Dunyoni ilk bor velosipedda kezgan odam nimalarni ko‘rgan? U Markaziy Osiyoga ham kelganmi?

Tomas Stivens o‘zining "Penni-farting" velosipedi yonida - qora qalamda chizilgan rasm

Surat manbasi, Corbis/Getty Images

O'qilish vaqti: 5 daq

Jyul Vernning mashhur "Dunyo bo‘ylab 80 kun" romani nashr etilganidan o‘n yil o‘tgach, bir ingliz sayyohi dunyo bo‘ylab sayohatga chiqdi.

Biroq Jyul Vernning kitobidagi poezd va kemada sayohat qilgan qahramondan farqli o‘laroq, Tomas Stivens velosipedda yo‘lga chiqdi.

Uning sayohati 1884 yilda boshlanib, ikki yildan ortiq davom etdi. Uyga qaytgach, u "Velosipedda dunyo bo‘ylab" nomli kitob yozdi.

Jahon miqyosida katta e’tibor qozongan ushbu kitobda u Shimoliy Amerika qit’asi, Yevropa va Osiyo bo‘ylab bosib o‘tgan yo‘lida ko‘rganlarini batafsil tasvirlab bergan.

Birinchi manzil – Shimoliy Amerika

Angliyada tug‘ilgan Stivens 1871 yilda 17 yoshida AQShga ko‘chib borgan.

U sportchi emas edi, lekin o‘sha paytda zodagonlar ermagi hisoblangan velosiped sportiga juda qiziqardi.

Amerikalik yozuvchi va kinorejissyor Robert Isenbergning aytishicha, Stivensni bu qadar mashhur qilgan narsa shundaki, "u oddiy odam edi, ishni shunchaki davom ettirish va bitkazish uchun yetarlicha g‘ayratli edi."

Dastlab Stivens besh oyda Shimoliy Amerika qit’asini San-Fransiskodan Bostongacha velosipedda bosib o‘tdi.

Ushbu sayohatdan so‘ng, mashhur velosiped jurnali Stivensga homiylik taklif qildi va u dunyo bo‘ylab sayohatini davom ettirishga qaror qildi.

U 1884 yil aprelida Chikagodan Angliyaga suzib ketdi. Kontinental Yevropaga o‘tgach, u Turkiya, Eron, Hindiston, Xitoy va Yaponiya bo‘ylab velosipedda sayohat qildi.

Stivensning velosipedi hozirgidan ancha farq qilardi. Bu old g‘ildiragi juda katta va orqa g‘ildiragi ancha kichik bo‘lgan "Penni-farting" deb ataladigan og‘ir model edi.

Aytishlaricha, u faqat ichki kiyim, to‘pponcha, chodir vazifasini ham o‘taydigan yomg‘irpo‘sh va qo‘shimcha g‘ildirak kabi narsalarni olib yurgan.

"Penni-farting" velosipedi

Surat manbasi, Prisma/UIG/Getty Images

Surat tagso‘zi, Stivens "Penni-farting" velosipedi bilan dunyoni aylanib chiqqan.

Istanbuldagi uchrashuvlar

Stivens 1885 yil yozida Istanbulga yetib boradi. Ramazon oyi shaharning tarixiy qismi bo‘lgan Galatadagi mehmonxonada qo‘noq bo‘ldi.

U Istanbulni dunyodagi "eng kosmopolit shaharlardan biri" deb ta’riflab, uning aholisi, ko‘chalari va modasi xilma-xilligini ta’kidlaydi. Yon ko‘chalarni faqat qahvaxonalar yoritib turar, odamlar qo‘llarida chiroqlar bilan yurardi, deya tasvirlaydi u shahardagi yorqin tungi manzaralarni.

Shuningdek, u ayollar tramvay va paromlardagi maxsus bo‘lmalarda yuzlarini ochib, tamaki chekishlari haqida ham yozgan.

