Afg‘oniston: Tolibon tepasidagi bo‘linish

Surat manbasi, AFP via Getty Images
- Author, BBC Afg‘on xizmati
- O'qilish vaqti: 12 daq
BBC qo‘lga kiritgan audioyozuv Tolibon oliy rahbarining eng katta xavotirini oshkor qildi.
Bu tashqi xavf emas, balki mamlakat ichidagi xavfdir.
Tolibon avvalgi hukumat qulashi va 2021 yilda AQShning chiqib ketishi ortidan mamlakat boshqaruvini qo‘lga olgan.
Oliy rahbar Tolibon tashkil etgan Islom Amirligi "hukumatidagi shaxslar" bir-biriga qarshi yovlashayotganidan ogohlantirdi.
Tarqalgan audioyozuvda oliy rahbar Hibatulloh Oxundzoda ichki kelishmovchiliklar oxir-oqibat barchasini barbod qilishi mumkinligi haqida nutq so‘zlayotgani eshitiladi.
"Bu bo‘linishlar oqibatida amirlik qulaydi va tugaydi", deya ogohlantirdi u.

Surat manbasi, Javid Ashna / Middle East Images / AFP via Getty Images
2025 yil yanvar oyida Qandahor shahridagi madrasada Tolibon a’zolariga qarata so‘zlangan nutq bir necha oydan beri tarqalgan mish-mishlar – Tolibonning eng yuqori qatlamidagi kelishmovchiliklar haqidagi ovozalarga yanada kuch berdi.
Bu hatto Bi-bi-si to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘raganda ham, Tolibon rahbariyati doimo inkor etib kelgan bo‘linish edi.
Shundan so‘ng Bi-bi-si Afg‘on xizmati bu o‘ta maxfiy guruh bo‘yicha bir yillik surishtiruv boshladi. Ular Tolibonning hozirgi va sobiq a’zolari, mahalliy manbalar, ekspertlar va sobiq diplomatlar bilan 100 dan ortiq suhbat o‘tkazdi.
Nozik masala ekanini hisobga olib Bi-bi-si suhbatdoshlarning xavfsizligi uchun ularning shaxsini oshkor qilmaslikka rozi bo‘ldi.
Biz birinchi marta Tolibonning eng yuqori qatlamida ikki alohida guruh borligini aniqladik – ularning har biri Afg‘oniston kelajagi uchun farqli g‘oyalarni ilgari surmoqda.
Birinchisi, qarorgohi Qandahorda joylashgan, mamlakatni zamonaviy dunyodan ajratib, jamiyatning har bir sohasini o‘ziga sodiq diniy arboblar nazorat qiladigan qattiq islomiy amirlik istayotgan Oxunzodaga sodiq guruh.
Ikkinchi guruh esa, asosan poytaxt Kobulda joylashgan nufuzli Tolibon a’zolaridan iborat bo‘lib, ular islomning qat’iy talqiniga amal qilgan holda, tashqi dunyo bilan muloqot qiladigan, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantiradigan va hatto qizlar va ayollarga boshlang‘ich maktabda ta’lim olish imkoniyatini beradigan Afg‘onistonni istamoqda.
Bir ichki manba bu holni "Kobulga qarshi Qandahor uyi" deb ta’rifladi.
Ammo asosiy savol shunday: Tolibon hukumati vazirlari, qudratli jangarilar va minglab Tolibon tarafdorlari qo‘llab-quvvatloviga ega nufuzli diniy ulamolardan iborat Kobul guruhi Oxunzodaning tobora mustabidlashib borayotgan boshqaruviga uning nutqida ishora qilinganidek, jiddiy tarzda qarshi chiqa oladimi
Axir toliblarning fikricha, Oxunzoda guruhning mutlaq hukmdori – u faqat Alloh oldida javob beradi va unga qarshi chiqib bo‘lmaydi.
