Ukraina va urush: sevgi, oila qurish yo bola ko‘rish ushalmas orzuga aylanmoqdami?

Darya askar bilan munosabatga kirishdan qo‘rqadi.
Surat tagso‘zi, Darya askar bilan munosabatga kirishdan qo‘rqadi.
    • Author, Laura Gozzi
    • Role, BBC News, Kiyev
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Shanba oqshomida Kievdagi vino barida o‘tirgan 34 yoshli Darya tanishuv ilovasini ochib, ko‘zdan kechirdi-da, so‘ng telefonini chetga qo‘ydi.

O‘n yildan ortiq vaqt davomida sodiq munosabatda bo‘lganidan so‘ng, u anchadan buyon yolg‘iz. "Urush boshlangandan beri biror marta ham to‘laqonli uchrashuvda bo‘lganim yo‘q", deydi u.

To‘rt yillik urush ukrainaliklarni kundalik hayotlarining deyarli barcha jabhalarini o‘zgartirishga majbur qildi. Bu munosabatlar va ota-onalik haqidagi qarorlarda tobora ko‘proq aks etmoqda. Bu qarorlar, o‘z navbatida, nikoh va tug‘ilish darajasi pastlab borayotgan mamlakat kelajagini shakllantiradi.

2022 yilgi keng ko‘lamli bosqin boshida mamlakatdan chiqib ketgan millionlab ukrainalik ayollar hozirda chet elda yangi hayot, yangi munosabatlar qurgan. Yuz minglab erkaklar ham yo‘qolgan – ular yo armiyada xizmat qilmoqda yoki xorijda yashayapti.

Qolgan ayollarda oila qurish uchun kimnidir uchratish imkoniyati tobora ozayib bormoqda.

28 yoshli Kristinaning aytishicha, atrofda erkaklar kamligi sezilib qolgan. U Lvovning g‘arbiy qismida yashaydi, tanishuv ilovalari orqali juft topishga urinib ko‘rgan, ammo omadi chopmagan.

"Ko‘pchilik [erkaklar] hozir tashqariga chiqishga qo‘rqadi," deydi u harbiy xizmatga chaqiruv yoshidagi erkaklarni nazarda tutib. Ular Ukraina shaharlari ko‘chalarida kezib yuruvchi harbiy komissarlik ko‘ziga tashlanmaslik uchun ko‘p vaqtini uyda o‘tkazadi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Askarlarga kelsak, "hozir ko‘pchiligi ruhan majruh, chunki ularning aksariyati – agar qaytib kelgan bo‘lsa – ko‘p narsani boshdan kechirgan", deydi u.

Darya ham xuddi shunday fikrda. "Men bu yerda faqat uchta imkoniyatni ko‘ryapman," deydi u va o‘zi kabi ayollar uchun mavjud erkaklar turlarini sanaydi.

Birinchisi, harbiy xizmatdan qochishga urinayotganlar. Uydan chiqa olmaydigan erkak, ehtimol, "siz munosabat qurmoqchi bo‘lgan odam emas", deydi Darya.

Keyin frontdan vaqti-vaqti bilan kelib, uzoq masofali munosabatlarga majbur bo‘lgan askarlar bor. Ular bilan "aloqa o‘rnatasan, keyin ketadi", deydi Darya.

Denis uchun ham uzoq-masofali aloqalar qiyin.
Surat tagso‘zi, Denis uchun ham uzoq-masofali aloqalar qiyin.

Qolgan variant – 25 yoshgacha bo‘lgan chaqiruv yoshidagi erkaklar. Ammo 22 va undan kichik yoshdagilar mamlakatni erkin tark etishi mumkin. Darya ular istalgan vaqtda jo‘nab ketishi mumkinligini biladi.

Bularning hech biri unga ma’qul emas.

Front chizig‘iga yaqinroq joylarda ko‘plab faol xizmatdagi erkaklar ham munosabat boshlash fikrini tokchaga olib qo‘ygan. Ularning aytishicha, mavhum vaziyatda uzoq muddatli munosabatlar ayni mas’uliyatsizlikdir.

Xarkov viloyatida xizmat qilayotgan askar Ruslan va’da berish imkoniyati cheklanganini biladi. Yiliga bir-ikki bor kelish, gul yuborish va ba’zan qo‘ng‘iroq qilishdan boshqa, "qiz bolaga nima taklif qila olaman?" deb so‘raydi u.

