Ozarbayjon va Eron: Prezident Aliev o‘z qo‘shinlari hushyorlikka keltirilganini aytti

Prezident Ilhom Aliev hodisani Eronning Ozarbayjonga qarshi "terroristik hujumi" deb ta’rifladi va o‘z qurolli kuchlari tayyor turishi buyurilganini bildirdi

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Prezident Ilhom Aliev hodisani Eronning Ozarbayjonga qarshi "terroristik hujumi" deb ta’rifladi va o‘z qurolli kuchlari tayyor turishi buyurilganini bildirdi
O'qilish vaqti: 2 daq

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi o‘z mamlakati Naxchivanga dron uchirmaganini aytdi. U bu haqda ozarbayjonlik hamkasbi Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali suhbatda gapirdi, deyiladi Eron Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda.

Abbos Arag‘chi voqea bo‘yicha tergov allaqachon boshlanganini qo‘shimcha qilgan.

Ozarbayjon Eronning shimoli-g‘arbiy chegarasida joylashgan.

Rasmiy Boku 5 mart kuni Naxchivanda Eron droni urib tushirilgani, maktab yaqinida dron qulagani va aeroportga dron hujum qilingani haqida e’lon qilganidan so‘ng, vazirlar telefon orqali bog‘lanishgan.

Prezident Ilhom Aliev bu hodisani Eronning Ozarbayjonga qarshi "terroristik hujumi" deb ta’rifladi va o‘z qurolli kuchlari tayyor turishi buyurilganini bildirdi.

Uning payshanba kuni mamlakat Xavfsizlik kengashi bilan uchrashuvida bildirishicha, qo‘shinlarga «tayyor turish va javob choralarini amalga oshirish" buyurilgan.

Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari dron hujumlarida to‘rt kishi jarohat olganini xabar qilishdi.

Dron Naxchivon Avtonom Respublikasi aeroportining terminal binosiga urilgan

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Dron Naxchivon Avtonom Respublikasi aeroportining terminal binosiga urilgan

Jeyhun Bayramov voqeani qoraladi va bu hujumlar keskinlikni kuchaytirishga xizmat qilishini aytdi.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi voqea bo‘yicha tergov natijalarini tez orada berilishini ma’lum qildi.

Hozirda Ozarbayjon va Eron o‘rtasidagi chegarada harakat to‘xtatilgan.

Jeyhun Bayramov shuningdek, Tehrondan bu voqea uchun uzr so‘rashni va kelajakda bunday hodisalarning takrorlanishining oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rishni talab qildi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Eron Tashqi ishlar vaziri Ozarbayjon fuqarolarining jarohatlari uchun afsusda ekanligini bildirgan va ularga sog‘-salomatlik tilagan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Payshanbada Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi "Bir dron Naxchivon Avtonom Respublikasi aeroportining terminal binosiga urilgan, yana biri esa Shakarabad qishlog‘ida maktab binosi yaqiniga tushgan," deya bayonot tarqatgandi.

Vazirlik hujumdan ko‘p o‘tmay ma’lum qilishicha, Ozarbayjondagi Eron elchisi chaqirtirilgan.

O‘zaro tarang aloqalar tarixi

Ko‘rfaz davlatlari va Iroq Kurdistonidan farqli o‘laroq, Ozarbayjonda AQSh harbiy bazalari borligi ma’lum emas. Shu bois, mamlakatning nima sababdan hujumga tutilgani haqida savollar tug‘ilmoqda.

Ba’zi tahlilchilar Eronning Ozarbayjon hududiga hujum qilgani tasdiqlansa, bu Ozarbayjonning AQSh va Isroil bilan yaqin strategik hamkor ekaniga borib taqalishi mumkinligini aytib chiqishgan.

Aholisining aksariyati shia musulmonlari bo‘lgan dunyoviy Ozarbayjon va Isroil o‘rtasidagi aloqalar 2000-yillardan beri chuqurlashib bormoqda.

Ozarbayjon Isroil qurol-yarog‘larining asosiy xaridori hisoblanadi, Isroil esa Ozarbayjondan katta miqdorda neft import qiladi.

Shuningdek, ikki davlat razvedka sohasida, ayniqsa, Eronni kuzatish masalasida yaqindan hamkorlik qilishi ishoniladi.

Eron anchadan beri Ozarbayjonni o‘z hududida Isroil razvedka agentligi – "Mossad"ning faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yib berishda ayblab keladi.

Jumladan, Tehron iddaosiga ko‘ra, "Mossad" agentlari eronlik yadrochi olimlarni o‘ldirishda aynan Ozarbayjon hududidan yordam sifatida foydalangan. Boku bu ayblovlarni keskin rad etib keladi.