Shundan keyin mamlakatdagi eng qudratli shaxslar o‘rtasidagi yashirin qarama-qarshilikni ochiq to‘qnashuvga aylantirgan qaror qabul qilindi.
Sentyabr oyi oxirida Hibatulloh Oxundzoda internet va telefon aloqasini o‘chirishni buyurdi, bu esa Afg‘onistonni tashqi dunyodan uzib qo‘ydi.
Uch kundan so‘ng internet qayta ishlay boshladi, ammo bu qarorning sabablari rasman izohlanmadi.
Biroq ichki manbalarga ko‘ra, parda ortidagi voqealar ancha jiddiy bo‘lgan. Aytilishicha, Kobul guruhi Oxunzodaning aniq buyrug‘iga zid ravishda harakat qilib, internetni qayta yoqqan.
Afg‘oniston bo‘yicha mutaxassislardan biri bunday izoh beradi:
"Tolibon boshqa har qanday afg‘on partiyasi yoki guruhidan farqli o‘laroq, o‘zining ichki yaxlitligi bilan ajralib turadi, harakat tarixida hech qanday bo‘linish, hatto jiddiy ixtilof ham kuzatilmagan."
Uning ta’kidlashicha, "harakat a’zolariga o‘z rahbarlariga va oxir-oqibat amirga bo‘ysunish tamoyili singdirilgan". Mutaxassisga ko‘ra, "aynan shu sababli amirning ochiq va aniq buyrug‘iga qarshi chiqib, internetni qayta yoqish kutilmagan va e’tiborga molik holat bo‘ldi".
Tolibon ichki manbalaridan biri aytganidek: bu isyondan boshqa narsa emas edi.
Iymon odami

Hibatulloh Oxundzoda o‘z rahbarligini bunday boshlamagan edi.
Darhaqiqat, manbalarga ko‘ra, u 2016 yilda Tolibonning oliy rahbari etib saylanishiga uning kelishuvchanlik yondashuvi yordam bergan edi.
O‘zi jang maydonida tajribaga ega bo‘lmagani uchun, u Sirojiddin Haqqoniyni o‘rinbosar qilib tayinladi. U vaqtda Haqqoniy AQSh qidiruvidagi shaxslardan biri bo‘lgan va uning boshi uchun 10 million dollar mukofot e’lon qilingan edi.
Ikkinchi o‘rinbosar etib Tolibon asoschisi mulla Umarning o‘g‘li Yoqub Mujohid tayinlangandi – u yosh bo‘lsa-da, o‘zi bilan Tolibon naslini va harakatni birlashtirish salohiyatini olib kelgan edi.
Bu tuzilma Dohada Vashington bilan 20 yillik urushni yakunlash bo‘yicha olib borilgan muzokaralar davomida saqlanib qoldi. 2020 yildagi kelishuvdan so‘ng Tolibon 2021 yil avgust oyida mamlakatni to‘satdan qayta egalladi, AQSh qo‘shinlari esa tartibsiz ravishda chiqib ketdi.

Surat manbasi, Los Angeles Times via Getty Images
Tashqi dunyo nazarida ular yagona, yaxlit kuch edi.
Biroq 2021 yil avgust oyida Tolibon hokimiyatga qaytgach, ikkala o‘rinbosar ham sekin-asta vazir darajasiga tushirildi, Oxundzoda esa yagona hokimiyat markaziga aylandi, deydi Bi-bi-siga ichki manbalar.
Hatto Tolibonning AQSh bilan muzokaralarni olib borgan qudratli va nufuzli hammuassisi Abdul G‘ani Barodar ham ko‘pchilik kutganidek bosh vazir emas, balki bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egalladi.
Buning o‘rniga, Oxunzoda hukumat joylashgan poytaxtni chetlab o‘tib, Tolibon uchun hokimiyat markazi bo‘lgan Qandahorda qolishni afzal ko‘rdi va o‘z atrofiga sodiq tarafdorlarni to‘play boshladi.
