Ukraina urushi: Rossiyaga kim qurol bermoqda?

Dron

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 5 daq

Rossiya har yili Ukraina jabhasiga millionlab snaryadlar yo‘llaydi.

O‘z ittifoqchilari tomonidan etkazib beriladigan o‘q-dorilardan foydalanib, muntazam ravishda tinch aholi ob’ektlariga havo hujumlari uyushtiradi.

G‘arb davlatlari Rossiyaning qurol-yarog‘ ishlab chiqarish imkoniyatlarini sanktsiyalar qo‘llash orqali cheklashga urinayotgan bir paytda, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreya Rossiya harbiy-sanoat kompleksi ish faoliyati davom etishini ta’minlab kelmoqda.

Eron dron va raketalari

Infografika

Yaqinda Eron Rossiya bilan 200 dan ortiq qisqa masofali “Fath-360” ballistik raketalarini etkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzganlikda ayblangan edi.

Bu ballistik raketa 150 kg portlovchi moddani 120 km masofaga otish imkoniyatiga ega.

AQSh razvedkasining da’vo qilishicha, o‘nlab rossiyalik harbiylar Eronda ushbu raketalardan foydalanish bo‘yicha tayyorlovdan o‘tishgan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya bu raketalarni kuz oylarida Ukraina frontida qo‘llashi mumkinligini aytdi.

“Fath-360” raketalari Rossiyaga Ukrainaning chegaraga yaqin shaharlari va elektr stantsiyalariga zarba berish imkonini beradi.

Bu Rossiyaga - zahirasidagi uzoq masofali raketalarni mamlakat ichkarisidagi nishonlari uchun ishlatishiga sharoit yaratadi.

"Fath-360 nisbatan yaqin masofadagi nishonlarni urish uchun yaxshi", deydi London Kings kolleji harbiy tadqiqotlar bo‘limidan doktor Marina Miron. "Rossiyaning bunday raketasi yo‘q."

Evaziga, Rossiya Eronga harbiy texnologiya, jumladan, yadroviy texnologiya ham berishi mumkin, dedi u.

Rossiyaga raketa etkazib bergani uchun AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya va Germaniya Eronga yangi sanktsiyalar kiritdi.

Bu sanktsiyalarga – Iran Air aviakompaniyasining Buyuk Britaniya va Evropaga parvozlarini cheklash, shuningdek, kelishuvga aloqador deb hisoblangan eronliklarning sayohatlarini taqiqlash va aktivlarini muzlatish kiradi.

Eron har safar Rossiyaga o‘zini-o‘zi boshqaruvchi harbiy qurollar, jumladan “Fath-360” etkazib berayotganini rad etib kelgan.

Infografika

Ukraina hukumati va G‘arb razvedka idoralari ham Eron 2022 yil kuzidan beri Rossiyaga “Shahid-136” dronlarini etkazib berayotganini da’vo qilmoqda.

“Shahid” burnida jangovar kallak bilan jihozlangan bo‘lib, o‘zi nishonni topib, zarba berish uchun mo‘ljallangan.

Rossiya harbiylari Ukraina havo mudofaa tizimini yorib o‘tish uchun birvarakayiga o‘nlab uchuvchisiz uchoqlarni hujumga jalb qiladi.

Ko‘pincha bu dronlar Ukraina havo mudofaasining kuchliroq zarar etkazishi mumkin bo‘lgan qanotli va ballistik raketalarini to‘xtatib qolishidan to‘siq sifatida ishlatiladi.

Eron hukumatining ta’kidlashicha, ular urushdan oldin Rossiyaga "oz sonli" uchuvchisiz samolyotlar etkazib bergan.

Biroq Qo‘shma Shtatlar va Evropa Ittifoqi Eronni Rossiyaga muntazam ravishda qurol etkazib berishda ayblab, ittifoq ushbu oldi-berdilar bilan bog‘liq shaxslar va firmalarga qarshi sanktsiyalar kiritdi.

Kollaj
gettyimages
Fath-360 nisbatan yaqin masofadagi nishonlarni urish uchun yaxshi. Rossiyaning bunday raketasi yo‘q.
Doktor Marina Miron
London Kings kolleji harbiy tadqiqotlar bo‘limidan (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Shimoliy Koreya raketa va snaryadlari

Urib tushirilgan dron

Surat manbasi, Getty Images

AQSh razvedka agentligi (DIA) 2024 yil may oyidagi hisobotida Shimoliy Koreya Rossiyaga uch million artilleriya snaryadlari etkazib bergani haqida xabar berdi.

Artilleriya Ukrainadagi frontda har ikki taraf ishlatadigan asosiy quroldir.

Bu qurol dushman zirhli texnikasi va piyoda askarlarini manevr qilish va oldinga siljishini oldini oladi.

Britaniya Qirollik Mudofaa tadqiqotlari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda Rossiyada snaryadlar zaxirasi Ukrainanikidan besh baravar ko‘p bo‘lgan.

Institut tahlilchilariga ko‘ra, 2023 yil qishidan buyon Rossiya Ukraina sharqida katta hududlarni qo‘lga kirita olishiga aynan shu sabab bo‘lgan.

Shimoliy Koreya raketasi

2024 yil yanvarida Ukraina razvedka xizmati vakillari Shimoliy Koreya tomonidan ishlab chiqarilgan va Xarьkovga qilingan yirik havo hujumida ishlatilgan ikki turdagi qisqa masofali ballistik raket qoldiqlarini aniqlaganliklarini aytishgan edi.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, ulardan biri KN-23 nomi bilan ham tanilgan Hvasong-11 raketasi.

