"O‘ndan ortiq ukrainalikni o‘ldirgan"ga shartli jazo – O‘zbek sudlari Rossiya tomonida jang qilgan vatandoshlarga "bag‘rikenglik" qilyaptimi?

Surat manbasi, Reuters
Andijon va Farg‘onada Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi jang qilgan vatandoshlar ustidan sud mahkamasi bo‘lib o‘tgan. Sudlanuvchilardan biri "o‘ndan ortiq ukrain askarini o‘ldirgan"ini tan olgan. Har ikki ishda ham sudlanuvchilarga shartli jazo tayinlangan. Ochiq ma’lumotlardan o‘zbek sudlari Rossiya tomonida jang qilgan vatandoshlarga yengil jazo berayotgani ko‘rinadi.
O‘tgan yilning oxirida Andijon va Farg‘ona viloyati sudlarida Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi jang qilgan o‘zbekistonliklar ustidan ikki alohida mahkama bo‘lib o‘tgan.
Bu haqda har ikkala sud qarorini o‘rgangan mahalliy Gazeta.uz nashri xabar bermoqda.
Nashrning yozishicha, sudlanuvchilardan biri – 2023 yil Rossiya armiyasi safiga yollangan andijonlik 39 yashar erkak o‘sha yilning noyabriga qadar bo‘lgan janglarda 10 dan ortiq ukrainalik askarni o‘ldirganini tan olgan.
Farg‘ona viloyatida ko‘rilgan boshqa bir ishda esa 2023 yil avgustida Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 22 yoshli yigit o‘sha yil oktyabrdan 2024 yil fevraligacha Ukrainadagi janglarda qatnashganini tan olgani haqida so‘z boradi.
Sobiq yollanma jangarilarining har ikkisi ham Rossiya tomonida jang qilish evaziga salmoqli maosh (195 ming rubldan 450 ming rublga qadar yoki hozirgi kurs bo‘yicha $1,805 – $4,165) taklif etilgani haqida ko‘rsatma bergan.
O‘zbek sudi farg‘onalik sobiq yollanma jangarini shartli 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan, ammo jazoni yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olib, yigitga shartli 3 yil sinov muddati belgilagan.
"O‘ndan ortiq ukrainalik askarni o‘ldirgan"ini tan olgan andijonlik erkakka esa 4 yil 2 oy ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.
Sud qarorlari matniga tayangan Gazeta.uz'ning yozishicha, o‘zbek sudlari aybiga to‘liq iqrorligi, pushaymonligi kabi yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olib, yengilroq jazo berish qarorini olgan.
Umuman olganda, oxirgi ikki yilda matbuotda paydo bo‘lgan xabarlarga razm solinsa, Ukrainada jang harakatlarida qatnashgan o‘zbekistonliklarga nisbatan yengil jazolar tayinlanayotgani ko‘rinadi.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish)da esa besh yildan o‘n yilga qadar ozodlikdan mahrum etish haqida so‘z boradi.
Rossiya mehnat muhojirlarini urushga tortishga zo‘r berayotgan bir manzarada o‘zbek sudlarining yollanma jangarilik uchun yumshoq jazolar tayinlanayotgani migrantlar orasida "urushga borishdan qo‘rqmaslik" hissini paydo qilishi ehtimoli yuzasidan xavotirlar paydo bo‘lgan.
Begona urush

Surat manbasi, National Guard of Ukraine
Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi jang qilgan yoki jang qilayotgan o‘zbekistonliklarning umumiy soni haqida aniq statistika mavjud emas.
Rossiya tomoni mehnat migrantlarini bosim, qo‘rqitish, jazodan ertaroq ozod etish, moliyaviy rag‘bat, mamlakat fuqaroligini berish kabi usullar yordamida urushga jalb etishga zo‘r berib urinayotganiga oid ko‘plab dalillar chiqqan.
O‘zbekiston tomoni ham o‘z fuqarolarini ushbu harbiy mojaroda ishtirok etmaslikka chaqirib keladi.
Shunga qaramay, ko‘plab markaziy osiyoliklar qatorida o‘zbekistonliklar ham, asosan, Rossiya tomonida harbiy harakatlarda ishtirok etayotganiga oid ma’lumotlar bot-bot chiqib turadi.
Masalan, birgina Rossiya tarafidagi yo‘qotishlar statistikasini yuritib keladigan Ukrainaning "Poteri" loyihasi saytida urush boshlanganidan beri halok bo‘lgan 20 nafar o‘zbekistonlikning ismi-sharifi keltirilgan.
Bi-bi-si Rus xizmati esa 2023 yilning iyunь oyidayoq Rossiya tomonida jang qilgan 34 o‘zbekistonlik halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.
O‘zbekiston hukumati Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan yoki etayotgan hamda yollanma jangarilik faoliyati uchun jazoga tortilgan o‘z fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiqlamagan.