Boshqa sodiq tarafdorlarga mamlakat xavfsizlik kuchlari, diniy siyosat va iqtisodiyotning ayrim sohalari ustidan nazorat topshirildi.
"[Oxundzoda] boshidanoq o‘zining kuchli guruhini shakllantirishga intildi", dedi Bi-bi-si bilan suhbatda Tolibonning sobiq a’zosi, keyinchalik Afg‘onistonning AQSh qo‘llab-quvvatlagan hukumatida xizmat qilgan manba.
"Avvaliga imkoniyati bo‘lmasa-da, hokimiyatni qo‘lga kiritgach, buni mohirlik bilan amalga oshira boshladi, o‘z vakolati va mavqeidan foydalanib, tarafdorlar doirasini kengaytirdi."
Tolibon oliy rahbariyati

Qizlarning ta’lim olishiga ruxsat berish kabi masalalarda Oxundzoda Kobuldagi Tolibon vazirlari bilan maslahatlashmasdan qarorlar chiqara boshladi. Bu qarorlar Tolibon hokimiyatni qo‘lga olishidan oldin berilgan ommaviy va’dalariga ham deyarli mos kelmagan.
BMTning kuzatuv organi dekabr oyida Xavfsizlik Kengashiga yo‘llagan maktubida ayollar ta’limi va bandligi masalasi ikki guruh o‘rtasidagi "asosiy kelishmovchilik manbalaridan biri" bo‘lib qolayotganini qayd etgan.
Shu bilan birga, BBC'ga gapirgan ichki manbalardan biriga ko‘ra, 1990-yillarda Tolibonning shariat sudlarida qozi bo‘lgan Oxundzoda diniy masalalarda tobora qat’iyroq pozitsiyani egallab bormoqda.
Oxunzodaning qarashlari shu darajada ediki, Tolibon ikki rasmiysining aytishicha, Oxunzoda o‘g‘lining xudkush hujumchi bo‘lish qaroridan xabardor bo‘lgan va bu qarorni ma’qullagan.
BBC manbalarining ta’kidlashicha, u noto‘g‘ri qaror qabul qilish nafaqat hozir, balki kelajakda ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.
"U qabul qilayotgan har bir qarorini shunday izohlaydi: men Alloh oldida javobgarman, qiyomat kuni nega biror ish qilmaganim haqida so‘roqqa tutilishim mumkin", deya tushuntirdi Tolibon hukumatidagi manbalardan biri.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Oxundzoda bilan uchrashuvlarda bo‘lgan ikki kishi BBCga deyarli gapirmaydigan, asosan imo-ishoralar orqali muloqot qiladigan odamni tasvirlab berishdi. Uning ishoralarini o‘sha yerdagi keksaroq mullalar talqin qilardi.
Boshqa guvohlar aytishicha, jamoat joylardagi chiqishlarida u yuzini yashiradi – sallasi ustidan tushib turgan ro‘mol bilan ko‘zlarini berkitadi va ko‘pincha auditoriyaga murojaat qilganda yonlamasiga turadi. Oxundzodani suratga olish yoki videoga tushirish qat’iyan man etilgan. Uning faqat ikkita surati mavjudligi ma’lum.
Uchrashuv tashkil etish ham tobora qiyinlashib bormoqda. Tolibonning yana bir a’zosi BBCga Oxundzoda ilgari "muntazam maslahatlashuvlar" o‘tkazganini, ammo hozir "Tolibon vazirlarining aksariyati uchrashuvni kunlab yoki haftalab kutishini" aytdi. Yana bir manba Bi-bi-siga xabar berishicha, Kobuldagi vazirlarga "Qandahorga faqat rasmiy taklifnoma olgandagina borish" buyurilgan.
