Ukraina-Rossiya o‘rtasida tinchlikka erishishga nima xalal bermoqda?

askar

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 6 daq

Saudiya Arabistonidagi bir necha kunlik muzokaralardan so‘ng Ukraina va AQSh o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani e’lon qilingach, nigohlar Moskvaga qaratildi.

AQSh davlat kotibi Mark Rubio aytganidek, "to‘p Rossiya tomonida" edi.

Kutilgan javob Rossiya prezidenti Vladimir Putindan keldi.

U Ukrainadagi urushda vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasini shartli ravishda qo‘llab-quvvatladi, ammo Qo‘shma Shtatlar bilan muhokama qilinishi kerak bo‘lgan bir qator savollarni ko‘tardi.

Uning ta’kidlashicha, har qanday o‘t ochishni to‘xtatish uzoq muddatli tinchlikka olib kelishi va mojaroning "asosiy sabablari"ni bartaraf etishi lozim.

Otashkesimga erishish mumkindek ko‘rinsada, tinchlikka erishish yo‘lida hali ko‘p to‘siqlar bor.

Otashkesim kelishuvi Ukrainaga nima beradi?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi tortishuvdan ikki hafta o‘tgach, Kiev Vashington bilan konstruktiv muloqotni tiklashga erishgan ko‘rinadi.

Ukrainaning harbiy harakatlarni 30 kunga to‘xtatishga rozilik bergani AQShning qurol-yarog‘ ta’minoti va Kiev bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvini qayta tiklashga yo‘l ochdi.

saudiya

Surat manbasi, Salah Malkawi/Getty Images

Surat tagso‘zi, Saudiya Arabistonida o‘tgan muloqot Kievga Vashington bilan ziddiyatni nisbatan yumshatib olishga imkon berdi. Shu muzokaralardan so‘ng AQSh Rossiyadan tinchlikka erishish yo‘lida aniq qadamlar tashlashni talab qildi.

Kiev, shuningdek, urush tugashini istamayotgan Ukraina haqidagi tasavvurni o‘zgartirishga erishganidan mamnun. Vaholanki Kiev urushni to‘xtatmoqchi emasligi haqida Kremlda va yaqinda Oq uyda bir necha bor aytilgan edi.

Boshqa tomondan, butun front chizig‘i bo‘ylab otashkesimga rozilik berish Kievning urushning dastlabki ikki yilida amal qilgan tamoyillaridan keskin chekinish edi.

Ukraina Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqmaguncha o‘t ochishni to‘xtatmasligini bir necha marta bildirgan edi.

Ular harbiy harakatlardagi har qanday tanaffus Moskvaga yangi hujumlar uchun kuch to‘plashga imkon berishini ta’kidlashgan.

Shu sababli Ukraina delegatsiyasi Jiddaga faqat "havoda va dengizda" o‘t ochishni to‘xtatish taklifini olib keldi – quruqlikda emas.

Xavfsizlik kafolatlari masalasi, ya’ni Rossiyaning tanaffusdan foydalanib yangi hujum boshlashi oldini olish masalasi hal etilmay qoldi.

Biroq, AQSh rahbariyati har qanday kafolatlar haqida faqat o‘t ochishni to‘xtatgandan keyingina gaplashish mumkinligini ta’kidlagani uchun Kiev yon berishga majbur bo‘ldi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Rossiyaga nima beradi?

Ilgari Vladimir Putin vaqtinchalik otashkesim imkoniyatini ko‘rib chiqqan, ammo Kiev bu takliflarni jiddiy qabul qilmagan edi.

Shu bilan birga, Putin janglardagi uzoq muddatli tanaffusga shubha bilan qaragan.

Bi-bi-sining Kremlga yaqin manbasiga ko‘ra, Rossiya rasmiylari hech qanday shartlarsiz otashkesim Kievga qo‘l keladi deb hisoblaydi, chunki Rossiya qo‘shinlari katta yo‘qotishlarga qaramay, ham Donbassda, ham Rossiyaning Kursk viloyatida ilgarilab bormoqda.

putin

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Mart boshidan beri Rossiya Kursk viloyatidagi bir qancha shaharlar ustidan nazoratni qayta qo‘lga kiritdi. 12 mart kuni viloyatga Putinning shaxsan o‘zi keldi.

