Suriya: O‘zbek jangarilari ham qayta kuchaydimi? Video
- Author, Feruza Rahmon
- Role, bbc.com/uzbek
- O'qilish vaqti: 11 daq
Sanoqli kunlarning o‘zida yana Rossiyaning faol harbiy aralashuviga sabab bo‘lgan va Suriyaning ikkinchi yirik shahri Halabning isyonchilar qo‘liga o‘tishiga olib kelgan qaqshatqich janglar O‘zbek jangari guruhlarining taqdiriga oid savollarni qayta kun tartibiga olib chiqdi. Asosan O‘zbeklardan tashkil topgani aytiluvchi “Tavhid va Jihod” hamda “Imom Buxoriy” katibasi 2010-yillar o‘rtalarida Suriyadagi bugungi janglar markazida turgan “Hay’at Tahrir ash-Shom”ning ittifoqchilari va qo‘llovchilari sifatida ko‘rilishgan. Ularning ham “Hay’at Tahrir ash-Shom” kabi aynan Halab va Idlibda boshpana topib kelganliklari ishonilgan. Bugun bu ikki guruh “Hay’at Tahrir ash-Shom” bilan bir safda jang qilayotgan bo‘lishi mumkinmi? So‘nggi keng ko‘lamli hujumlar Suriyada jon saqlab kelayotgan qolgan isyonchi guruhlarning ham qayta kuchayishga muvaffaq bo‘lganiga dalolat qiladimi?
Aloqador mavzular:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
End of Bizga a’zo bo‘ling:

Surat manbasi, HTS propaganda
Qo‘llovchilar va ittifoqchilar...
“Tavhid va Jihod” hamda “Imom Buxoriy” katibasi o‘sha paytda Suriya hamda Iroqda o‘zining Islomiy Xalifaligiga asos solgan IShID bilan birga o‘zbeklar Yaqin Sharqda jang qilgani aytilgan uchta guruhdan ikkitasi sifatida tilga olingan.
Agar, ayrim yetakchi xalqaro ekspertlarning baholariga tayanilsa, dastlab Afg‘onistonda bo‘y ko‘rsatgan O‘zbek jangariligi aynan Suriya inqirozi sabab, Yaqin Sharqda boshqa bir qiyofada namoyon bo‘lgan.
Ularga ko‘ra, o‘zbek jangarilari “Imom Buxoriy” katibasi nomi ostida eng yirik guruhlardan biriga aylanishgan.
Ammo 2014 yilga kelib, guruh saflarida parchalanish yuz bergan. Bu jangarilardan ayrimlari IShIDga qo‘shilishgan. Boshqalari esa, keyinchalik suiqasd qurboniga aylanishgan.
Katiba lideri (amiri) Shayx Salohiddin O‘zbekiy ham o‘ldirilganiga oid xabarlar olingan.
2018 yilda AQSh Davlat departamenti “Imom Buxoriy” katibasini o‘zining xalqaro terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan. Davlat departamenti o‘shanda ularni “al-Qoida”ning ittifoqchisi va Yaqin Sharqdagi o‘zbek jangarilaridan iborat eng katta guruhga nisbat bergan.
“Tavhid va Jihod” guruhi a’zolarining aksariyati esa, qirg‘izistonlik o‘zbeklar, deb ishonilgan.
2014 yilda guruh yetakchisi Abu Saloh o‘zlarining “al-Qoida”ga bay’at keltirganliklarini e’lon qilgan.
Ammo oradan besh yil o‘tib, “Tavhid va Jihod” guruhi liderining o‘zgarganiga oid xabarlar olingan.
Guruhning Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatida faol ekani aytilgan.
Ammo ekspertlar har ikki guruh misolida ham ular a’zolarining aniq sonini aytish imkonsiz ekanligini ta’kidlab kelishgan.

