"Hojatga chiqib kelsam maylimi?" — Shimoliy Koreyaga kirishiga ruxsat berilgan ilk britaniyalik sayyohlar BBCʼga ko‘rganlarini so‘zlab berdi (video)

gid

Surat manbasi, Joe Smith

Surat tagso‘zi, Turistlarga ko‘z-quloq bo‘lish vazifasi topshirilgan mahalliy gidlar hukumat o‘rnatgan tartib-qoidalarga qat’iy bo‘ysunadilar.
O'qilish vaqti: 7 daq

"Rahbarlarni haqorat qilmang. Mafkurani haqorat qilmang. Hukm chiqarmang".

Dunyodagi eng yopiq va mustabid mamlakat deb hisoblanuvchi Shimoliy Koreyaga kirayotgan g‘arblik sayyohlarga sayohat yo‘riqnomasidan shunday qoidalarni o‘qib berishadi.

Keyin amaliy ma’lumotlar keltiriladi. Na telefon aloqasi, na internet, na bankomat bor.

"Shimoliy koreyaliklar robot emas. Ularning fikrlari, maqsadlari, yumor bor. Biz odamlarni ularga quloq solishga va tushunishga undaymiz," deydi Rovan Berd. U besh yillik tanaffusdan so‘ng o‘tgan hafta mamlakatga sayohatlarni qayta tashkil qila boshlagan ikki g‘arb kompaniyasidan biri – Young Pioneer Tours'ni boshqaradi.

Shimoliy Koreya pandemiya boshlanishida o‘z chegaralarini yopib, diplomatlar, yordam xodimlari va sayyohlarni chetlatdi, bu esa u yerda nima bo‘layotganini bilishni deyarli imkonsiz qilib qo‘ydi.

O‘shandan beri u Rossiya va Xitoy yordamiga tayanib, dunyoning aksariyat qismidan yanada ajralib qoldi. Ko‘pchilik g‘arbliklar yana qaytishiga shubha qilardi.

Ammo ko‘p yillik urinishlar va bir nechta muvaffaqiyatsiz harakatlardan so‘ng, Rovan va boshqa ba’zi tur yetakchilariga faoliyatni qayta boshlash uchun ruxsat berildi. U imkoniyatni boy bermaslik uchun atigi besh soat ichida ishtiyoqmand sayyohlarni to‘pladi.

Ularning aksariyati vlogerlar va sayohatga ishqibozlar bo‘lib, ba’zilarining bormaganlari shu mamlakat qolgandi, shuningdek, Shimoliy Koreya muxlislari ham bor edi.

(Ma’lumot o‘rnida:Britaniyalik sayyohlar BBC bilan gaplashganidan atigi ikki haftacha vaqt o‘tib — mart oyi boshida tur firmalar Shimoliy Koreya chet elliklar uchun o‘z darvozalarini yana noma’lum muddatga yopib qo‘ygani haqida xabar berdi. Xususan, Young Pioneer Tours Facebook orqali o‘z mijozlariga murojaat qilib, ularni aprel va may oylari uchun belgilangan turlar uchun aviachipta sotib olmay turishga chaqirgan. Pxenyan turistlar oqimi yana to‘xtatilgani sababiga izoh bermagan).

Maktab davridagi sayohat kabi

rovan

Surat manbasi, Rowan Beard/Young Pioneer Tours

Surat tagso‘zi, Rovan va kam sonli boshqa tur firmalar rahbarlari Shimoliy Koreyaga sayohatlar uyushtirish ruxsatini qo‘lga kirita olgandi.
O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

20 fevral kuni Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya va Avstraliyadan kelgan sayyohlar to‘rt kunlik sayohat uchun Xitoydan chegarani kesib o‘tib, Rason hududiga kirib borishdi.

Ular orasida 28 yoshli britaniyalik vloger Mayk O'Kennedi ham bor edi.

