Seks evaziga yordam yoki farishta qiyofasidagi yirtqich

- Author, Fundanur O‘zturk
- Role, BBC News Turk xizmati
- Author, Kawoon Khamoosh
- Role, BBC Jahon xizmati
- O'qilish vaqti: 7 daq
BBC News'ning Turk xizmati yoritgan jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan shaxs – turk xayriya do‘koni egasi qamoqqa olindi.
BBCning bir yil davomida olib borgan surishtiruvi Sadettin Karago‘z ismli shaxs Anqaradagi himoyasiz suriyalik qochqin ayollarni jinsiy ekspluatatsiya qilgani va ularga seks evaziga yordam va’da bergani haqidagi ayblovlarni o‘rtaga chiqardi. Uning o‘zi barcha ayblovlarni rad etmoqda.
Yordamga muhtoj suriyalik ayollar ta’kidlashicha, dastlab Karago‘z ularga osmondan tushgan "farishta"dek ko‘ringan. Yaqinlari esa uni "qochqinlar bobosi" sifatida ko‘rib kelgan.
Anqaraning Altindag‘ mahallasini minglab suriyalik qochqinlar yashagani sababli "kichik Halab" deb atashgan. Karago‘z aynan shu yerda 2014 yilda o‘z xayriya do‘konini tashkil etgan.
Turkiya dunyodagi eng ko‘p qochqinlar yashaydigan mamlakatlardan biri va Karago‘zniki kabi xayriyalar, ayniqsa, ishsiz ayollar uchun hayot manbai bo‘lishi mumkin.
Shunday ayollardan biri Madinadir*. U 2016 yilda, fuqarolar urushi uning shahri Halabni qamrab olganda qochishga majbur bo‘lgan.
Uning aytishicha, oradan ikki yil o‘tgach, uch farzandidan biri og‘ir xastalikka chalingan va eri uni tashlab ketgan. Anqarada bolalarga yolg‘iz o‘zi qarashga majbur bo‘lgan ayol yordamga o‘ta muhtoj edi.
Hamma uni Sadettin Karago‘zning "Umut Hayir Magazasi" yoki "Umid xayriya do‘koni"ga borishni tavsiya qilgan. U taglik, makaron, yog‘, sut va kiyim-kechak kabi xayriyalarni to‘plab, qochqinlarga tarqatardi.

"U menga: Eshigim siz uchun doim ochiq dedi", eslaydi Madina. Uning aytishicha, Karago‘z "Boradigan joyingiz bo‘lmaganda, menikiga keling, sizga g‘amxo‘rlik qilaman", degan.
Ayolning aytishicha, keyin yordam so‘rab borganda, bu erkak o‘zgarib qolgan edi. U do‘konda ayollarga ruxsatsiz teginayotganini, o‘ziga ham qo‘l tekkizganini payqaydi. U yerga so‘nggi marta borganida vaziyat keskinlashdi.
U Karago‘z uni ofisda parda ortidagi joyga ba’zi narsalarni keltirish uchun olib kirgani haqida gapirdi.
"U meni ushlab olib, meni yoqtirishini aytdi, – deydi u. – U meni o‘pa boshladi... Men baqira boshladim, unga mendan nari ketishini aytdim. Agar qichqirmaganimda, u meni zo‘rlamoqchi edi."
Madina binodan qochib chiqqani va Karago‘zga bu haqda politsiyaga xabar berajagini aytgani haqida gapirdi.
Biroq uning aytishicha, Karago‘z uni "oldiga kelishga" ko‘ndirishga urinavergan va bir kuni uning uyiga kelib, eshikni qattiq taqillatib, ochishni talab qilgan.
"U dahshatli gaplarni aytdi, – deydi u. – Men qo‘rqqanimdan eshikni ochmadim," deya qo‘shib qo‘yadi ko‘z yoshlarini tiyishga urinib. Karago‘z uni Suriyaga qaytarib yuborish bilan tahdid qilgan ekan.
Oqibatlardan qo‘rqqan Madina politsiyaga bormaganini va bo‘lib o‘tgan voqeani boshqa hech kimga aytmaganini ta’kidlaydi.

