Eronda namoyishlar: shifoxonalar to‘lib ketgani aytilmoqda

Videodan olingan kadrda Tehronda, tunda yonib turgan avtomobillar yonida turgan namoyishchilar aks etadi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Juma kechasi Tehronda avtomashinalarga o‘t qo‘yilgan
O'qilish vaqti: 3 daq

Helen Sallivan, BBC News, Sorush Pakzod va Roja Asadi, BBC News Fors Xizmati

Eronda norozilik namoyishlari davom etayotgan, hukumat esa namoyishchilarni muvofiqlashtirilgan tarzda ogohlantirayotgan bir paytda, ikki shifoxonada ishlovchi shifokor va tibbiy xodim BBC ga jarohat olganlar juda ko‘pligi sabab shifoxonalarda vaziyat og‘irlashayotganini aytdi.

Shifokorlardan biri Tehrondagi ko‘z shifoxonasi "favqulodda holat"ga o‘tganini bildirdi.

BBC boshqa bir shifoxonada ishlovchi tibbiy xodimdan ham ma’lumot olishga muvaffaq bo‘ldi.

U bemorlar oqimi juda katta ekani va ularga xizmat qilish uchun jarrohlar yetarli emasligi aytgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Juma kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Eron "katta muammo" qarshisida ekanini aytdi va: "O‘q otmaganingiz yaxshi, aks holda biz ham o‘q ota boshlaymiz", deya ogohlantirdi.

Eron esa BMT Xavfsizlik Kengashiga yo‘llagan maktubida Amerikani norozilik namoyishlarini o‘z ta’biricha, "zo‘ravonlik va keng ko‘lamli buzg‘unchilik"ka aylantirganlikda aybladi.

Video tagso‘zi, Videoda juma kechasi Tehron ko‘chalariga chiqqan namoyishchilar ko‘rinadi

Aksilhukumat namoyishlari juma kuni ham mamlakatning o‘nlab hududlarida davom etdi. Inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi ikki tashkilot kamida 50 nafar namoyishchi halok bo‘lganini xabar qildi.

BBC va boshqa ko‘plab xalqaro ommaviy axborot vositalari Eron ichida mustaqil ravishda xabar berish imkoniyatiga ega emas. Payshanba kechasidan beri internet deyarli to‘liq o‘chirilgani uchun ma’lumot olish va xabarlarni tekshirish qiyinlashgan.

Jumaga o‘tar kechasi Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti orqali BBC bilan bog‘langan eronlik shifokorning aytishicha, Tehrondagi asosiy ko‘z shifoxonasi (Farabiy kasalxonasi) favqulodda holat rejimiga o‘tgan va shoshilinch yordam xizmati bemorlar ko‘pligidan qiynalmoqda.

Shoshilinch bo‘lmagan qabullar va operatsiyalar to‘xtatilgan, tibbiy xodimlar esa faqat favqulodda holatlar uchun ishga chaqirilgan.

BBC, shuningdek, payshanba kuni mamlakat janubi-g‘arbidagi Sheroz shahrida shifoxonalardan birida ishlovchi tibbiy xodimdan video va audio xabar olgan. Uning iddao qilishicha, jarohat olganlar juda ko‘p olib kelinmoqda va ularga xizmat qilish uchun jarrohlar yetarli emas. U yaradorlarning ko‘pchiligi bosh va ko‘z sohasidan o‘q yeganini ham da’vo qilgan.

Tehrondagi yana bir shifoxonada ishlovchi sog‘liqni saqlash xodimi ham BBC ga bemorlar orasida o‘qdan yaralanganlar borligini ma’lum qildi.

Erondagi namoyishlar
BBC News Persian
Dunyoning istalgan joyida odamlar tinch namoyish qilish huquqiga ega. Hukumatlar bu huquqni himoya qilish va unga hurmat ko'rsatish uchun mas’ul.
Stefan Dyujarrik
BMT Bosh kotibining matbuot kotibi (bbc.com/uzbek)

AQShda joylashgan (Human Rights Activist News Agency - HRANA) inson huquqlari faollari axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 28 dekabrdan beri davom etayotgan namoyishlar davomida kamida 51 nafar namoyishchi, jumladan 7 nafar bola, shuningdek 21 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan. Shu manbaga ko‘ra, 2 311 nafardan ortiq odam hibsga olingan.

Norvegiyada joylashgan Eron inson haqlari (Iran Human Rights - IHRNGO) tashkiloti esa, kamida 51 nafar namoyishchi, jumladan, 9 nafar bola halok bo‘lganini ma’lum qildi.

BBC Fors Xizmati halok bo‘lgan 26 nafar namoyishchining, jumladan besh nafar bolaning shaxsini tasdiqladi.

Eron politsiyasi juma kechasi Tehronda hech kim halok bo‘lmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, 26 ta binoga o‘t qo‘yilgani va mol-mulkka yetgan zarar ko‘lami juda katta ekanini aytdi.

BMT Bosh kotibining matbuot kotibi Stefan Dyujarrik Birlashgan Millatlar Tashkiloti insonlar halok bo‘lganidan juda qattiq tashvishda ekanini bildirdi.

"Dunyoning istalgan joyida odamlar tinch namoyish qilish huquqiga ega. Hukumatlar esa, bu huquqni himoya qilish va unga hurmat bilan munosabatda bo‘lish uchun mas’uldir", deb aytgan u.

Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri ser Keyr Starmer va Germaniya kantsleri Fridrix Merts qo‘shma bayonot e’lon qildi.

Bayonotda: "Eron hukumati o‘z aholisini himoya qilish uchun javobgar va fikr bildirish hamda tinch yig‘in o‘tkazish erkinligini ta’minlashi shart", deyilgan.

Eron oliy ruhoniy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy esa, juma kuni televidenie orqali qilgan murojaatida shunday dedi:

"Islom Respublikasi yuz minglab sharafli insonlarning qoni evaziga qudratga kelgan va buni inkor etganlar oldida orqaga chekinmaydi".

Keyinroq, tarafdorlar yig‘ilishida so‘zlagan Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy ayni fikrni yana takrorladi. Uning aytishicha, Eron "buzg‘unchi unsurlarga qarshi chora ko‘rishdan tap tortmaydi".

Buning aksi o‘laroq, Eron oxirgi shohining o‘g‘li Rizo Pahlaviy juma kungi namoyishlarni "beqiyos" deb atadi va eronliklarni dam olish kunlari yana maqsadli namoyishlar o‘tkazishga chaqirdi.

"Bizning maqsadimiz endi faqat ko‘chalarga chiqish emas. Maqsad shahar markazlarini egallash va qo‘lda tutishdir", dedi Pahlaviy ijtimoiy tarmoqdagi video murojaatida.

AQShda yashab kelayotgan Rizo Pahlaviy mamlakatga qaytishga tayyorlanayotganini ham aytdi.