Shimoliy Koreyaning qattiq davlat sifatida nom chiqarganiga qaramay, nazoratning haddan tashqari darajasi uning uchun kutilmagan bo‘ldi. Shimoliy Koreyaga barcha sayohatlarda bo‘lgani kabi, sayyohlarga mahalliy gidlar hamrohlik qilishdi va ular oldindan tasdiqlangan qat’iy jadvalga amal qilishdi. Unda pivo zavodiga, maktabga va to‘liq jihozlangan yangi dorixonaga puxta rejalashtirilgan sayohatlar bor edi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Saffolklik tur yetakchilaridan biri Ben Ueston Shimoliy Koreyaga borishni "maktab sayohatiga" o‘xshatdi. "Gidlarsiz mehmonxonadan chiqib bo‘lmaydi," deydi u.

"Hatto bir necha marta hojatxonaga bormoqchi bo‘lganimda ham ularga xabar berishimga to‘g‘ri keldi, – deydi Mayk. – Dunyoning boshqa hech qaerida bunday qilishga to‘g‘ri kelmagan."

Nazoratga qaramay, Mayk haqiqiy hayot lavhalarini ilg‘ab oldi. "Hamma ishlayotgandek edi, hech kim bekor yurganga o‘xshamasdi. Buni ko‘rish juda achinarli edi."

magazin

Surat manbasi, Joe Smith

Maktabga tashrif chog‘ida sakkiz yoshli bolalar guruhi nishonga urilayotgan ballistik raketalar animatsiyasiga raqsga tushdi. Tomosha videosida qizil galstuk taqqan qizlar va o‘g‘il bolalar qo‘shiq kuylayotgani, orqadagi ekranda esa portlashlar aks etgandi.

Hozircha sayyohlar poytaxt Pxenyanni chetlab o‘tishyapti. Koryo Tours kompaniyasidan Greg Vatsi tan olishicha, hozirgi yo‘nalishda Pxenyanning "yirik yodgorliklari" yo‘q. Uning taxminicha, hokimiyat vakillari Rasonni tajriba maydoni sifatida tanlagan, chunki hudud nisbatan cheklangan va nazorat qilish oson.

Yangi moliyaviy siyosatni sinab ko‘rish uchun maxsus iqtisodiy zona sifatida tashkil etilgan Rason, sotsialistik davlat ichidagi kichik kapitalistik anklav sifatida faoliyat yuritadi. Xitoylik tadbirkorlar shimoliy koreyaliklar bilan qo‘shma korxonalar ochib, bemalol kirib-chiqishlari mumkin.

Tajribali sayyoh va Shimoliy Koreya bo‘yicha HK News platformasida sobiq muxbir bo‘lgan Jo Smit Shimoliy Koreyaga uchinchi marta bordi. "Menga shunday tuyuladiki, qancha ko‘p borsang, shuncha kam bilasan. Har safar parda ortiga biroz mo‘ralaysan, savollaring ko‘payaveradi," deydi u.

Jo eng yoqtirgan joyi kutilmaganda borilgan qimmat tovarlar bozori bo‘ldi. U yerda odamlar jinsi shimlar va atirlar, shuningdek, soxta Louis Vuitton sumkalari va yapon kir yuvish mashinalarini sotishardi. Ehtimol, Xitoydan olib kelingan bo‘lsa kerak. Bu yerda sayyohlarga suratga olishga ruxsat berilmadi – bu iste’mol pufagini mamlakatning qolgan qismidan yashirishga urinish, deb taxmin qilishdi.

bolalar

Surat manbasi, Mike O'Kennedy

Surat tagso‘zi, Sayyohlarga sakkiz yashar bolajonlar ishtirokida tomosha qo‘yib berilgan. Bolalar ballistik raketalar animatsiyasi o‘ynab turgan ulkan monitor ostida raqsga tushgan.

"Odamlar bizni kutmagan yagona joy shu edi, – deydi Jo. – U tartibsiz va haqiqiy tuyuldi; shimoliy koreyaliklar boradigan joy. Menga juda yoqdi."

