Amerika va saylov: Tramp g‘olib, endi o‘zbekistonliklarga yaxshi tanish AQSh-Meksika chegarasiga nima bo‘ladi yoki muhojirlarsiz Amerikani tasavvur qilib bo‘ladimi?

AQSh vizasi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Hujjatsiz muhojirlar umumiy Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi immigrantlar umumiy sonining 23 foizini tashkil qiladi - bu taxminan 11 million kishi degani.
O'qilish vaqti: 6 daq

Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning har yili yuz minglab o‘zbekistonlik borish ilinjida bo‘lgan, ayniqsa, Demokratchi prezident Jo Bayden boshqaruvi ostida kechgan so‘nggi to‘rt yil ichida qamoq va o‘lim xavfiga ham qaramay, hududiga noqonuniy kirishga urinayotganlarining ham soni jiddiy ortib borayotgan davlati bo‘ladi.

U yerda hozir 11 milliondan ortiq noqonuniy muhojir bo‘lsa, ularning orasida o‘zbekistonliklarning ham “oz emas”ligi aytiladi.

Shu soatlarda Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi prezidenti etib saylangani ma’lum bo‘lgan Respublikachi Donald Tramp esa, o‘zining saylovoldi kampaniyasi chog‘ida noqonuniy mavqe’dagi muhojirlarni “ommaviy deportatsiya qilish”ga va’da bergan.

U buning Amerika tarixida “misli ko‘rilmagan” bo‘lishini ham aytgan...

Aynan noqonuniy migratsiya so‘nggi to‘rt yil ichida qanchalik aktuallik kasb etib ulgurgani bilan bu galgi AQSh prezidentligi saylovida ham hal qiluvchi ahamiyatga molik masalalardan biriga aylangan.

Ayniqsa, Tramp amerikalik saylovchilarni o‘ziga og‘dirish uchun yana o‘zining eng ko‘p diqqat-e’tiborini qaratayotgan, qattiq orqa qilayotgan mavzu ekani ko‘rilgan.

Ijtimoiy so‘rov natijalari ham aynan immigratsiya Tramp tarafdorlarini eng ko‘p qiziqtirayotgan masala ekaniga dalolat qilgan.

Muhojirlarsiz AQShni tasavvur qilib bo‘ladimi?

AQSh-Meksika chegarasi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Aynan noqonuniy migratsiya so‘nggi to‘rt yil ichida qanchalik aktuallik kasb etib ulgurgani bilan bu galgi AQSh prezidentligi saylovida ham hal qiluvchi ahamiyatga molik masalalardan biriga aylangan.

Luis Barrucho, Bi-bi-si Jahon xizmati

Ham Demokratchi va ham Respublikachi nomzod asosan Meksika devorini nazarda tutuvchi AQSh davlat chegaralari bo‘ylab nazoratni kuchaytirishga qat’iy ehtiyoj tug‘ilgani haqida gapirishar ekan, bu galgi Amerika prezident saylovida muhojirlar mavzusi kun tartibidagi asosiy masalaga aylangan.

Muhojirlar “bosqini”dan bot-bot shikoyat qiluvchi Donald Tramp hujjatsiz kelganlarni ommaviy deportatsiya qilishni va’da bergan.

Uning demokrat raqibi Kamala Harris esa raqibini aholi orasida muhojirlarga nisbatan qo‘rquv va bo‘linishni kuchaytirayotganlikda ayblasa-da, o‘zi ham chegarada devor qurilishi uchun yuz millionlab dollar ajratilishni ko‘zda tutuvchi ikki tomonlama chegara xavfsizligi qonun loyihasini doimo qo‘llab-quvvatlab keladi.

Dunyodagi eng ko‘p immigrant aholiga ega AQShda muhojirlar qanday ahamiyat kasb etadi? Muhojirlarsiz bugun AQSh qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin edi?

