Nega Suriya urushini tugatish oson bo‘lmaydi – besh asosiy sabab

Suriya Asad aks etgan plakat

Surat manbasi, EPA-EFE/REX/Shutterstock

Surat tagso‘zi, Kuzatuvchilarga ko‘ra, prezident Bashar al-Asadga qarshi kuchlar Halabni deyarli hech bir qarshiliksiz egallashgan.
    • Author, Luis Barrucho
    • Role, Bi-bi-si Jahon xizmati
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Yangilik: Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi bugun Suriyadagi vaziyatni muhokama qiladi.

Mamlakatda islomchi isyonkor guruhlar tomonidan Bashar al-Asad rejimi qulatildi.

Tahlil:

Isyonchi kuchlar Suriya hukumatiga qarshi so‘nggi yillardagi eng katta hujumini boshladi, bu esa urushning amalda tugagani haqidagi ilgarigi tasavvurlar chil-parchin qildi.

Ular Halabdan keyin kecha, payshanba kuni Hamani ham oldi. Bu endi isyonchi kuchlar poytaxt Damashqqa yo‘l soladi, degan xavotirlarni kuchaytirdi.

Qo‘rquvdagi o‘n minglab odam Suriyaning uchinchi yirik shahri Homsni tashlab chiqmoqda.

Hay’at Tahrir ash-Shom (HTSh) islomiy jangari guruhi boshchiligidagi kutilmagan hujum natijasida ular dastlab Suriyaning ikkinchi yirik shahri Halabni nazoratga olib, hukumat qo‘shinlarini chekinishga majbur qilishdi.

Bu hujum, shuningdek, 2016 yildan beri Halabga Rossiyaning birinchi havo hujumlarini keltirib chiqardi.

Urush boshlanganidan deyarli 14 yil o‘tib, bu yangi janglar urush davom etishidan xavotirlarni kuchaytirdi.

2018 yildan beri mamlakat fuqarolik urushi tufayli amalda uch qismga bo‘lingan, bunda Bashar al-Asadning avtoritar rejimi, kurd kuchlari va islomiy isyonchilar turli hududlarni nazorat qilmoqda.

Quyida Suriyadagi urushni tugatish nima uchun qiyin ekanligining beshta sababi keltirilgan.

Aloqador mavzular:

Bizga a’zo bo‘ling:

Xorijiy manfaatlar

Halab

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Isyonchilar Halab aeroporti va yaqin atrofdagi o‘nlab shaharlarni o‘z nazoratiga olgani xabar qilingan.

Suriya raqobatchi davlatlar ittifoqchilarga yordam berish bahonasida o‘z strategik maqsadlarini ko‘zlayotgan global shaxmat taxtasiga aylandi.

Turkiya, Saudiya Arabistoni va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan tarqoq qurolli muxolifat guruhlari Asadga qarshi kurashmoqda. Biroq, uning rejimi Eron va Rossiyaning muhim yordami tufayli yashab turibdi.

Urush chuqurlashgani sayin, "Islomiy davlat" (ID) va "Al-Qoida" kabi ekstremistik jihod tashkilotlari ham qo‘shilib, xalqaro xavotirlarni kuchaytirdi. AQSh yordamida o‘zini o‘zi boshqarishga intilayotgan Suriya kurdlari vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Rossiya va Eron Asad hokimiyatini saqlab qolishda hal qiluvchi rol o‘ynadi, Turkiya esa shimoldagi o‘z chegaralarini himoya qilish uchun isyonchi guruhlarni qo‘llab-quvvatladi.

2020 yilda Rossiya va Turkiya Idlibda vaqtinchalik tinchlik o‘rnatishda vositachilik qilib, qo‘shma patrullar bilan xavfsizlik yo‘lagini tashkil etdi, garchi ayrim joylarda janglar davom etayotgan bo‘lsa-da. Bu keng ko‘lamli to‘qnashuvlarni kamaytirgan bo‘lsa ham, Suriya hukumati hech qachon to‘liq nazoratni qaytarib ololmadi.

Hozir isyonchilar hukumatning asosiy ittifoqchilari boshqa mojarolar bilan band bo‘lganidan foydalanmoqda.

"Asad rejimi uzoq yillar davomida chet eldan qo‘llab-quvvatlov hisobiga juda muvaffaqiyatli saqlanib turdi. Isroilning shiddatli hujumi natijasida Hizbullohning butkul inqirozi va Ukrainadagi urush tufayli Rossiya resurslarining tobora kamayib borishi hamda e’tiborning chalg‘ishi Asad rejimini chindan ham yolg‘iz qoldirdi. Bu esa HTSh uchun kutilmagan hujum uyushtirib, hududlarni qaytarib olishni boshlashga qulay imkoniyat yaratdi," deydi Melburn universitetining siyosatshunoslik bo‘yicha katta o‘qituvchisi doktor Saymon Frankel Pratt.

