O‘zbeklar Qirg‘izistonda Xitoy bilan bellasha boshladimi?

- Author, Davron Hotam, Qirg‘iziston
- O'qilish vaqti: 7 daq
BBC Qirg‘iziston janubidagi yirik bozorlarda O‘zbekistonning qaysi mahsulotlari boshqa davlatlar bilan raqobatga kirisha boshlaganini o‘rgandi.
Qirg‘izistonning Qorasuv shaharchasidagi bozor qariyb chorak asr davomida aksar o‘zbekistonliklar arzon Xitoy mahsulotlarini sotib oladigan muhim savdo nuqtasi edi.
Farg‘ona Vodiysi aholisi chegaradan o‘tib, ham o‘zlari uchun, ham qayta sotish maqsadida Qorasuvdan kiyim-kechak yo kichik sanoat mollari olib kelishgan.
Ammo endi ahvol o‘zgarayotganga o‘xshaydi.
Qorasuvga kirishim bilan rang-barang o‘zbek milliy kiyimlari sotilayotgan rasta e’tiborimni tortdi.
"Atlas va adraslarni Marg‘ilondan olib kelaman. Kelinlar uchun tikilgan bu kiyimlarni, esa Toshkentdan "zakaz" qilamiz. Do‘ppilar ham O‘zbekistondan kelgan. Ancha yildan beri tirikchiligimiz shundan" - qirg‘izistonlik sotuvchi Mo‘’tabar opa.
"To‘y mavsumi boshlanganda savdo yaxshi bo‘ladi. Hozir esa kunlik tirikchilik uchun o‘tiribmiz".
Atlas va adraslarni Marg‘ilondan olib kelaman. Kelinlar uchun tikilgan bu kiyimlarni, esa Toshkentdan "zakaz" qilamiz.
O‘zbekiston tovarlari

Sotuvchi suhbatdoshimizning aytishicha, o‘zbek milliy liboslari bozor chaqqon, lekin ularni sotadigan rastalar ko‘p emas.
"Muhimi, kelinlarning talabiga mos liboslarni olib kelsak, modadan orqada qolib ketmasak, bo‘ldi" - qo‘shimcha qiladi Mo‘’tabar opa.
Ayni paytda, sotuvchilar O‘zbekiston mahsulotlari ko‘paya boshlaganini urg‘ulashadi.
Bu yerda savdo qiladigan Davron Mo‘ydinov, o‘z kuzatuvlariga ko‘ra, ayni bozordagi mahsulotlarning qariyb yarmiga yaqini O‘zbekistonda ishlab chiqilganini aytadi.
"Kiyim-kechak deysizmi, maishiy texnika yo chorvachilik mahsulotlari deysizmi, xullas, ko‘p narsa O‘zbekistondan kelyapti".
Suhbatdoshimio‘ning bildirishicha, aksincha, Qorasuvdan O‘zbekistonga tovar chiqib ketishi avvalgi yillarga nisbatan ancha kamaygan. Shu qatorda, O‘zbekistondan keladigan xaridorlar soni ham endi ko‘p emas.
O‘zbekistonliklar endi ushbu bozorda xaridor emas, balki asosiy sotuvchilardan sanaladi.
Bozorni aylansangiz, chindan ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan turli mahsulotlarga ko‘zingiz tushadi.
Ularning orasida qozon-tovoq, yelim gul tuvaklari, chelaklar, katta-kichik savatlar yo o‘yinchoqlardan tortib, bolalar va kattalar kiyim-kechaklari hamda muzlatgich, televizoru suv isitgichlargacha bor.
Bundan tashqari O‘zbekistondagi issiqxonalarda yetishtirilib, olib kelingan pomidor, bodring va ko‘katlar ham sotiladi. Ko‘pincha, ularni o‘zbekistonlik ayollarning o‘zlari sotib o‘tirishadi.
Bozor tashqarisidagi yo‘lakda qurt sotayotgan andijonlik ayol esa, qisqagina qilib, ko‘p yildan beri bu ish bilan shug‘ullanishini, Qorasuvga haftada ikki marta kelib, qurt sotib ketishini aytdi.
Unga ko‘ra, bu ish bilan katta daromad ko‘rib bo‘lmasa ham, kunlik ehtiyojini qoplar ekan.
Qorasuv bozorida asosan seshanba va shanba kunlari odam gavjum bo‘lib, ulgurji savdo aynan shu kunlarda bo‘ladi.
Qirg‘izistonda hozir O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning savdosi ortgani rasmiy raqamlarda ham ko‘rinadi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Qorasuv qaerda?