Aholi

AQSh-Meksika chegarasi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2023 yil oxirida Mektsikadan AQShga rekord darajadagi odamlar o‘tdi, ammo bu raqam keyin so‘nggi to‘rt yil ichidagi eng past darajaga tushgan.

Muhojirlarsiz AQSh aholisi sezilarli darajada kamaygan bo‘lardi.

2023 yilda xorijda tug‘ilgan AQSh fuqarolarining soni rekord darajaga yetib, 47,8 millionni, ya’ni AQSh aholisining 14,3 foizini tashkil etgan.

Meksika eng ko‘p muhojirlar kelgan mamlakat bo‘lib, 10,6 million odam bilan ro‘yxatda yetakchilik qiladi.

Undan keyin Hindiston (2,8 million) va Xitoy (2,5 million) joylashgan.

Muhojirlar soni rekord darajaga yetgan bo‘lsa-da, AQShda umumiy aholi o‘sishi tug‘ilish darajasining pasayishi tufayli hamon sekinlashib bormoqda.

Mamlakat tug‘ilish ko‘lami eng past darajaga tushgan 1930-yillardagi Buyuk depressiya davridan beri eng sekin aholi o‘sish miqyosini 2010-2020 yillar oralig‘ida boshdan kechirdi.

Bu esa, boshqa ko‘plab mamlakatlar singari AQSh ham oshib boruvchi sog‘liqni saqlash xarajatlari va kamayuvchi ishchi kuchi soniga olib boradigan keksayib borayotgan aholi muammosiga duch kelishidan nishona beradi.

Kongress byudjeti boshqarmasi taxminlariga ko‘ra, 2040 yilga borib o‘limlar tug‘ilishlardan ko‘paygan vaqtda aholi o‘sish ko‘lami faqatgina muhojirlar hisobiga yuz beradi.

Shu sababdan ham ba’zi iqtisodchilar va muhojirlikni qo‘llab-quvvatlovchi tarafdor guruhlar iqtisodiy ehtiyojlarni qondirish, jumladan qishloq joylaridagi aholi bo‘shliqlarini to‘ldirish uchun muhojirlikka ruxsat berilishi kerak, deb ta’kidlashadi.

Iqtisodiy ta’sir

Ikki nomzod o‘rtasidagi ilk debat

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Kamala Harris va Donald Tramp o‘rtasidagi ilk debat Meksikaning Tixuana shahridagi qochqinlar jamlog‘idagilarga ham qo‘yib ko‘rsatilgan.

Muhojirlar bo‘lmaganida AQSh iqtisodiyoti jiddiy zarar bilan yuzlashgan bo‘lardi, deydi Boston universiteti iqtisodiyot bo‘yicha dotsenti Tarek Hassan: “Agar muhojirlarni mamlakatdan butunlay chiqarib yuborsangiz, aholi jon boshiga Yalpi Ichki Mahsulot 5-10% ga kamayadi. Bu esa, o‘z navbatida, odamlar soni kamaygani sayin aholi boylik darajasi va umumiy Yalpi Ichki Mahsulot ham keskin kamayishini anglatadi.”

Hassanning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, muhojirlik mamlakatdagi innovatsiyalarni oshiradi, bu esa umumiy mahsuldorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, u ma’lum bir sektor bilan cheklanib qolmasdan, AQSh iqtisodiyotining umumiy innovatsion salohiyatini ham rivojlantiradi.

Shuningdek, muhojirlar ishchi yoshida bo‘lish ehtimoli yuqori.

Ular AQSh aholisining taxminan 14 foizini tashkil etsa-da, fuqarolik mehnat kuchining qariyb 19 foizini — 31 million ishchi sonini — egallagan va mehnat qilish darajasi ham mahalliy fuqarolarnikidan yuqoriroqdir, deydi hukumat idorasi bo‘lgan Mehnat statistikasi byurosi.

Kongress byudjeti boshqarmasi taxminlariga ko‘ra, umumiy katta yoshli aholining 62 foiziga taqqoslaganda, 2022-2034 yillar oralig‘ida AQShga kirib keluvchi 16 yoshdan katta muhojirlarning taxminan 91 foizi 55 yoshdan kichik bo‘ladi.