"Urushning qayta boshlanishi Suriya shimolida hech qachon to‘liq hal qilinmagan ichki beqarorlik va Asad tayanib kelgan tashqi yordamning yemirilishi yoki barbod bo‘lishi natijasida yuz berdi," deya qo‘shimcha qiladi u.

Xarita
Surat tagso‘zi, Isyonchi kuchlar Halabdan keyin kecha, payshanba kuni Hamani ham oldi. Bu endi isyonchi kuchlar poytaxt Damashqqa yo‘l soladi, degan xavotirlarni kuchaytirdi.

Iqtisodiy cho‘kish va gumanitar inqirozi

Yaralangan yosh qiz.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, HTShning tayanch nuqtasi bo‘lgan Idlibdagi isyonchi kuchlarga berilgan havo zarbalari natijasida oddiy odamlar ham yaralangan.

Urush Suriyani vayron qildi, uning iqtisodiyotini izdan chiqardi, infratuzilmasini barbod etdi va millionlab odamlarni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Bu esa tiklanishning aniq yo‘li ko‘rinmaydigan gumanitar tanglikni keltirib chiqardi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, Suriyaning urushdan oldingi 22 millionlik aholisining yarmidan ko‘pi qochqinga aylandi. 6,8 million ichki ko‘chkinlarning 2 milliondan ortig‘i asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan, gavjum lagerlarda yashaydi. Qo‘shimcha 6 million kishi mamlakatdan chiqib ketdi, asosan Livan, Iordaniya va Turkiyaga, ular birgalikda 5,3 million qochqinni qabul qilgan.

"Vaziyat juda beqaror va noaniqligicha qolmoqda," deydi "World Vision Syria" tashkilotidan Emmanuel Ish. "Turli joylarda janglar davom etmoqda va bu ichki ko‘chkinlar soni ortishiga olib kelmoqda."

"Ular turli joylarga ketishmoqda va bizni tashvishlantiradigani shuki, Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismida allaqachon 2 million kishi lagerlarda yashaydi. Shu bois, qochqinlarning ba’zilari yordam olish umidida ushbu joylarga kelishmoqda, ammo yangilarni qabul qilish uchun sharoitlar mavjud emas."

2023 yil holatiga ko‘ra, janglarning so‘nggi davridan oldin Suriyada 15,3 million kishi gumanitar yordamga muhtoj edi – bu rekord daraja hisoblanadi – va 12 million kishi jiddiy oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda. 2023 yil fevral oyida Turkiyaning Gaziantep shahri yaqinida sodir bo‘lgan zilzila vaziyatni yanada yomonlashtirib, Suriyada 5900 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi va 8,8 million kishiga zarar yetkazdi.

Iqtisodiy manfaatlar, jumladan neftь konlari va asosiy savdo yo‘llarini nazorat qilish istagi ham keskinlikni kuchaytirmoqda va gumanitar inqiroz bilan birgalikda mamlakatda norozilik va ichki ziddiyatlarga sabab bo‘lmoqda.

Avtoritar boshqaruv

Prezident Asad Arab Ligasi sammitida.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, "Asad rejimi hokimiyatdan voz kechishni yoki murosa qilishni istamaydi, isyonchi guruhlar esa uni hokimiyatdan ag‘darish va mamlakatda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lish uchun kurashni davom ettirmoqda", - deydi ekspertlardan biri.

Asad rejimining hokimiyatni saqlab qolish uchun zo‘ravonlik va qatag‘onlarga erk berishi ham norozilikni kuchaytirdi va urushni cho‘zdi.

BMTning 2021 yilgi hisobotida hukumat tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli vahshiyliklar, jumladan, kimyoviy hujumlar, aholi punktlariga havo zarbalari, tinch aholini och qoldiradigan qamallar va gumanitar yordamga qo‘yilgan qattiq cheklovlar hujjatlashtirilgan.

"Bu urush negizida avtoritarizm turadi, – deydi Yevropa tashqi aloqalar kengashining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika dasturi direktori Jyulen Barns-Deysi. – Asad rejimi murosaga kelish yoki hokimiyatni bo‘lishishdan muntazam ravishda bosh tortib keldi."

2022 yilga kelib, BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 306 887 tinch aholi urush harakatlari tufayli halok bo‘lgan, yana minglab odamlar ochlik, kasalliklar va tibbiy yordam yetishmasligi oqibatida vafot etgan.

Buyuk Britaniyaning Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha tahlil markazi Yaqin Sharq xavfsizligi bo‘yicha katta ilmiy xodimi Burju O‘zjelik qo‘shimcha qildi: "Rejim yaxshi boshqaruvdan ko‘ra tirik qolishga e’tibor qaratishga majbur bo‘lmoqda."

