«O‘yin tugadi»: Solovьyovning Markaziy Osiyoga tahdidi qanday aks-sado bermoqda?

Surat manbasi, Solovyev Live
- Author, Davron Hotam
- Role, BBC muxbiri
- Reporting from, Qirg'iziston
- O'qilish vaqti: 4 daq
Rossiyalik taniqli tashviqotchi Vladimir Solovьyovning Markaziy Osiyoda «maxsus harbiy operatsiyalar» o‘tkazish imkoniyati haqidagi bayonoti mintaqa davlatlaridagi siyosatshunoslar va jamoat faollari hamjamiyatida keskin aks-sado berdi. Aksar siyosatshunoslar bu ritorikani «yangi mustamlakachilik» belgisi va suveren davlatlar mustaqilligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid deb baholamoqdalar.
Solovьyov o‘z ko‘rsatuvida: «O‘yin tugadi. Xalqaro huquqni, xalqaro tartibni tan olmaymiz... Nega biz ta’sir doiramizdagi boshqa o‘choqlarda ham maxsus harbiy operatsiya boshlay olmaymiz?» deb so‘radi.
O‘zbekistonlik professor, siyosiy fanlar doktori Sherzodxon Qudratxo‘ja buni «tormozi yo‘q tashviqot» va «mustamlakachilik tili» deb baholaydi: «Bizning Osiyo» formulasi — tasodif emas, bu davlatlarni mustaqil sub’ekt emas, balki ob’ekt sifatida ko‘radigan, chegaralarni to‘siq deb hisoblaydigan tildir».
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
«Bu shaxsiy qarash emas, Kremlning tub maqsadidir»
Qirg‘izistonlik jamoat faoli va professor Venera Saypidin Solovьyovning chiqishini global geosiyosiy xavfsizlik tizimi yemirilayotgan bir paytdagi o‘ta xavotirli signal deb hisoblaydi.

Surat manbasi, Nurdinova Ademi
«Geosiyosatda xalqaro huquq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan siyosiy-harbiy yurishlar kuchayib, dunyoni xavfli holatga tushirib qo‘ygan bir paytda, Solovьyovning bu ochiq bayonoti juda o‘rinsiz va tajovuzkor bo‘ldi. Bu holat Markaziy Osiyo va Armaniston fuqarolarining noroziligiga sabab bo‘lishi tabiiy», — deydi u.
Venera Saypidinning ta’kidlashicha, bu ritorika 2014 yildan beri davom etayotgan siyosiy chiziqning uzviy davomidir. Ammo, unga ko‘ra, «xalqaro tartibga tupurdik» qabilidagi gaplar va «tezkor harakatlar» orqali ta’sir doirasini belgilashga chaqiriq neokolonializmning yaqqol namunasidir.
«Aslida, Solovьyovning bu chiqishi uning ko‘p yillardan beri, aniqrog‘i 2014 yildan beri davom etib kelayotgan ritorikasining uzviy davomi. Biroq, uning «xalqaro huquqni, xalqaro tartibni tan olmaymiz» degani haddan oshgan bayonot bo‘ldi. Uning «tezkor» harakatlarga o‘tish orqali «ta’sir doiramizni belgilab olaylik» degan fikri neokolonializmning aks-sadosiga o‘xshaydi. Bu, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlarining suverenitetiga shubha tug‘diradi va xavf soladi. Solovьyov Kremlning «jarchisi» ekanini hisobga olsak, buni shunchaki bir jurnalistning shaxsiy qarashi emas, balki Rossiyaning tub maqsadlari deb qabul qilishga asos bor», - deydi u.
Solovьyov nima degan edi?
«Solovьyov LIVE» ko‘rsatuvida taniqli boshlovchi Rossiya uchun Venesuela emas, balki Armaniston va Markaziy Osiyo ustidan nazoratni saqlab qolish ustuvor ekanini ochiq aytdi:
«O‘yin tugadi. Xalqaro huquqni, xalqaro tartibni tan olmaymiz. Agar milliy xavfsizligimiz uchun Ukraina hududida maxsus harbiy operatsiya boshlash zarur bo‘lgan bo‘lsa, nega biz ta’sir doiramizdagi boshqa o‘choqlarda ham xuddi shunday qilolmaymiz? Balki ta’sir doiramiz qaerda ekanini ochiq aytishimiz kerakdir? Shunda hammasi tushunarli bo‘ladi», — dedi u.
Armanistonning keskin reaktsiyasi va Markaziy Osiyoning sukuti
Armaniston ushbu bayonotga birinchilardan bo‘lib munosabat bildirib, 12 yanvarь kuni Yerevandagi Rossiya elchisi Sergey Kopirkinni chaqirtirdi va norozilik notasini topshirdi.

