"Bizni aldashdi". Chet elliklar Ukraina urushiga qanday yollanmoqda? (video)

Surat manbasi, Telegram
- Author, Naval al-Mag‘afiy va Sheyda Kiran
- Role, Bi-bi-si
- O'qilish vaqti: 8 daq
Umarning pasporti chetlarini alanga yalamoqda. Videoda "Yaxshi yonyapti", deya ruscha gapirayotgan ayol ovozi eshitiladi.
26 yoshli suriyalik quruvchi Umar to‘qqiz oyga yaqin Rossiyaning Ukrainadagi urushida frontda xizmat qilganidan so‘ng, uning telefoniga bir video kelib tushdi.
U ayolning ovozini tanidi. Bu Polina Aleksandrovna Azarnix edi. Umarning aytishicha, ayol unga Rossiya uchun jang qilishga yollanishda yordam bergan, daromadli ish va Rossiya fuqaroligini va’da qilgan. Ammo hozirda bu ayol g‘azabda edi.
Xavfsizligi uchun ismini o‘zgartirib gapirgan Umar Ukrainadan bir qator audio xabarlar yubordi. U qanday qilib urush hududida tuzoqqa tushib qolgani, boshdan kechirgan dahshatlari haqida hikoya qildi.
Uning aytishicha, Azarnix 3 ming dollar evaziga urushda jangovar bo‘lmagan qismlarga joylashtirishga va’da bergan. Biroq uni atigi 10 kunlik tayyorgarlik bilan jangga yuborishgan. Shu bois Umar ayolga pul to‘lashdan bosh tortgan. Azarnix esa uning pasportini yoqib yuborgan.
Umarning aytishicha, u jangovar topshiriqda ishtirok etishdan bosh tortishga uringan, ammo qo‘mondonlari uni o‘ldirish yoki qamoqqa olish bilan tahdid qilgan.
"Bizni aldashdi... bu ayol firibgar va yolg‘onchi ekan", deydi Umar.

Surat manbasi, Telegram
BBC Eye 40 yoshli sobiq o‘qituvchi Azarnix Telegram kanali orqali asosan qashshoq mamlakatlardan kelgan yigitlarni Rossiya armiyasiga jalb qilganini o‘rgandi.
Sobiq o‘qituvchi tabassum bilan qilgan videomurojaatlari va ko‘tarinki ruhdagi e’lonlarida "harbiy xizmatga bir yillik shartnoma" taklif qiladi.
Bi-bi-si Jahon xizmati Azarnix 500 ga yaqin "taklifnoma", deb ataladigan hujjatlarni yuborganini aniqladi. Bu hujjatlar qabul qiluvchiga Rossiyaga kirib, harbiy xizmatga yozilish imkonini beradi. Ular asosan Suriya, Misr va Yamanlik erkaklarga mo‘ljallangan bo‘lib, aftidan ular ro‘yxatdan o‘tish uchun Azarnixga o‘z pasport ma’lumotlarini yuborishgan.
Biroq askarlar va qarindoshlarining Bi-bi-siga aytishicha, Azarnix ularni frontga jangovar bo‘lmagan xizmatga yuborishga ishontirgan, bir yildan keyin ortga qaytolmasliklarini aytmagan va kim qarshi chiqsa tahdid qilgan. Bi-bi-si bog‘langanida Azarnix bu ayblovlarni rad etdi.
O‘n ikkita oila bizga Azarnix yollagan yigitlar haqida gapirib berdi – ular hozir vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan.

