Xavfsizlikdan tejash: AQSh jihodchilar oilalari lagerini moliyalashtirishni to‘xtatmoqchi. Bu qanday xavf keltirib chiqarishi mumkin?

Surat manbasi, DELIL SOULEIMAN/AFP via Getty Images
AQShning dunyodagi eng yirik insonparvarlik yordami tashkiloti – USAID agentligi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori Suriyadagi jihodchi ayollar lagerlariga bevosita ta’sir ko‘rsatdi.
Ularning eng kattasi – "Al-Xol" ilgari ham oziq-ovqat, tibbiy yordam tanqisligi va qo‘riqlash muammolariga duch kelgan edi.
Hozirda lagerni nazorat qilayotgan kurd ma’murlari G‘arb yordamisiz vaziyatni nazoratda tutish qiyin bo‘lishidan xavotirda.
BBC Suriyadagi lagerlarni moliyalashtirish to‘xtashi mintaqa uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida xabar qilmoqda.
Non bo‘lmaydi
Uzoqdan "Al-Xol" lageri 40 mingga yaqin odam yashaydigan chodirli shaharga o‘xshaydi. Bu yerda o‘zini qurbon bo‘lgan va "adashib" Suriyaga kelib qolgan deb da’vo qilayotgan ayollarni ham, xalifalik uchun qurol ko‘tarishga tayyor erkaklarning yangi avlodini tarbiyalayotgan "Islom davlati"ning sodiq tarafdorlarini ham uchratish mumkin.
Bu "yopiq lager" deb ataladi: uning tutqunlariga hech qanday ayblov qo‘yilmagan, ammo ular jihodchilarga xayrixohlikda gumon qilingani sababli bu yerni tark eta olmaydi.
The Economistʼning ta’kidlashicha, lager qamoqxonadan ko‘ra ko‘proq IShID bazasiga o‘xshaydi.
20 yanvarь kuni, Donald Trampning qarori bilan USAID homiyligidagi barcha loyihalarni moliyalashtirish 90 kunga to‘xtatilganda, AQShning Blumont shirkati o‘z xodimlarini lagerdan olib chiqib ketdi va tartibsizlik hukm surgan paytda boshqa shirkatlar bilan minimal miqdorda asosiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishishga harakat qildi.
Lager rahbari Jahon Xanan Bi-bi-si bilan suhbatda uning hamkasblari, jumladan, lager qo‘riqchilari nodavlat tashkilotlar yordamisiz ishlamasligini aytdi.
Xususan, uning ta’kidlashicha, Trampning qaroridan bir necha kun o‘tgach, "Al-Xol"dan 500 dan ortiq odamni rejalanganidek o‘z vatani Iroqqa jo‘natish imkoni bo‘lmadi, iroqliklarni qaytarish bilan shug‘ullanuvchi NNT qo‘riqlash xizmatlari uchun pul to‘lay olmadi, lager hududida qo‘riqchisiz qolish esa juda xavfli.

O‘sha kuni "Al-Xol" ma’muriyati lagerga non yetkazib bermaslikka majbur bo‘ldi.
Lagerda bo‘lgan ayollardan biri – rossiyalik Xadicha (u mobil telefondan foydalanish huquqiga ega bo‘lmagani uchun to‘liq ismini oshkor qilmaslikni so‘radi) lager ma’muriyati oziq-ovqat zaxiralarini tejashni maslahat berganini aytdi, chunki "keyin nima bo‘lishi noma’lum."
Bosh homiy
"Al-Xol" va uning kichik "hamrohi" "Roj" lageri Suriya shimoli-sharqida, Suriya demokratik kuchlari – AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va asosan kurd va arab tuzilmalaridan iborat harbiy ittifoq boshqaradigan avtonom hududda joylashgan.
Bashar Asad rejimi qulashi ortidan ham Rossiyada, ham AQShda terrorchi deb tan olingan "Hay’at Tahrir ash-Shom" guruhi mintaqadagi eng ta’sirli kuchga aylanganidan so‘ng, HTSh yetakchisi Ahmad ash-Shar’a kurdlarni qurolsizlantirmoqchi. Kurdlar uning armiyasi tarkibiga kirishdan bosh tortishmoqda, bunga javoban HTSh kurdlarga harbiy harakatlar bilan tahdid qilmoqda.
Bu tahdidlarni Suriyada yillar davomida nafaqat "Islom davlati"ga, balki kurdlarga qarshi ham kurashib kelgan qo‘shni Turkiya qo‘llab-quvvatlamoqda.
So‘nggi paytlarda Turkiya Suriya demokratik kuchlari nazorati ostidagi hududlarda harbiy amaliyotlarni kuchaytirdi. Anqara agar yangi hokimiyat kurd tuzilmalarini yo‘q qilsa, Suriyadagi harbiy ishtirokini qayta ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Shunday sharoitda – bir vaqtning o‘zida Turkiyadan himoyalanish va Suriyaning yangi hukumati bilan murakkab muzokaralar olib borishga urinayotgan kurdlar o‘n minglab odamlar hayotini ta’minlash uchun moliyaviy yordamsiz qoldi.
"Al-Xol"ni qo‘riqlaydigan kurd ma’muriyati o‘z daromadiga deyarli ega emas, shuning uchun lagerni saqlash tashqi moliyaviy yordamsiz bo‘lmaydi.
BMT va ba’zi davlatlar (masalan, Britaniya, Italiya, Kanada, Norvegiya va boshqalar) ayrim gumanitar dasturlarga homiylik qilishda ishtirok etsa-da, eng yirik homiy AQSh bo‘lib, u qo‘riqlash, xodimlarni saqlash, lager atrofi va kuzatuv minoralarini mustahkamlash, shuningdek, IShIDning uyqudagi hujayralarini aniqlash uchun ommaviy tintuvlar kabi maxsus operatsiyalarga mablag‘ ajratadi.
The National nashrining "Al-Xol" ma’muriyatiga tayanib yozishicha, lagerni saqlash oyiga 3 million dollarga tushishi mumkin.

