O‘zbekiston dayjest: Grin karta pulli bo‘ladi, islomiy bank qonuni ishlab chiqilayapti, Amerikaga borayotgan O‘zbeklar soni ko‘paydi

AQShning tashqi ishlar vazirligi - Davlat departamenti e’lon qilishicha, bundan keyin oddiy odamlar Grin karta deb ataydigan Diversity Visa lotereya dasturida ro‘yxatdan o‘tish uchun bir AQSh dollari miqdorida to‘lov tizimi joriy etiladi.
Davlat departamentiga ko‘ra, ushbu chora nafaqat yutuq chiqqanlar, yualki "lotereyada ishtirok etayotgan barcha o‘rtasida og‘irlikni adolatli taqsimlashga" imkoniyat beradi.
Shuningdek, ushbu qadam Grin karta lotereyasida yuz beradigan qallobliklar oldini olishga qaratilgani ham aytildi.
AQShda Grin karta lotereyasi 1990 yildan joriy etilgan.
U shu vaqtgacha bepul edi.
Bu lotereya orqali har yili dunyoning boshqa joylarida istiqomat qiladigan 50000 kishiga AQShda yashash huquqi beriladi.
Oxirgi yillarda O‘zbekiston Amerika Grin kartasini yutgan mamlakatlar o‘rtasida peshqadam bo‘lib kelayapti.
2023 yili dunyoning eng ko‘p Grin karta yutgan mamlakatlari o‘rtasida O‘zbekistonni yettinchi o‘rinni, 2025 yil mayida esa birinchi o‘rinni egallagani xabar qilingan.
Bu yil 5564 o‘zbekistonlik Grin karta egasi bo‘lgan deb ko‘riladi.
AQSh O‘zbek mehmonlar ko‘paydi, endi viza narxi ham oshadi
O‘zbekiston rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvaridan iyuligacha AQShga 8000 O‘zbekiston fuqarosi tashrif buyurgan.
Bu Donald Tramp ikkinchi prezidentligi boshlanganidan keyingi raqamlar.
Tramp o‘zining aksilmuhojir siyosatchi ekanini ko‘rsatgan, birinchi prezidentligi yillari Meksika bilan chegarada devor qurishni boshlagan.
Ikkinchi prezidentligini boshlaganidan keyin dunyodagi qator mamlakatlar fuqarolarining AQShga kirishini taqiqlovchi farmon imzoladi.
Ammo Prezident Tramp ma’muriyati O‘zbekiston hukumati bilan qator sohalarda hamfikr ekanini ta’kidlab kelayapti, AQShga kirgan o‘zbekistonliklarning soni o‘tgan yilning dastlabki yetti oyida raqamalarga solishtirganda 14,3 foiz ortgani bu fikrni tasdiqlaydi.
Xabar qilinishicha, 5683 o‘zbekistonlik turist sifatida, qariyb 2000 kishi qarindoshlarini ko‘rish uchun, 179 yosh tahsil olish uchun Amerikaga borganlar.
Shu yil 30 sentyabridan AQShga viza to‘lovlari oshirilishi xabar qilindi.
Islomiy bank yo‘lini ochish
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi deputatlari islomiy banking qonuni muhokamasiga kirishdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yili mamlakatda islomiy banklarni ishga tushirish uchun zarur infratuzilmani barpo etishga bag‘ishlangan qarorni imzolagan, bugunga kelib bu yo‘lda qanday to‘siqlar turgani aniq bo‘lgan.
Bulardan eng asosiysi - hamon qonunchilik bazasi yaratilmagani.
Qonunchilik palatasi deputatlariga hisobot bergan O‘zbekiston Markaziy Banki raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliev aytishicha, islomiy moliyada savdo va hamkorlikni moliyalashtirish asosiy usullar hisoblanadi.
Lekin O‘zbekistonning "Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonuni mamlakatda faoliyat yuritadigan banklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo faoliyati bilan shug‘ullanishi, yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav kapitalida ishtirok etishini taqiqlaydi, bu esa cheklovlarni keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Soliq kodeksiga muvofiq, tovarlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQS solish ob’ekti sifatida e’tirof etiladi. Bu esa, savdo orqali amalga oshiriladigan islomiy moliyaviy xizmatlarning an’anaviy moliyaviy xizmatlarga nisbatan qimmatlashib ketishiga olib keladi.

Surat manbasi, .
Markaziy Bank raisi muovinining aytishicha, islomiy bankni to‘liq joriy etish nafaqat qonunchilikdagi cheklovlarni olib tashlashga, balki institutsional asoslarni yaratishga qaratilgan kompleks yondashuvni ham talab qiladi.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Soliq va Fuqarolik kodekslariga, shuningdek, sakkizta qonunga ko‘plab tuzatishlar kiritish talab qilinadi.
O‘zbekiston Qonunchilik palatasi deputatlari 16 sentyabr kuni islomiy banking haqidagi qonunning loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildilar, bu boradagi ish davom ettirilishi xabar qilindi.
17 sentyabr. O‘zbekiston dayjest: Britaniyalik sayyohlar oqimi, dengizga yo‘l va kambag‘allik qanchaga qisqargan?