Qorasuv bozori O‘sh viloyatida, Qirg‘iz-O‘zbek chegarasida joylashgan.
To‘g‘rirog‘i, Sovetlar tortgan chegaralar ortidan Qorasuv shahrining bir qismi O‘zbekistonda, bir qismi Qirg‘izistonda qolgan.
Bozor shundoq ikki davlatni ajratib turadigan Shahrixonsoy yaqinida joylashgan.
Biri tarafi Qirg‘izistonning O‘sh viloyati, ikkinchi tomon esa O‘zbekistonning Andijon viloyati.
Aynan chegarada joylashgani bois Qorasuv tabiiy ravishda chegara savdo hududiga aylangan.
(Eslatish joizki, O‘zbekiston bugunga kelib shu kabi erkin chegara savdo hududlarini barpo etishga intilmoqda).
Qorasuvdan uncha uzoq bo‘lmagan O‘sh va Andijon o‘rtasidagi yirik "Do‘stlik" chegara maskani bor. Bu yerdan kuniga 14-15 ming kishi kirib chiqadi.
Nega Qorasuv?

Qirg‘iziston Chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Qorasuv bozorida ulgurji savdo bo‘ladigan kunlari, ikki davlat o‘rtasida o‘tib-qaytuvchilar soni 17 ming nafardan oshadi.
Bundan tashqari, bozorga yaqin hududda Qorasuv chegara bojxona posti ham bor.
O‘zbekistondagi Andijon voqealari, Qirg‘izistondagi aprel, iyun voqelari sabab rasmiy Toshkent tashabbusi bilan yopilgan bu chegara punkti oradan 15 yil o‘tib, 2024 yili qayta ochilgan.
Qorasuv bozori mustaqillik yillari gavjumlashib, yirik savdo nuqtasiga aynlangan bo‘lsa-da, u hali Sovet davrida, 1980-yillari qurilgan.
Bugungi kunda bozorda o‘n mingdan ortiq savdo nuqtasi bo‘lib, taxminan 80 mingga yaqin inson bu bozorda tirikchilik qiladi.
Qirg‘izistonning Xitoy bilan chegaradosh ekanligi va O‘zbekistonning birinchi prezidenti davrida Xitoy mahsulotlarini olib kelishga qo‘yilgan taqiqlar sabab, Qorasuv bozori Markaziy Osiyoni arzon Xitoy mollari bilan ta’minlovchi yirik ulgurji bozorga aylangandi.
So‘nggi yillari esa O‘zbekiston o‘z qo‘shnilari, xususan, Qirg‘iziston bilan ham chegaralarni ochish, aloqalarni yaxshilash va bordi-keldini kuchaytirishga intilmoqda. Bu esa Qorasuvdagi vaziyatni ham o‘zgartiryapti.
Bozorda Xitoy va Turkiya mollari bilan birga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan turli mahsulotlar ham ko‘paya boshladi.
Lekin Xitoydan keltiriladigan arzon mahsulotlar bilan bellashish mumkinmi, degan savol o‘rtaga chiqishi mumkin.
Xitoy bilan yuzma-yuz

"O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlari Qirg‘izistonda avvalgidan ko‘ra ko‘proq xaridorgir bo‘lmoqda. Nafaqat Qorasuv bozorida, balki Bishkekdagi yirik bozorlarda ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklar, turli gazlamalar ko‘proq sotilmoqda" - deydi Savdo va turizm yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikda ish olib boruvchi qirg‘izistonlik tadbirkor Dilnoza Topvoldieva.
Uning ta’kidlashicha, so‘nggi ikki yil ichida Qirg‘izistonning qurilish materiallariga bo‘lgan ehtiyojining ham 80 foizdan ko‘pi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish mahsulotlari hisobidan qoplanmoqda.
Qirg‘izistonda hozir O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning savdosi ortgani rasmiy raqamlarda ham ko‘rinadi.
O‘zbekiston milliy statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda Qirg‘iziston yarim milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan, O‘zbekiston mahsulotlari eng ko‘p eksport qilingan 10 davlatdan biriga aylangan.


