Dunyo nima uchun bugun Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tomon qayta yuzlanmoqda? Video

O‘zbekiston va boshqa davlatlar bayroqlari

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Bayroqlar...
O'qilish vaqti: 6 daq

So‘nggi yillar Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston xalqaro diplomatiya kun tartibida alohida o‘rin egallay boshladi.

Samarqandda o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ilk sammiti, AQSh bilan mintaqaviy formatlardagi uchrashuvlar, shuningdek Yaponiya, Rossiya va Xitoyning faollashgani bu hududga bo‘lgan e’tibor sezilarli darajada kuchayganini ko‘rsatadi.

Kuzatuvchilar bu jarayonni alohida tashabbuslar yig‘indisi emas, balki global savdo, xavfsizlik va geosiyosiy hisob-kitoblar o‘zgarib borayotgan bir paytda mintaqaning o‘rni qayta baholanayotgani bilan izohlashadi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Geosiyosiy fon: nima o‘zgardi?

Xarita
Surat tagso‘zi, Nima o‘zgardi?

East Anglia universitetida Yaponiya tarixi bo‘yicha dotsent Sherzod Mo‘minovga ko‘ra, bu qiziqish tasodifiy emas.

Uning ta’kidlashicha, birinchi omil - Xitoy qudratining jadal o‘sishi. Pekin bugun nafaqat iqtisodiy, balki harbiy va strategik jihatdan ham AQShga raqobat qila oladigan darajaga yaqinlashmoqda. Bu esa Osiyo va unga tutash hududlarni katta davlatlar o‘rtasidagi raqobat maydoniga aylantirmoqda.

Sherzod Mo‘minov
East Anglia universiteti
BBC
Sovuq urushdan keyin shakllangan bir qutbli tizim parchalanib, dunyo ko‘pqutbli yoki qayta ikki qutbli manzara tomon harakatlanyapti...
Sherzod Mo‘minov
East Anglia universiteti tarixchi olim (bbc.com/uzbek)

"Xitoy o‘z mintaqasi, qolaversa dunyoga o‘z kuchini yoyadigan darajada yuksalmoqda. Yaponiyaning ham mintaqaga qiziqishini aynan shu nuqtai nazardan tushuntirish mumkin. Va Amerikada ham bunga bir javob qilish kerak degan kayfiyatlar yo‘q emas", deydi u.

Ikkinchi muhim omil - urushlar fonidagi global beqarorlik. Ayniqsa, Ukraina urushi Markaziy Osiyoning iqtisodiy, transport va logistika nuqtai nazaridan ahamiyatini oshirdi.

Sanksiyalar, ta’minot zanjirlarining uzilishi va yangi yo‘laklarga ehtiyoj mintaqani strategik hudud sifatida oldingi qatorga olib chiqdi.

Bunga qo‘shimcha ravishda, AQSh tashqi siyosatida kuzatilayotgan o‘zgarishlar ham ta’sir qilmoqda.

Sherzod Mo‘minov ta’biri bilan aytganda: "Sovuq urushdan keyin shakllangan bir qutbli tizim parchalanib, dunyo ko‘pqutbli yoki qayta ikki qutbli manzara tomon harakatlanyapti. Vashingtonning ayrim mintaqalardan nisbatan chekinayotgandek tutishi boshqa kuch markazlarining faollashishiga yo‘l ochmoqda. Bu jarayonda Markaziy Osiyo ham strategik ahamiyat kasb etmoqda".

Yevropa Ittifoqi: zahiralar va energiya

Yevropa Ittifoqi Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen va Shavkat Mirziyoyev

Surat manbasi, president.uz

Surat tagso‘zi, Hamkorlik

2025 yil aprelida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi sammiti bu qiziqishning muhim belgilaridan biri bo‘ldi.

Uchrashuvda transport yo‘laklari, energiya xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va strategik xomashyo masalalari muhokama qilindi.

Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyoda mavjud nodir mineral resurslar, ayniqsa, energetika va sanoat xavfsizligi nuqtai nazaridan muhim hisoblanadi.

Bryussel mintaqani faqat xomashyo manbai emas, balki uzoq muddatli hamkor sifatida ham ko‘rayotganini bildirmoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Donald Tramp

Surat manbasi, Getty Images

Amerika nima istaydi?

Ayni paytda AQSh ham Markaziy Osiyo bilan muloqotni faol saqlab qolmoqda.

C5+1 formati orqali o‘tkazilayotgan uchrashuvlar Vashington uchun mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy aloqalar hanuz ustuvor ekanini ko‘rsatadi.

AQSh nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo Rossiya va Xitoy ta’siri muvozanatlashtiriladigan, shu bilan birga xavfsizlik arxitekturasida muhim o‘rin tutadigan hudud sifatida qaraladi.

