BMT Bosh kotibi Guterrish AQSh haqida gapirdi, G‘azo "Tinchlik kengashi"ga O‘zbekiston ham qo‘shiladi, Tramp Nobel mukofoti va Grenlandiya bog‘liqligi haqida yozdi

Antoniu Guterrish Bi-bi-si bilan suhbatda

Surat manbasi, UN Photo / Alba García Ruiz

Surat tagso‘zi, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish so‘zlariga ko‘ra, dunyoda ayrimlar qonun kuchini kuch qonuni almashtirishi kerak deb hisoblaydi
O'qilish vaqti: 6 daq

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Bi-bi-si efirida shunday dedi: AQSh hozir o‘z kuchini xalqaro huquqdan muhimroq deb hisoblayapti.

BBC Radio 4'ning Today dasturiga bergan intervyusida Guterrishning aytishicha, Vashington hozir, ko‘p tomonlama munosabatlar va birgalikda yechim qidirish muhim emas, natijani "Amerika Qo‘shma Shtatlarining kuchi va ta’sirini qo‘llash, ba’zan esa — xalqaro huquq normalari orqali" qo‘lga kiritish mumkin, degan ishonch bilan ish tutmoqda.

Bi-bi-si BMT Bosh kotibi Guterrish bilan AQSh Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan ikki hafta o‘tib va AQSh Prezidenti Donald Tramp yana Grenlandiyani anneksiya qilish bilan tahdid qila boshlagan kunlarda suhbatlashdi.

Guterrishning fikricha, bu vaziyatda BMTning asosiy tamoyillari — shu jumladan, tashkilotga a’zo davlatlar teng degan tamoyil xavf ostida qolgan.

Prezident Tramp BMTni bir necha bor keskin tanqid qilgan.

O‘tgan yil sentyabrida Bosh Assambleya sessiyasidagi nutqida Tramp, "hech kim tugata olmagan yetti urushni tugatganini", BMT esa "ularning hech birida yordam berishga ham urinmaganini" aytgandi.

"Keyin tushundimki, BMT bizga yordam bermayapti", — dedi u.

Antoniu Guterrish bu ayblovlarga javoban Bi-bi-siga shunday dedi: BMTning o‘z a’zolarini BMT Nizomida qayd etilgan xalqaro huquq normalariga rioya qilishlariga majburlashi juda qiyin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT dunyodagi asosiy nizolarni hal etishda faol ishtirok etadi, ammo tashkilotning ta’sir o‘tkazish imkoniyatlari yo‘q — bunday imkoniyatlar yetakchi davlatlarda mavjud.

Shu bilan birga, Guterrish bu richaglar yordamida hozir haqiqiy, uzoq muddatli nizolarni hal etishga erishilayotganiga shubha bildiradi; aksincha, tez, ammo mustahkam bo‘lmagan kelishuvlar amalga oshirilayapti, deydi.

"Bu ikki narsa o‘rtasida katta farq bor", — deya ta’kidladi BMT bosh kotibi.

BMT Bosh kotibi Guterrish BMTga islohotlar zarurligini tan oladi. Uning fikricha, bir vaqtlar butun dunyoda tinchlikni ta’minlash vositasi sifatida tuzilgan Xavfsizlik Kengashi endilikda butun dunyo manfaatlarini ifoda etmaydi va samarasiz holga kelgan. Bir necha kun oldin Bosh Assambleyadagi chiqishida Guterrish shunday degan edi: 1945 yili muammolarni hal qilish uchun qo‘llangan usullar 2026 yil muammolarini hal qilishga yordam bermaydi.

Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi — AQSh, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Rossiya — BMT majburiy qarorlariga veto qo‘yish huquqiga ega.

BMT bosh kotibining fikricha, Xavfsizlik Kengashining tarkibini o‘zgartirish lozim, shunda uning qonuniyligi tiklanadi va "butun dunyo uchun ovoz berish huquqi ta’minlanadi". Shu bilan birga, ayrim a’zolarning veto huquqi cheklanishi kerak.

