Bir kelin, ikki kuyov: Qo‘sh erli oila mamlakatda bahslar qo‘zg‘amoqda

Sunita S ikki eri Kapil N va Pradip Nning o‘rtasida o‘tiripti

Surat manbasi, Alok Chauhan

Surat tagso‘zi, Sunita S ikki eri Kapil N va Pradip N bilan
    • Author, Saurabh Chauhan
    • Role, BBC Hind xizmati
    • Reporting from, Sirmaur, Himachal Pradesh
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Hindistonning Himolay tog‘laridagi kichik qishloqda ikki erkak o‘rtasida o‘tirgan kelin kameraga tabassum bilan qarab turibdi. Biroq bu oddiy to‘y suratlaridan emas – kelin ikki aka-uka bilan turmush qurmoqda. Ko‘p xotinlik va ko‘p erlik taqiqlangan mamlakatda bu holat noodatiy hol hisoblanadi.

12 iyulda Sunita S.ning aka-uka Kapil va Pradip N. bilan turmush qurgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqaldi.

Ayrimlar ularni qoralab, haqoratli izohlar qoldirgan bo‘lsa, boshqalar bu voqeani keng jamoatchilik muhokamasiga olib chiqdi.

Aloqador mavzular

Ular Himachal-Pradesh va Uttarakxand tog‘li hududlarida, Giri va Tons daryolari bo‘ylab yashaydigan Hatti qabilasiga mansub.

Taxminan 300 ming kishidan iborat bu jamoa 400 dan ortiq qishloqqa tarqalgan bo‘lib, tarixan "haat" deb atalgan bozorlari orqali savdo qilish – ekin, sabzavot va jun tijorati bilan tanilgan.

Asrlar davomida jundan ro‘mol to‘qish va kumushdan zeb-ziynat yasash bilan tirikchilik qilib kelishgan.

Hindiston rasman 700 dan ziyod qabilani tan olgan bo‘lib, ular aholining 8,6 foizini tashkil etadi.

2023 yili Hattilar ham "ro‘yxatga olingan qabila" maqomiga ega bo‘ldi, endi ularga ham ijtimoiy yordam dasturlari, ta’lim va ish o‘rinlarida kvotalar ajratiladi.

O‘zlarining uylanish marosimida Sunita S va eri Pradip N gulchambar almashmoqdalar

Surat manbasi, Alok Chauhan

Surat tagso‘zi, Hattilarning uylanish urf-odatlari an’anaviy Hindu marosimlaridan farq qiladi

Nikoh marosimlari esa ularda boshqacha: mahalliy tilda "jodidara" yoki "jajda" deb ataladigan to‘ylarda kelin-kuyov muqaddas olov atrofida aylanish o‘rniga yuzma-yuz turib qasamyod qiladilar.

Asosiy Hind udumlaridan yana bir farq shundaki, kelin nikoh marosimini kuyovning uyiga boshlab boradi.

Oila a’zolarining mehnat majburiyatlari ko‘pincha bunday nikohlarda er-xotin munosabatlarini shakllantiradi.

"Ilgari aka-ukalardan biri chorva mollari bilan oylab safarda bo‘lganida, ikkinchisi kelin bilan qolar va qaytib kelgach, navbati bilan [u bilan yashardi]. Ammo hozirgi sharoitda bunday masalalar oilada o‘zaro kelishuv orqali hal etiladi," deydi Bi-bi-si bilan suhbatda Hatti jamoasidan mahalliy jurnalist Sher Jung Chauxan.

"Qaysi farzand qaysi otaning ismini olishi kabi qarorlar hamon oilada kelishuv asosida hal qilinadi," deya qo‘shimcha qiladi u.

Urf-odat "og‘ir muhit ta’sirida shakllangan"

Hattilarning diniy amaliyoti hinduizm va animistik rituallar qorishmasidir, mahalliy shaman xudolari ularning urf-odatlari va kundalik hayotida muhim rol o‘ynaydi.

Jamoat yig‘inlarida so‘zlanadigan hikoyalarda ularning Himolaydan kelib chiqqani aytiladi. An’anaviy kiyimlar, ayniqsa, qo‘lda to‘qilgan jun liboslar ularning o‘ziga xosligini ko‘rsatadi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Ularning fikricha, katta oila bo‘lish birdamlik va ne’matlarni baham ko‘rishni rag‘batlantiradi.

Ilgari Hatti jamoasi aka-ukalarni yer-mulk bo‘linib ketmasligi uchun bitta xotin olishga undardi. Ekin maydonlari kam, ota-bobolardan qolgan mulkni bir necha aka-uka o‘rtasida meros sifatida taqsimlash oila boyligini kamaytirib yuborishi mumkin edi.

Hindiston konstitutsiyasi Hatti kabi qabilaviy jamoalarga, agar hukumat tomonidan maxsus taqiqlanmagan bo‘lsa, o‘z urf-odatlarini saqlab qolish huquqini beradi.

Himachal-Pradeshning birinchi bosh vaziri va olim Yashvant Singx Parmar o‘zining "Himolaydagi poliandriya" kitobida "bu an’ana cheklangan yer resurslarini saqlab qolish zarur bo‘lgan og‘ir tog‘ sharoitidan kelib chiqqan" deb ta’kidlagan.