"Xotin yoki qalliqqa uzoq muddatli rejalarni va’da qilish qiyin, – deydi 31 yoshli dron operatori Denis mamlakat sharqidagi o‘z pozitsiyasidan yuborgan ovozli xabarida. – Har kuni halok bo‘lish yoki jarohatlanish xavfi bor, shunda barcha rejalar puchga chiqadi."

Bunday ayriliqlar oqibatlari Ukrainaning uzoq kelajagiga tahdid solmoqda.

Ko‘p jihatdan, ular allaqachon ta’sir ko‘rsata boshlagan. Bosqin boshlanganidan beri nikohlar soni 2022 yildagi 223 mingtadan 2024 yilda 150 mingtagacha keskin kamaydi.

Ukrainada o‘limlar soni ham ko‘paydi, ulkan emigratsiya yuz berdi – BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yildan beri olti milliondan ortiq odam mamlakatni tark etdi va tug‘ilish darajasi keskin pasaydi.

Bularning barchasi aholi soni keskin kamayishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida ishchi kuchini qisqartiradi va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi.

Wedding
Reuters
Ukrainadagi nikohlar soni

  • 2022 yil223 000

  • 2024 yil150 000

Manba: Ukraina hukumati

Ukraina Milliy fanlar akademiyasi demografi Oleksandr Xladun bu tendentsiyalarni "urushning ijtimoiy halokati" deb ta’riflaydi.

Bu Ukraina aholisi 1992 yildan 2022 yilgacha yuqori o‘lim darajasi, migratsiya va tug‘ilish pasayishi tufayli 52 milliondan 41 milliongacha kamayganidan keyin sodir bo‘ldi.

Mojaro paytida tug‘ilish darajasi yanada pasayib ketdi. Xladun shu yil boshida Ukraina ommaviy axborot vositalariga aytishicha, 2022 yilda raqamlar qisman 2021 yildagi homiladorliklar hisobiga saqlanib qolgan. 2023 yilda ba’zi er-xotinlar urush tugaydi degan umidda farzandli bo‘lgan.

Ammo 2024 yilda tinchlik yaqin emasligi ma’lum bo‘lgach, tug‘ilish darajasi keskin pasaydi. Endi u har bir ayolga 0,9 bolani tashkil etadi, bu rekord darajada past ko‘rsatkich bo‘lib, aholini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan 2,1 boladan ancha past (taqqoslash uchun, Yevropa Ittifoqida tug‘ilishning umumiy darajasi 1,38 ni tashkil qiladi).

Urush paytida tug‘ilish pasayishi kutilgan holat bo‘lsa-da, deydi Xladun, bu odatda tinchlik o‘rnatilguncha farzand ko‘rishni kechiktirganlar hisobiga kompensatsion o‘sish bilan davom etadi. Ammo bu ta’sir cheklangan bo‘lib, odatda besh yilgacha davom etadi – bu Ukrainaning uzoq muddatli istiqboliga sezilarli ta’sir ko‘rsatish uchun juda qisqa vaqt.

"Urush qanchalik uzoq davom etsa, bu kompensatsiya samarasi shunchalik kichik bo‘ladi", deya qo‘shimcha qiladi Xladun, chunki mojaro paytida farzand ko‘rishni kechiktirgan juftliklar buni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. "Bizda esa bu to‘rt yilki davom etyapti, bu ancha uzoq muddat."

Milliy fanlar akademiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, urushning oqibatlari jangovar harakatlar tugaganidan so‘ng ham uzoq davom etadi. Natijada, ular aytishicha, 2051 yilga borib aholi soni 25,2 million kishiga tushishi mumkin, bu 1992 yildagidan ikki barobar kam degani.

Doktor Mixaylishin urush ukrain yoshlarining unumdorligiga ta’sir qilayotganidan xavotirda.
Surat tagso‘zi, Doktor Mixaylishin urush ukrain yoshlarining unumdorligiga ta’sir qilayotganidan xavotirda.

Hatto ahd paymon qilgan juftliklar ham urushning noaniqligidan aziyat chekmoqda.

33 yoshli Olena tekshiruvdan o‘tish uchun Lvov chekkasidagi fertil klinikaga bordi. U politsiyachi va harbiy murabbiy bo‘lib, hozirda tuxumlarini muzlatmoqda, chunki sog‘liq muammolari tufayli uning homilador bo‘lishi qiyinlashgan.

Olena aytishicha, ular qachondir EKU usulini qo‘llashadi, ammo faqat "ishim va mamlakatdagi vaziyatni hisobga olgan holda".