Bu qisqa masofali ballistik raketa 400 km dan 690 km masofaga ucha oladi. Og‘irligi 500 kg gacha bo‘lgan jangovar kallaklarni tashish imkoniga ega.

2006 yildan beri Shimoliy Koreyaga BMT tomonidan ballistik raketalar savdosiga sanktsiyalar kiritilgan.

Ukraina razvedkasi Shimoliy Koreya Rossiyaga 50 ta raketa yuborganini da’vo qilmoqda.

BMT Xavfsizlik kengashining shu yil fevralidagi yig‘ilishida AQSh Rossiyani Ukrainaga qilgan havo hujumlarida kamida to‘qqiz marta Shimoliy Koreya raketalaridan foydalanganlikda ayblagan.

Raketa qoldig‘i

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Xarьkovdagi bu qoldiqlar, Ukraina razvedkasiga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning Hvasong-11 raketasiga tegishli.

DIA ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya va Shimoliy Koreya qurol sotish bo‘yicha muzokaralarni 2022 yil kuzida boshlagan va ilk raketalar Shimoliy Koreyadan Rossiyaga 2023 yil kuzida sinov uchun yuborilgan.

Amerika razvedkasining fikricha, Rossiya bu qurollar bilan 2024 yilning yanvarida chegaraning narigi tomonidan Ukrainani o‘qqa tuta boshlagan.

"Hvasong-11 raketalari Rossiyaga o‘zining "Iskandar" kabi qisqa masofali raketalariga qaraganda arzonroqqa tushadi", - deydi Miron.

“Bundan tashqari, Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlar bilan qurol-yarog‘ sotish bo‘yicha bitimlar tuzish G‘arbga Rossiyaning ittifoqdoshlari borligini va yakkalanib qolmaganligini ko‘rsatadi”.

Ballistik raketalar, shu jumladan, Hvasong-11 tovush tezligidan yuqori uchishi sabab uni nishonga olish qiyin.

Shunday bo‘lsa-da,Ukraina razvedkasi rasmiylarining aytishicha, Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan ko‘pchilik raketalar, elektron nosozliklar tufayli, rejalashtirilgan traektoriyadan chiqib ketib, nishonga urolmay qoladi.

Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol berganini, Rossiya esa ularni olganini rad etadi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina razvedkachilari mamlakatda Shimoliy Koreya askarlarini ko‘rishgan.

Ukraina gazetalari 2024 yilning 3 oktyabr kuni mamlakat sharqidagi Rossiya harbiy-o‘quv bazasiga qilingan raketa hujumidan Shimoliy koreyalik olti zobit halok bo‘lgani va uch nafari yaralangani haqida xabar berdi.

Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Ukrainada jang qilgani haqidagi da’volar so‘nggi bor 2023 yilda paydo bo‘lgan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ularni “butunlay safsata”, deb atagan edi.

Xitoy va ikki maqsadga xizmat qiluvchi tarkibiy qismlar

NATO etakchilari bir ovozdan Xitoyni Rossiyaning “mudofaa-sanoat majmuasini keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlayotgan” “hal qiluvchi yordamchisi”, deya aybladilar.

Ularning ta’kidlashicha, Xitoy Rossiyani kompyuter chiplari kabi fuqarolik ilovalaridan tashqari, qurol ishlab chiqarishda ham foydalanish mumkin bo‘lgan ikki maqsadga xizmat qilishi ehtimoli bor komponentlar bilan ta’minlaydi.

Xitoy komponentlari

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, NATOning aytishicha, Xitoyning yuqori texnologiyali komponentlari Rossiya tomonidan qurol ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi.

Amerikaning Karnegi Xalqaro Tinchlik Jamg‘armasi (CEIP) ta’kidlashicha, Xitoy har oy Rossiyaga uchuvchisiz samolyotlar, raketalar va tanklar kabi qurollarni yaratish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan 300 million dollarlik "yuqori ahamiyatga ega " ikki maqsadga xizmat qiladigan mahsulotlar yuboradi.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy qurol korpuslarini yasashda ishlatilishi mumkin bo‘lgan dastgohlarining 70 foizini va mikroelektronik mahsulotlar zaxirasining 90 foizini Rossiyaga sotadi.

CEIP ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Rossiya o‘zining barcha yuqori ahamiyatli, ikki maqsadda ishlatiladigan mahsulotlarining 89 foizini Xitoydan import qilgan.

Xabarda aytilishicha, urushdan oldin bu tovarlarning katta qismi Germaniya va Niderlandiya tomonidan etkazib berilgan.

Sanktsiyalar sabab, bu davlatlar Rossiyaga eksportni to‘xtatganida, Xitoy bu “bo‘shliq”ni to‘ldirdi.

Xitoy Ukrainadagi urushda betaraf ekanini aytib, Rossiyaga qurol yaratishda yordam berayotganini rad etadi.

Pekin Rossiyani qiruvchi qurollar bilan ta’minlamaganini va Moskvaga sotayotgan tarkibiy qismlarga ehtiyotkorlik bilan qarashini aytadi.

"Reyter" agentligining xabar berishicha, Rossiya Xitoyda “Garpi-3” nomli yangi turdagi uzoq masofaga uchuvchi dron ishlab chiqaradigan zavod ochgan.

Xitoy hukumati bunday loyihadan bexabarligini va mamlakatda dronlar eksporti ustidan qattiq nazorat borligini aytdi, deb xabar berdi mazkur agentlik.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002