Agar urush Kievning hech qanday yon berishisiz to‘xtasa, Putin o‘z maqsadlariga erishish uchun harbiy harakatlarni qayta boshlashga majbur bo‘ladi, bu esa "Rossiyaga ishonib bo‘lmaydi" degan taxminni kuchaytiradi, deydi u.

Yuriy Ushakovning bayonotlaridan keyin otashkesim bo‘yicha kelishuvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad etish kerak yoki yo‘qligi noaniq. Biroq bu Donald Tramp davrida yaxshilana boshlagan Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muloqotni murakkablashtirishi mumkin.

Aslida, 2024 yil iyunь oyida Vladimir Putin o‘t ochishni to‘xtatishning asosiy shartlarini sanagan edi.

Ular orasida Ukraina qo‘shinlarining butun Lugansk, Donesk, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan chiqarilishi (hozirda ularning faqat bir qismi Rossiya tomonidan bosib olingan), Ukrainaning NATOga qo‘shilishdan voz kechishi va Moskvaga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishi bor edi.

xarita
Surat tagso‘zi, Rossiya nazorati ostidagi hududlar.

Bularning hech biri Saudiya Arabistonida erishilgan otashkesim kelishuvi rejasiga kiritilmagan.

Aksincha, AQShning Kievga qurol yetkazib berish va razvedka ma’lumotlari almashishni qayta tiklashi, ehtimol, Putinni ranjitgan.

Davomiy bitim tuzish rejasi bormi?

Rossiya va Ukraina mojaroning doimiy yechimidan manfaatdor ekanliklarini aytmoqda. Xo‘sh, tomonlarga davomiy tinchlik bitimi ustida ish boshlashga nima to‘sqinlik qilmoqda?

Bi-bi-sining Kremlga yaqin manbasi ta’kidlashicha, Moskva va Kiev o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘qligi sababli hozircha hech kimda urishayotgan tomonlar talablarini hisobga oladigan aniq reja bo‘yicha taklif yo‘q.

"Hujjatlarni tayyorlashga vaqt kerak. Biz ukrainaliklar bilan o‘tirib, [Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini] muhokama qilishimiz, shuningdek, Putinning "qizil chiziqlari» nimaligini tushunishga harakat qilishimiz kerak," deydi manba.

Vaziyat murakkab, chunki Rossiya ham, Ukraina ham tinchlik muzokaralari uchun maxsus vakil tayinlamagan.

Yevropa reja ishlab chiqishga faol urinmoqda va so‘nggi bir oy ichida Ukraina ittifoqchilari bu mavzuda bir nechta favqulodda sammit o‘tkazdi.

Biroq, u yerda ham Kiev uchun xavfsizlik kafolatlari kabi masalalar bo‘yicha kelishuv yo‘q.

askar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 24 fevral kuni Rossiya boshlagan urushga uch yil to‘ldi.

"Bular nihoyatda murakkab va siyosiy jihatdan chigal masalalar," deydi Amerika notijoriy global siyosat tahlil markazi RAND korporatsiyasi katta tadqiqotchisi Samuel Charap.

"Bu shafqatsiz urush va aql bovar qilmas darajada zo‘ravonlik bilan shug‘ullanayotgan ikki davlatning kelishuvini talab qiladi. Bu juda qiyin," deydi u va Rossiya hamda Ukraina tinchlik sari keng qamrovli reja tuzish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishi kerakligini ta’kidlaydi.

Yangi Yevroosiyo strategiyalari markazi katta tadqiqotchisi va NATOning Moskvadagi sobiq vakili Jon Loh ham oldinda qiyin muammolar borligini aytadi.

"Reparatsiyalar, muzlatilgan aktivlar bo‘yicha masalalar bor. Bularni hal qilish uchun oylar, hatto yillar kerak bo‘ladi," deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda.

