Xudolarga nazr qilingan qizlar nega jinsiy tahqir va fohishalik girdobida qolmoqda?

Surat manbasi, Sakhi Trust
- Author, Svaminatan Natarajan
- Role, BBC Jahon xizmati
- O'qilish vaqti: 5 daq
"Fohishalik menga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Tanam zaif, ruhim singan," deydi Chandrika*.
Chandrikaning bu kasbi diniy marosim bilan boshlangan. 15 yoshida uni ibodatxonaga olib borib, ma’budaga tantanali ravishda nikohlab qo‘yishgan.
"O‘sha paytda bu marosimning ma’nosini tushunmasdim," deydi u BBCga.
Hozir o‘ttiz yoshlar oxirida bo‘lgan Chandrika deyarli yigirma yildan beri fohishalik qilib kelmoqda.
Ilohiy kelindan fohishagacha

Hindiston janubidagi Karnataka shtati Chandrika kabi devadasiga qabul qilingandan so‘ng jinsiy xizmatchiga aylanganlarni aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkazmoqda.
Devadasi yoki "xudoning qullari" an’anasi janubiy Hindistonda ming yildan ortiq vaqt oldin paydo bo‘lgan. Dastlab ular ibodatxonalarda san’atkor sifatida qo‘shiq aytib, raqs tushgan. Vaqt o‘tishi bilan devadasi tizimi ko‘proq ruxsat etilgan fohishalikka aylanib qoldi.
Hindistonning ko‘plab hududlarida bu an’ana mustamlaka davridayoq taqiqlangan. Ammo Karnataka shtati bu amaliyotni faqat 1982 yilda taqiqladi. Biroq u hozir ham davom etmoqda.
Qishloqlarda yashovchi devadasilarning o‘z yaqin jufti bo‘lishi, ayni paytda, boshqa mijozlarni ham qabul qilaverishi mumkin. Ularning ko‘pchiligi Mumbay kabi shaharlarga fohishaxonalarda ishlash uchun ko‘chib ketadi.
Fohishalikka aldov bilan jalb qilingan
Belgaum shahrida nazr qilish marosimidan so‘ng Chandrika uyiga qaytib, to‘rt yil odatiy hayot kechirdi. Keyin bir ayol qarindoshi uni Sangli sanoat shaharchasiga olib borib, uy xizmatchisi bo‘lasan, dedi. U Chandrikani shu taxlit fohishaxonaga tashlab ketdi.
"Dastlabki oylarda juda qiyin bo‘ldi. O‘zimni yomon his qilardim. Yaxshi ovqatlana olmas, uxlay olmasdim, – deb eslaydi Chandrika. – Avvaliga qochmoqchi bo‘ldim, lekin asta-sekin ko‘nikdim."
Chandrika atigi 19 yoshda bo‘lib, juda oz ma’lumotga ega edi va Sanglida so‘zlashiladigan hind yoki marathi tillarini deyarli tushunmasdi.
"Ba’zi [mijozlar] menga jismoniy zug‘um qilar, ba’zilari haqoratlardi. Men bularni ko‘tarolmasdim," deya davom etadi u.
Fohishaxona mijozlari kollej talabalaridan tortib haydovchilar, advokatlar va mardikorlargacha bo‘lgan.
Chandrika o‘z jufti, yuk mashina haydovchisi bo‘lgan erkak bilan Sanglida seks orqali tanishgan.
Ular birgalikda bir qiz va bir o‘g‘il ko‘rishdi. Chandrika fohishaxonada ishlashni davom ettirganida, uning jufti bolalarga g‘amxo‘rlik qilardi. U yerda Chandrika kuniga 10-15 ta mijozni qabul qilardi.
Ikkinchi farzandi tug‘ilganidan bir necha yil o‘tgach, uning jufti yo‘l-transport hodisasida vafot etdi. Ayol Belgaumga qaytdi. Shu yerdan u tarjimon orqali BBC bilan suhbatlashdi.
"Erkaklar bizga uylanish uchun kelmaydi"

Surat manbasi, Sakhi Trust
Barcha devadasilar ham fohishaxonada ishlamaydi, ba’zilari umuman jinsiy xizmat ko‘rsatmaydi.
23 yoshli Ankita va Shilpa amakivachcha bo‘lib, Karnataka shimolidagi qishloqda yashardilar. Chandrika singari, ular ham Hindistonda ko‘p kamsitiladigan Dalit kastasidan kelib chiqqan.
Shilpa maktabda atigi bir yil o‘qigach, o‘qishni tashlab ketdi va 2022 yilda o‘zini nazr qildi. Ankita 15 yoshgacha o‘qigan va ota-onasi 2023 yilda nazr marosimni uyushtirgan. Akasining o‘limidan so‘ng, u devadasi bo‘lishga majburlangan edi.
"Ota-onam meni ma’budalarga nazr qilmoqchi ekanliklarini aytishdi. Men rad etdim. Bir haftadan keyin menga ovqat bermay qo‘yishdi," deydi Ankita.
"O‘zimni juda yomon his qildim, lekin oilam uchun buni qabul qildim. Kelin kiyimini kiyib, ma’budaga turmushga chiqdim."
Ankita qo‘lida oq marvarid va qizil munchoqlardan yasalgan marjonni ushlab turibdi, bu uning ma’buda bilan qovushganini bildiradi.
Uning onasi ham, buvisi ham devadasi bo‘lmagan. Oilaning kichik bir tomorqasi bor, lekin bu ularni boqish uchun yetarli emas.
"Agar hech kim nazr qilinmasa, ma’buda bizni la’natlaydi, degan qo‘rquv bor."
Devadasilar turmush qura olmaydi, lekin boshqa ayol bilan qonuniy nikohda bo‘lishi mumkin bo‘lgan yaqin juftlari bo‘lishi mumkin.
Ankita erkaklarning barcha takliflarini rad etdi va hali ham qishloq xo‘jaligi ishchisi sifatida kuniga taxminan 4 dollar topadi.
Men bunaqa ishlar to‘xtashini xohlayman. Qizimni devadasi qilmayman. Bu tizimni davom ettirishni istamayman....
Shilpaning hayoti boshqacha yo‘nalish oldi. Nazr qilingach, u mehnat muhojiri bilan munosabat o‘rnatdi.
"U mening devadasi ekanligimni bilgani uchun oldimga keldi," deb hikoya qiladi u.
Ko‘plab devadasi ayollari singari, Shilpa ham o‘z uyida jufti bilan yashardi.
"U men bilan atigi bir necha oy birga bo‘ldi va meni homilador qildi. U men bilan bo‘lgan davrda menga 3000 rupiy (35 dollar) berdi. U mening homiladorligimga e’tibor bermasdi va bir kuni shunchaki g‘oyib bo‘ldi."
Shilpa uch oylik homilador edi, gangib qolgandi.
"Unga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldim, lekin telefoni o‘chiq edi. Hatto u asli qaerlik ekanligini ham bilmayman."
U uni topish uchun politsiyaga murojaat qilmadi.
"Erkaklar bizga uylanish uchun kelmaydi," deydi u.
Kambag‘allik va xo‘rlik