Surat manbasi, Alamy
O‘zbek jangarilari
Suriya va Iroqda jang qilgan o‘zbekistonlik jangarilarning soniga oid so‘nggi raqamlar esa, IShID misolida 2017 yilning oxirida e’lon qilingan.
O‘shanda Amerikaning “Soufan” tadqiqot markazi ularning sonini 1500 ta ekanini qayd etgan.
O‘zbekistonlik jangarilar postsovet hududi nazarda tutilganda, rossiyaliklardan keyin ikkinchi yirik raqamni tashkil etganliklari ko‘rilgan.
Harbiy ekspertlar har uch jangari guruh a’zolari orasida o‘tmishda O‘zbekiston Islomiy harakati saflarida Afg‘onistonda jang qilgan o‘zbeklar oz emasligini ta’kidlashgan.
Orada e’lon qilingan boshqa xalqaro hisobotlarda esa, Yaqin Sharqda jang qilgan Markaziy osiyolik jangarilarning ko‘pchiligi ham aynan o‘zbeklarga nisbat berilgan.
Ammo o‘shanda ularning aniq qay bir davlat fuqarolari ekanliklari bu kabi hisobotlarda ochiqlanmagan.
IShID mavh etilib, Islomiy Xalifati qulashi, Iroq, Suriya hukumatlarining o‘z ittifoqchilari va ularga ko‘makka kelgan xalqaro koalitsiya kuchlarining hujumlari ostida 2010-yillar yakuniga kelib, o‘z mamlakatlari nazoratini deyarli o‘z qo‘llariga olishlari manzarasida esa, o‘zbek jangarilarining so‘nggi taqdiri noayon qolgan.
Aksariyat xalqaro ekspertlar tomonidan aynan Halab va Idlib ular ham Yaqin Sharqda boshpana topgan so‘nggi hududlar sifatida ham tilga olingan.
Orada kurdlarning Suriyada faoliyat olib boruvchi Milliy mudofaa otryadlari asir olgan jangarilar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham borligiga oid xabarlar ham olingan.
2019 yilda Suriya ilk bor o‘z hududida jang qilgan o‘zbekistonlik jangarilarni ham ortga qaytarish istagini bildirgan.
Bu haqda Suriya kurdlarining Moskvadagi rasmiy vakili Rshad Bienaf Rossiyaning "Novosti" axborot agentligi bilan suhbatida aytgan.
Uning so‘zlaridan o‘zbekistonliklar Suriyadagi kurdlar asir olgan mingdan ortiq jangari orasida bo‘lishgani ma’lum bo‘lgan.
Vakil o‘shanda kurdlar bu jangarilarni o‘z mamlakatlariga qaytarishga tayyor ekani, ammo "bu davlatlar aksariyatining hukumatlari esa, o‘z fuqarolarini ortga qaytarib olishga shoshilishayotgani yo‘q"ligini bayon qilgan.
Ammo shu o‘rinda uning O‘zbekiston hukumatini ham ko‘zda tutgan-tutmagani va Suriya kurdlarining bu istagiga rasmiy Toshkentning ham munosabati noayon qolgandi.
Suriya jamlog‘i: Bolalarni IShID g‘oyalarida tarbiyalashayapti - video
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2

Surat manbasi, Manbar.me
Isyonchi guruhlar
Omon qolgan va Idlibdan boshpana topgan bu jangarilarni kim qurol-yarog‘, o‘q-dori bilan ta’minlayotgani, ular, ta’bir joiz, qanday qilib jon saqlashga muvaffaq bo‘lishayotgani savoliga kelganda esa, orada Bi-bi-si O‘zbek xizmati suhbatlashgan ayrim xalqaro ekspertlar buning tagiga yetish juda muhim masalalardan biri ekanini ta’kidlashgan.
Ekspertlar Suriya ichkarisidagi jangari guruhlar asosan xorijlik homiylariga orqa qilib kelishgani, ammo asosiy manbasi Suriyaning ichkarisida ekanini aytisharkan, buning sababini urush, jang sharoitida qurol-yarog‘ va ularni sotib olish uchun lozim mablag‘ning o‘z-o‘zidan aylanaverishi bilan izohlashgan.
