Ovozi o‘chirilgan boylar: Putin qanday qilib Rossiya oligarxlarini urushda chetga surib qo‘ydi?

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2022 yil 24 fevral kuni Rossiyadagi yirik bizneslar rahbarlari bilan uchrashuvda.

Surat manbasi, ALEXEY NIKOLSKY/SPUTNIK/AFP

Surat tagso‘zi, Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlagan kuni Putin biznes egalarini Kremlga yig‘di
    • Author, Vitaliy Shevchenko
    • Role, BBC Monitoring Rossiya muharriri
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Ukraina bilan urush davrida Rossiyada milliarderlar soni tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Biroq Vladimir Putin hokimiyatda bo‘lgan 25 yil mobaynida Rossiyaning "oligarxlar" deb atalgan boy va nufuzli shaxslari deyarli barcha siyosiy ta’sirini yo‘qotdi.

Bularning barchasi Rossiya prezidenti uchun xushxabar. G‘arb sanksiyalari o‘ta boylarni uning raqiblariga aylantira olmadi, uning "kaltak va shirinkulcha" siyosati esa ularni unsiz qo‘llab-quvvatlovchilarga aylantirdi.

Sobiq bankir milliarder Oleg Tinkov "shirinkulcha" qanday ishlashini juda yaxshi biladi.

U Instagram'da urushni "aqldan ozgan" deb tanqid qilganidan bir kun o‘tib, Kreml bank rahbarlari bilan bog‘landi. Ularga o‘sha paytda Rossiyaning ikkinchi yirik banki bo‘lgan Tinkoff banki, agar Oleg Tinkov bilan barcha aloqalarni uzmasa, davlatga o‘tkazilishini bildirdi.

"Men to‘lanadigan badalni muhokama qila olmasdim, – deydi Tinkov New York Times nashriga. – Bu xuddi garovga olingan odamga o‘xshardi – senga nima taklif qilishsa, shuni olasan. Muzokara qila olmasdim."

Bir hafta ichida hozirda Rossiyaning beshinchi eng boy tadbirkori Vladimir Potaninga aloqador, qiruvchi uchoqlar dvigatellari uchun nikel yetkazib beruvchi kompaniya bankni sotib olayotganini e’lon qildi. Tinkovning aytishicha, bank o‘zining haqiqiy qiymatining atigi 3 foiziga sotilgan.

Oxir-oqibat Tinkov bir paytlar ega bo‘lgan boyligining deyarli 9 milliard dollarini yo‘qotdi va Rossiyani tark etdi.

Daraxt ostida boshida shapka va egnida futbolka kiygan Oleg Tinkov

Surat manbasi, Chris Graythen/Getty Images

Surat tagso‘zi, Oleg Tinkov Ukrainaga qarshi urushni tanqid qilganidan keyin milliardlab dollarini yo‘qotdi va Rossiyadan chiqib ketishga majbur bo‘ldi

Bu Putin prezident bo‘lishidan oldingi vaziyatdan tubdan farq qiladi.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyingi yillarda ba’zi ruslar ilgari davlatga tegishli bo‘lgan ulkan korxonalarga ega chiqish va mamlakatda shakllanayotgan kapitalizm imkoniyatlaridan foydalanish orqali juda katta boylik orttirdilar.

Ularning bu boyliklari siyosiy beqarorlik davrida ularga ta’sir kuchi berdi, ular oligarxlar sifatida tanildilar.

Rossiyaning eng qudratli oligarxi Boris Berezovskiy 2000 yili Putinni prezidentlikka olib kelganini da’vo qilgan va yillar o‘tib, bundan pushaymonligini aytgan edi: "Men unda bo‘lajak ochko‘z, zolim va hokimiyatni bosib oladigan, erkinlikni oyoqosti qiladigan va Rossiya rivojiga to‘g‘anoq odamni ko‘rmagan edim," deb yozdi u 2012 yilda.

Berezovskiy o‘z rolini bo‘rttirib ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin, ammo Rossiya oligarxlari hokimiyatning eng yuqori pog‘onalariga ta’sir o‘tkaza olish qobiliyatiga ega bo‘lganlari rost.

Pushaymonligini bildirgandan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, Berezovskiy Buyuk Britaniyada sirli vaziyatda o‘lik holda topildi. Bu paytga kelib, rus oligarxiyasi ham amalda barham topgan edi.

Qora kiyim kiygan Boris Berezovskiy hashamatli bino oldidagi zinapoyada turipti

Surat manbasi, Hulton Archive/Getty Images

Surat tagso‘zi, Boris Berezovskiy Rossiyani tark etishga majbur bo‘lgan, Angliyada boshpana topgan edi. U 2013 yili sirli vaziyatda o‘lik holda topildi

Shunday qilib, 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan bir necha soat o‘tgach, Putin Rossiyaning eng boy shaxslarini Kremlda to‘plaganida, ular boyliklariga katta zarar yetishini bilsalar-da, e’tiroz bildira olmadilar.

"Umid qilamanki, bu yangi sharoitda ham xuddi shunday samarali hamkorlik qilamiz," dedi Putin.

Yig‘ilishda qatnashgan muxbirlardan biri to‘plangan milliarderlar haqida "rangi o‘chgan va kechasi mijja qoqmagandek edi" deb ta’riflaydi.