Surat manbasi, Andrew Harnik/Getty Images
Lager rahbari Jahon Xananning aytishicha, "Al-Xol"da faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z mablag‘larining 70 foizigacha qismini AQShdan olgan. "Amerika ovozi" esa bu ko‘rsatkich 90 foizgacha yetishi mumkinligini xabar qilgan. AQSh Davlat departamenti va USAID aniq miqdorni oshkor etmayapti.
Aholi soniga nisbatan hisoblaganda, bu yiliga kishi boshiga taxminan 900 dollarni tashkil etadi, bunda mablag‘ning katta qismi oziq-ovqatga emas, balki qo‘riqlash va tartibni saqlashga sarflanadi.
Ammo barcha yordamni hisobga olganda ham, lagerdagi vaziyat og‘ir. Ayollar va bolalar yashaydigan chodirlar jala yoki jazirama issiqda yetarli boshpana bo‘la olmaydi. Qishda bolalar isinish uchun yetarli quvvat yo‘qligidan sovuq qotadi va chodirlar orasida izg‘ib yurgan kemiruvchilar bilan yonma-yon yashaydi. Toza suv yetmaydi, lagerdagi shifokorlar barcha ehtiyojmandlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsata olmaydi. Kasalliklar tez tarqaladi va to‘yib ovqatlanmaslik hamda asosiy sanitariya sharoitlari yo‘qligidan zaiflashgan bolalar ko‘pincha yordam yetib kelguncha vafot etadi.
Xavfsizlik muammosi
"Al-Xol"ga o‘xshash boshqa lagerlarni saqlash uchun ajratiladigan mablag‘lar haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Ulardan biri – Iordaniyadagi "Azrak" lageri bo‘lib, u yerda 40 mingga yaqin suriyalik qochqin yashaydi, ya’ni o‘lchamiga ko‘ra "Al-Xol" bilan teng.
"Azrak"ni erkin tark etish mumkin bo‘lmasa-da, u yerdagi shartlar ancha yengilroq: lagerning ba’zi aholisi davlat tekshiruvidan muvaffaqiyatli o‘tsa, erkinlik va ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Lagerning IShIDga aloqadorlikda gumon qilinayotgan odamlar saqlanayotgan bir qismi qattiqroq qo‘riqlanadi, ammo u yerdagi sharoitlar "Al-Xol"dagiga qaraganda ancha insoniyroq va atigi bir necha ming kishi bor.
Faqatgina "Azrak" qurilishiga 63,5 million dollar sarflangan bo‘lsa, uni saqlash uchun har yili "o‘nlab million" (aniq summa aytilmagan) mablag‘ ajratiladi. Misol uchun, yetti yil oldin lagerni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun quyosh stantsiyasini o‘rnatish IKEA jamg‘armasiga 10 million dollarga tushgan (jamg‘arma BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasiga do‘konlarda sotilgan har bir chiroq uchun bir yevrodan xayriya qilgan).
Ammo "Azraq" nisbatan xavfsiz joyda bo‘lsa, "Al-Xol"ga ketayotgan gumanitar mashinalar doimiy hujum va talonchilikka uchraydi: o‘tgan yil may oyida, masalan, NNT xodimi pichoqlangan, mashinada bo‘lgan boshqa odamlar kaltaklangan. O‘shanda bir nechta xalqaro va mahalliy tashkilotlar ishni to‘xtatgan, keyin esa faqat kolonnalarda, ba’zan yigirmatacha avtomobilda harakatlanishga qaror qilingan. Bu tashkilot xodimlari xavfsizligini oshiradi, ammo yordam kechikishiga va donorlarning qo‘shimcha xarajatlariga sabab bo‘ladi.