Surat manbasi, Taqdim
Ammo, Qorasuv bozorida Xitoyda ishlab chiqarilgan arzon mahsulotlar hali ham yetakchi o‘rinni saqlab turibdi.
Tadbirkor Dilnoza Topvoldievaga ko‘ra, bu yerda asosiy omil — narx.
Uning aytishicha, Xitoy mahsulotlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qaraganda ancha arzon sotiladi.
"Avvallari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan deganda, xaridorlar arzon va sifatsiz mahsulotni tushunar edi. Hozir esa O‘zbekiston eksport qilayotgan tekstil mahsulotlarining sifati oshgan. Ammo Xitoydan keltirilgan kiyim-kechaklarga nisbatan narxi hamon qimmat".
Uning qo‘shimcha qilishicha, narx borasida Xitoy bilan raqobatlashish oson emas.
Shu sababdan, hamon o‘zbekistonlik savdogarlar Qorasuv bozoriga shaxsan kelib yoki kargo orqali Xitoy mahsulotlarini oldirib, asosan, vodiy ahliga qayta sotishadi.
Qorasuv o‘rniga Qo‘qon bozori
Uzoq vaqt Qorasuv bozoridan tovar olib, O‘zbekistondagi kichik do‘konlarga mahsulot tarqatib berish bilan shug‘ullangan farg‘onalik savdogarning aytishicha, hozirgi paytda Qorasuv bozoriga boruvchi o‘zbekistonliklarning soni avvalgiga nisbatan ancha kamaygan.
O‘zbekistonning O‘sh va Qorasuvga tutash hududlarida yashaganlar hisobga olinmasa, ilgarigidek, ommaviy ravishda Qorasuvga borish hozir yo‘q, deyishadi bozordagilar.
"Sababi, birinchidan bizda ishlab chiqarish ko‘payib ketdi. Keyin tovarlar to‘g‘ri Xitoydan keladigan bo‘lib qoldi. Xitoyliklarning o‘zi olib kelyapti" - deydi ismini ochiqlashni istamagan o‘zbekistonlik tojir.
"O‘zbekistondagi eng katta savdo hozir Qo‘qonda va Toshkentdagi "O‘rikzor", "Abu Saxiy", "Ippodrom" bozorlarida bo‘lyapti.
Shu bois O‘zbekistondan Qorasuv bozoriga kelish kamaygan. Yashash joyi Qo‘qondan ko‘ra Qorasuvga yaqin bo‘lgan vodiyliklar bu yerga kelishadi".
Suhbatdoshimning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan yildan boshlab O‘zbekistonning soliq siyosatidagi o‘zgarishlar sababli, chegaradan tovar olib o‘tish qiyinlashgan.
Avval kuniga oz miqdorda tovar olib o‘tish mumkin edi, endi esa bir mahsulotni Qirg‘izistondan olib o‘tganingizdan keyin, ayni tovarni kamida 3-4 oydan keyingina olib o‘tishingiz mumkin.
"Ilgari, bilsangiz kerak, savdogarlar Qorasuvdan olgan tovarlarini bitta-bitta qilib chegaradan o‘tayotgan oddiy yo‘lovchilar orqali o‘tkazishardi. Ularga xizmatlari uchun kerak bo‘lsa pul ham berilardi. Endi buning ham imkoni qolmadi. Shunga Qorasuvdan tovar olib o‘tish qiyinlashdi, lekin O‘zbekistondan Qirg‘izistonga mahsulot chiqarishda hech bir muammo yo‘q" - deydi farg‘onalik savdogar.
Qorasuvning kelajagi

O‘sh viloyati Xitoy bilan ham bevosita chegaradosh. Shu sababli o‘n yillar davomida Qirg‘iziston-Xitoy chegarasidagi "Torug‘art" va "Erkashtom" o‘tkazish punktlari orqali o‘tuvchi yuk oqimlari uchun Qorasuv eng yaqin va qulay tranzit nuqtasi vazifasini o‘tab keldi.
Shaksiz, Qorasuvning jo‘g‘rofiy joylashuvi va bozordagi so‘nggi o‘zgarishlar uning kelajagini ham belgilab berishi mumkin.
Deylik, u O‘zbekistondagi yangi yirik bozorlar bilan raqobatga kirisha olmay, kichrayib, hatto yopilib ketmaydimi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin.
Qirg‘iziston esa mavjud shart-sharoitdan kelib chiqqan holda, Qorasuv bozorini savdo-logistika markaziga aylantirmoqchi.
Chunki, Qorasuv chegarada joylashgan va mahsulotlarni oshirish uchun qulay.
Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, bozorning asosiy qismi bo‘lgan "Turatali bozori" hududini zamonaviylashtirish va yangi savdo-logistika markazini barpo etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ushbu loyiha doirasida ko‘p qavatli parkinglar, yangilangan kommunal tarmoqlar va yuk transportlari uchun qulay yo‘llar qurilishi kutilmoqda.
Garchi hozirda bu ishlar loyihalash va dastlabki tayyorgarlik bosqichida bo‘lsa-da, ularning amalga oshirilishi kelgusida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tizimli ravishda qabul qilish va tarqatish imkoniyatini yanada oshirishi imkonlari kengayadi.