Surat manbasi, ANDREY BORODULIN/AFP via Getty Images
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Rossiya katta yo‘qotishlarga qaramay, Ukrainadagi harakatlarini davom ettirish uchun armiyaga chaqiruvni kengaytirdi, mahbuslarni yolladi va ro‘yxatdan o‘tganlar uchun ko‘proq mukofotlar va’da qildi.
NATO ma’lumotlariga ko‘ra, bosqin boshlangandan beri Rossiyaning bir milliondan ortiq askari halok bo‘lgan yoki yaralangan, 2025 yil dekabrь oyining o‘zida 25 ming kishi halok bo‘lgan.
Bi-bi-si Rus xizmatining ta’ziyanomalar va o‘lim haqidagi boshqa ochiq ma’lumotlarga asoslangan jurnalistik tekshiruviga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi yo‘qotishlari har qachongidan ham tezroq o‘sgan.
Rossiya armiyasiga qancha xorijlik qo‘shilganini aniqlash qiyin. Bi-bi-si Rus xizmatining halok bo‘lgan va jarohatlangan xorijliklar soni ham ko‘rib chiqilgan tahlili kamida 20 000 kishi Kuba, Nepal va Shimoliy Koreya kabi mamlakatlardan kelgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Ukraina ham jiddiy harbiy yo‘qotishlarga uchragan, u ham xorijiy jangchilarni o‘z safiga qo‘shmoqda.
"Hamma yoqda jasadlar"
Umar 2024 yil mart oyida 14 nafar suriyalik bilan birga Moskva aeroportida deyarli pulsiz qolganida Azarnix bilan birinchi marta gaplashgan.
Suriyada ish o‘rinlari tanqis va kam haq to‘lanardi. Umarning aytishicha, Suriyadagi ishga yollovchi ularga Rossiyadagi neft ob’ektlarini qo‘riqlash uchun harbiy bo‘lmagan ishni taklif qilgan. Ular Moskvaga uchib kelgach, aldanganliklarini tushunishdi.
Umarning aytishicha, internetda biror chora qidirib, Azarnixning kanalini topib, unga xabar yuborishgan.
Azarnix bir necha soat ichida aeroportga yetib keldi va bizni poezdda Rossiyaning g‘arbiy qismidagi Bryansk shahridagi yollash markaziga olib bordi, deydi Umar.
Umarning aytishicha, Azarnix ularga Rossiya armiyasi bilan bir yillik shartnoma taklif qilgan. Oylik maosh taxminan 2500 dollar, ro‘yxatdan o‘tgan zahoti 5000 dollar – bu pulni Suriyada faqat orzu qilish mumkin edi.
Umarning aytishicha, shartnomalar rus tilida tuzilgan bo‘lib, erkaklarning hech biri uni tushunmagan. Azarnix Rossiya fuqaroligini rasmiylashtirishga va’da berib, ularning pasportlarini ham olgan. Unga ro‘yxatdan o‘tganda beriladigan puldan 3 ming dollardan to‘lasak, bizni jangovar bo‘lmagan qismlarga joylashtirishga va’da bergandi, deydi Umar.

Surat manbasi, Roman Chop/Global Images Ukraine via Getty Images
Biroq taxminan bir oy ichida uni atigi 10 kunlik tayyorgarlik bilan va hech qanday harbiy tajribasiz holatda jabhaga yuborishgan.
"Biz bu yerda aniq o‘lamiz", deydi u Bi-bi-si surishtiruv guruhiga yuborgan ovozli xabarlaridan birida.
"Ko‘plab jarohatlar, portlashlar, otishmalar. Portlashdan o‘lmasangiz, ustingizga qulagan vayrona ostida qolib o‘lasiz", dedi u 2024 yilning may oyida.
"Hamma yerda jasadlar... O‘liklarni bosib o‘tdim, Xudo kechirsin", deya xabar berdi u keyingi oyda.
"Agar kimdir halok bo‘lsa, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, uni axlat xaltaga solib, daraxt yoniga tashlab ketishadi", deya qo‘shimcha qiladi u.
Oradan deyarli bir yil o‘tib, u Azarnix aytmagan sirni aniqladi – Rossiyaning 2022 yildagi qarori aslida askarlar shartnomalarini urush tugagunga qadar avtomatik uzaytirishni ham nazarda tutardi.
"Agar shartnomani yangilashsa, holim tang – ey Xudoyim", deydi u.
Uning shartnomasi uzaytirildi.
"Universitetda yollashdi"
Azarnixning Telegram kanalida 21 ming obunachi bor. U postlarida ko‘pincha Rossiya armiyasiga qo‘shilishni xohlovchilardan pasportlari nusxasini yuborishni so‘ragan. Keyin u taklifnomalarni, ba’zan taklif qilingan erkaklarning ismlari ro‘yxati bilan joylashtirgan.
Bi-bi-si so‘nggi bir yil ichida u Yaman, Suriya, Misr, Marokash, Iroq, Fil Suyagi Sohili va Nigeriya kabi mamlakatlardan erkaklarga yuborgan 490 dan ortiq shunday taklifnomalarni aniqladi.
Uning postlarida "xalqaro sara batalon"ga yollash haqida so‘z boradi. Rossiyada noqonuniy yashayotganlar, shu jumladan, viza muddati tugaganlar ham xizmatga qabul qilinishi mumkinligi aniq ko‘rsatilgan.