Shuning barobarida, bu masalani chuqur tadqiq qilmasdan turib, tagiga yetish, aniq bir nima deyish qiyinligini ham e’tirof etishgan.
Suriyaning shimoli, shimoli-sharqi va shimoli-g‘arbidagi o‘ttiz foizcha hudud hozir ham g‘oyalari va Turkiya bo‘ladimi, AQSh, IShID yoki “al-Qoida” - qo‘llovchilari turlicha, ammo barchasining maqsadi Asad rejimini ag‘darish ekani aytiluvchi isyonchi kuchlar nazorati ostida.
Suriyaning sahrolarida esa, haliyam IShID jangarilarini uchratish mumkinligini aytiladi.
Bi-bi-si suhbatlashgan ayrim ekspertga ko‘ra, Suriyada IShID jangari guruhining a’zolari bo‘lgan o‘zbek jangarilari ham hali-hanuz topiladi.
Asad hukumatining bu mintaqalar nazoratini ham o‘z qo‘liga olish urinishlari yaqin-yaqingacha ish bermagan, vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolishi ortidan, 2020 yilda tomonlar Rossiya va Turkiya vositachiligida Idlib shimoli-g‘arbida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olishgan va bu kelishuv shu paytgacha amalda bo‘lgan.
Ammo isyonchi kuchlar orasidan aynan “Hay’at Tahrir ash-Shom” qolgan barcha raqiblaridan ustun kelib, Halab va Idlibda o‘zining mavqeini mustahkamlab olgan, hatto hududni boshqarish uchun o‘zining “Suriya Najot hukumati”ga asos solgan yagona guruh sifatida nomi tilga olingan.
Voqealarning so‘nggi rivoji, boshqa tomondan, Suriyaning ikki asosiy ittifoqchisi sanaluvchi Rossiya va Eron o‘zlari bosh qo‘shgan urushlar bilan band va ular natijasida bir qadar zaiflashgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Shunday ekan, asosan O‘zbeklardan tashkil topgani aytiluvchi bu ikki guruh – “Tavhid va Jihod” hamda “Imom Buxoriy” katibasi bugun “Hay’at Tahrir ash-Shom” bilan bir safda jang qilayotgan bo‘lishi mumkinmi? So‘nggi keng ko‘lamli hujumlar Suriyada jon saqlab kelayotgan qolgan isyonchi guruhlarning ham qayta kuchayishga muvaffaq bo‘lganiga dalolat qiladimi?
Bi-bi-si O‘zbek xizmati Suriyadagi voqealarning so‘nggi rivoji manzarasida shu va yana boshqa qator savollar bilan BBC Monitoring ning jihodchi media bo‘yicha mutaxassisi Mina al-Lamiyga murojaat qildi:
O‘zbek guruhlari juda yashirin, o‘zlarini ataydan yashirishadi, muloqotdan tiyilishadi. Hatto mustaqil media vositalari yo‘q. Faoliyatlari haqida deyarli xabar berishmaydi.
Mina al-Lamiy: 27 noyabr kuni “Hay’at Tahrir ash-Shom” boshchiligidagi bir qancha isyonchi guruh Halabni bosib olish maqsadi bilan Suriya shimolida keng ko‘lamli hujumga o‘tdi. Keyin hujumlari miqyosini yanada kengaytirdi. Hama va Idlibga ham yurish qildi. Hujumlaridan maqsad esa, Suriyaning muhim viloyatlari nazoratini Asad hukumatidan qaytarib olish. Yuqorida ham aytib o‘tganimdek, bu hujumlarga “Hay’at Tahrir ash-Shom” boshchilik qilmoqda. “Hay’at Tahrir ash-Shom” o‘z vaqtida “al-Qoida”ning Suriyadagi tarmog‘i bo‘lgan. Ammo 2016 yilda “al-Qoida” bilan aloqalarini uzgan. O‘shandan buyon mahalliy aholi bilan til topishish, AQSh boshchiligidagisi bo‘ladimi yoki boshqa, turli xalqaro koalitsiyalar hujumlarining nishoniga aylanmaslik uchun o‘zini ko‘proq isyonchi, millatchi guruh sifatida taqdim etishga harakat qilib keladi.