Iqtisodiyotning ayrim sohalari, xususan, qishloq xo‘jaligi, ayniqsa muhojirlar mehnatiga muhtoj bo‘lgan sohadir.

AQSh Mehnat departamentining Milliy qishloq xo‘jaligi ishchilari so‘roviga ko‘ra, garchi ularning ko‘pchiligi hujjatsiz bo‘lsa ham, qishloq xo‘jaligi ishchilarining 70 foizini muhojirlar tashkil qiladi.

Ularni mamlakatdan chiqarib yuborish ko‘plab fermer xo‘jaliklarini tang ahvolda qoldiradi, deb hisoblaydi Amerika Muhojirlik Kengashi (AMK) tadqiqot direktori Nan Vu.

Fermerlarning yetarlicha ishchi kuchiga ega bo‘lmasligi hosilni yetishtirish, meva-sabzavotlarni yig‘ib olish va ularni amerikalik iste’molchilarga yetkazishda turli qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.

Immigratsiyani tanqid qiluvchilar ko‘pincha past maoshga rozi bo‘luvchi xorijiy ishchilarining kirib kelishi mahalliy aholi uchun maoshlarning keskin pasayishiga olib kelishini o‘z nuqtai nazarlariga dalil o‘laroq keltirishadi.

Ammo 2014 yilda Kaliforniya universiteti tomonidan o‘tkazilgan 27 ta tadqiqotning sharhida muhojirlikning mahalliy aholi maoshiga ta’siri asosan nolga teng ekanligi xulosa qilingan.

Sharqiy Illinoys universiteti tomonidan yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot esa, muhojirlar sonining o‘sishi maosh oshishiga “ijobiy” ta’sir ko‘rsatishini, “statistik jihatdan esa hech qanday ahamiyat kas etmasligini” aniqladi.

Soliqqa ta’siri

Kaliforniya dalalarida ishlayotgan mehnat muhojiri

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, AQSh Mehnat Departamentining so‘roviga ko‘ra, immigrantlar AQSh qishloq xo‘jaligida band ishchilarining 70 foizini tashkil qiladi.

Biroq soliq tushumiga bu ta’sir qanday qiladi?

AMK tahliliga ko‘ra, muhojir uy xo‘jaliklari 2022 yilda barcha soliq tushumlarining deyarli oltidan bir qismini tashkil qilgan — bu qariyb 580 milliard dollar degani.

Bu faqat qonuniy ravishda kelgan muhojirlarning ulushi emas, deydi AMK vakili Nan Vu.

Pew Research Center tahliliga ko‘ra, umumiy muhojirlarning 23 foizi, taxminan 11 million kishi hujjatsizdir. Ularning to‘rt millionga yaqinini meksikaliklar tashkil qiladi.

Soliqlar va Iqtisodiyot Siyosati Tadqiqot Instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, 2022 yilda hujjatsiz muhojirlar federal, shtat va mahalliy soliq idoralariga qariyb 100 milliard dollar to‘lagan.

Ammo Iqtisodiy Siyosat Instituti immigratsiya huquqi va siyosati tadqiqotlari direktori Daniel Kosta immigratsiyaning iqtisodiy ta’siri milliy darajada ijobiy ahamiyat kasb etsa-da, ammo ayrim shtatlar kesimida, ayniqsa qisqa muddatda, salbiy ko‘rinish berishi mumkinligini aytadi.

U va jamoasi yaqinda o‘tkazgan tadqiqotda kam ish haqi oladigan muhojirlar oqimi qisqa muddatda “moliya balansini salbiy ta’sirga olib kelishi” mumkinligi ko‘rsatiladi.

Shu sababli, ular immigratsiya orqali kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish uchun ko‘proq immigrantlar yashovchi hududlarga ko‘proq mablag‘ ajratishni federal darajadan shtat darajasiga ko‘tarishni taklif qilishadi.