Ammo tajribali tur yetakchilari aytishicha, guruhning harakatlanishi avvalgi sayohatlarga qaraganda cheklangan bo‘lib, ko‘chalarda sayr qilish, sartaroshxona yoki do‘konga kirish va mahalliy aholi bilan suhbatlashish imkoniyati kamroq edi.

Kovid davridan qolgan cheklov

Koryo Tours'dan Greg bunga ko‘pincha Kovid sababchi qilib ko‘rsatilishini aytdi. "Tashqi ko‘rinishidan ular hali ham xavotirda. Chegarada yuklarimiz dezinfektsiya qilindi, haroratimiz o‘lchandi va odamlarning taxminan 50 foizi hali ham niqob taqib yuribdi." Greg bu qo‘rquv haqiqiymi yoki odamlarni nazorat qilish uchun bahonami, aniqlay olmadi.

Kovidning Shimoliy Koreyaga qattiq ta’sir qilgani taxmin qilinadi, biroq azob-uqubat darajasini aniqlash qiyin.

erkak

Surat manbasi, Joe Smith

Surat tagso‘zi, Jo Smit Shimoliy Koreyaga uch marta borgan.

Mahalliy gidlar hukumatning rasmiy bayonotini takrorlab, virus mamlakatga Janubiy Koreyadan yuborilgan havo sharida kirib kelgani va 90 kun ichida bartaraf etilgani haqida gapirishdi. Ammo Shimoliy Koreyaga 100 martadan ortiq tashrif buyurgan Rovan, Rasonga qattiq Kovid cheklovlari ta’sir qilganini sezdi. Uning aytishicha, ko‘plab Xitoy korxonalari yopilgan va ularning xodimlari ketib qolgan.

Hatto Shimoliy Koreyaga ko‘p marta borgan Jo ham binolarning qanchalik xarob ahvolda ekanini ta’kidladi. "Mehmonxona xonalarimizdan tashqari joylar xira yoritilgan va isitilmagan edi," deydi u sovuq, qorong‘i va kimsasiz san’at galereyasiga tashrif buyurganini eslab. "Eshiklarni faqat biz uchun ochishgandek tuyuldi."

Jo aytishicha, rejimning rasmiy tasvirlari Shimoliy Koreyani toza va yaltiroq qilib ko‘rsatishi mumkin, ammo shaxsan borib ko‘rganda "yo‘llar juda yomon, yo‘laklar notekis va binolar g‘alati qurilgani" ayon bo‘ladi. Uning mehmonxona xonasi eski uslubda va iflos bo‘lib, "buvisining xonasiga" o‘xshardi. Derazaning butun oynasi darz ketgan edi.

Joe Smith
Sh. koreyaliklar turistlarga koʻrsatadigan narsalarga juda eʼtiborli. Agar bu ular koʻrsata oladigan eng yaxshi narsa boʻlsa, boshqa joylardagi ahvolni tasavvur qilishga qoʻrqaman.
Jo Smit
Sayyoh (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Ularga tuzatish uchun besh yil vaqt berilgan. Shimoliy koreyaliklar sayyohlarga ko‘rsatadigan narsalarga juda e’tiborli. Agar bu ular ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi narsa bo‘lsa, boshqa joylarda ahvol qanday ekanini tasavvur qilishdan qo‘rqaman," deydi u. Mamlakatning ko‘p qismi yaxshi yashiringan, aholining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i to‘yib ovqatlanmaydi va yordamga muhtoj, deb hisoblanadi.

Shimoliy Koreyadagi sayyohlarning mahalliy aholi bilan muloqot qilish imkoniyatlaridan biri – ba’zan ingliz tilini biladigan gidlar orqali suhbatlashish. So‘nggi safarlarda ular, rejimning kuchli targ‘ibot tizimi va axborot to‘sig‘iga qaramay, hayratlanarli darajada ahvoldan yaxshi xabardor edilar. Greg fikricha, bu ehtimol ular kelib-ketib turadigan xitoylik tadbirkorlar bilan muloqot qilishidan bo‘lsa kerak.