Savol: Suriyada “Hay’at Tahrir ash-Shom”ni qo‘llagan yoki uning ittifoqchisi bo‘lgan aksariyati o‘zbeklardan iborat ikki jangari guruh “Tavhid va Jihod” va “Imom Buxoriy” katibasi ham jang qilgan. IShID mavh etilganidan so‘ng, ularning aynan Halab va Idlibdan boshpana topganliklari aytilgan. Hozir bu ikki asosan o‘zbeklardan iborat jangari guruhi “Hay’at Tahrir ash-Shom” bilan birga jang qilayapti deb ayta olamizmi? Bu guruhning so‘nggi taqdiri haqida nimalar ma’lum?
Mina al-Lamiy: Suriya, xosan Idlibda jang qilgan xorijiy bo‘linmalarning aksariyati “Hay’at Tahrir ash-Shom”ga qo‘shilib ketgan. Ular “Hay’at Tahrir ash-Shom” shamsiyasi ostida jang qilish yoki Idlibni tark etish tanlovi qarshisida qoldirilgan. Agar kichikroq xorijiy jangari guruhlar misolida aytadigan bo‘lsak, ulardan ayrimlari “Hay’at Tahrir ash-Shom” tomonidan qamoqqa tashlangan. Ammo ulardan ko‘pchiligi tarqatib yuborilgan va “Hay’at Tahrir ash-Shom” tomonidan o‘ziga qo‘shib olingan. Demak, Suriyada O‘zbek guruhlari mavjud bo‘lsa, ular katta ehtimol bilan “Hay’at Tahrir ash-Shom” bayrog‘i ostida jang qilishmoqda.
Savol: Bu ikki jangari guruhning bugungi qudrati, liderlari va a’zolarining soni haqida nima deya olasiz? Ular qanchalik kuchayishga muvaffaq bo‘lgan? Agar muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, qanday qilib? Markaziy Osiyo yoki postsovet hududiga qanchalik tahdid solishi mumkin?
Mina al-Lamiy: Bu O‘zbek guruhlari qanchalik katta va ularning resurslari qanday ekanligini aniq aytish juda qiyin. Chunki ular juda yashirin, o‘zlarini ataydan yashirishadi, muloqotdan tiyilishadi. Hatto o‘zlarining mustaqil media vositalari ham yo‘q. Amaliyotlari yoki faoliyatlari haqida deyarli xabar berishmaydi. Umuman olganda esa, o‘zining bayrog‘i ostidagi barcha bo‘linmalar va jangarilar nomidan “Hay’at Tahrir ash-Shom” bayonotlar berib keladi. Ammo u ham xorijiy bo‘linmalar haqida gapirishdan o‘zini olib qochadi. Chunki xalqaro hamjamiyat va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘zining saflarida xorijiy jangarilar borligini bilsa, mamnun bo‘lmasligini biladi. Shuning uchun, menimcha, O‘zbek guruhlari ham, “Hay’at Tahrir ash-Shom” ham o‘zlarining ommaviy axborot vositalarida ular haqida ataydan gapirishmaydi. Shuning uchun ham ularning qudrati, faoliyati va o‘z davlatlariga qanday tahdid solishlari haqida aniq bir gap aytish qiyin.
Savol: “Hay’at Tahrir ash-Shom”ga Suriyadagi muhim viloyatlar nazorati nega aynan hozir kerak bo‘lib qoldi? Nega aynan bugunga kelib, guruh bu kabi qarshi hujumga o‘tdi?