Shu bilan birga, Oxundzoda Qandahorga asosiy bo‘limlarni, jumladan, ilgari uning sobiq o‘rinbosarlari Haqqoniy va Yoqub nazoratida bo‘lgan qurol-yarog‘ taqsimoti bo‘limlarini ko‘chirdi.
BMT kuzatuv guruhi dekabrь oyidagi maktubida Oxundzodaning "hokimiyatni mustahkamlashi Qandahorning bevosita nazorati ostidagi xavfsizlik kuchlarini kengaytirishi bilan ham bo‘lganini" ta’kidladi.
Xabarlarga ko‘ra, Oxundzoda Kobuldagi vazirlarni chetlab o‘tib, mahalliy politsiya bo‘linmalarigacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruqlar beradi.
Tahlilchilardan biri ta’kidlashicha, natijada "haqiqiy hokimiyat Qandahorga o‘tkazilgan", buni Tolibon vakili Zabihulloh Mujohid BBCga rad etdi.
"Barcha vazirlar o‘z vazirliklari doirasida vakolatlarga ega, kundalik ishlarni amalga oshiradi va qarorlar qabul qiladi – barcha vakolatlar ularga berilgan va ular o‘z vazifalarini bajaradi", dedi u.
Biroq "shariat nuqtai nazaridan, u [Oxundzoda] mutlaq hokimiyatga ega, – deya qo‘shimcha qildi Mujohid. – Alloh taqiqlagan ixtiloflardan qochish uchun uning qarorlari qat’iy".
"Dunyo ko‘rgan" odamlar

Surat manbasi, AP
Kobul guruhi orasida norozilik kuchayib, ittifoqlar mustahkamlanayotgan edi.
"Ular [Kobul guruhi] dunyo ko‘rgan odamlar, – dedi BBCga tahlilchilardan biri. –Shu bois ular o‘z hukumatlari hozirgi ahvolda uzoq davom eta olmasligini tushunishadi."
Kobul guruhi Afg‘oniston Fors ko‘rfazi davlatlari modeliga o‘xshash rivojlanishini istaydi.
Ularni hokimiyat Qandahorda to‘planayotgani, axloq qonunlarining mohiyati va qo‘llanishi, Tolibonning xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlari, ayollar ta’limi va bandligi masalalari tashvishga solmoqda.
Tolibon rahbariyati qaerda joylashgan?

Afg‘on ayollari ko‘proq huquqlarga ega bo‘lishini yoqlab chiqishiga qaramay, Kobul guruhi mo‘’tadil deb hisoblanmaydi.
Aksincha, ichki manbalar ularni norasmiy ravishda Tolibon asoschisi Baradar boshchiligidagi "pragmatik" guruh sifatida ko‘radi. U, shuningdek, 2024-yilgi AQSh prezidentlik saylovlari kampaniyasi bahslarida Donald Tramp "Tolibon rahbari" deb atagan "Abdul" bo‘lishi mumkin. Aslida, u guruhning AQSh bilan asosiy muzokarachisi edi.
Kobul guruhining pozitsiyalari o‘zgarishi e’tibordan chetda qolmadi.
"Biz ular [Kobulda joylashgan Tolibon yetakchilari] ilgari televizorlarni yo‘q qilganini eslaymiz, ammo hozir o‘zlari televizorda chiqmoqda", dedi tahlilchilardan biri.
Ular ijtimoiy tarmoqlarning kuchini ham yaxshi anglashadi.
Sobiq o‘rinbosar Yoqubning otasi Mulla Umar Tolibonning birinchi hokimiyatini boshqargan, musiqa va televidenieni taqiqlagan edi. U yosh Tolibon a’zolari va ba’zi oddiy afg‘onlar orasida tobora mashhur bo‘lib bormoqda. Buni uning yuzi tushirilgan TikTok videolarida ko‘rish mumkin.