Olena urushdan oldingi hayotni go‘zal va "umidbahsh" edi deb eslaydi. Biroq uning oila qurish orzulari 2022 yilda bosqin boshlanishi bilan to‘xtadi.

"Urushning birinchi yilida hamma narsa to‘xtab qolgandek edi, – deydi u. – Biz intilgan hamma narsa – uy qurish, farzand ko‘rish, barchasi ahamiyatsiz bo‘lib qoldi."

Bu qo‘rquvlar hatto G‘arbiy Ukrainaning boshqa hududlari singari Rossiyaning eng yomon hujumlaridan nisbatan omon qolgan Lvovda ham yo‘qolmagan. Ammo Olena uchun farzand ko‘rish masalasi burch tuyg‘usiga aylangan. "Men buni o‘zim uchun ham, oilam uchun ham, Ukraina uchun ham qilyapman", deydi u. Uningcha, jang maydonidagi askarlar ham hali tug‘ilmagan ukrainalik bolalar uchun jon bermoqda.

Stolning narigi tomonida Olenaning ginekologi va klinika bosh shifokori doktor Lyubov Mixaylishin gaplarimizni tinglab o‘tirardi.

U Olena kabi "kuchli, ajoyib ayollarga" yordam berishdan faxrlanishini aytadi. Ammo urush ukrainalik yoshlar reproduktsiyasiga qanday ta’sir qilayotgani uni jiddiy tashvishga solmoqda.

U ko‘p yillik surunkali stress va uyqusiz tunlar, jang maydonidagilar uchun qo‘shimcha jismoniy va ruhiy jarohatlar oqibatidan xavotirlanadi. Uning fikricha, bularning barchasi kelgusi yillarda tug‘ilish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

"Biz shuni kutyapmiz", deydi Mixaylishin oldinda turgan demografik inqiroz haqida. Olena bosh irg‘aydi.

Yaqinda Ukraina hukumati muammoni hal qilishga qaratilgan strategiyalar, jumladan, bola parvarishi va uy-joy masalasini hal qilish rejasini ishlab chiqdi. Biroq, bu siyosatlar markazlashtirilgan moliyalashtirishga emas, balki mahalliy hokimiyat organlariga tayanadi – Xladunning aytishicha, bu loyihalar ko‘pincha amalga oshmay qoladi.

Bo‘lajak onalar va bolalar urush xavfi ostida qolayotgan ekan, davlat darajasidagi sa’y-harakatlar unchalik samarali bo‘lmasligi mumkin, deb tan oladi u.

Hozir Ukraina aholisi Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin mustaqillikka erishgan paytdagidan 17 million kishiga kam. Faqat xorijda yashayotgan 6,5 million ukrainalikning salmoqli qismi qaytib kelsagina raqamlarni tezda o‘nglash mumkin.

Ammo janglar to‘xtaganda ham ularning qanchasi qaytishi noma’lum.

Agar Ukraina 2014 yildan beri Rossiya tomonidan bosib olingan hududning katta qismini qaytarib olishga erishsa, odamlar qaytishga ko‘proq moyil bo‘ladi, deb ta’kidlaydi Xladun. Ammo bundan kam natija ukrainaliklarni himoyasiz qoldirishi mumkin, chunki bu urushning to‘liq tugashi emas, balki vaqtinchalik tinchlik deb qaraladi.

Moskva butun Ukrainani bosib olishni istamasligini qat’iy ta’kidlashiga qaramay, ko‘plab ukrainaliklar Rossiya ularning vataniga ekzistentsial xavf tug‘dirishiga va bu xavf Rossiya prezidenti Vladimir Putindan keyin ham davom etishiga ishonadi.

Shu nuqtai nazardan, Ukraina aholisining kamayishini xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rish kerak, deydi Xladun. "Rossiya shunchaki demografik jihatdan ancha katta, – deydi u. – Shu ma’noda u urush uchun ko‘proq resursga ega."

Urush qancha uzoq davom etsa, noaniqlik mamlakatning uzoq muddatli tiklanish istiqbollariga shunchalik ko‘p putur yetkazadi.

"Kelajakni rejalashtirish deyarli soddalik bo‘lib tuyuladi, – deydi Darya. – Bu mavhumlik azob beradi, ammo u kundalik hayotning bir qismiga aylanib bormoqda.

"Men yolg‘iz qolishni qabul qildim, buni xohlaganim uchun emas, balki urush imkoniyatlarni o‘zgartirgani uchun", deya qo‘shimcha qiladi u.

"Shuni qabul qilib yashashni o‘rganish omon qolishning bir yo‘lidir."