Mina al-Lamiy: Idlib asosan “Hay’at Tahrir ash-Shom”ning qo‘lida. Guruh Halab muhim bo‘lgani uchun, yillarki, uni o‘z nazorati ostiga olishga harakat qilib keladi. Chunki Halab Turkiyaga chegaradosh. O‘zaro chegarada muhim nazorat-o‘tish nuqtalari joylashgan. Ular orqali guruhga yaxshi tushum kelishi mumkin. Shuning uchun ham “Hay’at Tahrir ash-Shom” bu hududlarda oldinga siljish ilinjida. Ammo yaqin-yaqingacha ularning bu urinishlari ish bermagan. Chunki boshqa raqib guruhlar “Hay’at Tahrir ash-Shom” bilan hamkorlikka borishmagan. Ular “Hay’at Tahrir ash-Shom” hamisha o‘zlariga dushman, deb bilishgan. Bizni o‘ziga bo‘ysindirish istagida, degan xayolda bo‘lganlar. Shuning uchun ham bu guruhlar “Hay’at Tahrir ash-Shom”ga qo‘shilishdan bosh tortib kelishgan. Hozirgi katta farq shundaki, “Hay’at Tahrir ash-Shom” Halabdagi hukumat nazorati ostidagi hududlarni bosib olish uchun bu gal raqib guruhlarni hamkorlikka ko‘ndirishga alal-oqibat muvaffaq bo‘lgan. Ular birgina Halab bilan kifoyalanmay, hozir unga yaqin Hamaga ham ko‘z tikishgan. Keyin esa, ehtimolki, Turkiyaning qo‘llovi bilan Halabning kurdlar nazorati ostidagi hududlariga yurish qilishadi.
Savol: “Hay’at Tahrir ash-Shom” Suriyada o‘z vaqtida IShID asos solgani kabi Islomiy Xalifat barpo etish yoki uni qisman qayta tiklash istagida bo‘lishi mumkinmi? Shunday deyishimiz qanchalik asosli bo‘ladi?
Mina al-Lamiy: Yo‘q. “Hay’at Tahrir ash-Shom” IShIDga o‘xshamaydi. Chunki “Hay’at Tahrir ash-Shom”, yillarki, ularning qattiq jihodiy asoslariga orqa o‘girib kelgan. Guruh IShIDni ham, “al-Qoida”ni ham qoralagan. O‘zining ular bilan aloqalarini o‘zganligini ham e’lon qilgan. “Hay’at Tahrir ash-Shom” o‘zi istagan hududlarni qo‘lga kiritgan taqdirda, IShID kabi qattiq Shariat talablari asosida boshqariluvchi islomiy davlat barpo etmasa-da, boshqaruvi qanday bo‘lmasin, u islomiy xususiyatga ega bo‘ladi. Chunki “Hay’at Tahrir ash-Shom”, baribir, islomchi guruh va o‘zining nazorati ostidagi hududlarda Shariat boshqaruvining qandaydir shaklini o‘rnatish, joriy etishni istaydi.
Savol: Bugun bo‘y ko‘rsatib turgan so‘nggi qurolli mojaroga ham diplomatik, siyosiy yo‘l bilan barham etishga da’vatlar yangramoqda. Sizningcha, bu galgi nizo qanday yechim topadi? Bu uch jangari guruhning keyingi taqdiri nima bo‘ladi? Dunyo, Yaqin Sharq, ayniqsa, Markaziy Osiyo va qolgan postsovet hududi nazarda tutilganda, ular bundan keyin ham tahdid o‘chog‘i sifatida qolishi mumkinmi?
