O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga yana qanday global tahdid xavf solmoqda - endi geosiyosiy tanglik yanada kuchayadimi?

Shavkat Mirziyoev

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi mojarolar fonida bugun dunyoda bo‘y ko‘rsatib turgan geosiyosiy tanglik va global iqtisodiy inqiroz Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarida ham jiddiy xavotirlarga molik masala bo‘ladi.
O'qilish vaqti: 7 daq

Shavkat Mirziyoev bugungi kunning asosiy global tahdidini aytdi. O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, bu tahdid geosiyosiy keskinlikning kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Markaziy Osiyo esa, uning oqibatlarini o‘tkir his qilayotir.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Nima gap?

Shavkat Mirziyoev

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Shavkat Mirziyoev esa, kecha, 12 noyabr kuni mazkur sessiya doirasidagi jahon yetakchilari sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi.

Shavkat Mirziyoevning Bokudagi nutqi o‘sha soatlarning o‘zidayoq O‘zbekistondagi barcha yetakchi nashrlarning e’tiborini o‘ziga tortdi.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida tilga olib o‘tgan nuqtalar esa, ularning sarlavhalariga chiqdi.

Ozarbayjon poytaxti shu kunlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konventsiyasi Tomonlari anjumanining 29-sessiyasiga mezbonlik qilmoqda.

Tadbirda jahonning 80 dan ortiq mamlakatidan davlat va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etishmoqda.

Shavkat Mirziyoev esa, kecha, 12 noyabr kuni mazkur sessiya doirasidagi jahon yetakchilari sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi.

O‘zbekiston prezidenti o‘zining chiqishida iqlim o‘zgarishlari bugungi kunning asosiy tahdidiga aylanib bo‘lganligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoev bu tahdid geosiyosiy tanglikning kuchayishiga bevosita ta’sir qilayotganini aytdi.

Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi mojarolar fonida bugun dunyoda bo‘y ko‘rsatib turgan geosiyosiy tanglik va global iqtisodiy inqiroz Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarida ham jiddiy xavotirlarga molik masala bo‘ladi.

Ular uchun bu mintaqa barqarorligi va xavfsizligi qadar ahamiyat kasb etgani ko‘riladi.

O‘zbekiston rahbariga ko‘ra, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini o‘tkir his qilmoqda.

Ular aholining turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida to‘siqqa aylanmoqda.

Kambag‘allikka qarshi kurash, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikni ta’minlash, ichimlik suvi va resurslaridan foydalanish muammolari kuchaymoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasi

O‘zbekiston
Surat tagso‘zi, Aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi asosan qishloq xo‘jaligiga asoslangan, aholisining aksariyati chetda mehnat muhojirligida band, tirikchiligi asosan shuning orqasidan o‘tadi.

Markaziy Osiyo shundoq ham kambag‘allik, ishsizlik va korruptsiya anchayin dolzarb muammoligicha qolayotgan, kuzatuvchilar nazdlarida, ijtimoiy portlash xavfi nisbatan yuqori mintaqa bo‘ladi.

Aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi asosan qishloq xo‘jaligiga asoslangan, aholisining aksariyati chetda mehnat muhojirligida band, tirikchiligi asosan shuning orqasidan o‘tadi.

Markaziy Osiyo aholisining umumiy soni 80 milliondan ortadi, hududi kattaligi jihatdan Yevropa Ittifoqinikiga yaqin, yaqin-yaqingacha urushlar ichida bo‘lgan va uch yildirki, muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmayotgan Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga chegaradosh.

Ammo hosildor yerlari va suvi kam, suv ustidan urush kelib chiqishidan xavotirlar oshkora bildirilgan, havosining ifloslanishi, qurg‘oqchilik va sahrolashish tobora kuchayishi ehtimoli allaqachon jiddiy tashvishlarni uyg‘otib bo‘lgan, millionlab aholisi ekologik migrantlarga aylanishiga oid bashoratlar yangrab bo‘lgan mintaqa.

Deyarli qurib bitishi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik fojega qiyos berilgan Orol dengizi ham Markaziy Osiyo - O‘zbekiston va Qozog‘iston hududida joylashgan.

Aksariyat davlatlari tabiiy energiya zaxiralari - neftь va gazga boy.

Bu O‘zbekiston prezidentining global iqlim o‘zgarishi muammosiga yuqori minbardan turib ilk bor e’tibor qaratishi emas.

Birinchisi emas...

Шавкат Мирзиёев
rasmiy
Mintaqada havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. So‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni ikki marta ortgan...
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da)

Shavkat Mirziyoev, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘tgan yili Dubayda bo‘lib o‘tgan xuddi shunday anjumanida ham barchaning e’tiborini mintaqaga tortgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘shanda iqlim muammolari barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurganini aytgan.

U bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatayotganligini ta’kidlagan.

Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari Orol fojeasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa sezilayotganini qayd etgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘shanda tilga olib o‘tgan faktlarga tayanilsa:

  • Mintaqada havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. So‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni ikki marta ortgan, muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib yo‘qolgan.
  • Mintaqa hududida tuproq yemirilishi jarayonlari 30 milliondan ziyod aholi turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kuchli chang va qum bo‘ronlari odatiy holga aylanib bormoqda.
  • Ichimlik suvi taqchilligi, havo ifloslanishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi, qishloq xo‘jaligida hosildorlikning keskin pasayishi kabi muammolar tobora avj olmoqda.

Shavkat Mirziyoev shunday derkan, global xavflar keng mintaqada xatarli nuqtaga yetib kelayotgani bilan ham ogohlantirgandi.

O‘zbekiston prezidentining ham Dubay va ham Bokudagi chiqishlari tafsilotlaridan ma’lum bo‘lishicha, “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifasi bo‘lib qoladi.

Shavkat Mirziyoev Bokuda O‘zbekiston umumiy farovonlik va uzoq muddatli “yashil” taraqqiyot yo‘lida ochiq muloqot va amaliy sheriklikka doim tayyor ekaniligini bildirgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti global iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini birgalikda yengib o‘tish maqsadida qator tashabbuslarni ham ilgari surgan.

Jumladan, iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etish taklifi va BMT shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash sohasida majburiyatlar to‘g‘risidagi Deklaratsiyani ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston rahbari atrof-muhit ifloslanishi bilan bog‘liq xatarlarni qisqartirish va transchegaraviy suv resurslari masalalarida yagona yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini ham qayd etgan.

Markaziy Osiyo liderlari birdammi?

Qozog‘iston prezidenti

Surat manbasi, rasmiy

Olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Bokuda aksariyat Markaziy Osiyo liderlari ham o‘zlarining chiqishlarini yakunlab bo‘lishgan, ular ham global iqlim o‘zgarishiga qarshi birgalikda kurashishga chaqirishgan.

Qozog‘iston prezidenti ham Markaziy Osiyo global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ko‘plab xavf-xatarlarga duch kelayotganligini aytgan.

Qasim Jomart Toqaev iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar samaradorligini oshirish uchun ilg‘or texnologiyalardan faol foydalanishlari lozimligini ta’kidlagan.

Ular sifatida esa, sun’iy intellekt, sun’iy yo‘ldosh kuzatuvi, oldindan ogohlantirish, suv va yer resurslarini samaraliroq boshqarishni ta’minlaydigan boshqa raqamli vositalarni tilga olgan.

Anjumanda so‘zga chiqqan Tojikiston prezidenti sur’ati va tabiatini nazarda tutarkan, iqlim muammolari va tahdidlarining o‘zlari ko‘rayotgan choralardan ko‘ra jadal va kuchliroqligi aniq ekanini e’tirof etgan.

Emomali Rahmon iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni, ayniqsa, maxsus loyihalarni moliyalashtirish va suv resurslarini muhofaza qilish orqali kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.

Qirg‘iziston prezidenti ham Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Parij shartnomasida qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun “muvofiqlashtirilgan va yaxshi moliyalashtirilgan sa’y-harakatlar”ga chaqirgan.

Sadir Japarovning aytishicha, iqlim o‘zgarishi bugungi kunda, ayniqsa, muzliklari, suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va umuman, odamlarining turmush tarziga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib bo‘lgan.

Tojikiston va Qirg‘izistonning muzliklari shundoq ham suv taqchil mintaqaning suv ta’minotida beqiyos o‘rin tutadi.

Bokudagi iqlim sammitida o‘zi Afg‘onistonda qudratga qaytgan so‘nggi uch yil ichida ilk bor Tolibon hukumati hay’ati ham ishtirok etgan.

Afg‘oniston dunyodagi global iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p aziyat chekishi mumkin bo‘lgan oltita davlatdan bittasi bo‘ladi.

Mamlakatning aksariyat qismi qaqshatqich qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va oziq-ovqat taqchilligi xavfi qarshisida qolgan.

Tolibon hukumati global iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan bu kabi oliymaqom yig‘inlarda o‘zlarining ham ishtiroklari muhimligini ta’kidlagan. Afg‘onistonga xalqaro yordam lozimligini aytgan.

Ammo o‘zi tan olinishi uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surilgan shartlarni hali-hanuz bajarmagan.

Yuritayotgan siyosati bois, Afg‘onistonga berib kelinayotgan xorijiy yordamlar keskin qisqargan.

Afg‘oniston shimolida qurg‘oqchilik oqibatlarini yumshatish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida Tolibon hukumati Amudaryodan tortayotgan yangi kanal qurilish ishlari ham Markaziy Osiyodagi ekologik vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, suv yanada taqchillashadi, mintaqaviy mojaro kuchayadi, degan xavotirlarni paydo qilmay qo‘ymagan.

11 noyabr

COP29: 2024 yil tarixdagi eng issiq yil va “neftь hidi anquvchi” shahardagi iqlim tadbiri – nimadir o‘zgaradimi?

cop

Surat manbasi, Reuters

Iqtisodi neftь-gaz eksportiga asoslangan Ozarbayjon poytaxti Bakuda BMTning iqlim o‘zgarishi masalasiga bag‘ishlangan yillik konferentsiyasi – COP29 rasman ish boshlagan.

