Putin nega Ukraina masalasida mutlaqo murosa qilmoqchi emas?
- Author, Stiv Rozenberg
- Role, Bi-bi-sining Rossiya muharriri, Vladivostok
- O'qilish vaqti: 3 daq
Ba’zan eng katta taassurotni aytilgan gap emas, balki unga bo‘lgan munosabat qoldiradi.
Rossiyaning Uzoq Sharqida turib, Vladimir Putin G‘arbga murojaat qildi: Ukrainaga qo‘shin yuborishni xayolingizga ham keltirmang – hatto ular tinchlikparvar kuchlar bo‘lsa ham.
"Agar u yerda qo‘shinlar paydo bo‘lsa, – dedi Rossiya prezidenti, – ayniqsa hozir janglar davom etayotgan bir pallada, biz ularni yo‘q qilish uchun qonuniy nishon sifatida ko‘ramiz".
Uning so‘zlariga Vladivostokdagi iqtisodiy forum ishtirokchilari gulduros qarsaklar bilan javob berdilar.
Rossiya rasmiylari va biznes yetakchilar G‘arb askarlarini «yo‘q qilish» tahdidini olqishlayotgandek ko‘rindilar.
Bu qarsaklar, ayniqsa, Kiev ittifoqchilari – «Istovchilar koalitsiyasi» Ukrainaga urushdan keyin xavfsizlik kuchlarini joylashtirishga va’da berganidan bir kun o‘tib yangragani bilan diqqatga sazovor.
Zalda yana qarsak bo‘ldi. Bu safar Putin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi – ammo faqat Rossiyada.

Surat manbasi, SPUTNIK/KREMLIN POOL/EPA/Shutterstock
"Bunday uchrashuv uchun eng munosib joy – Rossiya poytaxti, Qahramon shahar Moskva", dedi u.
Rossiya tashqarisida bu taklif jiddiy qabul qilinmadi. Umuman amalga oshmaydigan siyosiy «trolling» sifatida baholandi.
Biroq bu Kremlning pozitsiyasini yaqqol ko‘rsatdi: «Ha, biz tinchlikni xohlaymiz, lekin faqat o‘z shartlarimiz asosida. Agar shartlarimizni qabul qilmasangiz – tinchlik bo‘lmaydi».
Bu murosasiz yondashuvni bir nechta omillar quvvatlamoqda. Avvalo, Kreml Rossiya qo‘shinlari frontda tashabbusni qo‘lda saqlab turganiga ishonadi.
Ikkinchidan, diplomatik manzara.
Yaqinda Xitoyda Putin qator dunyo yetakchilari bilan qo‘l berib ko‘rishdi, tabassum ulashdi.
Bu Rossiyaning Xitoy, Hindiston va Shimoliy Koreya kabi qudratli do‘stlari borligini ko‘rsatishga qaratilgan edi.

Surat manbasi, .
Uchinchidan, AQSh bilan bog‘liq omil.
O‘tgan oy AQSh Prezidenti Donald Tramp Putinni Alyaskada sammitga taklif qildi.
Rossiyada buni G‘arbning Rossiyani yakkalash urinishlari barbod bo‘lgani dalili sifatida talqin qilishdi.
Tramp avval ham Kremlni jangni to‘xtatishga ko‘ndirish uchun ultimatumlar qo‘ygan, sanksiyalar bilan tahdid qilgan.
Ammo tahdidlar amalga oshmagani Rossiyaning ishonchini yanada mustahkamladi.
Putin omma oldida Trampning tinchlik harakatlarini maqtaydi, ammo uning otashkesim takliflarini rad etadi.
U Ukraina masalasida hech qanday murosaga tayyor emasligini ko‘rsatib turibdi.
Shunday ekan, tinchlik istiqbollari qanday? Putin yaqinda, "tunnel oxirida yorug‘lik ko‘ryapman", dedi.
Ammo aslida Rossiya bir yo‘ldan, Ukraina va Yevropa (qisman AQSh ham) boshqa yo‘ldan bormoqda – ular turli tunnellarda, turli manzillarga qarab harakat qilayaptilar.
Ukraina va Yevropa uchun asosiy maqsad – jangni tugatish, xavfsizlik kafolatlarini shakllantirish va Kievni yana bir bosqindan himoya qilish.
Putin esa «tunnel oxiridagi yorug‘lik»ni Rossiya g‘alabasi va kengroq ma’noda Rossiya manfaatiga xizmat qiladigan yangi global tartibda ko‘rmoqda.
Tinchlik nuqtai nazaridan esa, bu ikki yo‘lning qaerda va qachon kesishishi hozircha mutlaqo noaniq.