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Britaniyalik sayyohlar orasida O‘zbekiston va Qirg‘izistonga qiziqish oshmoqda
So‘nggi yillarda Britaniyalik sayyohlar an’anaviy O‘rta Yer dengizi yo‘nalishlaridan voz kechib, tobora ko‘proq O‘zbekiston va Qirg‘izistonga yo‘l olishmoqda. Bu haqda The Travel Magazine internet nashri yozadi.
2025 yilning yanvarь-may oylarida O‘zbekistonga kelgan Britaniya fuqarolari soni o‘tgan yilga nisbatan 23.8 foizga oshgan (manba: O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi).
O‘zbekiston o‘zining boy tarixiy merosi, me’morchiligi va sarguzashtlarga boy tabiiy go‘zalligi bilan sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda. Buxoro, Samarqand va Xiva kabi qadimiy shaharlari UNESCO merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, har biri o‘ziga xos madaniy qatlamlarga ega.
Qirg‘iziston esa o‘zining tog‘li landshafti, Issiqko‘l kabi tabiiy mo‘’jizalari va an’anaviy ko‘chmanchi madaniyati bilan e’tiborni tortmoqda. Mamlakatda joriy etilgan Barqaror turizm dasturi ekologik muvozanatni saqlagan holda turizmni rivojlantirishga qaratilgan.
Ikkala davlat ham vizasiz kirish imkoniyati, ekoturizm, yurtlarda tunash, mahalliy festivallar va gastronomik sayohatlar orqali Britaniyalik sayyohlar uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda.
O‘zbekiston eksport yo‘llarini kengaytirish yo‘lida Chabahar portiga qiziqmoqda
O‘zbekiston o‘z eksport salohiyatini oshirish maqsadida dengizga chiqish yo‘llarini izlamoqda. Toshkentning e’tibori hozirda Eronning Chabahar portiga qaratilgan bo‘lib, bu port strategik jihatdan Ummon ko‘rfazida joylashgan.
Sentyabr oyida Tehronda Hindiston, Eron va O‘zbekiston o‘rtasida ilk uch tomonlama kengash bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Chabahar porti orqali savdo aloqalarini kengaytirish masalasi muhokama qilindi, ammo aniq kelishuvlarga erishilmadi.
Chabahar portining jozibadorligi uning Gormuz bo‘g‘ozidan tashqarida joylashganida, bu esa mintaqaviy raqobatda muhim ustunlik beradi. Biroq, AQShning portga nisbatan sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish qarori va Hindiston bilan siyosiy ziddiyatlar bu rejalarni murakkablashtirmoqda.
O‘zbekiston uchun portga kirishdan tashqari, Eron bilan temir yo‘l aloqalarini rivojlantirish ham muhim. Mamlakat yuklarini Eron orqali o‘tkazish uchun Afg‘oniston yoki Turkmaniston orqali tranzit zarur. Bu yo‘nalishlarda infratuzilma kengaytirilmoqda, ammo bu jarayon yillarni talab qiladi.

Namanganda "Kambag‘allikdan farovonlik sari" III xalqaro forumi boshlandi
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
Bugun Namangan shahrida kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan "Kambag‘allikdan farovonlik sari" III xalqaro forumi o‘z ishini boshladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev matbuot kotibi o‘z Telegram kanalida ma’lumot beradi. Forumning ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Prezident o‘z nutqida dunyodagi keskin geosiyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar, iqlim muammolari va pandemiyalar kambag‘allik muammosini yanada kuchaytirganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyoda kambag‘allar soni 800 milliondan oshgan.
O‘zbekistonda esa so‘nggi sakkiz yilda inson huquqlari, ish bilan ta’minlash va daromadni oshirishga qaratilgan islohotlar tufayli 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarildi. 2024 yilda kambag‘allik darajasi 8,9 foizga tushirildi va yil yakunigacha 6 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.
Prezident yangi "Kambag‘allikdan farovonlik sari" modeli haqida gapirib, manzilli ijtimoiy daftarlar, mahallabay ishlash tizimi, yer ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi mexanizmlar samarali natija berganini qayd etdi.
Shuningdek, inson salomatligiga alohida e’tibor qaratilayotgani aytildi — 140 ming kambag‘al oilaga shifokor biriktirilib, bepul tibbiy ko‘rik va dori-darmonlar bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mahallalarda "Inson" markazlari ochilib, ijtimoiy xizmatlar yanada yaqinlashtirildi.
Forumda Islom taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va BMT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Prezident ularga hamkorlik uchun minnatdorlik bildirib, kelgusi yilda Namanganda Osiyo ishbilarmon ayollar forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.