11 noyabrdan 22 noyabrga qadar davom etuvchi bu yirik xalqaro tadbir 2024 yil hisobi yuritilayotgan tarixdagi eng issiq yilga aylanish arafasida turgan bir paytda ochilgan.

Shuningdek, iqlim o‘zgarishini yuzaga keltirayotgan omillarni qanday bartaraf etish yo‘llari muhokama etiladigan mazkur xalqaro yig‘inni o‘tkazish uchun iqtisodiyoti qazilma yoqilg‘i boyliklariga asoslangan Ozarbayjon tanlangani ko‘pchilikning tanqidiga sabab bo‘lgan.

Ozarbayjonning COP29’dagi jamoasi rahbari konferentsiyadan neftь-gaz loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishish yo‘lida foydalanganiga uringani esa tanqidlarni yanada kuchaytirgan.

Eng issiq yil

cop

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Bu safargi xalqaro yig‘in sayyora iqlim o‘zgarishi oqibati asoratlari domiga yanada tushib borayotgan bir vaqtda o‘tmoqda.

COP (Conference of the Parties) 1992 yilda BMTning iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi konventsiyasini imzolagan qariyb 200 mamlakatning an’anaviy yig‘ilishidir.

Har yili mazkur hujjatni ratifikatsiya qilgan davlatlar bir joyda yig‘ilib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash jarayonini muvofiqlashtirib oladilar.

Umumbashar muammoni hal etish choralarini jadallashtirish uchun xalqaro konferentsiyada, odatda, prezidentlar va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.

Jumladan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev bu konferentsiyada ishtirok etish uchun 12-13 noyabrь kunlari Bakuga borishi kutilmoqda.

Yigirma to‘qqizinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro yig‘inda issiqxona gazlarini atmosferaga chiqarishni kamaytirishi va iqlim o‘zgarishining og‘ir oqibatlariga qarshi kurashishi uchun rivojlanayotgan davlatlarga mablag‘ topish kun tartibidagi asosiy masala bo‘lishi aytilmoqda.

Boy davlatlar kasriga qolayotganini ta’kidlab keluvchi Afrika va ayrim kichik orol davlatlar bu maqsad yo‘lida moliyalashtirish 2030 yilga qadar yiliga $1 trilliondan oshishi zarurligini bildiradi.

Shuningdek, yig‘in dunyo bo‘ylab iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq halokatli ofatlar ko‘lami ortayotgan bir vaqtda o‘tmoqda.

Bahorda Afrika misli ko‘rilmagan issiq havo oqimi bilan to‘qnashgan, kuzga kelib, kuchli yog‘ingarchilik Yevropaning qator mamlakatlarida jiddiy toshqinlarni keltirib chiqargan.

Bir vaqtning o‘zida, BMT joriy yil kuzatilgan tarixdagi eng issiq yilga aylanishi kutilayotganini ma’lum qilgan.

Ziddiyatli mezbon

greta

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Taniqli iqlim faoli Greta Tunberg Ozarbayjondagi konferentsiyani boykot qilganini ma’lum qilgan.

Sayyora inson omili ta’sirida yuzaga kelgan iqlim o‘zgarishi asoratlari domida qolgan bir vaqtda kuzatuvchilar ushbu muammoga yechimlar topilishi zarur bo‘lgan bu yilgi COP yig‘ini samarasiz tugashi ehtimoli yuqori ekanini tilga olmoqda.

Sababi – COP29’da atmosferaga eng ko‘p issiqxona gazlarini chiqaruvchi boy davlatlar yetakchilari qatnashmayotir.

Bu esa konferentsiya zalvorini sezilarli pasaytiradi.

Shuningdek, tanqidchilar COP29 iqtisodiyotida iqlim o‘zgarishini yuzaga keltirayotgan asosiy omillardan ko‘riladigan qazilma yoqilg‘i boyliklari asosiy o‘rin tutuvchi va kelasi o‘n yillikda tabiiy gaz qazib olish ko‘lamini hozirgidan uchdan bir qismga qadar ko‘paytirishni rejalayotgan Ozarbayjonda o‘tayotgani bu xalqaro yig‘in jiddiyligiga putur yetkazishini ta’kidlagan.

Neftь va gaz Ozarbayjon eksportining qariyb 90 foizini tashkil etadi.

Taniqli iqlim faoli Greta Tunberg COP29’da ishtirok etmasligi, sababi mezbon mamlakatda “iqlim o‘zgarishiga qarshi chora ko‘rish niyati mavjud emasligi”ni bildirgan.

“Men bu shaharda “neftь hidi anqiydi”, degan gaplarni shunchaki mish-mish, deb yurardim. Jamoamiz bilan shahar bo‘ylab yurar ekanmiz, o‘zimizni go‘yo yirik yoqilg‘i quyish shoxobchasida turgandek sezdik. Bu hid hamma yerda anqirdi. Hozir shu maqolani yozayotgan vaqtimda ham uni his qilyapman”, deya yozgan Bi-bi-sining hozir Bakuda bo‘lib turgan iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha muxbiri Jorjina Rennerd.

Telegram kanalimiz