Ular Trampning bojxona to‘lovlari va Ukrainadagi urush haqida – hatto u yerda Shimoliy Koreya askarlari ishtirok etayotgani haqida ham bilishardi. Ammo Jo Suriya suratini ko‘rsatganda, uning gidi prezident Asad ag‘darilganidan bexabar edi. "Men odamlar o‘z rahbarlarini yoqtirmasalar, qo‘zg‘olon ko‘tarib, ularni chetlatishlari mumkinligini ehtiyotkorlik bilan tushuntirdim, u avvaliga menga ishonmadi."

rason

Surat manbasi, Mike O'Kennedy

Surat tagso‘zi, Yangi moliyaviy siyosatni sinab ko‘rish uchun maxsus iqtisodiy zona sifatida tashkil etilgan Rason, sotsialistik davlat ichidagi kichik kapitalistik anklav sifatida faoliyat yuritadi.

Bunday suhbatlarga nozik yondashish kerak. Qat’iy qonunlar shimoliy koreyaliklarga erkin gapirish imkonini bermaydi. Ortiqcha so‘rash yoki oshkor qilish orqali sayyohlar o‘z gidlarini yoki o‘zlarini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Mayk ba’zida bundan asabiylashgani haqida gapirdi. Shimoliy Koreya-Rossiya do‘stlik uyiga tashrif chog‘ida uni mehmonlar kitobiga yozishga taklif qilishdi. "Men hayajonlanib, "Dunyoga tinchlik tilayman" deb yozdim. Keyinchalik gidim bu nomaqbul gapligini aytdi. Bu meni xavotirga soldi," dedi u.

mayk

Surat manbasi, Mike O'Kennedy

Surat tagso‘zi, Mayk mahalliy gidlar bilan xalqaro siyosat mavzusidagi suhbatlar o‘ta ehtiyotkorona kechganini aytadi.

"Umuman olganda, gidlar bizni o‘zimizni xavfsiz his qilishimiz uchun yaxshi ishlashdi. Faqat bir-ikki marta bu g‘alati vaziyat, deb o‘yladim."

Koryo Tours vakilining fikricha, bu o‘zaro aloqalar Shimoliy Koreya turizmiga chuqurroq ma’no beradi: "Shimoliy koreyaliklar chet elliklar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu ularga yangi g‘oyalar o‘ylab topishga yordam beradi, bu esa bunday yopiq mamlakatda juda muhimdir."

Biroq Shimoliy Koreyaga sayohat qilish bahsli masala, ayniqsa, sayyohlarga yordam xodimlari va aksariyat G‘arb diplomatlari, jumladan, Buyuk Britaniya vakillaridan oldin ruxsat berilgani sababli. Tanqidchilar, shu jumladan, Shimoliy Koreya Inson huquqlari bo‘yicha fuqarolar alyansidan Joanna Hosaniak, bu safarlar asosan rejimga foyda keltirishini ta’kidlaydi.

"Bu boshqa kambag‘al mamlakatlardagi turizmga o‘xshamaydi, u yerda mahalliy aholi qo‘shimcha daromad oladi. Bu yerda aholining mutlaq ko‘pchiligi bunday sayyohlar borligini bilmaydi. Ularning pullari davlatga va oxir-oqibat uning harbiy kuchlariga yo‘naltiriladi," deydi u.

Vloger Maykning xotirasida bir suhbat o‘rnashib qolgan. Maktabga tashrif chog‘ida bir qiz u bilan uchrashgach, bir kuni Buyuk Britaniyaga borishga umid qilayotganini aytganida hayron bo‘lgan. "Uning bu imkoniyati juda-juda kam ekanligini aytishga yuragim dov bermadi," deydi u.