Surat manbasi, Elke Scholiers/Getty Images
Moliyalashtirishni to‘xtatishdan oldin AQSh lagerdagi vaziyatni aniqlashi kerak edi, deydi Jahon Xanan.
"Kutilmagan vaziyatlar uchun harakatlar rejasisiz suvni to‘sib qo‘yish va nonni [etkazib bermaslik] mumkin emas, – deb hisoblaydi lagerь rahbari. – Noroziliklar va yordam markazlariga hujumlar xavfi ortib bormoqda, bu esa IShID uchun vaziyatdan foydalanish va yangi odamlarni yollash imkoniyatini yaratadi."
Yollash nishoni
"IShID mag‘lubiyatga uchraganidan keyin AQSh yordami lagerlarni boshqarish va xavfsizligini ta’minlashda hayotiy muhim rol o‘ynadi [...], ammo bu yordam abadiy davom etishi mumkin emas. AQSh og‘irlikning katta qismini juda uzoq vaqt ko‘tarib keldi," dedi AQShning BMTdagi doimiy vakili Doroti Shi.
Yanvarь oyi oxirida USAID tomonidan moliyalashtirish muzlatilishi tufayli yuzaga kelgan tartibsizlikdan so‘ng, ikki amerikalik pudratchi – Blumont va Proximity International (Suriya shimoli-sharqida va "Al-Xol"da xavfsizlik kuchlarini o‘qitish bilan shug‘ullanadi) bir necha haftaga kechiktirish oldi. Ammo ikkala tashkilot ham bu muddat o‘tgach nima bo‘lishini tushunmayapti.
"Islom davlati" Iroq va Suriya hududlarining katta qismidagi nazoratni yo‘qotgan bo‘lsa-da, terrorchi guruh hamon jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Yangi sharoitda u uyqudagi yacheykalar ko‘rinishida turibdi, partizanlik urushini olib bormoqda. O‘tgan yili IShIDning Suriyadagi hujumlari soni avvalgi yilga nisbatan uch baravar ko‘paygan.
IShID Afrikada hujumlar uyushtirmoqda, Afg‘onistonda o‘z yacheykalariga ega bo‘lib, u yerda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan yangi a’zolarni yollamoqda, Suriyada esa siyosiy beqarorlik yollovchilarga qo‘l kelmoqda.
"Al-Xol"da saqlanayotganlar esa yollashning muhim nishonlaridan biridir. U yerda hali ham xalifalik tarafdorlari ko‘p. Yakkalanish, ta’limning yo‘qligi va normal hayotga qo‘shilmaslik hatto o‘z pozitsiyasiga ishonmagan odamlarning ham radikallashuviga olib keladi.

Huquq himoyachilari va lager ma’muriyati ko‘p yillardan beri turli mamlakatlardan o‘z fuqarolarini olib ketishni so‘ramoqda, ammo ko‘pchilik jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan odamlarni vataniga qaytarishni istamay, qarshilik ko‘rsatmoqda.
Reprieve inson huquqlari tashkiloti direktori Maya Foaning fikricha, "Al-Xol" mahbuslarining ko‘pchiligi qurbonlardir: "Ba’zi odamlar ularning himoyasizligidan foydalanib, majburlab Suriyaga olib ketishgan, endi esa o‘z vatanlari ham ulardan voz kechdi."
Britaniya MI-6 razvedka xizmatining terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi sobiq rahbari Richard Barrett ta’kidlashicha, ko‘plab ayollar va ularning farzandlari ko‘pchilik tayyor bo‘lmagan bunday zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan. Bunday kechmish ruhiyat uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.
"Terrorizm mafkuraga qanchalik bog‘liq bo‘lsa, his-tuyg‘ularga ham shunchalik bog‘liqdir. Shuning uchun hatto IShIDdan butunlay ko‘ngli qolgan odamlar ham vaqt o‘tishi bilan uning davridagi hayotni ijobiyroq eslay boshlashlari mumkin," deydi u.
2000 yillar boshidayoq "Islom davlati" "devorlarni buzish" taktikasini ishlab chiqdi – islomchilar qamoqxonalarga hujum qilib, mahbuslarga qochishga ko‘maklashdi.
Agar AQSh moliyalashtirishdan butunlay voz kechsa, ehtimoliy stsenariylardan biri quyidagicha bo‘ladi: Blumont lagerga oziq-ovqat yetkazib bera olmaydi, "Al-Xol" aholisi isyon ko‘tarib tartibsizliklar uyushtiradi, ularni bostirish qiyin bo‘ladi, chunki hech kim o‘qitmagan va hech kim maosh to‘lamagan qo‘riqchilar samarali ishlay olmaydi. Bundan uyqu holatidagi yacheykalar foydalanib, nafaqat potentsial terrorchilik tahdidini yuzaga keltirishi, balki keyinchalik yollashda muhim rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan IShIDning o‘n minglab tarafdorlarini ozod qilishi mumkin.
Xalqaro yordam dasturlarini qayta ko‘rib chiqishda Donald Tramp "Amerika hamma narsadan ustun" g‘oyasiga asoslanmoqda. Ammo "Islom davlati" nafaqat Yevropaga, balki Amerikaga ham tahdid solmoqda: yaqindagina, shu yilning boshida, IShID tarafdori Yangi Orleanda yangi yilni nishonlayotgan odamlar ustiga yengil avtomobilni haydab kirgandi.