Shunga qaramay, mahalliy matbuotda ko‘ringan xabarlardan 2022 yil fevralida rus qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganidan beri o‘zbek sudlari Rossiya armiyasiga yollangan yoki shunday amalga qo‘l urishni rejalagan kamida 10 nafar vatandosh ustidan hukm o‘qigani anglashiladi.
Bu o‘zbekistonliklar "yollanish" va "xorijiy armiyada xizmat qilish"da ayblangan.
O‘zbekiston qonunlari bo‘yicha bunday jinoiy harakat uchun beriladigan eng yuqori jazo – 10 yilga qadar ozodlikdan mahrum etish.
Mahalliy matbuot yoritgan sud qarorlarida esa faqat uch sudlanuvchiga 5 va 6 yillik qamoq jazosi tayinlangani, qolganlar axloq tuzatish ishlariga jalb qilinish, ozodlikdan cheklash kabi yengilroq jazolar olgani ko‘rinadi.
Hozirga qadar O‘zbekiston Rossiya tomoniga o‘z fuqarolarini urushga jalb etmaslik borasida aniq dalillar qo‘ygani yoki yo‘qligi ma’lum emas.
Bunday mavhumlik va o‘zbek sudlari qotillikka qo‘l urganiga iqror bo‘lgan fuqaroga ham yengil jazo tayinlayotgan bir manzarada, Rossiyadagi mehnat migrantlari orasida urushga borishdan hayiqmaslik kayfiyati kuchayishi ehtimolidan xavotirlar ortgan.
Masalan, taniqli jurnalist Muhrim A’zamxo‘jaev bu holatni "o‘zbek sudlari tomonidan bag‘rikenglik", deya atagan.
Quyida jurnalistning Telegram'dagi o‘z kanalida yozgan postini to‘liq holda keltiramiz:
Andijon sudi Rossiya-Ukraina urushida qatnashib, 10 dan ortiq ukrainalikni o‘ldirganini tan olgan O‘zbekiston fuqarosiga 4 yil 2 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlabdi. Bu, xuddi, "uy qamog‘i" degandek gap - odatda ishlab, tinch yashab yursa, kechasi ko‘chaga chiqmasa bo‘ldi.
Boshqa bir holatda esa Farg‘onadagi sud Rossiya-Ukraina urushida besh oy qatnashgan (qancha odamni o‘ldirgani aytilmagan), buning evaziga Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbekistonlikka 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, "jazoni yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olib", shartli 3 yil sinov muddati belgilabdi. Ya’ni, u ham haqiqiy ma’noda baribir qamalmagan.
Ta’kidlanishicha, unisi ham, bunisi ham o‘z xohishi bilan O‘zbekistonga qaytib, o‘zini o‘zi O‘zbekiston huquq-tartibot organlariga topshirgan va nega Rossiya armiyasi tarkibida Ukrainaga qarshi jang qilgani bo‘yicha sud ularning aybini yengillashtirish uchun asosli deb tan olgan vajlarni keltirgan.
Sizga qanday bilmadimu, lekin bu O‘zbekiston sud organlari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining chet ellardagi jangovar harakatlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga o‘xshab ko‘rindi. Siz oylab, yillab xorijiy davlatda yollanma jangchi bo‘lib xizmat qilasiz, qanchadan-qancha odamlarni o‘ldirasiz, uyini kuydirasiz va O‘zbekistonga bosh egib kelib, "oilam og‘ir ahvolda edi, pulim yo‘q edi, qiynalib ketgandim", deb tan olsangiz, tamom, bag‘rikeng o‘zbek sudi sizga hech qanaqa urush ko‘rmagan O‘zbekiston fuqarosi kabi obod o‘lkada ozod yashash imkonini yaratib beradi. Xuddi "Rossiya armiyasiga qo‘shil, Ukrainaga qarshi jang qil va topgan pulingga O‘zbekistonda mazza qilib yasha" degan maxsus aktsiyaga o‘xshaydi.
Balki ular Rossiyadan bekordan bekorga qaytmagandir? O‘zi Rossiya tarafdan urushda qancha o‘zbekistonlik qatnashyapti - rasmiylarimizda bu haqda ma’lumot bormi? Ertaga ularning bari (omon qolganlari) O‘zbekistonga qaytsa, sudlarimiz mana shunday shartli, yumshoq jazo tayinlashda davom etaveradimi? Umuman, buning milliy xavfsizligimizga nisbatan oqibatlari o‘ylab ko‘rilganmi - balki Rossiya ularni O‘zbekistonga topshiriq bilan yuborayotgandir? Har holda, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining minglarcha harbiy xizmatchilaridan farqli o‘laroq, ular haqiqiy jang maydonida bo‘lgan, urush ko‘rgan, bo‘lganda ham, ehtimoliy dushman safida malaka oshirgan odamlar.
Yana bir qiziq masala shundaki, jahonning boshqa qaynoq nuqtalardan "adashganini anglab", bosh egib qaytgan qolgan o‘zbekistonliklarga ham shunday bag‘rikenglik qilinarmikin?












