Putin patentni bekor qilmoqchi, Ukrainada O‘zbekiston fuqarolari qulday ishlatildi

Surat manbasi, Расмий
Ukrainada 13 nafar O‘zbekiston fuqarosini qullik mehnatiga jalb etgan jinoiy guruh fosh etildi. Putin migrantlarga patent berish tizimini bekor qilishni ko‘rib chiqishga buyurdi.
Ukrainaning Kiev viloyati prokuraturasi xabar berishicha, Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi boshchiligidagi jinoiy guruh 13 nafar O‘zbekiston fuqarosini aldash yo‘li bilan Ukrainaga olib kirib, majburiy mehnatga jalb etgan.
Amaliyot asosida ikki nafar Xitoy fuqarosi, bir nafar O‘zbekiston va bir nafar Ukraina fuqarosi qo‘lga olindi. Ularga Ukraina Jinoyat kodeksining 149-moddasi 2-qismi («Oldindan til biriktirgan holda odam savdosi bilan shug‘ullanish») bo‘yicha ayb qo‘yildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar uy-joyi va ishi yo‘q, og‘ir moddiy ahvoldagi ijtimoiy jihatdan zaif shaxslarni aldash hamda majburlash orqali jalb qilgan.
Qurbonlar chetdan Kiev viloyatiga olib kelingan va foyda topish maqsadida qul sifatida ishlatilgan.
Jinoyatchilar qurbonlarni nazorat qilish uchun ularning erkin harakatlanishini cheklagan, doimiy majburlash va tahdidlar orqali ularni ekspluatatsiya qilgan. Hatto hojatxonaga borish ham belgilangan jadval asosida amalga oshirilgan, eng kichik qoidabuzarlik uchun esa jazolar qo‘llanilgan.
Hatto hojatxonaga borish ham belgilangan jadval asosida amalga oshirilgan, eng kichik qoidabuzarlik uchun esa jazolar qo‘llanilgan.
17 sentyabrь kuni huquq-tartibot organlari gumonlanuvchilarning yashash va xo‘jalik joylarida tintuv o‘tkazdi. Natijada noodatiy sharoitlarda saqlanayotgan 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi, shuningdek hujjatlar, pul mablag‘lari va transport vositalari topildi.
Qo‘lga olingan to‘rt nafar shaxsga og‘ir jinoyat bo‘yicha rasman ayb e’lon qilindi. Ularga nisbatan qamoqda saqlash chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda, deyiladi xabarda.
Putin migrantlarga patentni bekor qiladimi?

Surat manbasi, Расмий
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mehnat muhojirlari uchun amal qilayotgan patent tizimini bekor qilish masalasini muhokama qilish lozimligini bildirdi. Bu haqda u Davlat Dumasi fraktsiyalari rahbarlari bilan uchrashuvda aytdi, deb xabar bermoqda TASS xabar agentligi.
"Muhojirlar uchun patent tizimini bekor qilish... bu haqda o‘ylab ko‘rish kerak. Bu keng qo‘llaniladi. Hech narsani istisno qilmayman. Hamkasblaringiz bilan birgalikda ko‘rib chiqishingizni so‘rayman», — dedi Putin «Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu» partiyasi rahbari Sergey Mironov taklifiga javoban.
Joriy yil 20 mart kuni Putin maxsus farmon imzolagan edi. Unga ko‘ra, muhojirlar Rossiyada patentsiz ham ishlashlari mumkin, biroq buning uchun qator shartlarni bajarishlari talab etiladi. Ular orasida daktiloskopiyadan o‘tish, narkotiklar va xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tish kabilar bor.
Bundan avval Rossiya Mehnat vazirligi xorijliklarni ishga jalb qilish tizimini o‘zgartirish taklifini kiritgandi. Vazirlik muhojirlarning erkin kirib kelishini cheklash va mehnat patentini isloh qilish taklifini ham olg‘a surgan. Xususan, muhojir ishdan bo‘shaganda unga sarflangan barcha xarajatlar — tibbiy ko‘rik yoki o‘quv kurslari uchun to‘lovlarni qaytarishi mumkinligi aytilgan.
Mehnat patenti — bu ayrim davlatlar fuqarolariga vizasiz tartibda Rossiyaga kirib, qonuniy ravishda ishlash huquqini beruvchi rasmiy hujjat hisoblanadi. U mehnat muhojirlarini nazorat qilish va ularning huquqlarini ta’minlash maqsadida joriy etilgan.
Avvalroq Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov Rossiyada "migrantlarni qaytarish" modeliga o‘tilayotganini ma’lum qilgan edi.