Nafaqadagi bank xodimi bo‘lmish Karago‘z bu ayblovlarni rad etib, BBC bilan suhbatda uning do‘koni 37 mingdan ortiq odamga, asosan qochqinlarga yordam berganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yordam tarqatish punkti kichik, gavjum va videokuzatuv ostida bo‘lgani uchun u hech qanday ayol bilan yolg‘iz qolmagan.
Yillar davomida uning xayriyasi keng e’tirofga etilib, 2020 yilda mahalliy gazetaning mukofotini qo‘lga kiritgan. U haqda milliy televidenieda hikoya qilishgani, milliy hamda xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatloviga ham erishganini ta’kidlaydi.
Men yordamni olish uchun o‘girilganimda, u qo‘llarini orqamga tegizdi. Xafa bo‘ldim. G‘azablandim... Uni itarib yubordim. Yordamni olmay, do‘kondan chiqib ketdim.
Jami uch ayol, shu jumladan, Madina ham BBCga Karago‘z ularga jinsiy tajovuz qilgani va bezovta qilganini aytdi. Yana yetti kishi, jumladan, uning xayriya tashkilotida ilgari ishlagan ikki sobiq xodim 2016-2024 yillar mobaynida uning jinsiy zo‘ravonlik qilganiga guvoh bo‘lganliklarini yoki bevosita guvohlardan eshitganliklarini ta’kidladi.
"Uning stoli orqasida kichkina xona bor edi, u yerga biz yordam paketlarini qo‘yardik, – deydi sobiq xodimlardan biri. – Biz uning o‘sha xonada ayollarga tegajog‘lik qilishini ko‘rib, o‘rganib ham qolgan edik."
27 yoshli suriyalik qochqin Nadaning* aytishicha, Karago‘z dastlab unga yordam taklif qilganida, u "xuddi farishta kelgandek his qilgan."
Biroq ayolning aytishicha, u birinchi gal uning tashkilotiga borganida, Karago‘z o‘zi bilan birga bo‘sh kvartiraga borsagina yordam berishini aytgan. "Uzoq qolmaymiz, atigi 10 daqiqa... Rozi bo‘lmasangiz, sizga hech narsa bermayman," deya Karago‘zning so‘zlarini keltiradi Nada.
U qaynsinglisi ham yonida birga bo‘lganini va ular darhol u yerdan chiqib ketishganini aytadi.

Nada eri va farzandlari bilan Anqarada sovutgich kabi qulayliklar bo‘lmagan yomon jihozlangan kvartirada yashagani haqida gapirdi. Oilasini ta’minlashga yordam berolmayotganidan umidsizlikka tushgan ayol boshqa borar joy topolmaganidan yana o‘sha do‘konga qaytganini aytdi.
Nada bir safar Karago‘z uni o‘g‘liga taglik olish uchun parda ortidagi joyga olib borganini aytdi. "Uning bir qo‘lida taglik, ikkinchi qo‘li bo‘sh edi. U ko‘kragimni ushlashga urindi," deydi u.
U Karago‘z shunday deganini eslaydi: "Hayajonlanmang, bu normal holat."
Keyingi safar borganda esa, u "orqamdan kelib, qo‘limni ushladi... meni jinsiy a’zolariga tegishga majbur qildi... menga hujum qilayotgan maxluqdek edi" deydi.
"Butun vujudim qaltirardi... Yig‘layotgandim, – deydi u. – U menga: Tinchlan. Bu oddiy holat, tez bo‘ladi, dedi." Ammo u qochib ketganini, tashqarida turgan boshqa ayollarni do‘konga kirishdan ogohlantirganini aytadi.
Bu Nadaning Sadettin Karago‘zdan so‘nggi marta yordam so‘ragani edi.
Jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq uyatdan qo‘rqib va o‘zini ayblab qo‘yishlaridan xavotirlanib, Nada bo‘lib o‘tgan voqeani hech kimga, hatto eriga ham ayta olmaganini ta’kidlaydi.

BBCga Karago‘zdan hujumga uchraganini aytgan uchinchi ayol Batul bo‘lib, u keyinchalik Germaniyaga ko‘chib ketgan.
Uch farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ona ham undan yordam so‘rab borganini aytadi. "Men yordamni olish uchun o‘girilganimda, u qo‘llarini orqamga tegizdi," deb tushuntiradi u.
"Xafa bo‘ldim. G‘azablandim... Uni itarib yubordim. Yordamni olmay, do‘kondan chiqib ketdim."
U ochiq gapirish orqali o‘zi kabi "aziyat chekkan ko‘plab ayollarga" yordam berishga umid qilmoqda.
Karago‘zga qarshi bu kabi ko‘rsatmalar ilk bor paydo bo‘lgani yo‘q. Politsiya uni o‘tmishda kamida ikki marta so‘roq qilgan.
Hujjatlarga ko‘ra, 2019 yilda bir ayol uni jinsiy shilqimlik va tajovuzda ayblagan. Ammo turk prokurori uni sudga berish uchun yetarli dalil yo‘q deb qaror qilgan.
2022 yilda BMTning qochqinlar agentligi Karago‘zga qarshi ayblovlar haqida xabar topgach, bir nechta maxfiy suhbatlar o‘tkazgan. 2025 yilda esa politsiya uning do‘koniga bostirib kirib, faoliyatini to‘xtatgan va jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha yangi shikoyat yuzasidan so‘roq qilgan.
Karago‘zning advokatlari bizga prokuraturaning shu yil iyunida chiqargan qarorini ko‘rsatdi. Unda dalillar yetishmasligi sababli uni sudga bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qilingani aytilgan.
BMT ham, politsiya ham ayblovlarga jiddiy qaramaganini, ammo jabrlanuvchilar ham, guvohlar ham rasman shikoyat qilishga tayyor bo‘lmagani sababli boshqa chora ko‘ra olmaganliklarini bildirishdi.
Ba’zi ayollar guvohlik berishdan qochadi, chunki bu ularni ta’qib qilishlari yoki mamlakatdan chiqarib yuborishlariga sabab bo‘lishidan qo‘rqishadi.