Biroq, o‘zini qayta brendlashda hech kim uning hamkasbi, sobiq o‘rinbosar Sirojiddin Haqqoniydan samaraliroq bo‘lmagan. Uning jangarilari AQSh boshchiligidagi kuchlarga qarshi Afg‘oniston urushidagi eng halokatli va murakkab hujumlarni uyushtirgan bo‘lsa-da, qo‘lga tushmay yurishi uni tarafdorlari orasida afsonaviy shaxsga aylantirdi. 2017 yilda Kobulda yuz bergan va Germaniya elchixonasi yaqinida 90 dan ortiq tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lgan yuk mashinasi portlashi shular jumlasidandir.
O‘sha paytda uning faqat bitta surati mavjud edi – uni BBC Afg‘on xizmati jurnalisti olgan edi.

Surat manbasi, FBI
Ammo AQSh chiqib ketganidan olti oy o‘tgach, Haqqoniy Kobulda politsiya xodimlarining bitiruv marosimida butun dunyo ommaviy axborot vositalari oldida yuzi ochiq holda ko‘rinish berdi.
Bu yangi qiyofaga o‘tishning birinchi qadami edi: endi jangari emas, balki davlat arbobi – 2024 yilda "New York Times" u bilan suhbatlashib, siz Afg‘onistonning kelgusi o‘zgarishlari uchun umidmisiz, deb so‘ragan edi.
Bir necha oy o‘tgach, FQB uning boshiga e’lon qilingan 10 million dollarlik mukofotni jimgina bekor qiladi.
Biroq tahlilchilar va ichki manbalarga ko‘ra, oliy rahbar Oxundzodaga ochiq qarshi chiqish ehtimoli kam edi.
Uning farmonlariga qarshilik kichik va cheklangan edi – masalan, Kobul guruhi nazoratidagi hududlarda soqol olishni taqiqlash kabi qoidalarni qo‘llamaslik. Ammo kattaroq isyonlar hamisha aqlga sig‘mas ish edi.
Tolibon sobiq a’zolaridan biri BBC bilan suhbatda "Oxundzodaga itoat qilish majburiy" ekanligini ta’kidladi.
Haqqoniyning o‘zi "New York Times" gazetasiga bergan intervyusida ochiq bo‘linish ehtimolini rad etdi. "Afg‘oniston uchun hozir tinchlikka erishish maqsadida birdamlik muhim", dedi u.
Buning o‘rniga, tahlilchilardan biri aytishicha, Kobul guruhi xalqaro hamjamiyat va afg‘onlarga: "Sizning shikoyat va tashvishlaringizni tushunamiz, lekin nima ham qila olardik?" demoqda.
Har holda, internetni o‘chirish haqidagi buyruq kelgunga qadar vaziyat shunday edi.
Burilish nuqtasi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Tolibon oliy rahbari internetga chuqur ishonchsizlik bilan qaraydigan odam. U internetdagi ma’lumotlarni islomga zid deb hisoblaydi va o‘z e’tiqodiga shunchalik sodiqki, har kuni ertalab yordamchisi unga so‘nggi yangiliklar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni o‘qib beradi. Bu haqda uning vakili Bi-bi-siga ma’lum qilgan.
Kobul guruhi esa zamonaviy mamlakat internetsiz yashay olmaydi, deb hisoblaydi.
Oliy rahbarning internetni o‘chirish to‘g‘risidagi buyrug‘i dastlab Oxunzoda ittifoqchilari nazoratidagi viloyatlarda amalga oshirildi, keyin butun mamlakatga tarqaldi.
Kobul guruhiga yaqin va Tolibon hukumatidagi manbalar keyingi voqealarni tasvirlab berdi, bu Tolibon tarixida misli ko‘rilmagan holat edi.
"Bu harakat ko‘plab a’zolar uchun kutilmagan bo‘ldi", dedi manbalardan biri.
Qisqasi, Kobul guruhining eng nufuzli vazirlari yig‘ilib, Kobuldagi Bosh vazir mulla Hasan Oxundni internetni qayta yoqishga buyruq berishga ko‘ndirdi.