Tramp G‘azo "Tinchlik kengashi"ga Prezident Mirziyoyev ham qo‘shiladi

Toni Bleyr, Stiv Uitkoff, Jared Kushner, Ajay Banga

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, G‘azo "Tinchlik kengashi" a’zolarini Oq Uy e’lon qildi

Oq Uy G‘azo bo‘lgasi bo‘yicha "Tinchlik kengashi" a’zolari nomlarini e’lon qildi.

Bu kengash raisi AQSh Prezidenti Donald Tramp bo‘ladi.

Vashington rejasi bo‘yicha bu kengash G‘azo bo‘lgasini rivojlantirish bo‘yicha strategik nazorat, xalqaro resurslarni safarbar etish va xalqaro majburiyatlar ijro etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi.

Reja bo‘yicha G‘azo "Tinchlik kengashi"ning ta’sischi ijroiya kengashi (founding executive board) hamda G‘azo ijroiya kengashi (Gaza executive board) tashkil etilishi kerak.

Oq Uy 17 yanvarda "Tinchlik kengashi"ga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga taklif qilib qator mamlakatlar rahbarlariga maktub yo‘llagan.

Ular orasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor.

"Davlatimiz rahbari amerikalik hamkasbiga javob maktubini yo‘llab, unda O‘zbekiston Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyorligini bildirdi.

Prezidentimiz o‘z maktubida ushbu tashabbusga Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik nizolarni hal etish, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida qaralayotganini ta’kidladi", deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov.

"Tinchlik kengashi"ga qo‘shilish taklifi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ham yo‘llangan, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov taklif o‘rganilayotganini bildirdi.

19 yanvar kuni mamlakatlar matbuoti quyidagi siyosatchilarga taklif yuborganini xabar berdilar:

Vengriya Bosh vaziri Viktor;

Vetnam Kompartiyasi Bosh kotibi To Lam;

Iordaniya Podshosi Abdulloh II;

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen ;

Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaniz;

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ;

Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis;

Kipr Prezidenti Nikos Xristodulidis;

Iqtibos

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif;

Kanada Bosh vaziri Mark Karni;

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qaev;

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an;

Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi;

Paragvay Prezidenti Santyago Penya;

Argentina Prezidenti Xaver Miley ;

Albaniya Vazirlar Kengashi raisi Edi Rama;

Braziliya Prezidenti Lula de Silva;

Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni;

Yangi Zelandiya Bosh vaziri Kristofer Lakson;

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko.

"Tinchlik kengashi"ga Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bleyr, Prezident Trampning Ukraina va Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchisi Stiv Uitkoff, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, Donald Tramp kuyovi Jared Kushner, Jahon Bankining Prezidenti Ajay Banga ham kirishi xabar qilindi.

Tramp Grenlandiyani qo‘lga kiritish istagi bilan Nobel mukofoti bog‘liq ekani haqida yozdi

AQSh Prezidenti Donald Tramp

Surat manbasi, REUTERS/Kevin Lamarque

AQSh Prezidenti Donald Tramp tinchlik bo‘yicha Nobel tinchlik mukofotini olmaganidan xafa va endi "tinchlik haqida o‘ylashim kerak" degan majburiyatni his qilmaydi.

Prezident Tramp Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styorega maktub yo‘lladi va Nobel mukofotini bermagani uchun Norvegiyani aybladi.

Styore Trampga javob yozgan, u maktubida Nobel mukofotini kimga berish masalasini Norvegiya hukumati emas, balki mustaqil qo‘mita hal qilishini, mustaqil qo‘mita esa 2025 yil oktyabrida Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoga berishga qaror qilganini yozdi.

«Sizning mamlakatingiz menga sakkizta urushni to‘xtatganim uchun Nobel tinchlik mukofotini bermaslikka qaror qilganini hisobga olgan holda, men endi faqat tinchlik haqida o‘ylash majburiyatini his qilmayman — garchi tinchlik doimo ustuvor bo‘ladi — ammo endilikda AQSh uchun "yaxshi va to‘g‘ri" bo‘lgan narsalar haqida o‘ylashim mumkin", deb yozgan Tramp AQSh matbuoti qo‘lga kiritgan Norvegiya bosh vaziriga yo‘llangan xat matnida.