Stivens shaharda o‘zi tuzgan qo‘llanma bo‘yicha sayr qildi:

"Yo‘lboshlovchi bilan Istanbul bo‘ylab tushdan keyin qadimiy yodgorliklar muzeyi, Aya Sofiya masjidi, liboslar muzeyi, Ming bir ustun, Sulton Mahmud maqbarasi, dunyoga mashhur Katta bozor, Kabutar masjidi, Galata minorasi va Sulton Sulaymon I maqbarasini ziyorat qildim."

Uning asarida so‘fiylarning raqs marosimlari, shaharning badavlat oilalari turar-joylari haqida ham so‘z boradi. U Ramazon safari chog‘ida Usmonli imperiyasi me’morchiligidan, masjid minoralari orasiga osilgan bayram chiroqlaridan hayratini yashirmaydi.

1885 yilga oid Istanbul shahrining manzarasini aks ettirgan surat.

Surat manbasi, Abdullah Freres/Buyenlarge/Getty Images

Surat tagso‘zi, 1885 yildagi Istanbul. Bu Tomas Stivens dunyoni velosipedda aylanish sayohati davomida shaharga kelgan payti...

Yo‘lda Stivens o‘sha paytdagi sulton Abdulhamid II polkiga ham duch keldi – bugungi kunda Abdulhamid II Turkiya tarixidagi eng ziddiyatli shaxslardan biri hisoblanadi.

"Sultonning yuzini ko‘rdim, lekin bu bir lahzalik ko‘rinish edi, xolos."

Turkiyaning yetakchi sanoat hududlaridan biri bo‘lgan Izmit ko‘rfazida u "oq rangga bo‘yalgan qishloqlar qosh qorayganda go‘zal manzara hosil qiladi" deb yozadi.

Markaziy Onado‘li viloyati yo‘llarida u ko‘chmanchi kurdlar qarorgohiga duch keldi. U yerdagi odamlar o‘zining saxovati bilan uni hayratga soldi.

U o‘zini kutib olgan kurd jamoasi oqsoqolini "chilim chekadigan viqorli shayx" deb ta’riflaydi. U o‘ziga berilgan taomlar haqida ham yozib, so‘ramasa ham unga joy qilib berganlarini qayd etadi.

Turkiyadagi odamlarning xilma-xilligi haqidagi fikrlarini davom ettirib, Stivens bir arman ruhoniysi unga Injil sovg‘a qilganini ham eslaydi.

1908 yilga oid Abdulhamid IIning oq-qora surati: u odamlar qurshovida ot qo‘shilgan karetada harakatlanayotgan holda aks etgan.

Surat manbasi, ullstein bild via Getty Images

Surat tagso‘zi, Stivens Turkiya bo‘ylab velosipedda sayohati davomida Abdulhamid II bilan uchrashgan. Rasmda keyinroq, 1908 yildagi holatida aks etgan.

Sharqqa sayohat

Eronda Stivens bir muddat Tehronda shoh Nosiriddinning mehmoni bo‘ldi.

Tehron chekkasida u zardushtiylarning "Sukunat minoralari"ni tomosha qilish uchun to‘xtadi – bu qadimiy joyda mayitlarni kalxatlar yeb ketishi uchun qoldirishgan, chunki ularni ko‘mish tuproqni bulg‘aydi, deb ishonishgan.

Uning ta’kidlashicha, Zardo‘shtning gulxanlari allaqachon o‘chgan va minoralar bu qadimiy dinning qoldig‘i sifatida saqlanib qolgan, bu yerlarda bir vaqtlar abadiy olovlar "kecha-kunduz yonib turardi."

"Sukut minoralari" (Towers of Silence).
Bu inshoot zardushtiylikda dafn marosimlarida foydalanilgan.

Surat manbasi, EDUCATION IMAGES/ GETTY IMAGES

Surat tagso‘zi, Stivens Erondagi zardushtiylarning "Sukut minoralari"ni (Towers of Silence) hayrat bilan tomosha qilgan.

Erondan so‘ng Stivens Afg‘onistonga yo‘l oladi. Biroq, u mamlakatga kira olmaydi va Kaspiy dengizini kemada kesib o‘tib, hozirgi Ozarbayjon poytaxti Bokuga, u yerdan esa poezdda hozirgi Gruziyaning Batumi shahriga boradi.

