Ukraina urushi: Urushni unutolmaydi, gapirishga qo‘rqadi va ichkilikka mukkasidan ketgan - Rossiya harbiylariga yordam berolmayaptimi?

Surat manbasi, AFP
- Author, Sofiya Volyanova
- Role, BBC Rus xizmati
- O'qilish vaqti: 6 daq
"Ko‘pchilik askarlar psixologga borishni istamaydi," deydi Rossiya davlat mablag‘lari hisobidan ishlayotgan "Oila o‘chog‘i" loyihasida ko‘ngilli psixolog Tatьyana (ismi o‘zgartirilgan).
Uning aytishicha, frontdan qaytganlar shunday o‘ylaydi: psixolog urushda qatnashmagan, demak, biz nima his qilayotganimizni tushuna olmaydi. Yoki bizning hikoyalarni eshitish uning o‘ziga og‘irlik qiladi – buni ko‘tara olmaydi.
Shu bois, deydi Tatьyana, ko‘p askarlar professional yordam olish o‘rniga do‘stlari bilan ichkilikka beriladi, shu bilan barini unutishga harakat qiladi.
Hozirgi hisoblarga ko‘ra, minglab rossiyalik jangchilar Ukraina frontidan qaytgach, og‘ir ruhiy muammolarga, jumladan, posttravmatik stress xastaligiga duch kelmoqda.
Biroq mutaxassislar ta’kidlashicha, Kreml to‘liq miqyosli urushni boshlaganidan beri o‘tgan 3,5 yil ichida davlat psixologik yordam bo‘yicha samarali tizim yarata olmadi.
"Men bu yerda yaxshi odamman, lekin u yerda odam o‘ldirdim"
Hamkasbimda bir bemor bo‘lgan: u kafega kirib, mijozlarni kaltaklay boshlagan. Sababi – ichki ziddiyat. 'Men bu yerda yaxshi insonman. Lekin u yerda odam o‘ldirdim', deb o‘ylaydi.
Tatьyana tushuntirishicha, urushdan tinch hayotga qaytish jarayonida ba’zan askarlarda nazorat qilish qiyin bo‘lgan tajovuz yuzaga keladi.
"Hamkasbimda shunday bemor bo‘lgan: u kafega kirib, dam olayotgan mijozlarni kaltaklay boshlagan. Sababi – ichki ziddiyat. 'Men bu yerda yaxshi, mehribon insonman. Lekin u yerda odam o‘ldirdim', deb o‘ylaydi."
U yana bir komandir haqida gapiradi – u tartib intizomni go‘yoki saqlash maqsadida o‘z qo‘l ostidagilarni suvsiz va ovqatsiz o‘rada o‘tirishga majbur qilgan. Keyin uyiga qaytgach, u o‘zidan:
"Ey Xudo, men bu bolalarga nima qildim o‘zi?" deb so‘ragan.
Bir yil davomida faqat sakkiz nafar askar Tatьyanaga murojaat qilgan. Ularning ko‘pchiligi oxiri ruhiy yordamdan voz kechib, ichkilikka berilib ketgan.
"Ular xavfli odamlar. Men esa ularni kamroq xavfli qilishim mumkin"

Surat manbasi, AFP
Rossiya hukumati frontda qancha askar borligini ochiqlamaydi.
Ammo 2023 yil dekabrida Prezident Putin 2023 yilda frontda 617 ming askar bo‘lganini aytgan. Keyingi yili yana 490 ming kishi jangga yuborilgan.
Bexterev nomidagi psixiatriya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, urushda qatnashgan harbiylarning 3–11 foizi posttravmatik stress xastaligidan aziyat chekadi. Agar og‘ir jarohat olgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 17 foizgacha yetishi mumkin.
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi bu muammoga javoban mamlakat bo‘ylab 2700 ga yaqin psixologik maslahat markazi ochgan. Bundan tashqari, boshqa davlat dasturlari va ko‘ngilli psixologlar ham bor.
Biroq bu markazlarning ko‘lami kichik, xodimlari kam, deydi shunday markazlardan birida ishlayotgan psixolog Yana (ismi o‘zgartirilgan).
Yana urushga qarshi. Avvaliga u frontda qatnashganlar bilan ishlash qiyin bo‘ladi, deb o‘ylagan. Ammo keyin o‘z yordami ular uchun muhim ekanini tushunib yetgan.
"Ular xavfli odamlar. Men esa ularni kamroq xavfli qilishim mumkin," deydi u Bi-bi-si Rus xizmatiga.
Lekin u yana bir muammoni tilga oladi: Rossiyada qattiq nazorat va senzura tobora kuchayib bormoqda, urushni ochiq tanqid qilish taqiqlangan. Har qanday shubhali gap katta oqibatlarga olib kelishi mumkin.
"Hammamiz qo‘rqamiz, – deydi u. – Agar noto‘g‘ri odam bilan gaplashib qolsangiz, orqangizdan chaqishi mumkin. Keyin hayotingiz izdan chiqadi."
Uning aytishicha, ba’zi bemorlar terapiya jarayonida urush haqida "tasodifiy" gap aytib, uning reaktsiyasini kuzatishga uringan.
Uning fuqaroviy bemorlarining ko‘pchiligi urushni qo‘llab-quvvatlamaydi. Aksariyati shunchaki bir narsani istaydi: "Urush tugasin."
Frontga sudlanganlar ham yuborilgan