Bo‘lingan jamiyat

Halab tepadan qaraganda...

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Halab hozir ham isyonchilar nazorati ostida.

"Siyosiy bo‘linishlar mojaroning markazida turgan bir paytda, shubhasiz, uzoq vaqt davomida kuchli mazhab oqimi hal qiluvchi rol o‘ynadi," deydi janob Barns-Deysi.

Sharqda kurdlar ko‘pchilikni tashkil etadigan hududlar urushning dastlabki yillaridan beri Suriya davlati nazoratidan tashqarida qoldi. Ayni paytda, IShID qoldiqlari Suriya sahrolarida saqlanib qolmoqda va xavfsizlikka tahdid solmoqda.

Shimoli-g‘arbda Idlib urush avjiga chiqqan paytda u yerga surilgan jangari guruhlar uchun tayanch nuqtasiga aylandi va bu kuchlarga HTSh viloyatning de-fakto hukmdori sifatida rahbarlik qilmoqda.

Vaziyat isyonchi guruhlar o‘rtasidagi o‘zaro to‘qnashuvlar bilan yanada murakkablashmoqda. Ba’zi guruhlar, jumladan Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kuchlar asosan kurdlarning Xalq mudofaa bo‘linmalari jangchilaridan iborat koalitsiya Suriya Demokratik kuchlari (SDK) bilan to‘qnashdi. Turkiya Xalq mudofaa bo‘linmalarini terrorchi tashkilot deb hisoblaydi.

HTSh hujumni boshlaganidan ko‘p o‘tmay, Halabning katta qismini egallab olgan isyonchilar koalitsiyasining bir qismi bo‘lgan Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Ozod Suriya armiyasi shahar atrofidagi hududlar va qishloqlarni egallaganini e’lon qildi.

Ushbu hududlar Bashar al-Asad hukumati tomonidan emas, balki SDK tomonidan nazorat qilinardi, bu esa mojaroning tarqoq va ko‘p qirrali xususiyatini yana bir bor ko‘rsatib berdi.

Muvaffaqiyatsiz xalqaro diplomatiya

Oq kaskalilar

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Suriyadagi ko‘ngillilar tarmog‘i bo‘lgan Oq kaskalilar Idlibdagi zarbalarni bee’tibor qoldirmadi.

Tinchlik o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlar, shu jumladan BMT boshchiligidagi muzokaralar, asosiy manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi qarama-qarshi kun tartiblari tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ekspertlar ta’kidlashicha, yirik ishtirokchilar ko‘pincha o‘z strategik maqsadlarini murosadan ustun qo‘yadi va bu barqaror yechimlar uchun kam imkoniyat qoldiradi.

"Asosiy vaziyat o‘zgarishsiz qolmoqda: Asad rejimi hokimiyatdan voz kechishni ham, murosaga kelishni ham istamaydi, isyonchilar esa uni ag‘darib tashlash va mamlakatdagi o‘z o‘rinlarini ta’minlash uchun kurashni davom ettirmoqda," deydi Barns-Deysi.

Frankel-Pratt qo‘shimcha qiladi: "Mintaqadagi boshqa mamlakatlar juda xavotirda, chunki vaziyat qanday hal bo‘lishi noma’lum.

"Xavotirlangan mamlakatlar odatda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishadi. Masalan, Eron va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida vaziyatni barqaror saqlash uchun vaqtinchalik kelishuvlar, AQSh va Yevropa tomonidan esa keskinlashuv oldini olish uchun ehtiyotkor tashqi siyosat yuritilishini ko‘rishimiz mumkin."

Ba’zi ekspertlar, shuningdek, Tramp ma’muriyati davrida AQSh siyosatining o‘zgarishi bilan yuzaga kelgan noaniqlikni ta’kidlaydilar. Masalan, Turkiya AQSh va Rossiya bilan qulay muzokaralar olib borish maqsadida Trampning lavozimga kirishidan oldin o‘z mavqeini mustahkamlash uchun isyonchilarning so‘nggi hujumini qo‘llab-quvvatlagan, degan taxminlar bor.

Biroq Barns-Deysining so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyatining Yaqin Sharqdagi strategiyasi hamon noaniq.

"Tramp atrofida Isroil tarafdori, Eronga qarshi Yaqin Sharqda tajovuzkor siyosatni xohlovchi guruh ham, izolyatsionizm va AQShning chiqib ketishini yoqlovchi guruh ham mavjud. Tramp AQShning Eronga qarshi chuqurroq aralashuvini kuchaytiradimi yoki mintaqaviy ishtirokchilarni o‘z mojarolarini mustaqil hal qilishga qo‘yib, AQShning chiqib ketishini tezlashtiradiganmi, bu noma’lum," deya xulosa qiladi u.

Asad tuzumi isyonchilarga qarshi: Rossiya va Eron yordam beradimi? Video

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post