Ammo BBC surishtiruvidan so‘ng ma’lum bo‘lishicha, Karago‘z haqida xabar berish uchun yana ikki ayol chiqqan va ularning ko‘rsatmalariga ko‘ra u jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan. U hozir qamoqda sudni kutmoqda.
U hibsga olinishdan oldin biz Madina, Nada, Batul va xayriya xodimlari qo‘ygan ayblovlarni Karago‘zga yetkazgan edik. U barcha ayblovlarni rad etgan va agar ular haq bo‘lsa, ko‘proq ayollar chiqishini ta’kidlagandi. "Uch kishi, besh kishi, 10 kishi [shikoyat qilishi mumkin]. Bunday hollar uchrab turadi, – degandi u. – Agar siz 100, 200 [kishi ayblamoqda] desangiz, unda mayli, haqiqatan ham bu ishlarni qilganimga ishonishingiz mumkin."
Shuningdek, u qandli diabet va qon bosimidan aziyat chekishini aytib, bizga 2016 yilda chap moyagini olib tashlash bo‘yicha operatsiya tafsilotlari yozilgan tibbiy xulosani ko‘rsatdi – bu uning hech qanday jinsiy aloqa bilan shug‘ullana olmasligini anglatishini aytdi.
Biz Istanbul universiteti urologiya professori va erkaklar jinsiy salomatligi bo‘yicha mutaxassis Atesh Kadio‘g‘lidan Karago‘z o‘tkazgan muolaja shunday ta’sir ko‘rsatishi mumkinmi, deb so‘radik. U bizga bitta moyak olib tashlanganda "testosteron darajasi 90 foizda qolishini va shuning uchun u odamning jinsiy hayotiga ta’sir qilmasligini" aytdi.
Biz buni Karago‘zga yetkazganimizda esa, u jinsiy aloqa "menga mumkin emas" deb ta’kidladi.
Shuningdek, biz unga jinsiy zo‘ravonlik jinsiy mayldan ko‘ra ko‘proq hokimiyat va nazorat istagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini tushuntirdik. U shunday javob berdi: "Menda bunday istak yo‘q.
"Biz faqat savob ish qildik, evaziga mana shularni olyapmiz, uch-beshta odamning gapi deb sinib qolmaymiz."
Uning aytishicha, ilgari uni zo‘ravonlikda ayblagan ayollar narkotik sotgani yoki boshqa noqonuniy ishlar bilan shug‘ullangani uchun politsiyaga xabar bergani sababli shunday qilgan. Unga qarshi shunga o‘xshash «soxta» ayblovlarni prokurorlar rad etgan.
Biz suhbatlashgan ayollarning barchasi o‘zlari yoki qarindoshlari jinoyatga aloqador ekanligini inkor etishdi va Bi-bi-si bu haqda hech qanday dalil topmadi.
Shu yil mart oyida Karago‘z o‘z tashkiloti nomini "Bir Evim Aşevi Derneg'i" – "Mening uy oshxonam uyushmasi" deb o‘zgartirdi va uni birinchi marta rasman xayriya tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Madina yangi uyga ko‘chib o‘tdi va telefon raqamini o‘zgartirdi, ammo Karago‘zni hamon qo‘rqinchli tushlarida ko‘rayotganini aytadi. "Men biror erkakka ishonolmaydigan bo‘lib qoldim... Odamlardan uzoqlashdim, tushkunlikka tushdim. O‘lishni xohlardim, – deydi u. – Meni faqat bolalarim hayotga bog‘lab turardi."
U bor kuchini o‘g‘lining hayotini saqlab qolishga qaratganini, ammo o‘g‘li yetti yoshida vafot etganini aytdi.
Mana, Turkiyada o‘tgan o‘n yildan so‘ng uning oilasiga boshqa davlatga ko‘chib o‘tishga ruxsat berildi.
*Madina va Nadaning ismlari ularning shaxsini himoya qilish maqsadida o‘zgartirilgan.