Murosa qanday bo‘lishi mumkin?

Tomonlar pozitsiyalari qanchalik farq qilishiga yaxshi misol – Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish ehtimoli haqidagi munozaralardir.

Bu g‘oyaning eng kuchli tarafdorlari Frantsiya va Buyuk Britaniya. Nazariy jihatdan, Daniya va Avstraliya kabi boshqa davlatlar ham qo‘shilishga tayyor.

Biroq, 2025 yilda Ukraina bo‘yicha London sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan muhokamalardan xabardor yevropalik diplomat so‘zlariga ko‘ra, "Kelajagimiz kafolati London sammiti" deb nomlangan tadbirda ko‘plab davlatlar ishtirok etishga uncha xohish bildirmayapti.

yetakchilar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Yevropa yetakchilari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga va’da bermoqda hamda tinchlik muzokaralarida ular ham qatnashishi lozimligini ta’kidlamoqda.

London tinchlikparvar kuchlarni yuborish g‘oyasini boshqa davlatlar ham qo‘llab-quvvatlashiga umid qilgan bo‘lishi mumkin, ammo bu amalga oshmadi, chunki Yevropaning ko‘plab davlatlari hozirda murakkab ichki siyosiy vaziyatni boshdan kechirmoqda, deb ta’kidlaydi manba.

Shuningdek, Amerika rasmiylari Yevropaning bo‘lajak tinchlikparvar kuchlariga qandaydir yordam yoki kafolat berishga tayyormi yoki yo‘q, noma’lum. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Amerikaning dastagisiz tinchlikparvarlik missiyasini amalga oshirib bo‘lmasligini aytdi.

Rossiya rasmiylari Yevropa tinchlikparvar kuchlari g‘oyasiga qat’iy qarshi va Moskva NATO qo‘shinlarini o‘z chegaralari yaqinida ko‘rishni istamasligini bir necha bor ta’kidlagan.

Samuel Charapning aytishicha, haqiqiy xavfsizlik kafolati 1975 yilda Misr bilan tinchlik muzokaralari chog‘ida AQSh va Isroil o‘rtasidagi kelishuvlarni eslatuvchi bitim bo‘lishi mumkin.

O‘shanda Vashington o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga yordam bergan va Qohira sulhni buzsa, "tuzatish choralari" ko‘rishga va’da bergandi.

Bu fikrga Bi-bi-sining Kremlga yaqin manbasi ham qo‘shiladi, u bunday taklif Putinga Yevropa qurolli kuchlari Ukrainada bo‘lishidan ko‘ra ko‘proq ma’qul kelishini ta’kidlagan.

Yevropa yetakchilari AQSh pozitsiyasidan qat’i nazar, Kievni harbiy qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga ahd qilgan.

Biroq, Kreml bosqin boshida Ukraina armiyasi sonini sezilarli darajada qisqartirishni talab qilgan va mamlakatni "demilitarizatsiya" qilishni o‘zining asosiy maqsadlaridan biri deb atagandi.

Rossiyaning qanchalik murosaga borishga tayyorligi haqidagi savol ham ochiq qolmoqda. "Biz o‘zimiznikini bermaymiz," deb va’da berdi Putin o‘tgan hafta rossiyalik harbiylar oilalariga.

Donald Tramp basharti Moskva yon bermasa, ko‘proq sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda. Ammo Vashington Kremldan otashkesimdan tashqari qanday aniq yon berishlarni kutayotgani noma’lum.

Bu qisman yangi Amerika ma’muriyatining Moskva bilan munosabatlardan umuman nimani kutayotgani borasidagi hozirgi noaniqlik bilan bog‘liq.

"Ular Rossiya bilan munosabatlarni normallashtirishni ko‘zlashmoqda va bunga erishish uchun o‘t ochishni to‘xtatishmoqchimi? Yoki maqsadlari o‘t ochishni to‘xtatish va munosabatlarni normallashtirish bunga erishish yo‘li deb hisoblashadimi? Buni bilmaymiz," deydi Samuel Charap.