Kaliforniya universitetining yetakchi immigratsiya mutaxassisi va iqtisodchi professori Jovanni Peri esa immigratsiya tufayli jamiyatga bo‘lyotgan bosim darajasi AQShda tug‘iluvchi aholi soni o‘sishi bilan ham o‘zgarmasdan qolishini ta’kidlaydi.

“Agar qurilish ko‘lami moslashmasa, bu xizmatlar va uy-joylarga bo‘lgan bosimni kuchaytiradi… biz uchun muhojirlarni sabab o‘laroq ajratib ko‘rsatish osonroq, xolos”, deydi u.

Innovatsiyalar va tadbirkorlik

Stiv Jobs

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, AQShning eng qimmat kompaniyalaridan biri bo‘lgan Apple ga suriyalik muhojirning o‘g‘li Stiv Jobs asos solgan.

Muhojirlar yoki ularning farzandlari Amerika tarixidagi yetakchi tadbirkorlarning sezilarli qismini tashkil qilib kelishadi.

Fortune 500, AQShdagi eng yirik 500 kompaniyalarning yillik ro‘yxatidagi kompaniyalarining taxminan 45 foiziga muhojirlar yoki ularning farzandlari tomonidan egalik qilingan.

Xususan, muhojirlar 1 milliard dollardan ortiq baholanuvchi AQSh startaplarining 55 foiziga asos solishgan.

Ko‘plari dastlab AQShga xalqaro talabalar sifatida kelgan muhojirlar global texnologik taraqqiyotda muhim rol o‘ynagan.

2022-2023 o‘quv yilida bir milliondan ortiq xalqaro talabalar AQSh iqtisodiyotiga 40 milliard dollar hissa qo‘shishgan va o‘qish hamda yashash xarajatlari orqali 368 000 dan ortiq ish o‘rinlarini qo‘llab-quvvatlashgan, deydi Xalqaro Ta’lim Assotsiatsiyasi.

Jamoatchilik fikri

Migrantlarga qarshi namoyish

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Gallup tomonidan yaqinda o‘tkazilgan so‘rov Amerika aholisining yarmidan ko‘pi migrantlar soni kamaytirilishi istagida ekanini ko‘rsatgan.

Muhojirlarning AQSh iqtisodiyotida kasb etuvchi ahamiyatiga qaramay, yaqinda o‘tkazilgan Gallup so‘roviga ko‘ra, amerikaliklarning 55 foizi immigratsiyaning kamaytirilishini istaydi.

Shuningdek, Meksika chegarasidagi noqonuniy o‘tishlarni cheklash masalasida keng siyosiy kelishuv mavjud.

Professor Peri ba’zi siyosatchilar va matbuot xodimlari muhojirlikning asl ta’sir ko‘lamini yoritish o‘rniga chegarani noqonuniy kesib o‘tish hikoyalarini ommalashtirish orqali immigratsiyaga “chegaradagi tartibsizlik” o‘laroq tus beryotganini aytadi.

“Ko‘p odamlar janubiy chegaradan kelayotgan muhojirlarni xavfli toshqin sifatida eshitishadi. Shuning uchun ham bu ortiqcha va zararli deb o‘ylashadi”, deydi u. Bu o‘rinda, muhojirlarning iqtisodiyotga va demografik pasayishni to‘ldirishga qo‘shadigan ijobiy hissasi shunchaki e’tiborsiz qoldiriladi.

Boston universitetidan Tarek Hassanga ko‘ra, “So‘nggi yigirma yil ichida immigratsiya darajasi juda yuqori bo‘ldi, bu esa yangi kelganlarni jamiyatga moslashtirish uchun ijtimoiy imkoniyatlarni qiyinlashtiradi.

Shu zaylda, muhojirlar iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda ijobiy ta’sirga ega bo‘lsalar-da, mahalliy aholi hamon bu mavzuda o‘zini noqulay his qilishda davom etishi mumkin.”