Surat manbasi, Sakhi Trust
Doktor M. Bhagyalakshmi mahalliy nodavlat tashkilot "Sakhi Trust" direktori. U yigirma yildan ortiq vaqt davomida devadasi ayollari bilan ishlamoqda. Uning aytishicha, taqiqqa qaramay, marosimlar davom etmoqda.
"Har yili uch-to‘rtta qizning devadasi bo‘lishini to‘xtatamiz. Ammo aksar marosimlar yashirin o‘tkaziladi. Biz bu haqda faqat yosh qiz homilador bo‘lganda yoki farzand ko‘rganda bilib qolamiz."
Doktor Bhagyalakshmi ko‘plab ayollarda birlamchi sharoit, sog‘lom ovqat yoki yetarli ta’lim yo‘qligini, yordam so‘rashdan juda qo‘rqishini aytadi.
"Biz Vijayanagara tumanidagi 10 ming devadasini o‘rganib chiqdik. Ko‘plab nogiron, ko‘zi ojiz va himoyasiz boshqa ayollar majburan nazr qilinganini ko‘rdim. Ularning deyarli 70 foizining uyi yo‘q edi," deydi u BBC bilan suhbatda.

Yaqin juftlar ko‘pincha prezervativlardan foydalanmaydi, bu esa istalmagan homiladorlik yoki OIV yuqishi xavfini oshiradi.
Doktor Bhagyalakshmining hisobicha, barcha devadasilarning taxminan 95 foizi Dalit kastasidan, qolganlari esa qabila jamoalardan.
O‘tmishdagidan farqli o‘laroq, zamonaviy devadasilar ibodatxonalardan yordam yoki daromad olmaydi.
"Devadasi tizimi shunchaki ekspluatatsiya," deydi u qat’iy ohangda.
Amaliyotni to‘xtatish

Hozirgi va sobiq devadasilar har yili Belgaumdagi Saundatti Yellamma ibodatxonasiga yillik marosimga yig‘iladi, ammo rasmiylar aytishicha, u yerda hech qanday nazr marosimi o‘tkazilmaydi.
"Bu hozir jazoga tortiladigan jinoyat. Marosimlar paytida odamlarni qat’iy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantiruvchi plakatlar va risolalar tarqatamiz," deydi Vishvas Vasant Vaidya.
Vaidya Karnataka Qonunchilik Kengashi a’zosi, shuningdek, Yellamma ibodatxonasi kengashi a’zosi. Uning BBCga aytishicha, faol devadasilar soni keskin kamaygan.
"Hozir mening saylov okrugimda 50-60 nafar devadasi bo‘lishi mumkin, – deydi u. – Hech kim ibodatxonada devadasi marosimini o‘tkazishni rag‘batlantirmayapti."
"Biz qat’iy choralarimiz tufayli devadasi an’anasini to‘xtatdik," deb ta’kidlaydi u.
Karnataka shtati hukumati 2008 yilda o‘tkazgan so‘nggi tadqiqotda shtatda 46 000 dan ortiq devadasi aniqlangan.
Keyingi avlod

Surat manbasi, Sakhi Trust
Jinsiy xizmatdan tushgan pullar Chandrikaga qashshoqlikdan qutulishga yordam berdi. U bolalarini isnoddan himoya qilish uchun maktab-internatlarga yubordi.
"Doim qizimdan xavotirda edim," deydi Chandrika.
"U taxminan 16 yoshda bo‘lganida, men kabi devadasi bo‘lmasligi uchun uni qarindoshimizga turmushga berdim. Hozir u eri bilan yashayapti."
Chandrika hozirda nodavlat tashkilot bilan ishlaydi va OIV tekshiruvidan muntazam o‘tadi.
"Men qarib qolyapman – bir necha yildan keyin jinsiy xizmat ko‘rsata olmayman," deydi u. U meva-sabzavot do‘koni ochishni rejalashtirmoqda.
Shilpa qiziga yaxshi ta’lim bermoqchi. U devadasi an’anasini juda yomon ko‘radi.
"Men bunaqa ishlar to‘xtashini xohlayman. Qizimni devadasi qilmayman. Bu tizimni davom ettirishni istamayman," deydi u.
Ankita turmushga chiqib, marvarid marjonini olib tashlamoqchi ekanligini aytadi.
(*Chandrikaning ismi shaxsini himoya qilish maqsadida o‘zgartirildi).








