Video: 200 ming falastinlik G‘azo shimoliga qaytdi, Trampning g‘azoliklarni ko‘chirish taklifiga Misr va Iordaniya keskin munosabat bildirdi
O‘n minglab falastinliklar shimoliy G‘azoga qayta boshladi. Hamas buni falastinliklarni ko‘chirishni istaganlar ustidan g‘alaba dedi. Trampning g‘azoliklarni Iordaniya va Misrga ko‘chirish taklifiga ikki davlat keskin javob qaytardi.
1,5 yillik urushdan so‘ng erishilgan sulh doirasida o‘n minglab falastinliklar G‘azo shimolidagi uylariga qayta boshladi.
Isroil tomoni Hamas asrdagilarni ozod qilish shartlariga ko‘nmadi, degan vaj bilan shimolga o‘tadigan yo‘lakni yopib kelayotgan edi.
Ikki o‘rtada kelishuv amalga oshgach, mahalliy vaqt bilan tonggi 7 da odamlar shimolga quyila boshladi. O‘z navbatida har bittasi 20 daqiqa davom etayotgan tekshiruvlardan so‘ng shimolga avtomobillar ham o‘ta boshlagan.
Falastinlik ona Reuters agentligiga shimoliy G‘azodagi uyiga qaytarkan o‘zini "qayta tug‘ilgan"dek his qilayotganini aytgan.
"Biz o‘z zaminimiz, vatanimiz, G‘azo shahriga qaytayotganimizdan juda ham xursandmiz. Alhamdulillah, to‘g‘risi biz charchadik, ammo yakunda g‘alaba qozondik. Jangchilarga rahmat. Allohga shukur, men qayta tug‘ilgandek bo‘ldim va biz yana g‘alaba qozondik", degan u.

Surat manbasi, Reuters
G‘azo xavfsizlik rasmiylari yo‘lak ochilganidan so‘ng 200 ming g‘azolik shimolga o‘tganini ma’lum qildi.
Hamas g‘azoliklarning shimolga qaytishini "ko‘chirish rejalari" ustidan qozonilgan g‘alaba timsoli ekanligini aytdi.
"Ko‘chirilganlarning qaytishi xalqimiz uchun g‘alabadir. Bu ishg‘ol hamda ko‘chirish rejalarining barbod bo‘lganidan va mag‘lub bo‘lganidan darak beradi", degan Netsarim yo‘lagi ochilishidan so‘ng Hamas harakati.
Ko‘chirilganlarning qaytishi xalqimiz uchun g‘alabadir. Bu ishg‘ol hamda ko‘chirish rejalarining barbod bo‘lganidan va mag‘lub bo‘lganidan darak beradi
Hamasning ittifoqchisi "Islomiy jihod" buni "xalqimizni ko‘chirishni orzu qilib yurganlarga javob" degan.
Yakshanba kuni Isroil Bosh vaziri Netanyahu yo‘lak Hamas asirdagi Arbel Yahudni ozod qilish borasida "chekinganidan" keyin ochilganini haqida aytgan.
"Hamas chekindi va kelayotgan payshanba [30 yanvar] garovdagilarni ozod qilishning qo‘shimcha bosqichisini amalga oshiradi", degan Benyamin Netanyahuning X dagi idorasi bergan bayonotda.
Trampning g‘azoliklarni qo‘shni davlatlarga ko‘chirish taklifi keskin qarshilandi

Surat manbasi, Reuters
AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azodag falastinliklarni Misr va Iordaniya qabul qilib olish istagi ikki davlat tomonidan keskin rad qilindi.
Tramp Iordaniya qiroli Abdullo Ikkinchiga murojaat qilganini va endi Misr prezidenti bilan bu borada gaplashmoqchi ekanligini aytgandi.
Jurnalist bilan suhbatda Tramp "siz ehtimol 1,5 million aholi haqida gapiryapsiz. Biz shunchaki uni tozalaymiz", degan. U ushbu qadam vaqtinchalik yoki uzoq muddatga cho‘zilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Hamas va Falastin muxtoriyati ma’muriyati ushbu taklifni qoralagan. Iordaniya va Misr rasmiylari ham unga qarshi chiqdi.
Misr Tashqi ishlar vazirligi "kelgindilarni joylashtirish yoki yerlarni annektsiyasi qilish yo falastinliklarni o‘z yerlaridan ko‘chirish yoki ko‘chirishga targ‘ib qilish yo falastinliklarning ildizini vaqtincha yoki uzoq muddatga o‘z yerlaridan qo‘porish" kabi har qanday urinishlarni rad qildi.
Iordaniya tashqi ishlar vaziri qirollik falastinliklarni ko‘chirishni qabul qilmaslikda "qat’iy va sobitligini" ta’kidladi.