"Toki biz Grenlandiya ustidan to‘liq va mutlaq nazorat o‘rnatmaguncha, dunyo xavfsiz emas, ", deb yozgan Prezident Tramp.

Styorening aytishicha, ular Grenlandiya bo‘yicha bahs sabab taklif etilgan tarif oshirishga qarshi ekanini bildirgan va vaziyatni yumshatish zarurligini ta’kidlab, o‘sha kunning o‘zida uch tomonlama telefon muloqotini taklif qilgan.

Tramp Nobel mukofotini olish istagini hech qachon yashirmagan. U milliy xavfsizlik sabablari bois AQSh Grenlandiyani egallab olishi kerak, deydi.

Kam aholi yashaydigan, ammo boy resurslarga ega bo‘lgan Arktika oroli — Grenlandiya — raketalar hujumi xavfi tug‘ilganda yerosti erta ogohlantirish tizimlari va hududdagi kemalarni kuzatish uchun juda qulay joylashuvga ega.

Tramp AQSh Grenlandiyani sotib olishni xohlayotganini bir necha bor aytgan va uni olish uchun hatto NATOnning bir a’zosiga qarshi harbiy kuch ishlatish ehtimolini ham inkor etmagan.

Kuni-kecha Tramp NATOning sakkiz mamlakati o‘zining Grenlandiyani egallash rejasini qo‘llab-quvvatlamasa, fevral oyidan bu mamlakat tovarlariga 10% lik boj to‘lovi joriy qilishini aytdi, iyunga borib bu to‘lovni 25% ga ko‘tarish bilan tahdid qildi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Grenlandiyaning kelajakdagi maqomi haqidagi har qanday qaror «faqat Grenlandiya xalqi va Daniya qirolligi ixtiyorida», va ittifoqdoshlarga nisbatan boj to‘lovini ishlatish «noto‘g‘ri».

Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen va Grenlandiya Tashqi ishlar vaziri Vivian Mottsfeldt dushanba kuni NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashishi xabar qilindi.

O‘tgan hafta Daniya va Grenlandiya hukumatlari, NATO ittifoqdoshlari bilan birgalikda, Arktika va Shimoliy Atlantikada harbiy mavjudlik va mashg‘ulotlarni kuchaytirishga qaror qildilar.

Bir necha Yevropa davlati Grenlandiyaga "razvedka missiyasi" deb nomlangan tashrif doirasida oz sonli harbiy xizmatchilarini yubordi.

Tramp o‘z maktubida o‘tgan yili prezidentligining ikkinchi muddati boshlanganidan beri sakkizta urushni tugatganini da’vo qilgan.

Oq Uy bu urushlar ro‘yxatini ham e’lon qildi: Isroil va Hamas, Isroil va Eron, Pokiston va Hindiston, Ruanda va Kongo Demokratik Respublikasi (KDR), Tailand va Kambodja, Armaniston va Ozarbayjon, Misr va Efiopiya, hamda Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi to‘qnashuvlar.

BBC Verify Trampning da’vosini o‘rganib chiqqan va bu «urushlar»ning ba’zilari aslida bir necha kun davom etganini, ammo ular uzoq yillik mojarolar sababi bo‘lganini, ba’zi hollarda esa — masalan, Misr va Efiopiya o‘rtasida — umuman jang ham bo‘lmaganini aniqladi.

Shuningdek, Ruanda va KDR o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolanganiga qaramay, to‘qnashuvlar davom etgan.

2025 yilgi Tinchlik mukofoti Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoga berildi.

Keyinchalik, AQSh maxsus kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni Karakasda hibsga olganidan keyin Tramp Machadoni mamlakatning keyingi rahbari sifatida qo‘llab-quvvatlamadi va o‘rniga Maduroning vitse-prezidentini vaqtinchalik hukumat boshlig‘i sifatida qo‘llab-quvvatladi.

Machado, Trampni maqtaganiga qaramay, o‘tgan hafta Oq Uyga bordi va o‘zining Nobel medalini Trampga topshirdi.

Nobel jamg‘armasi esa mukofotni "hatto ramziy ma’noda ham boshqa shaxsga berib yoki tarqatib bo‘lmasligi"ni aytdi.