Mina al-Lamiy: Menimcha, bu ko‘p jihatdan kelasi bir necha kun yoki haftalar ichida voqealar rivoji qanday tus olishi, bundan tashqari, Suriyaning asosiy qo‘llovchilari – Rossiya va Eronning nima qilishiga bog‘liq bo‘ladi. Ular Bashar al-Asad hukumatini qattiq qo‘llab, isyonchi yoki islomchi guruhlarni ortga qaytarishga yordam berishadimi yoki birlari Ukraina, boshqalari G‘azo urushi bilan band ekan, uni dastaklashga qo‘llari kaltaklik qiladimi? Agar “Hay’at Tahrir ash-Shom” Suriyada kengayadigan bo‘lsa, bu xavfsizlik bo‘shlig‘ini yuzaga keltirishi mumkin. Bu kabi holat esa, hududda IShIDning ham qayta bo‘y ko‘rsatishiga imkon berishi mumkin. Chunki IShID Suriya sharqi va markazida allaqachon tashlanish va yana bosh ko‘tarishga shay. Shuning uchun ham, menimcha, voqealar shu kabi tus olsa, IShIDning ham undan foydalanib qolishga harakat qilishi tayin. Ammo, fikrimcha, u qolgan isyonchi guruhlar bilan hamkorlikka bormaydi. Bir mamlakat islomchi jangari guruhlar nazorati ostida bo‘lsa, so‘zsizki, qo‘shni davlatlar, xorijiy jangarilar kelib chiqqani ilova mintaqa uchun ko‘proq potentsial xavf mavjud bo‘ladi.
Savol: Agar bu galgi mojaro ham murosa yo‘li bilan yechim topsa-chi, u holda nima bo‘ladi? Qayta sulh ehtimoli qanchalik haqiqatga yaqin?
Mina al-Lamiy: Bu borada nima bo‘lishini aytish qiyin. Turkiya bilan Suriya o‘rtasidagi munosabatlarning normallashayotgani yoki isyonchilar bilan qandaydir erishuvga erishilgani haqidagi gaplar chiqdi. Ammo ularning hech biri haqiqatda amalga oshmadi. Shuning uchun ham, bu juda qiyin. Ayni o‘rinda Turkiyaning mavqei juda muhim. Agar Turkiya isyonchilarni ochiqcha qo‘llashga o‘tsa, shunda ular jiddiy siyosiy foyda olish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishlari mumkin. Ammo Turkiya hozircha isyonchilarning Suriya shimolidagi olg‘a siljishlariga o‘zining hech bir aloqasi yo‘qligini aytib turibdi.
Asad tuzumi isyonchilarga qarshi: Rossiya va Eron yordam beradimi video:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 3

Surat manbasi, Getty Images
Buyog‘i nima bo‘ladi?
Agar, mintaqadan olinayotgan so‘nggi xabarlarga tayanilsa, “Hay’at Tahrir ash-Shom” va hamkorlarining bu yaqin o‘n yillikda ko‘rilmagan amaliyotlari manzarasida Suriya kuchlari Halabda qaayta hujumga o‘tishga hozirlik ko‘rishmoqda va mintaqada o‘zlarining “himoya chiziqlarini ham mustahkamlashgan”.
Suriyaning Yaqin Sharqdagi yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya esa, o‘zining mo‘ljalga aniq qaratilgan hujumlariga yanada zo‘r bergan.
Rasmiy Damashq qo‘shinlari qator shaharlar nazoratini yana o‘z qo‘llariga olishgani, isyonchilarning yo‘lini kesishga muvaffaq bo‘lishgani va ular mintaqani tark etishayotganiga oid da’volar bilan ham chiqqan.
Rossiya kabi Eron ham “Suriya hukumati va Qurolli kuchlarini qattiq qo‘llashi”ni bayon qilgan.
2010-yillardagi dastlabki inqiroz paytida esa, aksariyat yetakchi ekspertlar aynan Suriyani nazarda tutarkan, O‘zbeklari ilova u yerda jang qilgan xorijiy jangarilarning taqdiri, ularning ortga, o‘z ona Vatanlariga qaytish-qaytmasliklari mazkur mamlakatdagi siyosiy va harbiy vaziyatning qanday yakun topishi, uzoq yillik bo‘hronning qanday yechim topishiga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlashgandi.