Surat manbasi, Telegram
Biz u yollagan sakkiz nafar xorijlik jangchi, shu jumladan, Umar bilan va yana bedarak yo‘qolgan yoki halok bo‘lgan 12 kishining oilalari bilan suhbatlashdik.
Ko‘pchilik Azarnix yollanma askarlarni aldagan yoki ulardan foydalangan deb hisoblardi. Ularning aytishicha, yigitlar armiyaga ketayotganlarini bilishgan, lekin frontda xizmat qilishni kutishmagan. Umar kabi ba’zilar yetarli harbiy tayyorgarlikka ega emasliklarini bilishadi yoki bir yildan keyin qaytishimiz mumkin deb o‘ylashgan.
Misrda Yusufning (ismini o‘zgartirdik) Bi-bi-siga aytishicha, akasi Muhammad 2022 yilda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida universitetga kirgan.
Ammo u to‘lovlarni to‘lashga qiynalib qolgandi, deydi Yusuf. Shu orada Muhammad oilasiga Polina ismli rus ayol unga onlayn orqali yordam taklif qilganini, jumladan, harbiyga yozilsa, o‘qishni davom ettirish imkoni bo‘lishini aytgan.
"U akamga uy-joy va fuqarolik va’da qilibdi... oylik xarajatlarni to‘lashni ham. To‘satdan uni Ukrainaga jo‘natishdi. U jang maydoniga tushib qoldi", deydi Yusuf.
U bilan oxirgi marta 2024 yil 24 yanvarda qo‘ng‘iroqlashdik, deydi Yusuf. Taxminan bir yil o‘tgach, Telegram ga Rossiya raqamidan Muhammadning jasadi tushirilgan tasvirli xabar keldi. Nihoyat, yaqinlari uning deyarli bir yil oldin halok bo‘lganidan xabar topishdi.
"Ba’zilar aqldan ozgandi"
Azarnix Rossiya armiyasi uchun "eng muhim yollovchilardan biri"ga aylandi, deydi Rossiya armiyasida xizmat qilayotgan yana bir suriyalik -Habib. U tasvirga olishimizga rozi edi, lekin oqibatlardan qo‘rqib, taxallus ostida gapirdi.
Habibning aytishicha, u Azarnix bilan "Rossiyaga viza taklifnomalari bo‘yicha taxminan uch yil birga ishlagan." U boshqa tafsilotlarni keltirmadi va biz uning jarayondagi rolini tekshirib, tasdiqlay olmadik. 2024 yilda ijtimoiy tarmoqlardan olingan suratda u Azarnix bilan birga turgani ko‘rinadi.
Rossiyaning janubi-g‘arbiy Voronej viloyatidan bo‘lgan Azarnix 2024 yilda o‘zining Telegram kanalini ochishdan oldin Facebook da arab talabalariga Moskvaga o‘qishga kelishga yordam beruvchi guruhni boshqargan.