Yaponiya yangi bozor va ishchi kuchi ilinjidami?

O‘zbekiston va Yaponiya rahbarlari bayroqlar qarshisida

Surat manbasi, Prezident rasmiy kanalidan olindi

Surat tagso‘zi, "Markaziy Osiyo + Yaponiya" formati ilk bor davlat rahbarlari darajasida o‘tdi.

Yaponiya Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. 2025 yilda "Markaziy Osiyo + Yaponiya" formati ilk bor davlat rahbarlari darajasida o‘tdi.

Yaponiyadan tahlilchi Bahodir Iskandarov
Surat tagso‘zi, Bahodir Iskandarov: Yaponiya uchun Markaziy Osiyo yangi bozor va strategik xomashyo manbai sifatida ham ahamiyatli...

Tahlilchi Bahodir Iskandarovga ko‘ra, bu qiziqishning bir necha sababi bor.

Yaponiyada aholi qarib borayotgani va ishchi kuchi tanqisligi kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekiston hamda mintaqaning boshqa davlatlari yosh va malakali kadrlar manbai sifatida qaralmoqda.

"Shu bilan birga, tabiiy resurslarga boy bo‘lmagan Yaponiya uchun Markaziy Osiyo yangi bozor va strategik xomashyo manbai sifatida ham ahamiyatli", deydi Bahodir Iskandarov.

O‘z o‘rnida, tahlilchiga ko‘ra, O‘zbekiston Yaponiyaning ilg‘or texnologiyalari va institutsional tajribasiga tayanishdan manfaatdor.

Rossiya va Xitoy: an’anaviy va uzoq muddatli hisob-kitob

Rossiya Markaziy Osiyodagi an’anaviy ta’sirini saqlab qolishga intilmoqda. Moskva uchun xavfsizlik, energetika va mehnat migratsiyasi sohalari hanuz muhim hisoblanadi.

Xitoy esa mintaqani tranzit yo‘llari, savdo va uzoq muddatli ta’minot zanjirlari nuqtai nazaridan strategik hudud sifatida ko‘radi. "Bir kamar - bir yo‘l" tashabbusi doirasida Markaziy Osiyo Pekin uchun geoiqtisodiy ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Oddiy o‘zbekistonliklar nima deb o‘ylaydi?

BBC Uzbek'ning Facebook va YouTube sahifalarida bu mavzu qizg‘in muhokama qilindi. Ayrim foydalanuvchilar O‘zbekiston qaysi davlatga yaqin bo‘lishi kerakligi haqida aniq qaror qabul qilinishi lozimligini ta’kidlagan. Boshqalar esa, aksincha, hech bir tomonga og‘ishmasdan mustaqil va muvozanatli tashqi siyosat yuritishni eng to‘g‘ri yo‘l deb hisoblaydi.

BBCga gapirgan o‘zbekistonliklar
Surat tagso‘zi, O‘zbekiston hech bir tomonga og‘ishmasdan mustaqil va muvozanatli tashqi siyosat yuritishi kerak, deyishadi muhokamaga qo‘shilgan oddiy odamlardan ba’zilari.

"O‘zbekiston bularning qaysi biri bilan yaqin ittifoqda bo‘lsa ham, xalqqa bir tiyinlik foydasi yo‘q. Gazimizni, oltinimizni va boshqa yer osti boyliklarimizni tortib ketishadi, rahbarlarimizning ulushini tashlab ketadi, xalqqa esa yo‘q. Chunki gazimizni 15 yildan buyon xitoylar yoqyapti, bizga esa teppisi ham yo‘q. Elektr energiyasi Afg‘onistonga beriladi, o‘zimizda esa har kuni svet o‘chadi", deydi Kran taxallusli foydalanuvchi.

Boshqa bir foydalanuvchi esa barcha tomonlarga nisbatan ishonchsizlik bildirib, betaraflikni afzal ko‘rishini aytadi:

"Bularning hech biriga ham ishonch yo‘q, betaraflikni saqlagan yaxshi", deydi @AlisherMadraximov-v6k.

Ayrim izohlarda esa tashqi hamkorlik faqat O‘zbekiston suvereniteti hurmat qilingan taqdirdagina ma’qul ekani ta’kidlanadi:

"Bizga farqi yo'q, qaysi biri bizning suverenitetimizni hurmat qilsa va o'zaro manfaatlar asosida ishlasa, o'sha bilan", deb yozadi @TimurTima_98.

Toshkentda BBC bilan gaplashgan o‘zbekistonliklardan biri esa geosiyosiy tanlovlarga nisbatan boshqacha qarashni ilgari suradi:

"O‘nta chap-chapdan bitta qatlama yaxshi", deya fikr bildiradi u. Uning aytishicha, uzoq bo‘lsa-da AQSh yoki yaqin bo‘lsa-da Xitoydan ko‘ra, Rossiyaning etagini tutish afzalroq.