Bosqin arafasi Rossiya milliarderlari uchun juda og‘ir kelgandi, uning dastlabki oqibatlari ham shunday bo‘ldi.

Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil apreligacha urush, sanksiyalar va rublning qadrsizlanishi tufayli ularning soni 117 tadan 83 taga tushgan.

Ular jami 263 milliard dollar yoki o‘rtacha har biri o‘z boyligining 27 foizini yo‘qotdi.

Ammo keyingi yillarda Putinning harbiy iqtisodiyotining bir qismi bo‘lish ulkan foyda keltirishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Iqtibos

Urushga sarflangan katta mablag‘lar Rossiyada 2023 va 2024 yillarda yiliga 4 foizdan ko‘proq iqtisodiy o‘sishga olib keldi. Bu hatto Rossiyaning o‘ta boylari orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri mudofaa shartnomalaridan milliardlab daromad olmaganlar uchun ham foydali bo‘ldi.

Forbes xodimi Giakomo Togninining aytishicha, 2024 yilda Rossiya milliarderlarining yarmidan ko‘pi yo harbiylarni ta’minlashda qandaydir rol o‘ynagan yoki bosqindan foyda ko‘rgan.

"Bu bevosita aloqador bo‘lmaganlarni hisobga olmaganda. Menimcha, Rossiyada biznes yuritayotgan har bir kishi hukumat bilan aloqada bo‘lishi kerak, deb aytsak to‘g‘ri bo‘ladi," deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda.

Bu yil Forbes ro‘yxatida Rossiyada milliarderlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich – 140 kishi qayd etildi. Ularning umumiy boyligi (580 milliard dollar) bosqindan bir yil oldin qayd etilgan tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichdan atigi 3 milliard dollarga kam xolos.

Putin sadoqatli shaxslarga foyda ko‘rishga imkon berar ekan, bu yo‘ldan qaytganlarni doim jazolab kelgan.

Ruslar neft magnati Mixail Xodorkovskiy bilan nima bo‘lganini juda yaxshi eslashadi. Bir paytlar Rossiyaning eng boy odami bo‘lgan Xodorkovskiy 2001 yili demokratiya uchun tashkilot tuzganidan keyin 10 yil qamoqda o‘tirdi.

Mixail Xodorkovskiy 2003 yili sud payti

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Bir zamonlar Rossiyaning eng boy odamlaridan biri bo‘lgan Mixail Xodorkovskiy qamoqqa tashlandi, uning neft kompaniyasi "Yukos" davlat nazoratiga o‘tkazildi

Bosqin boshlanganidan beri Rossiyaning deyarli barcha o‘ta boylari sukut saqlayaptilar, urushga ochiq qarshi chiqqan ozchilik esa o‘z vatani va boyliklarining katta qismini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.

Rossiyaning eng boy odamlari Putinning urush harakatlariga asosiy tayanch ekanligi aniq va ularning ko‘pchiligi, jumladan, 2022 yil 24 fevralda Kremlga chaqirilgan 37 nafar tadbirkor ham G‘arb sanksiyalariga tushgan.

Biroq, agar G‘arb ularni qashshoqlashtirish va Kremlga qarshi qo‘zg‘atishni ko‘zlagan bo‘lsa, bu ko‘zlov amalga oshmadi, chunki rossiyalik milliarderlar boyligicha qolmoqda va ular orasida norozilik ko‘zga tashlanmayapti.

Agar ulardan birortasi milliardlari bilan G‘arbga qochishni o‘ylagan bo‘lsa ham, sanksiyalar buni imkonsiz qilib qo‘ydi.

"G‘arb rossiyalik milliarderlarni bayroq atrofida birlashtirish uchun qo‘lidan kelganini qildi," deydi Yevropa siyosatini tahlil qilish markazi (CEPA) xodimi Aleksandr Kolyandr.

"Ulardan birortasi safdan chiqishi uchun hech qanday reja, g‘oya yoki aniq yo‘l yo‘q edi. Aktivlarga sanksiya qo‘yildi, hisoblar muzlatildi, mol-mulk musodara qilindi. Bularning barchasi Putinga milliarderlarni, ularning aktivlari va mablag‘larini safarbar qilish hamda ulardan Rossiya urush iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanishiga yordam berdi," deb ta’kidlaydi u Bi-bi-siga.

Ukrainaga bostirib kirish ortidan xorijiy kompaniyalarning chiqib ketishi natijasida paydo bo‘lgan bo‘shliqni Kremlga xayrixoh ishbilarmonlar tezda to‘ldirdilar, ularga yuqori daromadli aktivlarni arzon narxda sotib olishga imkon berildi.

Bu yangi "ta’sirli va faol sodiq tarafdorlar armiyasi"ni shakllantirdi, deb hisoblaydi Karnegi Rossiya Yevroosiyo markazi xodimi Aleksandra Prokopenko.

"Ularning kelajakdagi farovonligi Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi ziddiyatning davom etishiga bog‘liq, ular uchun eng katta xavf esa avvalgi egalarning qaytishi," deydi u.

Faqatgina 2024 yilning o‘zida Rossiyada shu yo‘l bilan 11 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi, deydi Jakomo Tognini.

Rossiya rahbari urush va G‘arb sanksiyalariga qaramay va hatto ba’zida ular tufayli, mamlakatning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari va ta’sir o‘tkazuvchilarini qattiq nazorat ostida saqlab turibdi.