Surat manbasi, AFP
Rossiya 2022 yilda Ukrainaga to‘liq hujum boshlaganida, urushga faqat harbiylar emas, balki jinoiy javobgarlikka tortilgan mahkumlar ham jalb etilgan.
Ko‘pchilik mahkumlar Yevgeniy Prigojin asos solgan "Vagner" guruhi orqali safarbar etilgan. Ularga 6 oylik xizmatdan so‘ng afv va erkinlik va’da qilingan.
Prigojinning o‘zi aytishicha, taxminan 50 ming nafar mahkum bu shartga rozi bo‘lgan.
2024 yil yanvarga kelib, "Vagner" guruhining mahkumlar orasidan askar jalb qilishdagi roli ancha pasaydi va bu vazifani to‘liq Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z zimmasiga oldi. Shartlar esa keskin o‘zgardi: endi urushga ixtiyoriy qatnashgan mahkumlar jangovar harakatlar tugaguncha xizmat qilishga majbur edi.
Aslida esa, sudlangan yo sudlanmaganidan qat’inazar, ko‘plab jangchilar muddati belgilanmagan shartnomalar bilan armiyaga jalb qilinmoqda. 2022 yil sentyabrida umumiy safarbarlik e’lon qilinganidan buyon harbiy xizmat amalda muddatsiz shaklga aylandi. Faqat og‘ir tan jarohati, qarilik yoki yangi jinoyat uchun hukm chiqarilgan hollardagina xizmatdan ozod etish mumkin.
Bunday jinoyat holatlari esa tobora ko‘payib bormoqda.
Mustaqil "Verstka" nashri olib borgan surishtiruvga ko‘ra, 2022 yil fevraldan 2024 yil avgustigacha urush qatnashchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar natijasida kamida 242 kishi halok bo‘lgan va yana 227 kishi tan jarohati olgan. Bu holatlar qatoriga qotillik, zo‘rlash va shafqatsiz kaltaklashlar kiradi.
2025 yil boshida Rossiya IIV tarkibidagi Ural Huquq instituti tomonidan "maxsus harbiy operatsiyaning Rossiyadagi jinoyatchilikka ta’siri"ga bag‘ishlangan tadqiqot e’lon qilindi. Unda urush boshlanganidan buyon mamlakat bo‘ylab og‘ir va zo‘ravon jinoyatlar keskin ko‘paygani ta’kidlangan.

Surat manbasi, Getty Images
Matvey (ismi o‘zgartirilgan) Rossiyaning bir hududida narkotik moddalarga qaramlikka qarshi kurash markazida ishlovchi psixolog. Uning aytishicha, o‘zi va hamkasblari uchun frontdan qaytgan jangchilar orasida posttravmatik stress xastaligi oqibatida ichkilikka berilish holatlari ko‘payishi avvaldan kutilgan edi.
Bexterev markazi klinik yo‘riqnomalariga ko‘ra, jangdagi kabi og‘ir ruhiy zarbalar insonni alkogol va boshqa turdagi bangilikka moyil qilishi mumkin. 2024 yilga kelib, Rossiyaning yetakchi psixiatriya muassasasi – Serbskiy markazida davolanganlar orasida harbiylar 10% ni tashkil qilgan.
Travma va bangilik o‘rtasidagi bog‘liqlik aniq bo‘lsa-da, samarali terapiya usullari hali ham yetarli emas.
Matveyning aytishicha, bemorlar odatda klinikada bor-yo‘g‘i ikki hafta bo‘ladi – bu esa aslida faqat paliativ yordam sanaladi. Kamida 12 seansni talab qiladigan kognitiv terapiya singari davo usullari amalda mavjud emas.
"Ko‘pchilik uchun terapiya yo juda og‘riqli yoki tushunish uchun juda mavhum tuyuladi, – deydi u. –Ular muammo borligini tushunishadi, lekin u shunchalik dahshatli va og‘riqliki, u haqda o‘ylashning o‘zi og‘ir."
U qo‘shimcha qiladi:
"Menimcha, posttravmatik stress xastaligiga qarshi davo ma’lum darajada majburiy bo‘lishi kerak."
Prezident Putin 2024 yil boshlarida frontdan qaytgan harbiylar uchun majburiy psixologik terapiya joriy etish g‘oyasini bildirgan, ammo bu borada hozircha hech qanday siyosiy qaror qabul qilingani yo‘q.
Psixologlar tanqisligi yana bir to‘siq

Surat manbasi, AFP
Hatto agar siyosiy iroda bo‘lganda ham, Rossiya kvalifikatsiyali mutaxassislar yetishmasligi muammosiga duch kelmoqda.
Mamlakatda faoliyat yuritayotgan psixologlar soniga oid ma’lumotlar turlicha: ba’zi manbalar 57 ming, boshqalar esa 100 mingdan ortiq raqamni ko‘rsatadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu har 100 ming nafar aholiga 4–5 nafar psixolog to‘g‘ri kelishiga teng – bu esa xalqaro standartlardan ancha past ko‘rsatkichdir.
"Kam, lekin samara beradi"
Shunga qaramasdan, ba’zi psixologlar o‘z ishlari natijasini ko‘rayotganini ta’kidlashadi.
Yana hozir ham fuqarolar, qochqinlar va harbiylar oilalari bilan ishlamoqda – ularning ko‘pchiligi posttravmatik stress xastaligi va kuchli xavotirni boshdan kechirmoqda. Uning aytishicha, bor-yo‘g‘i 10–12 seansdan so‘ng ko‘plab bemorlar o‘zini yana xavfsiz his qila boshlaydi.
"Bu yaxshi, chunki ularning ko‘pchiligi boshqa holda psixologik yordam ololmasdi," deydi u.
Tatьyana esa jangchilarga yordam yetib borishi uchun tizimli choralar ko‘rilishi kerakligini aytadi:
"Mamlakat bo‘ylab yagona markazlashgan tuzilma yo‘q. Agar biror kishi psixologga murojaat qilmoqchi bo‘lsa, uni o‘zi izlab topishi kerak, yoki muammosi bilan yolg‘iz qoladi."