Surat manbasi, Reuters
«Unga davlat telekanali dasturi efirida qilingan bayonotlarga nisbatan chuqur norozilik ifodalangan norozilik notasi topshirildi. Ushbu bayonotlar Armaniston Respublikasi suverenitetiga qabul qilib bo‘lmaydigan tajovuz, adovat ko‘rinishi ekani va Armaniston bilan Rossiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning asosiy printsiplarini qo‘pol ravishda buzishi alohida ta’kidlandi», — deb bildirdi Armaniston TIV matbuot kotibi Ani Badalyan.
Markaziy Osiyo rasmiylari hozircha Solovьyovning bu bayonotiga hech qanday munosabat bildirmadi.
Diplomatik reaktsiya: Zaruratmi yoki behuda vaqt sarfi?
«Rossiyalik jurnalist Solovьyov aytgan so‘zlar bo‘yicha, aslida, bizning TIV reaktsiya bildirishi kerak. Kerak bo‘lsa, uni persona non-grata deb e’lon qilish lozim. Chunki bu shaxsiy kanal emas, u federal kanalda shu gaplarni aytyapti», — dedi Qirg‘iziston parlamentining deputati Dastan Bekeshev.
Uni persona non-grata deb e’lon qilish lozim. Chunki bu shaxsiy kanal emas, u federal kanalda shu gaplarni aytyapti.
Qirg‘izistonlik siyosatshunos Emilbek Jo‘raev esa ehtiyotkorlikka chaqiradi: «Biz o‘zimizning rus davlati bilan munosabatimizni oqillik bilan, ehtiyotkorlik bilan bir mezonga solib olishimiz zarur. Rossiyani ham albatta xavf va xatar manbai sifatida ko‘rishimiz kerak».
Taniqli qozog‘istonlik siyosatshunos Dosim Satpaev vaziyatni Ukraina misoli bilan qiyosladi: «Nima bo‘lgan taqdirda ham... Markaziy Osiyo davlatlari g‘aflatda qolmasligi kerak. Hozir xalqaro huquq inqirozga yuz tutmoqda. Yadro quroliga ega bo‘lmagan biror davlat o‘zini xavfsiz his qilolmaydi. Buni Ukraina misoli ko‘rsatdi».
Solovьyovning bayonoti Armaniston va Markaziy Osiyodagi qanday siyosiy voqealarga to‘g‘ri keldi?
Dekabrь oyida Yevropa Ittifoqi Armanistonga tashqi ta’sirlarga qarshi turish uchun 15 million dollar ajratishni va’da qilgan edi. 2024 yildan boshlab Yerevan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilmoqda va bu Kremlning keskin noroziligiga sabab bo‘lyapti.
Markaziy Osiyo ham so‘nggi vaqtlarda AQSh bilan aloqalarni jonlantirdi. 2025 yilning noyabrida Donald Tramp mintaqadagi barcha yetakchilarni qabul qildi. Yangi yil boshlanishi bilan Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev yaqin orada AQSh Prezidenti bilan qayta uchrashishi ma’lum bo‘ldi.

Surat manbasi, EPA
Markaziy Osiyoning aksariyat tahlilchilari Solovьyovning og‘zi bilan aytilayotgan bu kabi shov-shuvli bayonotlar Moskvaning mintaqadagi ta’sirini yanada kamaytirishi mumkin, demoqdalar.
Masalan, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov Solovьyovni «rus shovinisti» deb atab, bunday bayonotlar strategik sheriklikka putur yetkazishi haqida ogohlantirdi.
Qirg‘izistonlik siyosiy sotsiologiya tadqiqotchisi Kanat Xasanov esa bunday ritorikaning nafaqat mintaqa, balki Rossiyaning o‘zi uchun ham zararli ekanini aytadi.
«„Ta’sir doiralari“ haqida kuch ishlatish ohangida gapirish sheriklik tushunchasini bo‘ysundirish mantiqi bilan, ta’sirni esa nazorat bilan almashtiradi. Zamonaviy xalqaro munosabatlarda bunday yondashuv davlat pozitsiyasini kuchaytirmaydi, aksincha, hatto sodiq sheriklarni ham uzoqlashtirib, uning strategik zaiflashuviga olib keladi», — deb yozadi Kanat Xasanov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Uning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari hech qachon harbiy tahdid manbai bo‘lmagan, aksincha, o‘n yillar davomida ko‘pvektorlilik va muvozanat modeli orqali barqarorlikni ta’minlab kelmoqda. Bunday bayonotlar esa millionlab insonlarning qadr-qimmatiga tegib, tarixiy xotirada uzoq vaqt saqlanib qoluvchi salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi.