Aslida, guruh butun mamlakat bo‘ylab internet uzilishidan oldin o‘z noroziligini allaqachon bildirgan edi: guruhning de-fakto rahbari Barodar Qandahorga borib, Oxundzodaning eng sodiq odamlarilaridan birini rahnamoni "uyg‘otish" kerakligi haqida ogohlantirgan va ular oliy rahbarning "xo‘p bo‘ladi" deb o‘tiraveradigan odamlari bo‘lishni to‘xtatishlari kerakligini qo‘shimcha qilgan.
"Siz unga haqiqatni ochiq aytmaysiz, u nima desa, shuni qilyapsiz", dedi u Qandahor ulamolar kengashi, viloyat diniy rahbarlari guruhi a’zosiga.
Manba aytishicha, uning so‘zlari inobatga olinmagan. 29 sentyabrь, dushanba kuni telekommunikatsiya vazirligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy rahbardan hamma narsani o‘chirish to‘g‘risida buyruq kelgan. "Hech qanday bahona" o‘tmasligi haqida aytishgan.
Chorshanba kuni ertalab Kobul guruhi vazirlari, jumladan, Barodar, Haqqoniy va Yoqub Bosh vazir idorasida to‘plandi, ularga telekommunikatsiya vaziri ham qo‘shildi. Shu yerda ular Qandahorga moyil Bosh vazirni javobgarlikni o‘z zimmasiga olish va buyruqni bekor qilishga undadi. Manbalardan biri aytishicha, ular unga barcha mas’uliyat o‘zlarida ekanligini aytishgan.
Urinish samara berdi. Internet qayta tiklandi.
Ammo, ehtimol, eng muhimi, shu bir necha kun ichida Oxundzoda bir necha oy oldin nutqida shama qilgan narsa sodir bo‘lgandek edi: ichki kuchlar Tolibon birligiga tahdid solmoqda edi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Lekin nima uchun aynan shu buyruq? Ekspertlardan biri ta’kidlashicha, Tolibon a’zolari qizlar ta’limi kabi farmonlarga qo‘shilmasa ham, Oxundzodaga ergashishda davom etgan.
Vaholanki, ilgari ochiq qarshi chiqqanlarning ko‘pchiligi buning badalini to‘lagan edi.
2025 yil fevralida o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari rahbariyat "20 million kishiga nisbatan adolatsizlik" qilayotgani, "Xudo yo‘lidan" chetga chiqayotganini ochiq aytganidan keyin mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi – u ayollar ta’limi taqiqlanganiga ishora qilgan edi.
BMT kuzatuvchilariga ko‘ra, 2025 yilning iyul va sentyabrь oylarida Oxundzodaning qizlar ta’limi bo‘yicha farmonlariga e’tiroz bildirgan kamida ikkita shaxs hibsga olingan.
Shunga qaramay, Oxundzoda va uning ittifoqchilari Haqqoniy kabi shaxslarni o‘zlariga yaqin tutishga harakat qilayotgani haqida ham dalillar bor.
Vaholanki, Haqqoniy oliy rahbarning hokimiyatni markazlashtirayotgani haqida ochiq tanqid bildirgan.
Shunday bo‘lsa-da, so‘zdan ishga o‘tish va buyruqqa itoatsizlik butunlay boshqa qadam edi.
Bir mutaxassisning ta’kidlashicha, bu safar tavakkal qilishga arzirdi.
Ularning lavozimlari hokimiyat va "pul topish imkoniyati" bilan bog‘liq, deydi mutaxassis. Ikkalasi ham boshqaruv va tijoratda muhim bo‘lgan internetga bog‘liq edi.
"Internetni o‘chirish ularning manfaatlariga qizlarni ta’limdan chetlatishdan ko‘ra ko‘proq tahdid solardi", deb ta’kidlaydi mutaxassis.
"Balki shuning uchun ham ular bir marta "jasorat" ko‘rsatishgandir".

