Yangiliklar: Bugun Putinni tiya oladigan yagona odam kim, Eronda jasad uchun minglab dollar so‘ralyaptimi va ayolning qo‘yniga ulkan bo‘g‘ma ilon qanday kirib qoldi?

Eron davlat bayrog‘i fonida aks etgan xavfsizlik xodimi

Surat manbasi, Reuters

O'qilish vaqti: 4 daq

Dunyoda nima gap – BBC O‘zbek xizmatining xalqaro dayjesti.

Putinni kim tiya oladi?

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qo‘lini tepaga o‘qtalib turgan qiyofada aks etgan.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Putin o‘tgan oy, agar yevropaliklar bu urushni boshlashsa, Rossiya hozirning o‘zidayoq Yevropa bilan urushishga tayyor ekanliklarini bayon qilgandi.

Polsha prezidenti fikricha, Putinni Yevropaga tahdid qilishdan faqat Donald Tramp tiya oladi.

Unga ko‘ra, hozir dunyoda bunga qodir boshqa yetakchi yo‘q.

Karol Navrotskiy bu haqda BBC ga bergan suhbatida to‘xtalib o‘tdi.

Polsha prezidenti bilan Radio 4 ning "Today" dasturi suhbatlashdi.

Prezident Navrotskiyga ko‘ra, Rossiya rahbariga ishonmaslik kerak.

"Yevropa esa, prezident Trampning Ukrainadagi urushni tugatish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘lidan kelgancha qo‘llab-quvvatlashi lozim".

Polsha prezidentining bu so‘zlari uning Britaniyaga tashrifi manzarasida yangragan.

Karol Navrotskiy Donald Trampning qattiq tarafdori sifatida tanilgan.

Uning aytishicha, Putinning Rossiyasi hozir o‘z mamlakati barobarida Markaziy va Sharqiy Yevropaga ham tahdid qilmoqda.

Polsha prezidenti fikricha, Donald Tramp " bu muammoni hal qilish" va Ukrainadagi urushni tugatishga qodir yagona shaxs.

Karol Navrotskiyning ayni mazmundagi so‘zlariga AQSh va Rossiya prezidentlarining munosabati hozircha ma’lum emas.

Putin o‘tgan oy, agar yevropaliklar bu urushni boshlashsa, Rossiya hozirning o‘zidayoq Yevropa bilan urushishga tayyor ekanliklarini bayon qilgandi.

Aksariyat Yevropa davlatlari Rossiyaga qarshi urushida Ukrainani har tomonlama qo‘llab kelishadi.

Ular Trampning bu urushga chek qo‘yishga qaratilgan tinchlik rejasining ham faol muhokamachilaridan biriga aylanishgan.

Tramp so‘nggi oylarda Grenlandiyaga qarshi tahdidlarini ham kuchaytirgan.

Hozir AQShning NATOga kiruvchi Daniya qirolligi tarkibidagi bu avtonom hududni qo‘lga kiritish da’vosi butun ittifoqning taqdirini xavf ostiga qo‘yish barobarida Yevropa bilan ikki o‘rtada jiddiy ziddiyatga olib keladi, degan qo‘rquvlarni ham kuchaytirgan.

Jasad uchun pul?..

Erondagi namoyishchilar

Surat manbasi, Reuters

BBC namoyishlar chog‘ida yaqinlari o‘ldirilgan eronliklar bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldi.

Ularga ko‘ra, jasadlarni qaytarish evaziga mas’ullar katta pul talab qilishmoqda.

Bu haqda BBC ning Fors xizmatiga ko‘plab manbalar aytishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, jasadlar o‘likxonalar va kasalxonalarda saqlanmoqda.

"Xavfsizlik kuchlari esa, to qarindoshlari pul bermagunicha, ularni qaytarishmayapti".

Butun Eronni qamrab olgan qariyb ikki haftalik ommaviy namoyishlar chog‘ida kamida 2435 kishining halok bo‘lgani ishoniladi.

Eronning shimoliy Rasht shahridagi bir oilaning BBC ga aytishicha, dafn etish uchun yaqinlarining jasadini olmoqchi bo‘lishganida, xavfsizlik kuchlari o‘zlaridan $5000 AQSh dollariga teng miqdorda pul so‘rashgan.

Boshqa bir oilaga ko‘ra, o‘zlaridan so‘ralgan pulni berishga qurblari yetmagani bois, o‘g‘illarining jasadisiz ortga qaytishga majbur bo‘lishgan.

Ularning ayni mazmundagi da’volariga eronlik rasmiylar va mas’ullarning munosabati hozircha imkonsiz.

So‘nggi namoyishlar 29 dekabr kuni poytaxt Tehrondan boshlangan, bunga Eron milliy pul birligining AQSh dollariga nisbatan keskin qadrsizlanib ketgani sabab bo‘lgan.

Keyin namoyishlar Eronning o‘nlab shahar va tumanlariga yoyilgan, hukumatga qarshi tus olgan va xavfsizlik kuchlari ularni zo‘r bilan bostirishga o‘tishgan.

Butun mamlakat bo‘ylab qo‘lga olishlar boshlanib ketgan.

Xavfsizlik kuchlari va Inqilob Gvardiyachilarining josuslik bo‘linmasi faollar, yuristlar va oddiy odamlarni ushlab ketishgan.

Эрон давлат байроғи, намойишчининг қўли ва хавфсизлик ходими
reuters
Eronlik mas’ullar jasadlarni qaytarish evaziga katta pul talab qilishmoqda...
Namoyishlar chog‘ida yaqinlari o‘ldirilgan eronliklardan ayrimlari
Batafsil: bbc.com/uzbek da.
Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Ayol ko‘ksidagi ilon

Bo‘g‘ma ilon

Surat manbasi, Rachel Bloor

Surat tagso‘zi, "Ilon shunchalik katta bo‘lganidan, kulcha bo‘lib yotgan holida ham uning dumi derazadan tashqarida qolgan".

Hodisa shu hafta, brisbenlik juftlikning uyida yuz bergan.

Yarim tunda uyg‘onib ketgan Reychel Blur ko‘ksini og‘ir bir narsa bosib yotganini his qilgan.

Eri to‘shaklari yaqinidagi chiroqni yoqqanida esa, ikkovlonning qo‘rquvlari rost bo‘lib chiqqan.

Ayolning ko‘ksida kulcha bo‘lib yotgan narsaning yirik bo‘g‘ma ilon ekani ma’lum bo‘lgan.

Reychelning ishonishicha, zaharli bo‘lmagan bu ilon uyga deraza to‘siqlari osha kirgan va keyin eri bilan yotgan karavotga tushgan.

Ayol bo‘g‘ma ilondan xalos bo‘lgach, uni xuddi shu yo‘l bilan tashqariga chiqarib yuborgan.

"Ilon shunchalik katta bo‘lganidan, kulcha bo‘lib yotgan holida ham uning dumi derazadan tashqarida qolgan".

Hodisa oqibatida hech kimga – juftlikka ham, ularning uyiga kirib olgan bo‘g‘ma ilonga ham hech bir ziyon-zahmat yetmagan.

Bu turdagi bo‘g‘ma ilonlar Avstraliyaning qirg‘oqbo‘yi hududlarida keng tarqalgan, odatda qushlar kabi mayda jonzotlar bilan oziqlanishadi.