Boshqa bir fuqaro esa barcha tashqi munosabatlarning asosida manfaat turganini qayd etadi: "Siz aytgan davlatlarning hammasining manfaati bor. Manfaat bo‘lmasa, alohida yaqinlashish ham, boshqa narsa ham bo‘lmaydi".

Yana bir suhbatdosh esa G‘arb bilan yaqinlashuv tarafdori ekanini aytadi:

"O‘zbekiston Yevropa bilan yaqin bo‘lishi kerak… Chunki ular bilan aloqa bo‘lsa, yanada rivojlanish bo‘ladi… Masalan, Amerika yoki Angliyani oladigan bo‘lsak, ulardan bizga ko‘proq investitsiya kerak bo‘ladi. Qancha ko‘p investitsiya bo‘lsa, shuncha ko‘p rivojlanish bo‘ladi. Tibbiyot yoki ta’lim sohasini oladigan bo‘lsak, ular har tomonlama bizdan ustun. Shuning uchun ham biz Yevropa davlatlari va Amerikaga yaqin bo‘lishimiz kerak", deydi u.

"Bunday o‘ylab qaralsa, hammasiga ham ishonch bo‘lishi mumkin. Faqat to‘g‘ri siyosat bilan ular bilan aloqani tiklash kerak", deydi boshqa bir fuqaro.

Xulosa o‘rnida, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlar ham, Toshkentda muxbirimiz bilan gaplashgan fuqarolarning qarashlari ham O‘zbekiston tashqi yo‘nalishini tanlash masalasida jamiyatda yagona pozitsiya shakllanmaganini ko‘rsatadi. Ayrimlar aniq geosiyosiy hamkorni muhim deb hisoblasa, boshqalar suverenitet, mustaqillik va muvozanatli tashqi siyosatni eng to‘g‘ri yo‘l sifatida baholaydi.

O‘zbekiston uchun imkoniyatlar va xavflar

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi bayroqlari

Surat manbasi, Расмий каналдан

Surat tagso‘zi, Sherzod Mo‘minovning fikricha, bugun O‘zbekiston uchun manyovr qilish imkoniyatlari o‘tmishga nisbatan ancha kuchli.

Sherzod Mo‘minovga ko‘ra, katta davlatlar faolligining oshishi O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

"Ilgari mintaqa tashqi kuchlarga qaram edi. Hozir esa O‘zbekiston o‘z ovozini chiqara oladigan darajaga yetyapti. Turli kuch markazlari o‘rtasida manyovr qilish va milliy manfaatlarni ilgari surish imkoniyati kengaymoqda".

Shu bilan birga, xavflar ham mavjud: "Kuch markazlaridan bittasiga ortiqcha yaqinlashish, strategik sohalarda qaramlikning kuchayishi yoki mintaqaning ichida kelishmovchiliklar paydo bo‘lishi tashqi bosimga qarshi javob berish imkoniyatini cheklab qo‘yishi mumkin".

Sanksiyalar kengayib borayotgan sharoitda ayrim hamkorlik yo‘nalishlari ikkinchi darajali xavflarni ham keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

Sherzod Mo‘minovning fikricha, bugun O‘zbekiston uchun manyovr qilish imkoniyatlari o‘tmishga nisbatan ancha kuchli.

Mintaqa davlatlarining o‘zaro jipslashayotgani ham tashqi bosimlarga qarshi birgalikda harakat qilish imkonini oshirmoqda.

Rasmiy O‘zbekiston nima deydi?

O‘zbekiston va Yaponiya rahbarlari

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston rahbariyati mamlakat tashqi siyosatida ko‘p vektorli siyosat yuritishini ta’kidlab keladi.

O‘zbekiston rahbariyati mamlakat tashqi siyosatida ko‘p vektorli siyosat yuritishini ta’kidlab keladi.

O‘tgan yili okyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Bryusselga safari davomida Yevropa Ittifoqi- O‘zbekiston sammitida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimi imzolangandi.

Bu bitim ahamiyatini urg‘ular ekan, O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Abdulaziz Kamilov: "Shunaqa muhim shartnomalar imzolanganda, avvalambor, o‘zimizga savol berishimiz kerak: "Bu bizning xalqimizga qanday foyda keltiradi?"... avvalambor iqtisodiy nuqtai nazardan. Yangi zamonaviy texnologiyalar nuqtai nazardan. Undan keyin biz mana bir necha yildan beri xavfsizlik masalasi bo‘yicha juda yaqin bir-birimizga hamkorlik olib boryapmiz va juda mana shu hamkorlik samarali bo‘lyapti..." degan edi.