Surat manbasi, AP
Internet qayta yoqilgandan so‘ng, undan keyin nima bo‘lishi haqida turli taxminlar paydo bo‘ldi.
Kobul guruhiga yaqin manba vazirlar asta-sekin lavozimlaridan olinishi yoki pastroq mansablarga surilishi mumkinligini aytdi.
Biroq Qandahor ulamolar kengashi a’zosiga ko‘ra, "bunday qarshilikdan qo‘rqqani uchun" bu safar oliy rahbarning o‘zi chekinishi ehtimoli ham bor edi.
Yil oxiriga borib esa, omma nazarida go‘yo hech narsa o‘zgarmagandek ko‘rinardi.
BMT Xavfsizlik Kengashiga yo‘llangan maktubda ayrim BMT a’zo davlatlari "Qandahor va Kobuldagi rahbarlar o‘rtasidagi bo‘linishni vaziyatni o‘zgartirmaydigan oilaviy mojaroga qiyoslagani, barcha yuqori rahbarlar esa Tolibonning tashkilot sifatidagi muvaffaqiyatidan manfaatdor ekani" qayd etilgan.
Tolibon hukumati bosh vakili Zabihulloh Mujohid bo‘linish mavjudligini qat’iyan rad etdi.
"Biz hech qachon bo‘linishga yo‘l qo‘ymaymiz", dedi u 2026 yil yanvar oyi boshida BBCga.
"Barcha amaldorlar va rahbariyat bilib turibdiki, bo‘linish hamma uchun, Afg‘oniston uchun zararli, shar’an taqiqlangan va Alloh man etgan."
Shu bilan birga, u Tolibon a’zolari o‘rtasida ayrim "fikr" farqlari borligini tan oldi, ammo buni "oiladagi mayda kelishmovchilik" bilan qiyosladi.
Dekabr o‘rtalarida esa o‘sha "farqlar" yana ochiq ko‘rina boshladi.
Haqqoniy juma namozi paytida o‘z vatani Xost viloyatida xalqqa murojaat qilib, "millatning ishonchi, muhabbati va e’tiqodi orqali hokimiyatga kelib, keyin esa o‘sha millatni tark etgan yoki unutgan tuzum - hukumat emas", dedi.
Xuddi shu kuni Oxundzoda tarafdori, oliy ta’lim vaziri Neda Muhammad Nadem qo‘shni viloyatdagi madrasada bitiruvchi talabalarga murojaat qildi.
"Faqat bir kishi rahbarlik qiladi, qolganlar esa itoat etadi - bu haqiqiy islomiy hukumatdir, - dedi u. Agar rahbarlar ko‘paysa, muammolar paydo bo‘ladi va biz erishgan hukumat barbod bo‘ladi."
Internet mojarosidan keyin aytilgan bu so‘zlar Oxundzodaning 2025 yil boshida sizdirilgan audioyozuvda bildirgan qarashlaridan butunlay boshqacha manzarada namoyon bo‘ladi.
Biroq 2026 yil Kobul guruhi Afg‘onistondagi xotin-qizlar va erkaklar hayotida sezilarli o‘zgarishlar qiladimi yoki yo‘q, bu hali ham ochiq qolmoqda.
"Har doimgidek, amirlikning yuqori qatlamidagi ochiq kelishmovchilikdan so‘ng yana bir savol tug‘iladi: so‘zlar qachondir amalga aylanadimi?" — deydi tahlilchilardan biri.
"Hozircha esa bunday bo‘lgani yo‘q."
Material Ziya Shahreyar, Flora Druri va bbc Afg‘on forenzika jamoasi tomonidan tahrir qilingan va tayyorlangan. Yuqoridagi suratda 2022 yil yanvarь oyida Kobulga nazar tashlab turgan Tolibonning ikki a’zosi aks etgan.
