So‘ng kemada Hindistonning Kalkutta shahriga yo‘l oladi.

Hindistonda u Toj Mahal yodgorligini yuksak baholaydi. Issiqdan shikoyat qilsa-da, bu yerdagi manzara va ranglar uning sayohatidagi eng yoqimli taassurotlar ekanligini ta’kidlaydi. U yerdan Honkongga, keyin esa Xitoyga yo‘l oladi. Uning safarining so‘nggi manzili Yaponiyadagi Yokogama shahri bo‘ladi.

U yerda Stivens "xulq-atvori nozik" va "quvnoq" qishloq ahli bilan uchrashgan. U shunday deb yozadi: "Ular boshqa har qanday millatga qaraganda qanday baxtli yashash yo‘lini topishga yaqinroq". U bolalarning bilimga ishtiyoqidan hayratlanadi.

Stivens 1886 yilda jami ikki yilu sakkiz oy davom etgan sayohatini shu yerda yakunlaydi.

O‘z hisob-kitoblariga ko‘ra, u 22 000 km masofani velosipedda bosib o‘tib, velosipedda dunyo bo‘ylab sayohatni yakunlagan birinchi inson bo‘ldi. U dastlab o‘zining sayohat qaydlarini jurnalda seriya ko‘rinishida, keyin esa 1887 yilda kitob shaklida nashr ettirdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Orientalizm ta’siri" va tanqid

Stivens o‘zi duch kelgan jamoalarni hayrat bilan tasvirlagan bo‘lsa-da, o‘sha davr qoliplaridan to‘la chiqa olmagan. U ko‘pincha uchragan odamlarni "yarim madaniyatli", "iflos" va "johil" deb ta’riflaydi.

Hatto u Turkiyaning Sivas shahrida bo‘lganida shunday yozgan: "O‘rtacha arman qishlog‘i aholisining ongi chuqur va quyuq jaholat va axloqiy tushkunlikdan iborat."

Stivensning Turkiyaga sayohatlarini o‘rgangan turk yozuvchisi Aydan Chelikning fikricha, u – o‘sha davrning ko‘plab sayyohlari singari – "orientalistik", ya’ni Sharqdagi madaniyatlar va odamlarga stereotipli nuqtai nazardan qaragan.

Biroq, yozuvchi Robert Isenbergning ta’kidlashicha, Stivensning qarashi sayohat davomida o‘zgara boshlagan: "U qat’iy madaniy nuqtai nazardan gapiradi. Uning qo‘lida viktoriancha o‘lchov "asbobi" bor edi, – deydi janob Isenberg. – Ammo u Toj Mahalga yetib borgach va undan chindan ham hayratga tushgach, arxitektura va san’atdan shunchalik ta’sirlanadiki, uni hech narsa bilan taqqoslamaydi. U faqat shunga mahliyo bo‘ladi".

Arman oilasining yig‘ilishi tasvirlangan rasm. Bir guruh odamlar o‘rtasida bir erkak raqsga tushayotgandek ko‘rinadi, ayrimlar esa to‘dadan chetda turib tomosha qilmoqda.

Surat manbasi, Around the World on a Bicycle

Surat tagso‘zi, Stivensning o‘z kitobi sahifalarida gapirilgan arman oilasi tasvirlangan rasm.

Velosipedda dunyo bo‘ylab sayohat qilgan birinchi inson sifatida Stivensning hikoyalari Angliya va AQShda juda mashhur edi. Olimlar fikricha, uning hikoyalari o‘sha paytda ko‘plab amerikaliklarning dunyoning qolgan qismi haqidagi tasavvurini shakllantirgan.

Stivensning hayoti yosh amerikalik sayyohlar Uilyam Saxtleben va Tomas Allenni ilhomlantirdi, ular ham Istanbulga velosipedda sayohat qilishdi.

Bulardan tashqari, janob Chelikning fikricha, Stivensning eng muhim merosi uning "velosiped inqilobi" – ikki g‘ildirakli sayohatni ommalashtirishga qo‘shgan ulkan hissasidir.