izoh berishdan bosh tortdi.

Urbanizatsiya

Shovqin xavfi esa tobora ortib bormoqda. Urbanizatsiya tufayli shovqinli shaharlarga ko‘proq odamlar to‘planmoqda.

Bangladeshning Dakka shahri dunyodagi eng tez rivojlanayotgan megapolislardan biridir. Bu holat ko‘proq tirbandlikni keltirib chiqardi va shaharni mashinalar signallari bosdi.

Rassom Mo‘minur Rahmon Royal o‘zining tinch namoyishlari bilan shahardagi shovqin muammosiga e’tibor qaratgani uchun "yolg‘iz qahramon" nomini olgan.

U har kuni taxminan 10 daqiqa davomida gavjum ko‘chalar chorrahasida katta sariq plakat bilan turib, signal chaluvchi haydovchilarni bezovtalik keltirib chiqarishda ayblaydi.

U bu ishni qizi tug‘ilgandan keyin boshladi. "Men nafaqat Dakkada, balki butun Bangladeshda signal chalishni to‘xtatishlarini istayman," deydi u.

BBC
Agar qushlarga, daraxtlarga yoki daryolarga qarasangiz, odamlarsiz hech kim shovqin chiqarmayapti, demak bunga insonlar javobgar.
Moʻminur Rahmon Royal
Rassom, Bangladesh (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Agar qushlarga, daraxtlarga yoki daryolarga qarasangiz, odamlarsiz hech kim shovqin chiqarmayapti, demak bunga insonlar javobgar."

Lekin bu yerda siyosiy harakatlar boshlanishi ham ko‘zga tashlanmoqda. Bangladesh hukumatining atrof-muhit bo‘yicha maslahatchisi va vaziri Seda Rizvana Hasan menga shovqinning sog‘liqqa ta’siridan "juda xavotirda" ekanligini aytdi.

Shovqin darajasini pasaytirish uchun signal chalishga qarshi kurashilmoqda – xabardorlik kampaniyasi o‘tkazilmoqda va amaldagi qonunlar yanada qat’iyroq ijro etilmoqda.

"Buni bir yoki ikki yil ichida amalga oshirish iloji yo‘q, lekin shaharda shovqinni kamaytirish mumkin, deb o‘ylayman. Odamlar buni his qilganlarida, shovqin kamayganini sezganlarida o‘zlarini yaxshi his qilishadi va ishonchim komilki, ularning odatlari ham o‘zgaradi", deydi u.

Shovqin muammolarini hal qilish qiyin, murakkab va jiddiy vazifa bo‘lishi mumkin.

Men hayotimizda shovqindan qochish uchun biroz joy topish ahamiyatini tushunib yetdim, chunki Bangladesh Professionallar universiteti professori doktor Masrur Abdul Quaderning so‘zlariga ko‘ra, shovqin "sokin qotil va sekin ta’sir qiluvchi zahar".