Hatti jamoasining o‘nlab ayollari va kam sonli erkaklar davra o‘rtasida doira chalayotgan erkak atrofini o‘rab olib raqsga tushishayapti

Surat manbasi, Kapil Chauhan

Surat tagso‘zi, Poliandriya nikohlari bugun haddan ziyod kamayib ketgan

Biroq hozirgi kunda bunday nikohlar kam uchraydi.

Mutaxassislar savodxonlik oshishi, iqtisodiy rivojlanish va zamonaviylashuvni bu an’ananing kamayish sabablari sifatida ko‘rsatadilar.

Mahalliy aholi vakili Kapil Chauxanning aytishicha, mintaqaning har bir qishlog‘ida kamida to‘rt-oltita oila hamon ko‘p erlik tartibida yashaydi.

"Bu bizning o‘zligimiz va faxrimiz. Agar bu oilalar bundan mamnun bo‘lsa, boshqa hech kimda muammo bo‘lmasligi kerak," dedi u Bi-bi-si bilan suhbatda.

Mahalliy jamoat faoli Ramesh Singta aytishicha, "bunday nikohlarning aksariyati hozir jimgina, shov-shuvsiz o‘tkaziladi."

Tanlov yoki ekspluatatsiya?

Hindistonda g‘ayriodatiy nikoh haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda katta bahslarga sabab bo‘ldi.

Kimdir buni shaxsiy tanlov va rozilik masalasi deb ko‘rsa, boshqalar ayollar huquqlariga tajovuz sifatida baholadi.

Qo‘llovchilar Hatti jamoasining "jodidara" an’anasini yerni asrab-avaylash va oila birdamligini ta’minlash usuli sifatida himoya qildi. Ular muhimi o‘zaro rozilik va madaniy meros ekanligini urg‘ulashdi.

Tanqidchilar esa bu an’ananing zamonaviy dunyoga qanchalik mos kelishi, qonuniy maqomi va gender munosabatlari yuzasidan savol qo‘yib, uni eskirgan deb atashdi. Ayrimlar esa poliandriya, ko‘p erlilikni qabul qilib, ko‘p xotinlikka qarshi chiqishni qo‘shstandartlilik deb atadi.

Oila esa o‘z tanlovini himoya qilib, baxt va urf-odatlarga sodiqligini ta’kidladi.

Mahalliy siyosatchi, sanoat vaziri Harshvardxan Chauxan ham qadimiy urf-odatni qo‘llab-quvvatladi:

«Bu amalni saqlab qolish orqali Pradip va Kapil o‘z madaniy merosiga hurmat ko‘rsatdi», dedi u Bi-bi-siga.

Biroq ko‘plab mutaxassislar bunday nikoh ayol maqomini yaxshilash o‘rniga og‘irlashtirishi mumkinligini aytmoqda.

"Bu amaliyot ayollarni ekspluatatsiya qiladi va ularning asosiy huquqlarini buzadi", dedi Hindiston Demokratik Ayollar Assotsiatsiyasi bosh kotibi Maryam Dxavale.

Pradip, Sunita va Kapil

Surat manbasi, Alok Chauhan

Surat tagso‘zi, Pradip, Sunita va Kapil yaxshi ta’lim olishgan va zamonaviy kasb egalari

Uning ta’kidlashicha, ikki erga turmushga chiqish ayolni ko‘proq farzand tug‘ishga ham majbur qilishi mumkin.

Biroq mahalliy ayol – "jodidara" nikohidagi Asha Devi bu fikrga qo‘shilmaydi:

"Ayollar xohlasa, bunday nikohga kirmasligi yoki uni tark etishi mumkin. Na ayol, na erkak majburlanadi", dedi u Bi-bi-siga.

Bu holatda yangi oila an’anaviy yo‘lni to‘liq tutmayapti. Sunita – sanoat ta’lim muassasasini tamomlagan texnik mutaxassis, Pradip – davlat xizmatchisi, Kapil esa xorijda mehmonxona sohasida ishlaydi.

Kelin jurnalistlarga: "Bu mening shaxsiy qarorim edi. Men qadimiy an’anani qabul qildim", dedi.

Erlar ham qo‘shildi: "Bu munosabat an’analarga ishonchimiz va bir-birimizni asrashga mas’uliyatimizni ko‘rsatadi", dedi Pradip.

Uchalasi ham muhabbat va oilaviy birdamlikka sodiq qolishga va’da berdi.

Dunyodagi boshqa xalqlarda poliandriya

Kamdan-kam hollarda bo‘lsa-da, poliandriya Himolaydagi Kinnauri va Hindiston janubidagi Toda qabilalarida ham uchraydi.

Shu kabi urf-odatlar dunyoda boshqa joylarda ham kuzatiladi: Xitoydagi Moso jamoasi (erkaklar kechasi ayol uyiga borib, kunduzi o‘z ona uyiga qaytadi), Tibetdagi aka-ukalarning umumiy nikohi, Nigeriyadagi Irigve va Amazonkadagi Borooro qabilasi.

Sharqiy Afrikadagi Masaaylar orasida ham poliandriya qayd etilgan, ammo ko‘plab bunday an’analar hozirda yo‘qolib ketgan yoki rasman taqiqlangan.

Maqolani yozishda Dipak Sharma yordam bergan.

Matnni Svaminatan Natarajan moslashtirgan, Aleksandra Fouche tahrir qilgan