Habibning aytishicha, xorijlik yollanganlarning aksariyati ob’ektlarni qo‘riqlash yoki nazorat postlarida turish uchun kelgan. "Kelayotgan arablar darhol halok bo‘lmoqda. Ba’zi odamlar aqldan ozgan – murdalarni ko‘rish osonmas", deydi u.
Habibning aytishicha, u Umar va suriyaliklar guruhi bilan harbiy poligonda tanishgan. "U ularga fuqarolik, yaxshi maosh va xavfsizlikni va’da qilgan edi, – deydi Habib. – Lekin bu yerda shartnoma tuzganingizdan keyin ketishning iloji yo‘q.
Ulardan hech biri quroldan foydalanishni bilmasdi. Ularga o‘q uzilsa ham, ular o‘q uzmay turaveradi... otmasangiz, o‘ldirishadi, – deydi u. – Polina odamlarning o‘lishini bila turib, ularni yollayveradi."
Uning aytishicha, u "har bir yollagan odami uchun armiyadan 300 dollar olgan." Bi-bi-si buni tasdiqlay olmadi. Ammo boshqa yollanma askarlar ham unga pul to‘langaniga ishonishlarni aytishdi.
"Hech narsa tekin emas"
Azarnix 2024 yil o‘rtalaridagi postlarida yollanma askarlar "jangovar harakatlarda qatnashishi" va janglarda halok bo‘lgan xorijlik jangchilar haqida gapira boshladi.
"Hammangiz urushga ketayotganingizni yaxshi bilgansiz, deydi u 2024 yil oktyabrь oyidagi videolaridan birida. "Rossiya pasportini olib, hech narsa qilmay, besh yulduzli mehmonxonada yashash mumkin, deb o‘ylaganmidingiz? Hech narsa tekin emas."
Boshqa bir holatda, 2024 yilda Bi-bi-si Azarnixning o‘g‘li harbiy xizmatda bo‘lgan onaga yo‘llagan ovozli xabarini eshitdi. Azarnixning aytishicha, ona "Rossiya armiyasi haqida dahshatli narsani oshkor qilgan". U haqoratli so‘zlar bilan onaga uning o‘g‘liga zarar yetkazish haqida tahdid qiladi va uni ogohlantiradi: "Men seni va barcha bolalaringni topaman."
Bi-bi-si Azarnix bilan bog‘lanishga bir necha bor urinib ko‘rdi. Dastlab u Rossiyaga borsak, bizga intervyu berishini aytdi, ammo Bi-bi-si xavfsizlik nuqtai nazaridan bunga rozi bo‘lmadi.
Keyinchalik ovozli qo‘ng‘iroq orqali askarlarga jangovar bo‘lmagan rollar va’da qilingani haqidagi da’volar haqida so‘ralganda, u go‘shakni qo‘ydi. Keyinchalik yuborilgan ovozli yozuvlarda u bizning ishimiz "professional emasligi"ni aytib, tuhmat bo‘yicha ish qo‘zg‘atilishi mumkinligidan ogohlantirdi. U yana shunday dedi: "Hurmatli arablarimiz o‘z ayblovlarini ketlariga yopishtirishsin".
Bi-bi-si izoh olish uchun Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligiga murojaat qildi, biroq hech qanday javob olmadi.
Avvalroq, 2022 yil mart oyida prezident Putin Yaqin Sharqdan odam yollashni qo‘llab-quvvatlab, ularni pul emas, balki g‘oya bunga undayotganini ta’kidlagan edi. "O‘z ixtiyori bilan, pul uchun emas, odamlarga yordam berishni xohlaydigan kishilar bor", degan edi janob Putin.

Surat manbasi, Telegram
"Pulli rag‘bat"
Bu masalani o‘rgangan jurnalistlar va tadqiqotchilar Azarnix kabi shaxslar norasmiy yollash tarmog‘ining bir qismi ekanligini ta’kidlashmoqda.
Bi-bi-si arab tilidagi yana ikkita Telegram akkauntni aniqladi, ular ham Rossiya armiyasiga qo‘shilish bo‘yicha shunga o‘xshash takliflar bermoqda. Ularning birida taklifnoma hujjatlari va ismlar ro‘yxati ko‘rsatilgan xabarlar, boshqasida esa "sara batalon"ga qo‘shilish uchun katta miqdordagi to‘lovlar e’lon qilingan.
Sentyabr oyida Keniya politsiyasi keniyaliklarni ish takliflari bilan aldab, ularni Ukrainada jang qilishga yuborayotgani gumon qilingan "odam savdosi tarmog‘i"ni fosh qilganini ma’lum qilgandi.
Urushni o‘rganish instituti tadqiqotchisi Katerina Stepanenkoning Bi-bi-siga aytishicha, Rossiyadagi ayrim mahalliy va mintaqaviy hokimiyat organlari rossiyaliklar yoki chet elliklarni harbiy xizmatga yollovchi mutaxassislar va mahalliy aholiga 4 ming dollargacha naqd pul mukofoti taklif qilmoqda.
Uning aytishicha, Kreml dastlab yollash uchun "Vagner" xususiy harbiy guruhi va qamoqxona tizimi kabi yirik tuzilmalardan foydalangan, ammo 2024 yildan beri "mahalliy aholi va kichikroq kompaniyalardan ham foydalanmoqda".
"Bu menga avvalgi usullar endi yollanganlarni yetarlicha jalb qila olmayotganini ko‘rsatmoqda", deya qo‘shimcha qiladi u.
Shu orada, Habib bir necha qo‘mondonga pora berib, shartnomasini bekor qilganidan so‘ng Suriyaga qaytdi. Umar ham bir amallab Rossiya fuqaroligini oldi va u ham Suriyaga qaytdi. U bilan birga xizmat qilgan suriyaliklardan ikkitasi halok bo‘lgan, demoqda ularning oila a’zolari.
"Azarnix bizni raqam yoki pul sifatida ko‘radi – u bizni inson hisoblamaydi, deydi u. "Bizga qilgan ishi uchun uni kechirmaymiz."
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Additional reporting by Olga Ivshina, Gehad Abbas, Ali Ibrahim, Victoria Arakelyan, and Rayan Maarouf