"O‘zbekistonga qaytish-qaytmasliklari masalaning geosiyosiy jihati bilan bog‘liq. Chunki, yaxshi bilasiz, Rossiya Suriya masalasiga juda faol bosh qo‘shgan. Ular ortga qaytish niyatida bo‘lgan bu kabi jangarilarni nazoratsiz qoldirmasliklari aniq. Shu bois ham, menimcha, bu imkonsiz bir ish. Boshqa tomondan, jangarilar o‘z g‘oyalaridan voz kechmasliklari, qaytib, O‘zbekistonda jang qilish kabi bir maqsadlarini farzandlari ongiga singdirishlari ham mumkin. Ammo logistik, geosiyosiy nuqtai nazardan ular bunga qanchalik imkonli bo‘lishadi, bunga aniq javob berish qiyin. Bundan tashqari, o‘zbek jangarilari aniq Afg‘onistonga ketishadi, deb ham hech kim aytolmaydi. Balki, ulardan ayrimlari Suriyaning o‘zida qolar. Boshqalari, u yerda o‘zbeklar borligini nazarda tutib, Turkiyaga yo‘l solar. Yana birlari O‘zbekistonga ham qaytishga urinib ko‘rishar, balki...", deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgandi, jumladan, o‘sha paytda Bi-bi-sining Bi-bi-sining Yaqin Sharq va Shimoliy Kavkazdagi jangari guruhlar bo‘yicha eksperti bo‘lib faoliyat olib borgan Murad Batal Shishaniy.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil sentyabrь oyida afv to‘g‘risida maxsus farmon qabul qilgan.
Bu farmon jangari guruhlarga "adashib kirib qolgan va pushaymon bo‘lgan fuqarolarni afv" etishni ko‘zda tutadi.
Uning qabul qilinishi ortidan, qancha sondagi o‘zbekistonlik jangarining ortga qaytgani ma’lum emas.
Orada ayrim G‘arb nashrlarida bo‘y ko‘rsatgan xabarlarga tayanilsa, hozirga qadar Iroq qamoqlarida saqlangan Markaziy Osiyolik jangari erkaklar va ayollar sudlanib, jazoga tortilgan.
Iroq qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotgan fuqarolari borasida rasmiy Toshkentning munosabati hozircha imkonli emas.
Yaqin Sharqdagi o‘zbekistonlik jangarilar oilalari va farzandlarini ortga qaytarish uchun O‘zbekiston prezidentining tashabbusi bilan amalga oshirilgan "Mehr" insonparvarlik amaliyoti ortidan, Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi bu insonlarni Suriyaga nima yetaklagani savolini ochiqcha kun tartibiga ham olib chiqqan.
"Uyat bo‘lsa ham aytish kerak, 156 nafar Suriyaga ketganlar nima uchun ketgan? Kimni izlab ketgan?", - deyarkan, "Tan olish kerak, biz ularga sharoit yaratib bermaganimiz uchun ketgan!", - deya bunda, ta’bir joiz, "o‘z ayblari"ni ham ishkora e’tirof etgan.
"Biz hammamiz bu holatni chuqur o‘ylashimiz kerak", - degandi O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev.
Bu kabi oshkora e’tirof mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kuzatilgani bilan o‘shanda chetdagi ko‘pchilikning e’tiborini ham o‘ziga tortgan.
Ungacha matbuotda Suriya va Iroqdan qaytgan qator sobiq jangarilarga O‘zbekistonda uzoq yillik qamoq jazolari berilganiga oid xabarlar ham ko‘rsatgan.
O‘zbekiston prezidenti farmoni qabul qilinishi ortidan, aniq qancha sondagi o‘zbekistonlik jangarining ortga qaytgani ma’lum emas.













